ΜΟΛΩΝ ΛΑΒΕ
СтатистикаZakovatga aloqador manfaatli ma'lumotlar berib boriladi. Muhokama uchun guruh: @molon_labe_group
- Последний пост
- 14 авг.
- Последнее чтение
- 15 авг.
- Постов за неделю
- 4
- Всего постов
- 22
- Тип
- открытый
- Язык
- узбекский
- В каталоге с
- 14 авг.
- 1/24сутки в ленте
- 58
- 1/48двое суток
- 66
- 1/72трое суток
- 71
Оценка по просмотрам недавних постов: пост набирает почти всё за первые сутки.
Посты
"Ikki ming yardlik nigoh", 1944-yil, Tomas Li. "Ikki ming yardlik nigoh" (inglizcha "The Two-Thousand Yard Stare") — Kuchli ruhiy zo'riqish yoki travmadan keyin odamning atrofdagi voqealardan hissiy jihatdan uzoqlashib, bir nuqtaga bo'sh va diqqatsiz qarab qolishini ifodalovchi ibora. U dastlab urushda kontuziya olgan askarlarning holatini tasvirlash uchun ishlatilgan. Ibora 2-jahon urushi davrida rassom va urush muxbiri Tomas Lining 1944-yildagi Peleliu jangi asosida yaratgan huddi shu nomdagi kartinasi orqali mashhur bo'lgan. Unda janglarda holdan toygan, ismi noma'lum Amerika dengiz piyodasi tasvirlangan. Rasm 1945-yil 11-iyunda "Life" jurnalida chop etiladi. Hozirda kartina AQSh Armiyasining Harbiy tarix muzeyida saqlanadi. Keyinchalik, ibora Vyetnam urushi davrida ham ishlatilgan. 1967-yilda fotomuxbir Frank Jonston Vyetnamdagi kuchli o'qqa tutish paytida shunday nigohli askarni suratga olgan va surat ertasi kuni AQSh gazetalarining birinchi sahifalarida paydo bo'lgan. ΜΟΛΩΝ ΛΑΒΕ!🏷
"Besh sivilizatsiyalashgan qabila" Amerika tarixida "Besh sivilizatsiyalashgan qabila" deb atalgan cheroki, choktav, chikaso, maskogi va seminol xalqlari XIX asrda mamlakat janubi-sharqida yashagan. Ular Yevropa-amerika jamiyatining ayrim jihatlari bo'lmish, yozuv, maktab, xristianlik, dehqonchilik va konstitutsiyaviy boshqaruvni qabul qilgani uchun shunday nomlangan. Cherokilar 1821-yilda Sequoyah* yaratgan yozuv tizimi yordamida o'z tilida gazeta chiqarish darajasiga yetgan. 1828-yilda "Cherokki Finiks"* gazetasi ingliz va cheroki tillarida nashr etila boshlangan. Biroq bu madaniy moslashuv ularni o'z yerlaridan mahrum bo'lishdan qutqara olmagan. 1830-yildagi "Hindularni ko'chirish to'g'risidagi qonun"dan keyin besh xalqning katta qismi hozirgi Oklaxoma hududiga majburan ko'chiriladi. Seminollar esa Floridada ko'chirishga qarshi uzoq vaqt qurolli qarshilik ko'rsatadi. Besh xalq Oklaxomaga kelgach, o'z konstitutsiyalari va hukumatlarini qayta tuzgan, ayrimlari esa AQShdagi siyosiy tizimga o'xshash qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlarini shakllantirgan. XIX asr oxirida AQSh hukumati ularning umumiy yerlarini bo'lib yuboradi. 1898-yildagi Kertis qonuni esa ularning siyosiy va hududiy mustaqilligini yanada zaiflashtiradi. *Sequoyah — Jorj Gist nomi bilan ham tanilgan, mahalliy amerikalik polimat va Cheroki millatining neografi. *Cherokki Finiks — AQSHdagi tubjoy amerikaliklar (hindular) tomonidan nashr etilgan eng birinchi gazeta. ΜΟΛΩΝ ΛΑΒΕ!🏷
Tangena (malagasicha "qasamyod qilish") Madagaskarda qo'llanilgan, zahar yordamida odamning aybdor yoki aybsizligini aniqlashga qaratilgan qadimiy sud sinovi. Unda dengiz mangosi daraxtining juda zaharli urug'laridan foydalanilgan. Tangena XVI asrdan beri ma'lum bo'lib, XIX asrda, ayniqsa qirolicha Ranavalona I davrida keng avj olgan. Marosimda ayblanuvchiga zahar bilan birga uch bo'lak tovuq terisi yedirilgan. Agar gumondor uchalasini ham qayt qilib tashlasa, aybsiz deb topilgan. Ulardan biri ichida qolsa ham yoki odam vafot etsa, aybdor hisoblangan. Tangena o'g'rilik, jodugarlik va nasroniylikda ayblanganlarga nisbatan ham qo'llanilgan. Sinovdan o'tganlarning taxminan 20-50 foizi vafot etgan. 1838-yilda Imerinada tangena oqibatida 100 minggacha odam halok bo'lgan. Zahar tarkibidagi yurakka ta'sir qiluvchi moddalar yurak urishini sekinlashtirib, yurak to'xtashiga olib kelgan. Tangena 1863-yilda qirol Radama II tomonidan taqiqlangan, biroq marosim ayrim hududlarda yana bir necha o'n yil yashirincha davom etgan. ΜΟΛΩΝ ΛΑΒΕ!🏷
Tog' odami Dashrath Manjhi 1934-yilda Bihar shtatidagi (Hindiston) Gehlaur qishlog'ida tug'ilgan. Qishloq aholisi shifoxona va shaharga borish uchun ulkan tog'ni aylanib o'tishga majbur bo'lardi. 1959-yilda uning rafiqasi Falguni Devi tibbiy yordamga o'z vaqtida yetib bora olmay vafot etganidan so'ng, Manjhi bu muammoni o'z qo'liga olishga qaror qiladi. 1960-yildan boshlab u oddiy bolg'a va keskich bilan tog'ni o'ya boshladi. Odamlar uning bu ishini dastlab jiddiy qabul qilishmaydi. Ammo Manjhi taslim bo'lmaydi. U 22 yil davomida mehnat qilib, qoya orasidan taxminan 110 metr uzunlikdagi yo'l ochadi. Natijada qishloqdan shaharga boradigan masofa 55 kilometrdan atigi 15 kilometrgacha qisqaradi. Manjhi bu ulkan ishni texnika yoki katta mablag'siz, deyarli yolg'iz amalga oshiradi. Shu sababli u keyinchalik "Tog' odami" nomi bilan mashhur bo'ladi. Dashrath Manjhi 2007-yil 17-avgustda Dehlida saraton kasalligidan vafot etadi. 2015-yilda uning hayoti haqida "Manjhi — The Mountain Man" filmi suratga olinadi. ΜΟΛΩΝ ΛΑΒΕ!🏷
Manisalik Tarzan. Ahmet bin Karlak (1899, Samarra - 31.05.1963, Manisa) — Turkiyadagi birinchi ekolog sifatida tanilgan tabiat himoyachisi bo'lib, umrining 40 yilini Manisa yaqinidagi Sipylus tog'ida o'tkazgan. Karlak Iroqning Samarra shahrida tug'ilgan, oilasi Kirkukdan chiqqan iroqlik turkmanlardan edi. Turkiyaning Mustaqillik urushida qatnashib, yaralangan va jasorati uchun "Mustaqillik medali" bilan taqdirlangan. Urushdan so'ng Manisaga kelib, Sipylus tog'ida daraxt ekishni hayotining asosiy maqsadiga aylantirgan. U tog'dagi Topkale (To'p qal'asi) deb nomlangan kulbada yashab, har kuni tush paytida eski to'pdan o'q uzib, shaharga vaqt signalini berib turgan. Karlak alpinizm bilan ham shug'ullanib, Ararat, Jilo va Aladag' kabi tog'larga ko'tarilgan. 1934-yilda Manisada "Tarzanning qasosi" filmi namoyish etilgach, unga "Manisa Tarzani" laqabi berilgan. ΜΟΛΩΝ ΛΑΒΕ!🏷
Fumi-e (yaponcha: 踏み絵 — "tasvirni bosish") — XVII-XIX asrlarda Yaponiyaning Tokugava syogunligi davrida yashirin xristianlarni aniqlash uchun ishlatilgan maxsus metall plita va yog'och lavhalar. Har bir fuqaro yig'ilganlar ko'z o'ngida Iso Masih yoki Bibi Maryam aks etgan tasvirni oyog'i bilan bosib o'tishi kerak bo'lgan. Tasvirni bosish, o'z dinidan voz kechish (renegat) deb qaralgan. Tasvirni bosishdan bosh tortgan yoki ikkilangan shaxslar darhol xristian sifatida hibsga olingan. Ular dinidan qaytishi uchun qattiq qiynoqqa solingan, baribir voz kechmaganlar esa tiriklayin yoqilgan yoki qatl etilgan. Xristianlik qonunan taqiqlangach, 1629-yilda Nagasaki shahrida birinchi marta Fumi-e tizimi joriy etiladi. Dastlab yog'ochdan tayyorlangan tasvirlar keyinchalik uzoqroq xizmat qilishi uchun metall plastinkalarga almashtiriladi. ΜΟΛΩΝ ΛΑΒΕ!🏷
39 sonidan qo'rqish - fobiyasi odatda Afg'onistonda uchraydigan g'alati xurofot bo'lib, ayrim odamlar bu raqamni omadsiz va uyatli deb hisoblashadi. Buning asosiy sababi 39 raqamining mahalliy jamiyatda fohishalik va qo'shmachilik bilan bog'lanib qolganidir. Bu fobiyaning kelib chiqishi hanuzgacha aniq ma'lum emas. Uzunquloq gaplarga ko'ra, Hirotda yashagan qo'shmachilardan biri 39-raqamli kvartirada yashagan va avtomobilining davlat raqamida ham 39 bo'lgan. Bu xurofot Kobulda shu qadar keng tarqalganki, 39 raqami bor avtomobillarni sotish qiyinlashgan, ayrim haydovchilar esa davlat raqamini bo'yab, yopishtirib yoki 3 raqamini 8 ga o'xshatib o‘zgartirishga urinishgan. Hatto 39 yoshga to'lgan ayrim odamlar yoshini aytishdan qochishgan va o'z yoshlarini "40 ga 1 yil qoldi" deb aytishni afzal ko'rishgan. 39 raqami bor telefon egalari ham masxara yoki noqulay qo'ng'iroqlarga duch kelmaslik uchun raqamlarini almashtirishgan. 2011-yilda Afg'onistondagi Loya jirgasi yig'ilishida delegatlar 39-raqamli qo'mitada ishlashdan bosh tortishgan. Natijada qo'mita raqami 41 ga o'zgartirilgan. Afg'onistonlik numerolog Sediq Afg'on 39 soni Qur'onning 57 surasida uchrashini aytib, uni salbiy ma'no bilan bog'lashni xurofot deb atagan. ΜΟΛΩΝ ΛΑΒΕ!🏷
Murmuratsiya (lotincha "murmuratio" — "g'o'ng'illash, qag'illash") Minglab qushlarning osmonda birgalikda, to'satdan shaklini o'zgartirib, to'lqinsimon va ulkan tirik figuralar hosil qilib uchishi. U asosan chug'urchuqlarda yaqqol ko'rinadi. Qushlar to'dasi bir zumda siqilib yoki yoyilib, bo'linib ketishi va yana birlashishi mumkin. Ayrim to'dalar soatiga 40 km tezlikda harakatlansa ham, qushlar bir-biri bilan to'qnashib ketmaydi. Buning siri shundaki, har bir qush atrofidagi qo'shnilarining harakatini doimiy kuzatib, ulardan kelayotgan ma'lumotga qarab o'z yo'nalishini tezda o'zgartiradi. Shunga o'xshash jamoaviy harakat baliqlar to'dasi va chigirtkalarda ham uchraydi. Siz hech murmuratsiyaga jonli guvoh bo'lganmisiz? ΜΟΛΩΝ ΛΑΒΕ!🏷
1971-yilda "Apollon-14" missiyasi vaqtida kosmonavtlar Oy atrofida parvoz qilgan urug'larni Yerga olib qaytishgan. Keyinchalik ulardan unib chiqqan daraxtlar "Oy daraxtlari" deb atalgan. Urug'larni oyga olib chiqish g'oyasi AQSh O'rmon xo'jaligi xodimi Ed Kliffning tashabbusi bo'ladi. Qariyb 500 ta daraxt urug'i astronavt Styuart Rusa tomonidan orbitaga olib chiqilgan. Urug'lar orasida qarag'ay, chinor, likvidambar, sekvoya va Duglas pistasi bo'lgan. Ular Oyga qo'nmagan, balki Oy atrofida aylanib, Yerga qaytgan. Kosmosga uchgan urug'lardan yetishtirilgan daraxtlar Yerda qolgan nazorat urug'laridan deyarli farq qilmagan. Bu daraxtlarning ko'pchiligi 1976-yilda AQShning 200 yilligi munosabati bilan ekilgan va bugungi kungacha "Oy daraxtlari" sifatida saqlanib kelmoqda. ΜΟΛΩΝ ΛΑΒΕ!🏷
2003-yilda Iroqqa bostirib kirish paytida AQSh Mudofaa razvedka agentligi Saddam Husayn rejimining eng ko'p qidirilayotgan 52 nafar amaldorini tanib olishga yordam berish uchun oddiy o'yin kartalaridan iborat maxsus koloda yaratadi. Kartalarning har birida shaxsning surati, ismi, lavozimi va manzili ko'rsatilgan. Kartalarning orqa tomoniga harbiy kamuflyaj naqshi tushirilgan. Eng muhim nishonlar yuqori qiymatli kartalarga joylashtirilgan. Saddam Husayn - (tuz qarg'a), Qusay Husayn - (tuz chillik), Uday Husayn - (tuz olma) hamda Saddamning kotibi Abid Hamid Mahmud - (tuz g'isht) edi. Amerika askarlariga bo'sh vaqtlarida karta o'ynashga ruxsat berilgan. Kartalardagi tanish yuzlar ularga qidirilayotgan shaxslarni dalada tezroq tanib olishga yordam bergan. Kartalar ilk bor 2003-yil 11-aprelda Qatardagi matbuot anjumanida general Vinsent Bruks tomonidan ommaga ko'rsatilgan. Manba: Triskelion ΜΟΛΩΝ ΛΑΒΕ!🏷
"Prezidentlik (M&M's) Em-en-Emslari" — AQSh prezidentining mehmonlariga, jumladan, "Air Force One" bortida hamda Oq uyda beriladigan maxsus M&M's shirinliklaridir. Ular ilk bor 1988-yilda Ronald Reygan prezidentligi davrida paydo bo'lgan. Qizil, oq va ko'k rangdagi konfetlar sigaret qutisiga o'xshash kichik qadoqqa solinadi. Unda AQSh prezidenti muhri va amaldagi prezidentning imzosi, orqa tomonida esa Amerika bayrog'ini ushlab turgan M&M's qahramoni tasvirlanadi. Bu an'ananing tarixi sigaretlar bilan bog'liq. Jon Kennedi prezidentlik davrida (1961-1963) Air Force One va Oq uy mehmonlariga prezident muhri tushirilgan qutilarda 20 donadan sigaret hamda gugurt berilgan. Reygan esa prezidentlikka kelgach, giyohvandlikka qarshi siyosati doirasida sigaretlarning katta qismini mashhur "Jelly Belly" jele konfetlari bilan almashtiradi. 1988-yilda Reygan va SSSR rahbari Mixail Gorbachyov o'rtasidagi "Moskva sammiti" uchun Mars kompaniyasidan maxsus M&M's tayyorlab berish so'raladi. O'sha paytdagi birinchi xonim, Nensi Reygan sammit vaqtida bu konfetlarni sovet bolalariga tarqatadi. Bill Klinton davrida qadoq dizayniga o'zgartirish kiritilib, prezident muhrining ostiga amaldagi prezident imzosi joylashtiriladi. Shu sababli, qadoqdagi prezident imzosi vaqt o'tishi bilan uning qaysi prezidentlik davrida ishlab chiqarilganini ko'rsatadigan o'ziga xos belgiga aylanadi. Donald Tramp prezidentlikka kelganidan so'ng, "Air Force One"dagi ilk parvozida uning imzosi tushirilgan maxsus M&M's qutilari hali tayyor bo'lmagani sababli yo'lovchilarga oddiy, imzosiz qadoqlardagi M&M's tarqatilgan. ΜΟΛΩΝ ΛΑΒΕ!🏷
"Yashasin ozod Kvebek!" (fransuzcha - "Vive le Quebec libre!") — Fransiya prezidenti Sharl de Goll tomonidan aytilgan va Kanada tarixidagi eng mashhur siyosiy bayonotlardan biriga aylangan ibora. De Goll 1967-yil 24-iyulda Monreal shahar hokimiyati balkonidan nutq so'zlar ekan, so'zining oxirida shu jumlani aytadi. Bu gap Kvebekning Kanadadan mustaqil bo'lishini qo'llab-quvvatlash sifatida qabul qilinib, Kanada va Fransiya o'rtasida diplomatik mojaro keltirib chiqaradi. Sharl de Goll Kanadaga "Ekspo-67" xalqaro ko'rgazmasida qatnashish uchun kelgan bo'lsa-da, Ottavaga rejalashtirilgan tashrifini amalga oshirmay, Fransiyaga qaytib ketadi. Uning nutqi esa Kvebek mustaqilligi tarafdorlari orasida mashhur shiorga aylanadi. De Gollning Monreal meriyasi balkonida nutq so'zlashi dastlab rasmiy dasturda bo'lmagan. Shahar hokimi Jan Drapeau uning siyosiy bayonotlaridan xavotirlanib, balkondagi mikrofonlarni olib tashlashni buyuradi, biroq unda kech bo'lgan edi. De Goll aynan shu mikrofon orqali tarixiy iborasini aytib yuboradi. ΜΟΛΩΝ ΛΑΒΕ!🏷
Matematik ko'prik — 1749-yilda Angliyaning Kembrij shahrida Kam daryosi ustida qurilgan mashhur yog'och piyodalar ko'prigi. Ko'prikni muhandis va duradgor Uilyam Eterij loyihalashtirgan, qurilishini esa Jeyms Essex amalga oshirgan. Uning "matematik" deb atalishiga sabab, konstruksiyasining murakkab ko'rinishiga qaramay, u egri yog'ochlardan emas, balki aniq hisob-kitob asosida bir-biriga ulanadigan to'g'ri yog'och balkalardan qurilganidir. Ko'prik haqidagi mashhur afsonaga ko'ra, go'yoki uni Isaak Nyuton hech qanday mix va boltlarsiz, faqat matematik hisob-kitoblar yordamida qurgan. Keyinchalik, talabalar ko'prikni qismlarga ajratib, qayta yig'ishga urinishgan, ammo buning uddasidan chiqisholmay, boltlar ishlatishga majbur bo'lishgan. Aslida esa bu hikoya haqiqatga umuman to'g'ri kelmaydi, sababi Nyuton 1727-yilda vafot etgan, "Matematik ko'prik" esa 1749-yilda qurilgan. Ko'prik 1866 va 1905-yillarda qayta qurilgan, 1923-yilda esa uning nusxasi Oksford yaqinida barpo etilgan. ΜΟΛΩΝ ΛΑΒΕ!🏷
1951-yil 11-sentyabrda Misrning Al-Ahram gazetasi o'sha davrdagi bosh muftiy Hasanayn al-Maxlufning "Coca-Cola" va "Pepsi" ichimliklari haqidagi fatvosini e'lon qiladi. Fatvoga xalq orasida tarqalgan, "Coca-Cola" logotipi oynada aks ettirilganida arab tilida "Muhammad yo'q, Makka yo'q" degan yozuv paydo bo'ladi, degan asossiz mish-mishlar sabab bo'ladi. Fatvo chiqarilishidan avval Misr Fatvolar boshqarmasi Sog'liqni saqlash vazirligidan ichimliklar tarkibini tekshirishni so'raydi. Tekshiruv natijasida "Coca-Cola" va "Pepsi" tarkibida islomda harom hisoblanadigan spirt, giyohvand moddalar yoki cho'chqa oshqozonidan olinadigan pepsin fermenti yo'qligi aniqlanadi. Shundan so'ng ikkala ichimlik ham shariatga muvofiq halol deb e'lon qilinadi. Fatvoda oziq-ovqat va ichimliklar haromligi aniq isbotlanmaguncha halol hisoblanishi ta'kidlangan. Shunga qaramay, "Coca-Cola" haqidagi fitna nazariyalari keyinchalik ham davom etgan. Xususan, 2001-yilda Hindistonda, 2011-yilda esa Rossiyada ichimlikning halolligi yana jamoatchilik muhokamasiga sabab bo'ladi. ΜΟΛΩΝ ΛΑΒΕ!🏷
Uchchayxshravas ("quloqlarini ding qiluvchi" yoki "baland ovozda kishnovchi") Hind mifologiyasida, Indraning ilohiy yetti boshli, uchar oq oti. Mahabxarata va Puranada aytishicha, Uchchayxshravas xudolar va demonlar mangu hayot sharbati "amrita"ni olish uchun Sut ummonini chayqatganlarida (Samudra mantxan) paydo bo'lgan 14 ta muqaddas xazinadan biridir. ❗️Britaniyalik musiqachi Jorj Harrison asos solgan "Dark Horse Records" kompaniyasining logotipi ham Uchchayxshravas timsolidan ilhomlanib yaratilgan. ΜΟΛΩΝ ΛΑΒΕ!🏷
Maykl Jekson Braziliya terma jamoasida o'ynagan. Haqiqatdan ham, Maykl Jekson Braziliya terma jamoasi safida to'p surgan. Biroq, u barchamiz taniydigan mashhur pop qiroli emas, balki "Maykl Jekson" laqabi bilan tanilgan braziliyalik ayol futbolchi Marileia dos Santos edi. Marileia 1963-yilda tug'ilgan va hujumchi sifatida faoliyat yuritgan. U tashqi ko'rinishi hamda maydonga bitta qo'lqopda tushish odati sabab jamoadoshlari va sport sharhlovchisi Lusiano do Valle tomonidan "Maykl Jekson" laqabini olgan. Faoliyati davomida Radar, Saad, Korintians, Santos, Internacional, Vasco da Gama hamda Italiyaning Torino klublarida to'p surgan. Marileia 1988-2000-yillar oralig'ida Braziliya ayollar terma jamoasida o'ynab, 1995-yilgi Jahon chempionati va 1996-yilgi Atlanta Olimpiadasida ishtirok etgan. Faoliyatini yakunlagach, Braziliyada ayollar futbolini rivojlantirish yo'lida ishlagan. Qiziq tomoni, u norasmiy hisob-kitoblarga ko'ra faoliyati davomida 1 500 dan ortiq gol urganini ta'kidlagan va XX asrning Janubiy Amerikadagi eng yaxshi ayol futbolchilaridan biri sifatida e'tirof etilgan. ΜΟΛΩΝ ΛΑΒΕ!🏷
Akanbe (yaponcha: あっかんべえ yoki あかんべえ) — yapon masxara imo-ishorasi bo'lib, odam pastki qovog'ini barmog'i bilan pastga tortib, ko'zning qizil ichki qismini ko'rsatadi, ko'pincha esa tilini chiqarib "bee!" degan tovush chiqaradi. U asosan bolalar tomonidan hazillashish, masxara qilish yoki yengil norozilikni ifodalash uchun ishlatiladi va odatda jiddiy haqorat sifatida qabul qilinmaydi. Anime va mangalarda, ayniqsa tsundere xarakterli qahramonlar orasida bu imo-ishora juda mashhur. "Akanbe" atamasi ilk bor XX asr boshlarida yozuvchi Katai Tayamaning "Inaka Kyōshi" ("Qishloq o'qituvchisi") asarida uchraydi. So'zning kelib chiqishi yaponcha "akai me" ("qizil ko'z") iborasi bilan bog'lanadi. "Akanbe" Yaponiyada Fransiya madaniyati ta'sirida ommalashgan bo'lishi mumkin. Qizig'i, xuddi shu imo-ishora boshqa mamlakatlarda boshqa ma'nolarni anglatadi: Italiyada "ehtiyot bo'l", Filippinda yig'lash istagini, Avstraliya va Ispaniyada esa jinsiy ishora sifatida talqin qilinishi mumkin. ΜΟΛΩΝ ΛΑΒΕ!🏷
"Ona Rasputin" va uning monastirdagi dahshatli jinoyatlari. O'tgan asrning 30-40-yillarida Gretsiyada Mariam Sulakiotis ismli abbess mashhur bo'ladi. Dindor va mo'jizakor ayol sifatidagi obro'sidan foydalangan Mariam boy bevalar, yolg'iz ayollar va rohibalarni monastiriga jalb qilib, ularni mol-mulkini monastir nomiga o'tkazishga ko'ndirgan. Qarshilik ko'rsatganlar esa qiynoqqa solingan, ayrimlari esa sirli tarzda vafot etgan. Tergov davomida uning faoliyati kamida 177 ta shubhali o'lim bilan bog'langan. Biroq sud faqat 7 ta qasddan qotillikni isbotlay olgan. Qolgan o'limlarning ko'pi sil kasalligiga chalingan bemorlarni shifoxonaga yubormay, monastirda davolanishsiz qoldirish oqibatida yuz bergan. Oxir-oqibat Mariam Sulakiotis 14 yilga ozodlikdan mahrum etilib, 1954-yilda Afinadagi Averof qamoqxonasida vafot etgan. Hozirda u boshqargan monastir hanuz faoliyat yuritadi va ayrim eski taqvim tarafdorlari uni bugungi kungacha aybsiz, hatto avliyo deb hisoblashadi. ΜΟΛΩΝ ΛΑΒΕ!🏷
"Unutilgan odam" (inglizcha "The Forgotten Man") - amerikalik rassom Jon Maknoton tomonidan 2010-yilda chizilgan siyosiy moybo'yoq asari. Kartinada Oq uy oldida umidsiz holatda o'tirgan oddiy fuqaro, uning ortida esa AQShning barcha sobiq prezidentlari tasvirlangan. Oldingi planda Barak Obama AQSh Konstitutsiyasi ustida turgan holda aks ettirilgan. Asar 2010-yilda qabul qilingan "Arzon tibbiy yordam to'g'risidagi qonun"dan ilhomlanib yaratilgan va hukumat siyosatini tanqid qiluvchi ramziy kartina sifatida tanilgan. 2016-yilda uning asl nusxasi konservativ teleboshlovchi Shon Hanniti tomonidan sotib olingan. Kartina nomi 1934-yilda rassom Meynard Dikson yaratgan "The Forgotten Man" asariga ishora qiladi. Jon Maknoton keyinchalik shu g'oyani davom ettirib, "Vakolatli odam" ("The Empowered Man") va "Siz unutilmadingiz" ("You Are Not Forgotten") nomli kartinalarini ham yaratadi. Jon Maknotonning aytishicha, "Unutilgan odam" kartinasi g'oyasi unga tushida kelgan. U uyg'ongach, ko'rgan manzarasini darhol qog'ozga chizgan va keyinchalik uni moybo'yoq kartinaga aylantirgan. ΜΟΛΩΝ ΛΑΒΕ!🏷
Volpertinger (nemischa — 'volpetine) — odatda quyon boshi, kiyik shoxlari, qirg'ovul qanotlari va boshqa hayvonlarning tana qismlaridan iborat nemis folkloridagi gibrid jonzot. Volpertinger haqida afsonalar XIX asrda Bavariya taksidermistlari turli hayvon qismlaridan hazil tariqasida yasagan hayvon maketlari tufayli keng tarqalgan. Olimlar bu afsona Shope papilloma virusi* tufayli boshida va yuzida shoxsimon o'smalar paydo bo'lgan haqiqiy quyonlarni ko'rgan odamlardan kelib chiqqan bo'lishi mumkinligini taxmin qilishadi. 9612 Volpertinger — bosh asteroidlar kamaridagi asteroid bo'lib, 1991-yilda kashf etilgan. Unga keyinchalik Volpertinger sharafiga shu nom berilgan. *Shope papilloma virusi — quyonlarda terida shoxsimon o'smalar, shishlar va muguz shoxlar hosil qiluvchi virusdir. ΜΟΛΩΝ ΛΑΒΕ!🏷