tgindex
Sukut Saqlama (NeMolchi.uz o'zbek tilida)

Sukut Saqlama (NeMolchi.uz o'zbek tilida)

Статистика

18+. Ўзбекистонда зўравонликка қарши лойиҳа. https://www.facebook.com/SukutSaqlama/ Ҳикоянгизни аноним юборинг: https://forms.gle/ZKCabhpzFM3ewTUz9

Последний пост
14 авг.
Последнее чтение
15 авг.
Постов за неделю
10
Всего постов
165
Тип
открытый
Язык
ha
Категория
Эротика
В каталоге с
12 авг.
Подписчики
1 977
−8 за 5 дн.
Сутки
+1
+0,05%
Неделя
 
Месяц
 
Просмотров на пост
276
40 постов
Вовлечённость
14,0%
к подписчикам
Постов в день
1,4
всего 165
Упоминаний
8
каналов
Охват размещения
оценка
1/24сутки в ленте
169
1/48двое суток
193
1/72трое суток
208

Оценка по просмотрам недавних постов: пост набирает почти всё за первые сутки.

Посты

  • Olmota viloyatida hakamlar hay’ati erini qasddan o‘ldirishda (Qozog‘iston Respublikasi JKning 99-moddasi 1-qismi) ayblangan to‘rt nafar farzandning onasi bo‘lmish homilador Liddiyani to‘liq oqladi. Ayblov qat’iy turib olgandi: pichoq urish — qasddan odam o‘ldirish. Ammo hakamlar hay’ati zaruriy mudofaani ko‘ra oldilar. ⠀ Lidiya — oily ma’lumotli ingliz tili o‘qituvchisi. Qo‘shnilar va qarindoshlar uni yuvosh, nizoga bormaydigan va mehnatkash ayol deb ta’riflashadi, u amalda oilasi va bolalarini o‘zi boqib kelgan. Ushbu "yuvoshlik" ortida yillar davomida davom etgan doimiy qiynoqlar yashiringan edi: Eri mast holatda muntazam ravishda janjal ko‘tarar, uni va bolalarini kaltaklar, qishda uyning oynalarini sindirar edi. Lidiya emizikli farzandi bilan ko‘p marotaba qishning qahratonida, tunda ko‘chada qolgan. Navbatdagi kaltaklashlardan so‘ng unda gematoma paydo bo‘lgan va qon ketishi boshlangan. Erining xulq-atvori sababli ayol ikki marta tanosil kasalliklarini yuqtirib olgan. Qo‘shnilarning aytishicha: uydan doimiy ravishda bolalarning qichqirig‘i va urush-janjal eshitilib turgan. Lidiya bir necha bor ko‘zda yosh bilan ularning oldiga yugurib kelib, militsiya chaqirishni o‘tinib so‘ragan, ammo erining o‘zi uning ortidan so‘kinish va tahdidlar bilan yugurib kelgan. ⠀ Fojiasidan bir necha kun oldin Lidiya erining xiyonati haqida bilib qoldi: unga qo‘ng‘iroq qilib, go‘shakda sodir bo‘layotgan hodisani eshitdi. Uyga qaytgach, u fohisha bilan bo‘lganini g‘urur bilan e’lon qildi. So‘ngra u homilador xotinidan ichki kiyimlarini yuvishni talab qildi. Lidiya buni rad etdi va ajrashmoqchiligini aytdi. Bunga javoban u ayolni kaltakladi — homilador ayolning to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinsiy a’zolari va sonlariga tepdi. ⠀ Tug‘ilmagan bolasining hayoti uchun qo‘rqib ketgan Lidiya uyidan yugurib chiqib, militsiya chaqirish uchun avval erining qarindoshidan, so‘ngra qo‘shnisidan telefon so‘radi. Hech kim unga telefon bermadi. ⠀ Boradigan joyi yo‘qligini va yordam kutadigan odami yo‘qligini tushunib, u uyga qaytdi. Eridan: “Meni urasanmi?”, deb so‘radi. U: “Uraman” — deb javob berdi va unga qarab yurdi. ⠀ Shu daqiqada ayol, o‘zini va bo‘lajak farzandini himoya qilib, bitta yagona zarba berdi. ⠀ Hakamlar hay’ati adolati mantiq tarafiga o‘tdi: qasddan odam o‘ldirish — bu o‘ldirish niyati bo‘lganda sodir bo‘ladi, chorasizlikdan umidsizlikka tushgan ayol navbatdagi tajovuzdan qutulishga urinayotganda emas. Lidiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri sud zalidan ozodlikka chiqdi. ⠀ Qo‘shni mamlakatda hakamlar hay’ati so‘nggi nuqtaga yetkazilgan va qotillik sodir etgan ayolni oqlayotgan bir paytda, bizda O‘zbekistonda shilqimlikka raddiya berishga urinayotgan yoki shunchaki baland ovozda baqirib, o‘z chegaralarini himoya qilayotgan qizlar “mayda bezorilik” yoki “jamoat tartibini buzish” uchun ma’muriy jarimaga tortilmoqda. ⠀ Patriarxal tizim yillar davomida institutsional va maishiy zo‘ravonlikni ko‘rmaslikka olib kelmoqda. Ayol tajovuzkor bilan birma-bir qolganda, atrofdagilarning beparvoligi (“birovning oilasiga aralashma”) va loqaydligi (militsiya chaqirishga telefon berishmadi) jabrlanuvchini yana jallodning oldiga qaytishga majbur qiladi. Jamiyat ayoldan “sabrli, yuvosh va indamas” bo‘lishni talab qiladi. Ammo sabr-toqat halokat yoqasida tugaganida, o‘sha jamiyat zumda unga “qotil” degan tamg‘ani bosadi. Jabrlanuvchiga o‘zini himoya qilish huquqi berilmaydi: O‘zbekistonda o‘z tanasini shilqimlikdan himoya qilishga urinish uchun jarima solinadi, oiladagi zo‘ravonga raddiya bergani uchun esa — “qasddan odam o‘ldirish” moddasi bo‘yicha tergov hibsxonasiga yuboriladi. ⠀ Lidiyani faqat hakamlar hay’ati — jinoyat ishining quruq qog‘ozlari ortida u yashagan haqiqiy daxshatni ko‘ra olgan oddiy odamlar qutqarib qolishdi. Ammo sud-huquqni muhofaza qilish tizimlari tomonidan ayollarning zaruriy mudofaasi jinoyat sifatida, tajovuzkorlarga raddiya berish esa tartibni buzish sifatida qabul qilinar ekan, minglab ayollar qutulish huquqisiz zo‘ravonlik garovida qolishda davom etaveradi. ⠀ Minimizary #SukutSaqlama

  • 📣 #NeUyat26 KO‘RGAZMASIDA ISHTIROK ETISH UCHUN OPEN CALL 14-avgustdan 30-avgustgacha “NeMolchi.Uz” loyihamizning zo‘ravonlik, uyat, og‘riq, erkinlik va tiklanish mavzulariga bag‘ishlangan “NeUyat” ko‘rgazmasida ishtirok etish uchun arizalar qabuli boshlandi! Biz rassomlar, illyustratorlar, fotograf qizlar, installyatsiya mualliflari hamda zamonaviy san’at amaliyotlari bilan ishlaydigan va san’at orqali shaxsiy hamda ijtimoiy muammolar haqida gapirishni istagan barchani taklif etamiz. «NeUyat» — bu ko‘pincha ko‘rinmaydigan yoki yashiriladigan hikoyalar uchun ochiq makondir. San’at orqali biz muloqot, qo‘llab-quvvatlash va hayotiy tajribalarni qayta anglash uchun imkoniyat yaratamiz. Bu yilgi festival O‘zbekistonning beshta viloyati bo‘ylab sayohatga otlanadi: o‘z yo‘lini Nukusdan boshlab, butun mamlakat bo‘ylab Farg‘ona vodiysigacha yetib boradi. 📅 Arizalar qabuli: 14–30-avgust 📌 Saralash natijalari: 2-sentyabr 🎨 Tayyor ishlarni topshirish: 1-oktyabrgacha Arizani profil shapkasidagi havola orqali topshirishingiz mumkin: https://forms.gle/6APN7gFPET5D8PUr8 Loyiha Shveysariyaning O‘zbekistondagi Elchixonasi ko‘magida amalga oshirilmoqda. #NeUyat26 #SukutSaqlama

  • Ayol erkinligi va jamiyat tazyiqi: Madam de Stal va uning «Delfina» romani Agar siz XIX asr boshlarida ayollar o‘z huquqlari va tuyg‘ulari uchun qanday kurashgani bilan qiziqsangiz, fransuz yozuvchisi Anna-Lui-Jermina Madam de Stal qalamiga mansub «Delfina» (1802) romanini albatta o‘qishingiz kerak. Asar markazida yosh, go‘zal, boy va eng muhimi — mustaqil fikrlaydigan beva ayol Delfina d’Albemar turadi. U o‘z sevgilisi Leons bilan baxtli bo‘lishni xohlaydi. Ammo ular yashayotgan jamiyatning qat’iy qoidalari, g‘iybatlar va ayol kishiga qo‘yilgan chegaralar bu ikki qalbning birlashishiga to‘sqinlik qiladi. Roman o‘z davri uchun juda jasoratli bo‘lgan. Muallif ayol kishi nafaqat jamiyat belgilagan rollarni bajarishi, balki o‘z taqdirini o‘zi belgilashi kerak degan g‘oyani ilgari suradi.Ijtimoiy tanqid: Kitobda nikoh, ajrashish va xotin-qizlarning huquqsizligi masalalari ochiq yoritilgan. Madam de Stal ayollarni uy ichiga qamab qo‘ygan konservativ tizimni ayovsiz tanqid qiladi.Napoleonning g‘azabi: Roman shu darajada ta’sirli va erkinlik ruhida yozilganki, hatto Napoleon Bonapartga ham yoqmagan va muallifni Parijdan surgun qilishga sabab bo‘lgan. «Delfina» — bu shunchaki sevgi tarixi emas. Bu o‘z davrining qoliplarini sindirishga uringan va shaxsiy erkinlik uchun yuqori badal to‘lagan kuchli ayolning fojiasidir. #SukutSaqlama #SukutSaqlamaKutubxonasi #AyollarHuquqi

  • ❓Faollik va shaxsiy hayotingizda hech qachon kesib o‘tmaydigan chegarangiz bormi? Qahramonimiz — Mo‘’tabar Xushvaqtova (@urikguli) — ko‘chadagi chiqishlar va piketlar bilan bog‘liq tajribasi haqida so‘zlab beradi. Uning faolligida hech qachon oshib o‘tmaydigan chegarasi bormi? To‘liq suhbatni NeMolchi YouTube-kanalida tomosha qiling. Prodakshn: MEZARCHILD #SukutSaqlama

  • без подписи

  • To‘qimachilik va tikuvchilik sohasi — O‘zbekiston iqtisodiyotining eng tez rivojlanayotgan eksport tarmoqlaridan biridir. “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil holatiga ko‘ra sohada 450 mingdan ortiq kishi mehnat qilmoqda, ularning qariyb 80 foizini ayollar tashkil etadi. Hukumat to‘qimachilik mahsulotlari eksportini 2025-yilda 4 milliard dollarga yetkazishni, parallel ravishda 2 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni va sohada yangi ish o‘rinlarini yaratishni rejalashtirgan edi. Xorijiy investitsiyalar va eksport shartnomalari bir narsani anglatadi: O‘zbekiston fabrikalari mehnat sharoitlari va xalqaro mehnat standartlariga rioya etish bo‘yicha talablarni qo‘yadigan global brendlarning yetkazib berish zanjirida tobora ko‘proq halqaga aylanib bormoqda. Ayrim hollarda bunday talablar 190-sonli Konvensiya tamoyillarini ham o‘z ichiga olishi mumkin — bu O‘zbekiston qonunchiligining bir qismiga aylangani uchun emas, balki tegishli standartlar muayyan xaridorning bitimlari yoki talablarida mustahkamlab qo‘yilgani sabablidir. Va bu yerda muhim bir jihat bor. O‘zbekiston hozircha 190-sonli Konvensiyani ratifikatsiya qilgani yo‘q. 2021-yilda mamlakat uni ratifikatsiya qilishga tayyorligini ochiq e’lon qilgan edi, biroq 2026-yil holatiga ko‘ra, Konvensiya O‘zbekiston ratifikatsiya qilgan XMT konvensiyalari qatoriga kirmaydi. Agar korxona xalqaro brendning yetkazib berish zanjiriga kirsa, ayrim fabrikalarda 190-sonli Konvensiya tamoyillari ushbu brendning talablari orqali qo‘llanilishi mumkin. Masalan, bu xodimlarni o‘qitish, zo‘ravonlik va tazyiqlarning oldini olish, shikoyat qilish mexanizmlari va kasaba uyushmalari bilan hamkorlik qilish bo‘yicha talablar bo‘lishi mumkin. Xodimlarning salmoqli qismini ayollar tashkil etadigan soha uchun bu korporativ siyosatning shunchaki mavhum bir detali emas. Bunday talablar muayyan fabrikalardagi ishchi ayollar uchun qo‘shimcha himoya darajasiga aylanishi mumkin. Shu bilan birga, ular butun soha uchun umumiy kafolat hisoblanmaydi va muayyan brend bilan hamkorlik shartlariga bog‘liq bo‘ladi. Xalqaro bozor talablari va milliy qonunchilikda mustahkamlangan qoidalar o‘rtasidagi ushbu tafovut — eksportning yanada o‘sishi hamda mahalliy korxonalarning global yetkazib berish zanjirlarida ishtirok etishi ortib borgani sayin O‘zbekiston to‘qimachilik sohasi uchun muhim mavzulardan biriga aylanishi mumkin. Albina Kurmichkina #SukutSaqlama #xmt190

  • Shilqimlikdan himoya qanchaga tushishi mumkin? Namanganda bir qiz avtobusda o‘ziga shilqimlik qilgan erkakni urdi. Yakunda sud ularning ikkalasiga ham jarima soldi. 27-juliy kuni shahar avtobusida 66 yoshli erkak 18 yoshli qizning sonidan ushladi. Bunga javoban qiz uni urgan. Sud ularning ikkalasini ham aybdor deb topdi. Erkak — O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 41-1-moddasi 1-qismi (shahvoniy shilqimlik) bo‘yicha BHMning 2 baravari (824 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortildi. Qiz esa — MJtKning 52-moddasi 2-qismi (yengil tan jarohati yetkazish) bo‘yicha BHMning 0,5 baravari (206 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortildi. Biz avvalroq shunga o‘xshash holat haqida yozgan edik: Samarqandda bir qiz uni kuch bilan taksiga o‘tqazishga urinayotgan erkakni itarib yuborgani uchun sud tomonidan BHMning 3 baravari miqdorida jarimaga tortilgan edi — vaholanki, tajovuzkorning o‘zi ham bor-yo‘g‘i BHMning 5 baravari miqdorida jarima olgan. O‘shanda adolat qaror topdi — yuqori sud instansiyasi jabrlanuvchi qizga solingan jarimani bekor qildi. Va mana, navbat Namanganga. Eslatib o‘tamiz, MJtKning 18-moddasida “zaruriy mudofaa” tushunchasi mavjud — zaruriy mudofaa holatida sodir etilgan harakatlar ma’muriy huquqbuzarlik hisoblanmaydi. Jamoat transportida bemorod erkak sening soningdan ushlaganida berilgan javob zarbasi — bu zaruriy mudofaa emasmi? Agar shilqimlikka berilgan yagona javob shilqimlikning o‘zi bilan teng ravishda jarima bilan jazolansa, unda qizlarga nima qoladi? Sukut saqlab, chidashmi? Huquqni qo‘llash amaliyotida gender sezgirligi yo‘q ekan hamda zaruriy mudofaa sukunat bo‘yicha jabrlanuvchilar foydasiga hisobga olinmas ekan, qizlar himoya izlashga emas, har safar qaytadan shikoyat qilish orqali adolatga erishishga majbur bo‘lmoqdalar. Loyihamiz yana bir bor ayol-qizlarga murojaat qiladi — siz o‘zingizni himoya qilganingiz uchun jarima olish qo‘rquvi sababli sukut saqlashga majbur emassiz. Qonun jabrlanuvchilarni himoya qilishi kerak, ularni tajovuzkorlar bilan tenglashtirishi emas. #SukutSaqlama #qonunlar

  • 2026-yil 22-iyun kuni BMTning Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Rim Al-Salem “Onalarga nisbatan zo‘ravonlik” nomli ma’ruzani taqdim etdi. Bu BMT Inson huquqlari kengashi tarixidagi to‘liq onalarga huquq subyektlari sifatida bag‘ishlangan ilk ma’ruzadir. Ma’ruzaning to‘liq matnida xalqaro darajada ilk bor ayollar aynan onalik maqomi sababli — mehnat, sog‘liqni saqlash, migratsiya sohalarida, shuningdek, qurolli nizolar sharoitida kamsitishlarga duch kelishlari tizimli ravishda qayd etilgan. «Onalikka hamon yetarlicha baho berilmaydi va u jamiyat manfaati emas, balki shaxsiy tanlov sifatida xato talqin qilinadi. Onalar ko‘plab va o‘zaro bog‘liq bo‘lgan kamsitish shakllariga uchrashadi, biroq qonunchilik, siyosat va ma’lumotlarda alohida kategoriya sifatida tan olinmay qolmoqda», — deb ta’kidladi Al-Salem. Ma’ruzada “onalik jarimasi”ga — farzand tug‘ilgandan keyingi maosh va karyeradagi yo‘qotishlarga, shuningdek, sudlar hamda sog‘liqni saqlash tizimlarida onalar huquqlarining buzilishiga alohida e’tibor qaratilgan. Ma’ruzachi davlatlarni onalarni alohida kategoriya sifatida rasman tan olishga, ularning huquqiy himoyasini kuchaytirishga va onalarni kamsitishga qarshi kurashni davlat siyosatiga kiritishga chaqiradi. Bu BMTning barcha a’zo davlatlari konsensus pozitsiyasi emas, balki Inson huquqlari kengashiga taqdim etilgan BMT mustaqil ekspertining ma’ruzasidir. BMT maxsus ma’ruzachilari tizimi aynan shunday ishlaydi: ularning ma’ruzalari kun tartibini shakllantiradi va davlatlarning kelgusidagi majburiyatlari uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. A. Kurmichkina tayyorladi. #SukutSaqlama

  • ❓Sizda ojizlik hissi paydo bo‘ladimi? Mo‘’tabar Xushvaqtova (@urikguli) ekologik muammolar ko‘lami oldidagi ojizlik hissi haqida fikr yuritadi. Ammo bu uning qo‘l siltab qo‘yishiga sabab bo‘lmaydi. Aksincha — qancha ko‘p inson o‘zida eko-odatlar va ongli iste’mol madaniyatini shakllantirsa, jamiyat ham shuncha kuchli bo‘lib boradi. To‘g‘ri savollar bera oladigan jamiyat. To‘liq suhbatni NeMolchi YouTube-kanalida tomosha qiling. Prodakshn: MEZARCHILD #SukutSaqlama

  • Bitimni imzolash — bir masala. Lekin uning tamoyillari butun dunyo bo‘ylab minglab fabrikalarda ishlashini ta’minlash — mutlaqo boshqa narsa. H&M va Inditex’da buning uchun o‘qitish va monitoringni o‘z ichiga olgan alohida mexanizmlar yo‘lga qo‘yilgan. Yetkazib beruvchilar uchun birgalikdagi qo‘llanmalar (gaydlaynlar). 2023-yilda H&M Group va IndustriALL yetkazib beruvchi fabrikalar uchun ish joyida genderga asoslangan zo‘ravonlik hamda tazyiqlarning oldini olish va ularga munosabat bildirish bo‘yicha alohida qo‘llanma ishlab chiqdi. U 190-sonli Konvensiya va unga hamrohlik qiluvchi 206-sonli Tavsiyanoma tamoyillariga asoslangan. Ushbu qo‘llanmalar H&M’ning yetkazib beruvchilari bilan ishlashda qo‘llaniladi va xalqaro standartlarni fabrika darajasidagi aniq tartib-taomillarga aylantirishga yordam beradi. Milliy monitoring qo‘mitalari. Mahsulot yetkazib beruvchi mamlakatlarda brend, kasaba uyushmasi va fabrikalar vakillari ishtirokida qo‘shma tuzilmalar — National Monitoring Committees (Milliy monitoring qo‘mitalari) tashkil etiladi. Ular tavsiyalar amaliyotda qanday joriy etilayotganini kuzatib borishga va yuzaga kelayotgan muammolarni muhokama qilishga yordam beradi. Masalan, Bangladeshda bunday mexanizmdan H&M’ga mahsulot yetkazib beruvchi sakkizta fabrikada standartlarni joriy etish uchun foydalanilgan. Majburiyatlar ko‘lami. Global doiraviy bitimlar ushbu tamoyillarni kompaniyalarning ishlab chiqarish zanjirlarining salmoqli qismiga tatbiq etish imkonini beradi. H&M Group’ning IndustriALL va IF Metall bilan 2025-yilda yangilangan amaldagi bitimi H&M Group mahsulot xarid qiladigan 1 000 ga yaqin ishlab chiqaruvchi fabrikalardagi bir milliondan ortiq xodimlarni qamrab oladi. Inditex’da bu ko‘lam yanada kengroq: 2019-yilda yangilangan global ramka bitimi Inditex brendlari uchun kiyim-kechak ishlab chiqaradigan 7 000 ta fabrikadagi qariyb 2,5 million kishi band bo‘lgan ishlab chiqarish zanjiriga tatbiq etiladi. Nizolarni hal etish mexanizmlari. Global doiraviy bitimlarda mehnat nizolarini ko‘rib chiqish hamda kompaniya va kasaba uyushmalari o‘rtasidagi hamkorlik tartib-taomillari nazarda tutilgan. Bu nafaqat qoidabuzarliklarni qayd etish, balki ularni hal qilish uchun bitimda nazarda tutilgan mexanizmlardan foydalanish imkonini ham beradi. Butun ushbu tizimning mazmuni shundaki, brend shunchaki gazlama va tayyor kiyim-kechak xaridori bo‘lishdan to‘xtaydi — u yetkazib beruvchining fabrikasidagi mehnat sharoitlariga ta’sir ko‘rsatadigan hamda rasman ish beruvchi bo‘lmasa-da, u bilan munosabatlarida tegishli talablarni mustahkamlaydigan tomonga aylanadi. Bu tendensiya tobora kuchayib bormoqda: IndustriALL ma’lumotlariga ko‘ra, H&M va Inditex bitimlari xususiy sektor hukumatlarni harakat qilishga undayotganining yorqin misoli sifatida keltiriladi. Masalan, 2025-yilning oktyabr oyida Bangladesh ushbu tizim ichidagi kasaba uyushmalari va brendlarning ko‘p yillik mehnati ta’sirida 190-sonli Konvensiyani ratifikatsiya qildi. Bu esa eng asosiy savolga olib keladi — ushbu tizim O‘zbekiston bilan qanday bog‘liq? Albina Kurmochkina #SukutSaqlama #xmt190

  • Odatda ish joyida nimalar maqbul ekanligini belgilaydigan qoidalarni davlat o‘rnatadi. Biroq global tikuvchilik sanoatida mehnat sharoitlariga xalqaro brendlarning o‘zlari ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Ular yetkazib beruvchilar bilan tuziladigan shartnomalarga xodimlarning huquqlariga oid talablarni kiritadilar va ushbu standartlarni butun ishlab chiqarish zanjiri bo‘ylab yoyish uchun o‘z ta’sir kuchlaridan foydalanadilar. Bunga misollardan biri — Xalqaro mehnat tashkilotining 2019-yilda qabul qilingan “Mehnat sohasida tazyiq va zo‘ravonlikni bartaraf etish to‘g‘risida”gi 190-sonli Konvensiyasidir. Bu har bir insonning tazyiq va zo‘ravonlikdan xoli mehnat dunyosiga bo‘lgan huquqini mustahkamlaydigan birinchi xalqaro mehnat shartnomasidir. Hujjat, jumladan, genderga asoslangan zo‘ravonlik va shahvoniy shilqimlikni ham qamrab oladi hamda profilaktika, jabrlanganlarni himoya qilish, shikoyatlarni ko‘rib chiqish va huquqiy himoya vositalaridan foydalanish bo‘yicha choralarni nazarda tutadi. Konvensiya uni ratifikatsiya qilgan davlatlar uchun majburiydir. Biroq uning tamoyillari xodimlarga boshqa yo‘llar bilan ham tatbiq etilishi mumkin — masalan, korporativ siyosatlar, yetkazib beruvchilar kodekslari, jamoa shartnomalari hamda xalqaro kompaniyalar va kasaba uyushmalari o‘rtasidagi global doiraviy bitimlar orqali. Fashion-sanoatning ikki yirik vakili — Shvetsiyaning H&M Group va Ispaniyaning Inditex (Zara, Bershka, Pull&Bear va boshqa brendlarni o‘z ichiga olgan kompaniyalar guruhi) boshqacha yo‘ldan borishdi. Ular IndustriALL Global Union xalqaro kasaba uyushmalari birlashmasi bilan XMTning 190-sonli Konvensiyasi tamoyillarini ham o‘z ichiga olgan xalqaro mehnat standartlari mustahkamlangan Global doiraviy bitimlarni (Global Framework Agreements, GFA) imzolashdi. Bunday bitimlarda belgilangan talablar kompaniyalarning butun ishlab chiqarish zanjiriga tatbiq etiladi. Shu bilan birga, Konvensiyaning huquqiy maqomi va brend talablari o‘rtasidagi farqni ajratib olish muhimdir. 190-sonli Konvensiyaning o‘zi davlat uchun u ratifikatsiya qilinganidan keyin majburiy bo‘ladi, yetkazib beruvchilarning majburiyatlari esa brend bilan tuzilgan shartnomalar va boshqa korporativ hujjatlardan kelib chiqadi. Inditex va IndustriALL ilk bor bunday bitimni 2007-yildayoq imzolagan edi, 2019-yilda esa uni yangiladilar. Yangilangan bitim Inditex’ning butun yetkazib berish zanjiri bo‘ylab xalqaro mehnat standartlarini amalga oshirishni nazarda tutadi va 190-sonli Konvensiyani bitim qamrab oladigan xalqaro mehnat standartlari ro‘yxatiga kiritadi. H&M Group ham shunga o‘xshash yo‘ldan bordi. IndustriALL va Shvetsiyaning IF Metall kasaba uyushmasi bilan 2025-yilda imzolangan yangilangan global ramka bitimida 190-sonli Konvensiyaning bitim tayanadigan xalqaro mehnat standartlari qatoriga kiritilishi mustahkamlab qo‘yildi. U H&M Group mahsulot sotib oladigan 1 000 ga yaqin ishlab chiqaruvchi fabrikalardagi bir milliondan ortiq xodimlarni qamrab oladi. RISE’ning 190-sonli Konvensiyaning besh yilligiga bag‘ishlangan sharhida brendlar va kasaba uyushmalari o‘rtasidagi bitimlar xalqaro standartlarning global yetkazib berish zanjirlarida amaliy mehanizmlarga aylanishi — o‘qitish, kasaba uyushmalari bilan hamkorlik va birgalikdagi monitoring orqali qanday amalga oshishiga misol sifatida keltiriladi. Mualliflar bunday misollar orasida Inditex va H&M bitimlarini tilga oladilar. Nima uchun bu nafaqat Bangladesh yoki Kambodja, balki O‘zbekiston uchun ham muhim ekanligini — keyingi postlarda tahlil qilamiz. Albina Kurmichkina #SukutSaqlama #xmt190

  • без подписи

  • Amakimning ayollari anchadan buyon piyonista amakim bilan yashab keladilar, 2 nafar farzandi bor. Amakimning ichmagan bir kuni ham yo‘q, uyida har kuni urush janjal. Bolalari yig‘lagan, uyidagi pichoqlarni qo‘rqqanidan yashirib qo‘ygan, shu hadikda har kuni yashashadi. Yangam ham jismonan, ham ruhan azoblanayotganini har kuni his qilib turaman. Lekin yangam endi ota uyiga bora olmasliklari, 2 nafar farzandi borligi uchun ajrasholmayapti. Bu vaziyatda qanday yo‘l tutish mumkin? Amakim baribir odam bo‘lmaydi, yangam ajrashishga jur’at qila oladimi yo‘qmi, uni ham bilmayman. Farzandlari bunday muhitda o‘sishini xohlamayman men. ============= Sukut saqlama.uz ga kelgan maktublardan. Siz ham o‘z hikoyangizni anonim tarzda yuborishingiz mumkin: https://forms.gle/ZKCabhpzFM3ewTUz9 ‼️Hurmatli anonim, siz shuningdek, yuristlarimizga Telegram bot orqali murojaat qilishingiz mumkin, ular sizga qonuniy chora ko‘rish uchun maslahat berishadi: @nemolchilaw_bot _______ #SukutSaqlama #O‘quvchilardan

  • Homilador ayollarni ishdan bo‘shatish holatlari bugungi kunda kam uchraydi. Ish beruvchilar bu qonunga zid ekanligi va huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini tushunishadi. Lekin bu kamsitish yo‘qoldi degani emas. Shu sababli ancha ustamonlik bilan ishlatiladigan, ammo zarari bundan kam bo‘lmagan boshqacha mexanizm ishga tushadi: xodimni muhim loyihalardan chetlashtirishadi, uning ish jarayonlaridagi ishtirokini cheklashadi yoki u o‘zi ishdan bo‘shash haqida o‘ylay boshlaydigan sharoit yaratiladi. 1-bosqich. G‘amxo‘rlik niqobi ostidagi kamsitish Homilador ayollarni ishda kamsitish xayrixohlik ortiga yashiringan bo‘lishi mumkin: «Senga hozir asabiylashish mumkin emas». Xodimni uning roziligisiz istiqbolli loyihalardan chetlashtirishadi va ularni hamkasblariga topshirishadi. Loyihalar bilan birga bonuslar, rahbariyat ko‘ziga tushish imkoniyati va karyera qilish imkoniyatlari ham yo‘qoladi. «Sening sog‘ligingni o‘ylayapmiz». Ayolni xizmat safarlariga yubormay qo‘yishadi, strategik majlislardan chetlashtirishadi va muhim qarorlar qabul qilishda ishtirokini yo‘qqa chiqarishadi. Yakkalab qo‘yish (izolatsiya). Ishga oid ma’lumotlar kechikib kelishni boshlaydi. Xodimni muhim muhokamalarga taklif qilishmaydi, ishchi chatlar va yozishmalardan chiqarib tashlashadi. Bunday amaliyotlar g‘amxo‘rlik niqobi ostida yashiringan kamsitish shaklidir. Ayol sekin-asta o‘zini ortiqcha yuk, keraksiz xodim yoki go‘yo jamoani uyaltirib qo‘ygan insondek his qila boshlaydi. 2-bosqich. Ruhiy bosim va qadrsizlantirish Soxta «g‘amxo‘rlik» xodimning o‘z xohishi bilan ishdan bo‘shashiga olib kelmasa, bosim ochiqroq tus oladi. «Barchasiga gormonlar sababchi». Har qanday asosli e’tiroz, o‘z kasbiy huquqlarini himoya qilishga urinish yoki emotsional reaksiyani «gormonlar» va beqaror holat bilan tushuntirishadi. Mikroagressiya va shama qilishlar. Rahbariyat bilan suhbatlarda: «Balki o‘z xohishing bilan ariza yozib, xotirjam tug‘ruqqa tayyorgarlik ko‘rarsan?» yoki «Biz shunchaki kompaniya haqida qayg‘uryapmiz, bizga ishonchli odam kerak» degan iboralar yangraydi. Talablarni sun’iy ravishda oshirish. Homilador xodimning ishiga e’tiroz bildirish, intizomiy jazo qo‘llash yoki mukofot pulidan (premiyadan) mahrum qilish uchun bahona topish maqsadida uning ishiga alohida qat’iyat bilan munosabatda bo‘la boshlashadi. Bunday bosim tufayli ishdan bo‘shash yagona chora bo‘lib tuyula boshlaydi. Biroq homiladorlik ayolni mehnat huquqlaridan mahrum etmaydi. Aksincha, xalqaro standartlar va qonunchilik uni himoya qilish uchun qo‘shimcha kafolatlarni nazarda tutadi. Ular haqida hamda kamsitish holatlarida qanday yo‘l tutish kerakligi to‘g‘risida keyingi materialda so‘z yuritamiz. Rina Ergasheva #SukutSaqlama #xmt190

  • AQShda davom etayotgan Lindsi Klensi ishi yana bir bor tug‘ruqdan keyingi ruhiy salomatlik masalasiga jamoatchilik e’tiborini qaratdi. 2023-yil yanvar oyida AQSHning Massachusets shtatida yashovchi, tug‘ruq bo‘limida hamshira bo‘lib ishlagan Lindsi Klensi uch nafar farzandini o‘ldirgan, shundan so‘ng esa o‘z joniga qasd qilishga uringan. U tirik qolgan, biroq tanasining pastki qismi falaj bo‘lib qolgan. Hozir AQShda ushbu ish bo‘yicha sud jarayoni davom etmoqda. Sud javob topishi kerak bo‘lgan asosiy savol shuki: u bu qilmishini ongli ravishda sodir etganmi yoki voqea paytida tug‘ruqdan keyingi og‘ir psixoz holatida bo‘lganmi? Hozircha aynan shu masala sudda ko‘rib chiqilmoqda va yakuniy xulosa hali chiqarilgani yo‘q. Sud materiallariga ko‘ra, fojiadan avvalgi bir necha oy davomida ayol bir necha bor psixiatrik yordamga murojaat qilgan, uyqusizlik, kuchli xavotir, o‘z joniga qasd qilish haqidagi fikrlar hamda farzandlariga zarar yetkazishdan qo‘rqayotganini bildirgan. U davolanish kursini o‘tayotgan va bir nechta psixotrop dori vositalarini qabul qilgan. Shu bilan birga, ayblov tomoni jinoyat oldindan rejalashtirilgan deb hisoblaydi, himoya tomoni esa bunga tug‘ruqdan keyingi og‘ir psixoz sabab bo‘lganini ta’kidlamoqda. Aynan shu holatlar hozir sud tomonidan o‘rganilmoqda. Bu voqea nafaqat dahshatli fojia ekani bilan muhim. U yana bir bor ota-onalarning ruhiy salomatligi ikkinchi darajali masala emasligini eslatadi. Odatda bola tug‘ilgach, barcha e’tibor chaqaloqqa qaratiladi, unga o‘rni kelganda, otaning o‘rniga ham, “200% mas’ul” bo‘lgan onaning ruhiy holati esa ko‘pincha e’tibordan chetda qoladi. Vaholanki, tug‘ruqdan keyingi og‘ir depressiya, ayniqsa tug‘ruqdan keyingi psixoz zudlik bilan tibbiy yordamni talab qiladigan holatlardir. Yana bir muhim jihatni unutmaslik kerak: tug‘ruqdan keyingi depressiya va tug‘ruqdan keyingi psixoz bir xil kasallik emas. Tug‘ruqdan keyingi depressiya ancha ko‘p uchraydi va bunday tashxis qo‘yilgan ayollarning mutlaq ko‘pchiligi hech qachon farzandlariga zarar yetkazmaydi. Tug‘ruqdan keyingi psixoz esa kam uchraydigan, ammo juda xavfli ruhiy buzilish bo‘lib, psixiatriyada shoshilinch holat sifatida baholanadi. Agar yosh ona uyqusizlik, umidsizlik hissi, o‘z joniga qasd qilish haqidagi fikrlar yoki farzandiga zarar yetkazib qo‘yishdan qo‘rqayotganini aytsa, buni "injiqlik", "oddiy charchoq" yoki "o‘tib ketadi" deb baholash mumkin emas. Bunday alomatlar mutaxassis tomonidan jiddiy baholanishi va yaqinlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi zarur. Ota-onalarning ruhiy salomatligiga g‘amxo‘rlik qilish bu ortiqcha xarxasha yo erkalik ham, zaiflik belgisi ham emas. Ba'zan aynan o‘z vaqtida ko‘rsatilgan yordam onaning ham, uning farzandlarining ham hayotini saqlab qolishi mumkin. #SukutSaqlama #Onalik #Psixoz

  • Dalillarni saqlab qolish — faqat birinchi qadamdir. Keyin esa qayerga murojaat qilish, nima qilish kerak degan savol tug‘iladi. Xalqaro standartlarga ko‘ra, xavfsiz mehnat muhiti uchun mas’uliyat faqat xodimning o‘ziga tushmaydi. Ideal dunyoda keyingi qadam oddiygina «xodimlar bo‘limiga (HR) boring» bilan kifoyalanardi. Biroq, ushbu turkumdagi avvalgi materiallarimizdan birida yozganimizdek, HR bunday murojaatlar uchun har doim ham xavfsiz makon bo‘lavermaydi. Unig vazifasi jabrlanuvchining emas, birinchi navbatda tashkilot manfaatlarini himoya qilish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Avvalo, tashkilotda qanday tartib-taomillar mavjudligini va ular amaliyotda qanchalik ishlayotganini baholash joiz. Bunday murojaatlarni ko‘rib chiqishning tushunarli tartibi bormi? Avval xodimlar undan foydalanishganmi? U ishonch uyg‘otadimi va murojaat arizachi uchun salbiy oqibatlarga olib kelmaydi deyishga asoslar bormi? Agar ushbu savollarga javob ijobiy bo‘lsa, ichki tartib-taomil oqilona boshlang‘ich nuqta bo‘lishi mumkin. Agar ishonch bo‘lmasa yoki bunday tartib-taomillarning o‘zi mavjud bo‘lmasa, tashkilotdan tashqaridan qo‘llab-quvvatlov izlash to‘liq o‘zini oqlaydi. O‘zbekistondagi barcha tashkilotlarda ham ichki himoya mexanizmlari mavjud emas, norasmiy sektorda esa ular umuman yo‘q. Bunday hollarda kompaniyadan tashqaridan qo‘llab-quvvatlov izlash muhimdir. Muammoni kompaniya ichida hal qilishning iloji bo‘lmaganda yoki bu xavfsiz bo‘lmaganda, tashqi resurslardan foydalaning. Yordam va himoyani mehnat huquqshunoslari, kasaba uyushmalari, gender zo‘ravonligiga qarshi kurashuvchi tashkilotlar, psixologlar yoki ishonchli shaxslardan topish mumkin. O‘zbekistonda gender zo‘ravonligidan jabrlanganlarni qo‘llab-quvvatlash bilan, masalan, anonim tarzda huquqiy va psixologik maslahat olish mumkin bo‘lgan Nemolchi.uz loyihasi shug‘ullanadi. Bundan tashqari, boshqa tashkilotlar va mutaxassislar ham yordam ko‘rsatadi. Shuningdek, O‘zbekiston IIVning xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik masalalari bo‘yicha 1259 davlat ishonch telefoni faoliyat ko‘rsatmoqda, u nafaqat oilaviy zo‘ravonlik holatlari, balki gender zo‘ravonligining boshqa shakllari bo‘yicha ham murojaatlarni qabul qiladi. Tashqi resurslarga murojaat qilish o‘z huquqlaringizni bilishga, xatarlarni baholashga va maqbul harakatlar rejasini tanlashga yordam beradi. Tazyiq va zo‘ravonlik uyquni, diqqat-e’tiborni va xavfsizlik hissini yemirib boradi. Yaqinlarning qo‘llab-quvvatlashi, psixolog yordami va kamaytirilgan ruhiy bosim (yuklama) o‘z huquqlarini himoya qilish uchun kuch-resurslarni saqlab qolishga yordam beradi. Xalqaro mehnat tashkilotining 190-sonli Konvensiyasi amaliy mexanizmlarni yaratishni talab qiladi: bular — qulay shikoyat qilish imkoniyati, ta’qiblardan himoya qilish va profilaktikadir. Murojaatga javoban sukut saqlash va bosim o‘tkazish — bu norma emas. Yechim vaqt talab qilishi mumkin, ammo inson bir o‘zi qolib ketmasligi kerak. Xavfsiz muhit yaratish — davlat va ish beruvchining majburiyatidir. 190-sonli Konvensiyaning asosiy g‘oyasi shundaki, ish joyidagi xavfsizlik — bu shaxsiy jasorat natijasi emas, balki har bir insonning huquqidir va yordam so‘rab murojaat qilish yangi xatarlarni keltirib chiqarmasligi kerak. Agar siz ishda zo‘ravonlik yoki shilqimlikka duch kelgan bo‘lsangiz, qo‘llab-quvvatlovni nafaqat tashkilot ichida olishingiz mumkin. Nemolchi.uz — bepul huquqiy maslahat Nemolchi.uz — bepul psixologik yordam O‘zbekiston Respublikasi IIV ishonch telefoni — 1259 Angalisheva R. #SukutSaqlama #xmt190

  • Shahnoza Mamajonova para-o‘q otish bo‘yicha Jahon kubogi g‘olibi bo‘ldi O‘zbekiston terma jamoasi vakili Shahnoza Mamajonova Serbiyaning Novi-Sad shahrida 51 davlatdan 300 ga yaqin sportchi ishtirokida o‘tkazilgan para-o‘q otish bo‘yicha Jahon kubogi g‘olibi bo‘ldi. 🥇 Shahnoza Mamajonova oltin (P2, pnevmatik to‘pponcha, 10 m) Sportchimiz 232,6 ochko jamg‘arib, ishonch bilan birinchi o‘rinni egalladi. Ushbu g‘alaba O‘zbekiston sportchi ayollarining yuksak mahorati yana bir bor e’tirof etilishi va inklyuziv sportni rivojlantirishga qo‘shilgan muhim hissadir. Har bir bunday yutuq sportda o‘z yo‘lini endigina boshlayotgan qizlarni ilhomlantiradi. #SukutSaqlama #SportdaAyollar

  • ❓Ekologik qoidabuzarliklar sabab odamlarga tez-tez tanbeh berishingizga to‘g‘ri keladimi? Mo‘’tabar Xushvaqtova (@urikguli) u bilan ishlash har doim ham oson emasligini aytadi, chunki u har bir tadbirning ekologik jihatlariga — tashkilotchilikdan tortib mayda detallargacha — juda e’tiborli. Shuningdek, u qushlarni non bilan boqayotgan bir insonga tanbeh bergan holatni eslaydi. Vaholanki, uning yonida bunday ovqatlantirish taqiqlangani haqida yozuv bor edi. Nega ekologik qoidabuzarliklar haqida baralla gapirish muhim? To‘liq suhbatni NeMolchi YouTube-kanalida tomosha qiling. Prodakshn: MEZARCHILD #SukutSaqlama

  • Tazyiq va zo‘ravonlikka duch kelganingizni anglab yetish ba’zan oson kechmaydi. Ayniqsa, huquqbuzarliklar bir qarashda ahamiyatsiz bo‘lib tuyulgan so‘zlar yoki xatti-harakatlardan boshlangan bo‘lsa. Biroq aynan dastlabki harakatlar kelgusida o‘z huquqlaringizni himoya qila olish-olmasligingizni ko‘p jihatdan belgilab beradi. Har kimga mos keladigan tayyor algoritm mavjud emas, lekin dalillarni saqlab qolish, ehtimoliy variantlarni baholash va qo‘llab-quvvatlovga ega bo‘lishga yordam beradigan harakatlar bor. Tazyiq va zo‘ravonlikka bo‘lgan birinchi reaksiya deyarli har doim bir xil bo‘ladi — mustaqil ravishda yengishga urinish. Inson bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri gaplashib olish. Undan qochishni boshlash. Biroz sabr qilinsa, «o‘z-o‘zidan o‘tib ketadi» deb o‘zini ishontirish. Ko‘pchilik, inson buni tushunadi hamda vaziyat atrofdagilarning aralashuvisiz hal bo‘ladi degan umidda, yuzma-yuz gaplashib olishni tanlaydi. Hech kimni jalb qilish, vaziyatni begonalarga tushuntirish yoki o‘z obro‘sini xavf ostiga qo‘yishning hojati qolmaydi. Biroq bunday suhbat har doim ham yordam beravermaydi, ba’zan esa vaziyatni yanada og‘irlashtirishi mumkin. Boshqalarning chegaralarini muntazam ravishda buzadigan kishi bitta iltimosdan keyin to‘xtashi mahol. Qoida tariqasida, gap tushunmaslikda emas, balki uning xulq-atvori oqibatsiz qolishiga bo‘lgan ishonchdadir. Odamlarning yordam so‘rab murojaat qilishni kechiktirishining yanada chuqurroq sababi bor. Inson o‘z chegaralarini buzayotgan shaxsga — lavozimi, daromad darajasi yoki loyihalarga kirish imkoniyati bo‘yicha — qanchalik ko‘p qaram bo‘lsa, shakllangan munosabatlarni o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan qadamni tashlash shunchalik qiyinlashadi. Bu real xavfga nisbatan ratsional reaksiyadir. Muammo haqida xabar bergan odamlar, haqiqatan ham, ishxonadagi munosabatlarning yomonlashishiga, ba’zan esa martaba (karyera) uchun oqibatlarga tez-tez duch kelishadi. Boshlanishiga muammo qarshisida yolg‘iz qolishni to‘xtatish muhimdir. Siz ishonadigan inson: hamkasbingiz, do‘stingiz, huquqshunos yoki psixolog bilan gaplashishning o‘zi kifoya. Bu vaziyatga chetdan nazar tashlashga va keyinchalik qanday yo‘l tutish kerakligini tushunishga yordam beradi. Hatto yordam so‘rab murojaat qilish-qilmaslik borasida hali bir qarorga kelmagan bo‘lsangiz ham, eng boshidanoq muhim ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha narsalarni saqlab qo‘ygan ma’qul. Nimani qayd etib qo‘yish kerak: Ishchi chatlardagi yozishmalar, shaxsiy xabarlar va elektron xatlarni; Ovozli xabarlar, fotosuratlar va skrinshotlarni; Voqealarning sanasi va vaqtini; Ehtimoliy guvohlarning ismlarini; Tafsilotlar xotirada hali yangi ekan, sodir bo‘lgan voqea haqida darhol yozib qo‘yilgan qisqa qaydlarni. Stress ta’siri ostida xotira pand berishi mumkin: tafsilotlar unutiladi, voqealar ketma-ketligi yo‘qoladi, ma’lum vaqt o‘tgach esa u yoki bu epizod aynan qachon yuz berganini eslash qiyin bo‘ladi. Agar kelgusida HR (xodimlar bo‘limi)ga, huquqshunosga yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish zarurati tug‘ilsa, aynan shunday qaydlar voqealar xronologiyasini tiklashga va sodir bo‘lgan holatlarni tasdiqlashga yordam beradi. Sodir bo‘layotgan voqealarni qayd etib borish shikoyat bilan murojaat qilishga majbursiz degani emas. U shunchaki bunday qarorni keyinroq qabul qilish imkoniyatini saqlab qoladi. Agar yordam kerak bo‘lmasa, qaydlardan foydalanmaslik mumkin. Ammo ko‘p tafsilotlar unutilgan bir paytda, oylar o‘tib ularni tiklash ancha qiyinroq. Angalisheva R. #SukutSaqlama #xmt190

  • Jabrlanganlar uchun aksar hollarda eng og‘iri zo‘ravonlikning o‘zi emas, balki atrofdagilar va davlat tuzilmalarining reaksiyasi bo‘lib chiqadi. Ishonchsizlik, arizani qabul qilishdan bosh tortish va yarashtirishga chaqiriqlar yangi ruhiy jarohatga aylanadi. Psixologiyada ushbu hodisa institutsional xiyonat (institutional betrayal) deb ataladi. Ushbu konsepsiyani amerikalik psixolog Jennifer Frayd ishlab chiqqan. U institutsional xiyonatni inson bog‘liq bo‘lgan va himoya so‘rab murojaat qiladigan tashkilotlarning harakati yoki harakatsizligi deb ta’rifladi. Gap faqat to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarar yetkazish haqidagina emas, balki zo‘ravonlikning oldini olish yoki jabrlanuvchiga zarur qo‘llab-quvvatlovni ko‘rsata olmaslik haqida ham bormoqda. Ushbu g‘oya Fraydning 1991-yilda taqdim etgan nazariyasi — xiyonat travmasi (betrayal trauma)ning davomi bo‘ldi. U jabrlanuvchi emotsional, moliyaviy yoki ijtimoiy jihatdan qaram bo‘lgan shaxs tomonidan sodir etilgan zo‘ravonlikning ruhiy oqibatlarini tasvirlaydi. Keyinchalik Frayd ilmiy muomalaga yana bir nechta bog‘liq tushunchalarni kiritdi. Ulardan biri — xiyonatga ko‘rlik (betrayal blindness) bo‘lib, bunda qurbonlar, guvohlar va hatto tajovuzkorlarning o‘zlari ham o‘zlari bog‘liq bo me lgan munosabatlar yoki tizimni saqlab qolish uchun sodir bo‘lgan voqeani anglamagan holda inkor etadilar yoki unutadilar. Boshqa bir tushuncha — aks reaksiya (DARVO). Bunday strategiyada tajovuzkor avval sodir bo‘lgan voqeani inkor etadi, so‘ngra zo‘ravonlik haqida gapirgan insonga hujum qiladi, shundan keyin esa o‘zini haqiqiy qurbon qilib ko‘rsatadi. Fraydning tadqiqotlari yana bir qonuniyatni ko‘rsatdi. Kuzatuvchilar ko‘pincha qurbonning so‘zlariga shubha qilishadi, ammo agar ularga DARVO mexanizmi oldindan tushuntirilsa, ular manipulyatsiyaga ancha kamroq berilishadi. Institutsional xiyonat Frayd institutsional aks reaksiya deb ataydigan yanada tajovuzkor shaklni ham olishi mumkin. Bu institut jabrlanuvchini emas, tajovuzkorni himoya qilganda sodir bo‘ladi — masalan, militsiya tergov o‘tkazish o‘rniga arizachi ayolni yolg‘onchilikda ayblasa. Ushbu konsepsiya O‘zbekistondagi ayollar muntazam ravishda so‘zlab beradigan vaziyatlarni tasvirlashga yordam beradi. Tadqiqotchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, oilaviy zo‘ravonlikni boshdan kechirgan ayollar, ayniqsa jarohatlar «yetarlicha jiddiy» tuyulmasa, profilaktika inspektorlari ularni arizani qaytarib olishga ko‘ndirish holatlariga duch kelishmoqda. Ekspertlarning tushuntirishicha, bunday amaliyot strukturaviy sabablarga ham ega. Erining ustidan tushgan ariza inspektordan ortiqcha qog‘ozbozlikni talab qiladi, shuning uchun unga jabrlanuvchini fikridan qaytarish osonroq. Bunday tajriba ayollarni umiddan mahrum qiladi va takroriy murojaat qilishdan voz kechishga majbur etadi. Hujjatshunos va huquqshunoslarning fikricha, yana bir muammo — mahallalardagi yarashtirish komissiyalaridir. Ular nikoh ajrashishlari va oilaviy zo‘ravonlik mahalla obro‘siga putur yetkazishidan xavfsirab, holatdan qat’i nazar oilani saqlab qolishga intilishadi. Nemolchi.uz tahririyati bunday yarashtirish jarayonlaridan so‘ng yana tajovuzkorlar bag‘riga qaytarilgan ayollar hikoyalarini ko‘p marotaba yoritgan. Rasman nizo hal bo‘lingan deb hisoblangan, ammo zo‘ravonlik davom etgan va ba’zan fojiali oqibatlarga olib kelgan. Amnesty International huquqni himoya qilish tashkiloti ham tizimli muammoga e’tibor qaratmoqda. Tashkilot fikricha, O‘zbekistonda jabrlanganlarni himoya qilish hamon ojizligicha qolmoqda, chunki oilaviy zo‘ravonlik hollarini ko‘rib chiqishda mansabdor shaxslar ko‘pincha ayolning xavfsizligidan ko‘ra oilani saqlab qolishni ustun qo‘yadilar va real himoyani ta’minlash o‘rniga yarashtirishga intiladilar. Institutsional xiyonat — bu himoya izlashga urinish paytida zo‘ravonlikning davom etishidir. Yordam o‘rniga jabrlanuvchi yangi ruhiy jarohatga: ishonchsizlik, ayblovlar va sukunat saqlash talabiga duch keladi. A. Kurmichkina tayyorladi #SukutSaqlama