- Последний пост
- 19 июл. 2025 г.
- Последнее чтение
- 14 авг.
- Постов за неделю
- 0
- Всего постов
- 11
- Тип
- открытый
- Язык
- und
- В каталоге с
- 14 авг.
- 1/24сутки в ленте
- —
- 1/48двое суток
- —
- 1/72трое суток
- —
Оценка по просмотрам недавних постов: пост набирает почти всё за первые сутки.
Посты
Toshbaqa va chayon haqida: Drive (Драйв) Film (2011) #kriminal #drama "Bolakay" kunduzlari asosiy vaqtini garajda o'tkazadi, ba'zida filmlar uchun mashina haydash sahnalarida yordam berib yuboradi. Kechasi esa u ba'zi yomon kimsalarga 'kirakash' bo'lib beradi. Yangi qo'shnisini ko'rdiyu, hayoti ba'zi o'zgarishlarga yuz tuta boshladi. Agar mendan kimdir nuar janri hozir ham, zamonaviy ko'rinishda mavjudmi deb so'rasa darrov shu filmni ko'rsatib javob beraman. Ya'ni ha, men uchun zamonaviy nuar shunaqa bo'ladi. Voqealari sekin ildamlasada, lekin juda chiroyli atmosfera bilan yoritiladi, gipnozga o'xshagan atmosfera haqida gapirayapman, xuddi tushdek. O'zi umuman, filmni o'zining atmosferasi uchungina ko'rib qo'ysangiz bo'ladi, voqealarisiz ham. Bu atmosferani qurishda albatta, Desire ijrosidagi "Under your spell" qo'shig'i ma'no jihatdan film bilan bir bo'lib ketgan. Hamda sizni ushbu yerga yetaklovchi, filmga boshlang'ich yo'l bo'luvchi Kavinsky ning "Nightcall" treki haqida ham shu fikrni bildirish mumkin. Diqqat, quyida filmga spoylerlar bor: Toshbaqa va chayon haqidagi masal esingizdami? Keling eslataman, Chayon toshbaqadan daryoning narigi tarafiga o'tkazib qo'yishni so'raydi. Chayonning chaqib olishidan qo'rqib turgan toshbaqa esa bunga ozgina ikkilanib turadi, albatta buni sezgan chayon darhol "axir seni chaqsam, ikkimiz ham cho'kamizku?" deydi. O'ylab ko'rgach, toshbaqa rozi bo'ladi. Ular daryodan o'tayotgan paytida esa toshbaqa, chayon uni chaqishga harakat qilayotganini sezib qoladi. "Axir, nega bunday qilasan?" deb so'ragan toshbaqaning savoliga chayon "Men axir chayonman, birovga nish urish mening tabiatimda bor" deb javob qiladi. Toshbaqa suvga sho'ng'igan mahal chayon suvda halok bo'ladi. Asli, "Chayonning ishi chaqmoqdir" degan naqlni ham shunga bog'lab aytishardi. Keling endi men buni filmga qanday aloqasi borligini aytib beraman. Film ham qaysidir ma'noda shu masalning ekranlashuviga o'xshaydi. Yo'q, olib qochmayabman, hech e'tibor berganmisiz, Rayan Goslingning personaji doimo orqasida chayonning rasmi bor kiyimda yuradi. Ya'ni, Rayan bu yerda chayonni orqasida mindirib olgan toshbaqa. U to'dalarga o'g'irliklar payti yordam beradi axir. Film davomida, Rayanning personaji ikki hayotni yashab yurmoqchi bo'ladi, birida sovuqqon, kerak bo'lsa qotillik qiladigan haydovchi, ikkinchisida esa normal inson. Bekorga u o'zining qo'shnisi oldida nima gap aytishni bilmay uzoq pauzalik tanafuslar qilmaydi, sababi u doim birinchi hayotida yaxshiroq yashagan, ikkinchisida u shunchaki no'noq "bolakay". O'zida ham ba'zida bu borada savollar bo'ladi: e'tibor bersangiz u qo'shnisining o'g'li televizor ko'rib o'tirganda "bosh qahramonni yomon deb o'ylaysanmi?" deb so'raydi, bola esa "albatta, axir u akula-ku!" deb aytadi, Rayan esa "Hamma akulalar yomon deb o'ylaysanmi?" deb qayta so'raydi. Bu so'rov qisman uning birinchi yarmi va ikkinchisi orasidagi suhbat. Payt o'tishi bilan esa, uning jinoyat olamidagi hayoti tinchlikdagisini quvib kela boshlaydi: chayon uni daryo yarmida chaqishga urinadi. Liftdagi sahnada esa, u ikkala hayotni ajratib bo'lmasligini, aslida o'zi bir odam ekanligini tushunib yetadi. Va albatta, so'nggida telefon orqali "chayon" daryoni kesib o'tolmaganini e'lon qiladi. Go'zal-a? Filmning yagona kamchiligi esa, undagi mafiya olamini yaratishda kreativlik yetishmaganida. Qolgan hammasi ideal, albatta yuqoridagi masalni eslagan holda qayta tomosha qilinglar filmni. ✍️ O'lik taqrizlar jamiyati
Hannibal (Ганнибал) Serial (2013-2015) Will Graham FBI uchun agent sifatida testdan to'liq o'ta olmagan, o'zining ruhiy holati sabab. Lekin undagi o'ta ajoyib tassavur, hamda g'ayrioddiy uslubi sabab ham uni baribir tergov ishlariga jalb qilishadi. Uning noodatiy uslubi shundaki, ba'zida u manyaklarni ishida ishlaganda o'zini ularni o'rniga qo'yib fikrlay oladi, hatto keragidan ham ortiqroq darajada yaxshi fikrlaydi . . . Uning ruhiy holatini stabillashtirish uchun unga biriktirilgan psixolog Dr. Hannibal Lecter esa unga yordam berishga harakat qilmoqda. To'g'risi men bu serialni anchadan beri bilardim, ballari yaxshi ekanligini ham. Ammo ko'rishni ortga surib kelayotgandim anchadan beri. Bosh sababi albatta "Silence of the Lambs" filmining juda zo'r ekanligi, hamda Hannibal Lecter sifatida Anthony Hopkins ning tengi yo'q ijrosi. Albatta bu filmdan keyin ham ko'p marta Hannibal loyihasini ekranlashtirishga harakat qilishgan, biroq bu amaliyotlarning hech biri muvafaqqiyat qozonmagan, albatta serialgacha. Asosan bir qiziqish serialni ko'rishga undar edi: qanday qilib bunaqa vaxshiy manyaklar, psixopatlar, odamxo'rlar haqida bunday uzun (39ta qism) loyiha qilib yuqori bal olish mumkin? Keling men serialni yutug'lari nimada ekanligini aytishga harakat qilib beraman: Birinchi navbatda shuni aytish kerakki serial serialdan ham ko'ra san'at asariga o'xshaydi. Chinakamiga. O'ta go'zal, rassomlarga xos operatorlik ishi, vizuallar, o'ta nozik estetik did - bularni hammasi shunday ustalik bilan bajarilganki, hatto ba'zi inson ongi uchun juda "qorong'ulik" qiladigan o'lim sahnalari ham qiziq, hamda chiroyliday ko'rinib ketadi. Mads Mikkelsonning oshpazlik mahoratini ko'rsatishi ham o'sha nozik estetik did namunalaridan. Ikkinchi tomondan esa albatta yaxshi ssenariy, kuchli dialoglar. Yaxshi detektiv liniyasi, kuchli triller elementlari hamda oraliqda ba'zi horror nishonalarini ham ko'rib turasiz serialda. Albatta menga eng yoqqan narsa esa serialdagi syurrealistik sahnalar bo'ldi. Shaxsiyat bo'linishi, galyutsinatsiya, gipnoz va yana shunaqa balo-battarlar filmlarda sizni qiziqtirsa albatta ko'ring. (Se7en hamda Hannibal serialiga juda kichik spoylercha) Men albatta Mads Mikkelson ijrosidagi Hannibal Lecter haqida ko'p o'ylab ko'rdim. Sababi men uchun uning qahramoni Anthony Hopkins o'ynagan Hannibal Lecter ga o'xshamas edi. Unda kimga o'xshaydi degan savol meni o'ylantirdi. Anchayin solishtirishlardan so'ng Fincherning Se7en filmidagi John Doe personaji eng yaqin bo'lardi deb o'ylab qoldim. Sababi bu yerda Hannibal nafaqat o'ta aqlli qotil, balki odamlarni o'zi qarab baholaydigan, ularning taqdirlari ustidan o'zi hukm yuritadigan, qolganlar o'z hayotini yashashga loyiq emas deb hisoblaydigan odam. Eslasangiz John Doe ham shundayroq edi. To'g'ri ularning morallari farqliroq: John Doe qay ma'noda xudojo'y odam, va u o'zini qolganlarni jazolashga, nasihat qilishga mas'ul sanaydi. Hannibal ham xudoga ishonsada, lekin uning miyyasida "O'ldirish xudoga ham yoqsa kerak, o'zi ham tinmay qiladi" degan o'y/motiv yuradi. Xullas serial mening eng toplarim qatoridan joy oldi, topshiringlar (faqat ozgina imkon beringlar iltimos). P.S: Men o'zim ekrandagi qonli sahnalarning kichikroq muxlisiman, serialda ham juda ko'p inson o'ylab fantaziyasining eng qorong'u burchaklarida topishi qiyin bo'lgan o'lim sahnalari bor. Keyin meni aytmadi deb yurmanglar. #tavsiya #taqriz #triller #detektiv ✍️ O'lik taqrizlar jamiyati
Yozning 500 kuni - Romkomdanda ko'proq #taqriz #tavsiya #drama ✍️ O'lik taqrizlar jamiyati
Carrie (Кэрри) Film (1976) #taqriz #tavsiya #horror Kerri (Carrie) bitiruvchi sinfda o'qiydigan tortinchoq, uyatchan qiz. Qiz o'z tengdoshlariga ko'pda ham qo'shila olmaydi, buni sababi esa uning onasi. Onasi Margaret o'ta dindor, qizini uyidan maktabdan tashqariga bir qadam yo'lashiga ham qarshi, o'z qizini xulq-atvoriga ham aynan u sababchi. Lekin kutilmaganda Kerri bilan g'alati ishlar sodir bo'lmoqda. Film rejissyori afsonaviy Brayan de Palma ekanligi, uning Stiven King asari adaptatsiyasi ekanligi va albatta hozirga kelib horror janri klassikasiga aylangani meni o'ziga tortdi. Bulardan tashqari hozirgi zamonimiz mashhur horror rejissyori Skott Derikson (Sinister) tomonidan tuzilgan ro'yxatda ko'rganim ham turtki bo'ldi. To'g'ri ayniqsa horror filmlarga vaqt beshafqatroq bo'ladi. Biroq yaxshi ishlangan film ko'p zamon to'siqlaridan o'tadi. Bizga ham nimadir yangilik taqdim eta oladi. Kartina maktab bolalari orasidagi munosabatni olib chiqqani, bolalarga nisbatan "bullying" harakatiga e'tibor qaratgani bu albatta ajoyib jihat. Ammo menga filmning o'zida olib chiqqan voqealaridan ham ko'ra finali, operatorlik ishi yoqib tushdi. Albatta bu kartinaning qolgan voqealari yoki davomiyligini qiymatini tushirmaydi. To'g'risi filmning davomiyligi unchalik ham ko'p emas, bir yarim soatgina, lekin ichidagi voqealar hozirgi auditoriya, siz-u bizga baribir ozgina "eskilik" qiladi. Negaki odamlar shu film va shu film izdoshlaridan ilhomlanib shunaqa mavzu atrofida ko'p film ishlab tashlashgan. Lekin avval aytganimday final, va uning yaqinlari odamni shoshiradi. Kartinada yoshlarning bitiruv kechasiga atalgan sahna bor. Unda tasvirlarngan atmosfera, unda ishlatilgan chiroqlar bu mo'jiza, odam o'zini tushdagiday his qiladi o'sha muhitda. Kim bilsin, balki menga 90-yilgi yoshlar ishtirokidagi, yoki amerikancha "party"lar qatnashgan filmlar yoqqani uchun ko'proq mazza qilgandirman. Har xolda film reytingi menga o'xshab ta'sirlangan odamlar ko'pligini aytmoqda. Men ko'rgan eng chiroyli atmosferali horrorlardan biriga aylangan kartina. Agar janr klassikalari sizni bee'tibor qoldirmasa albatta ushbu kartinani ko'rishni tavsiya qilaman. Yoki Stiven King asarlari muxlislari bo'lsangiz ham. Va albatta bu shedevr uchun Brayan de Palmani e'tirof etmay ketish adolatsizlik. Hozirda u boshlab bergan ulkan franshiza (Mission Impossible) ko'pchilikning og'zida. Shu mahal yana bir u boshlagan klassikani ko'rishni tavsiya e'taman. P.S: Hozir e'tibor berib qoldim, kanalda hozirgacha yozilgan filmlarning hammasi Horror janriga qarashli ekanligi bilan bog'lanib turarkan. ✍️ O'lik taqrizlar jamiyati
Videodrome (Видеодром) Film (1983) #taqriz #tavsiya #horror (body-horror) Body-horror janrini ko'nglingiz xushlamasa, bu filmni ham ko'rmaslikni tavsiya qilaman. Boshqa hollarda esa albatta ko'rish shart (yana o'tgan yilgi Substance filmi yoqqanligiga ham qarang) Torontodagi televidiniya prodyuseri "kattalar uchun" yangi shou izlab yuribdi. Unga doimiy o'zi ko'rib yurgan narsa kerak emas, u yangiroq nimadir istaydi. Shu vaqtda esa unga bir sherigi yangi bir "Videodrome" deb nomlangan shouni topganini aytib qoladi. Hech qanday syujetsiz, faqat zo'ravonlik aks etgan bu shou prodyuserni qiziqtirib qo'yib, endi shouni yaratuvchilarini izlashga tushadi qahramonimiz. Mashhur body-horrorlarning yaratuvchisi, Golivudda vaxshiylik va zo'ravonlik ramziga aylangan rejissyor David Krononbergning ilk ishlaridan biri, yoki ilk muvaffaqiyatli katta ishlaridan biri. Filmning janri horror ekanligini inobatga olsak, uni vaqt to'sig'idan hozirgacha o'tib kelgani katta yutuq. Ya'ni 1983-yil, yoki o'zi umuman avval yaratilgan qo'rqinchli filmlarning deyarli hammasi "eskirish"ga uchraydi. Ovoz montaji, dizayni kuchayib ketishi, grafikalar super darajaga chiqib ketgani, auditoriya o'sgani bu jarayonga xizmat qiladi. Hozirgacha saqlanib, ardoqlanib kelinayotgan klassik qo'rqinchli filmlarda odatda hozirgilarida uchramaydigan narsa falsafa ham bor. Shu sababli grafika eskirsa ham ular hozirgacha aktualligini saqlab kelayapti. Videodrome ham shular jumlasidandir. Ya'ni ha filmda jirkanch, vaxshiyliklar yetarlicha, hatto ko'proq. Lekin kartina o'z falsafasiga ega. Krononberg bunaqa syujetni yozayotganda nimani ta'sirida bo'lgan bilmadim-u, lekin o'sha narsaga rahmat. Filmni o'zi olib chiqqan g'oyalarga ko'ra zamonidan oldinda deb aytsak bo'ladi. Ya'ni kartina avvalo o'zi odamlar nega bunaqa vaxshiyliklarni ko'radi degan savol qo'yadi. Nega rostdan? Nega "French extreme wave"ni ko'rasiz? Bunaqa vaxshiylik qanday qilib odamni o'ziga jalb qiladi degan savol turibdi. Yaxshi tomoni esa bu yerda faqat savol emas, bu harakatlarni so'nggi ham ajoyib bo'lmasligi haqida ishoralar ham borligi. Yana kartina odamlarning media maxsulotlarini noto'g'ri iste'mol qilishi haqida. 1983-yilda bu voqealar aniq videokaseta va televizor yordamida tasavvur qilingan, lekin hozirgi kunga kelibgina bunaqa media propagandasi katta e'tiborga chiqdi. To'g'ri qurilma, gadjetlar o'zgargan, biroq g'oya o'z kuchidaku. Odamlarni video orqali propagandaga undash, axborot yordamida manipulyatsiya qilish axir hozirda eng ko'p ishlatilinadigan yo'riqlar emasmi? Fakt shundaki bu film Matrix (1999) dan ancha oldin chiqqan, to'g'ri ikkala filmning uslubi, morallari mutloq boshqacha. Lekin ikkalasidagi ko'plab o'xshashliklarni ularni tomosha qilib anglash mumkin. Shu sabablar uchun ham kartinani hozirda bemalol ko'rib muhokama qilish mumkin bo'lgan asar deb bilaman. Albatta film boshidagi joylardan eson-omon o'tib olsangiz. Ma'anaviyatingizga putur yetkazmagan holda albatta, u yog'iga mukofotingizni olasiz. ✍️ O'lik taqrizlar jamiyati
Ekrandagi sadistlar Funny Games (Забавные игры) Film (1997) Kartina hozirgi kunga kelib kult-horror darajasiga ko'tarilgan, o'z janri ichida eng mashhurlaridan biriga aylangan, bosh ro'ldagi yigitning kameraga ko'zini qisib qo'yishi esa aykonik lahzalardan biriga aylanib ulgurgan. Rejissyor Mixael Hanake o'zining bu filmiga oradan o'n yil o'tib 2007-yilda remeyk olgan (Amerikancha variantini). To'g'risi remeykda ro'l o'ynagan aktyorlar va film tili o'zgarganini aytmasa boshqa aytarli o'zgarish yo'q, shuning uchun bugun bitta qilib originali haqida yozaveramiz. (Men o'zim ham originalini ko'rmagan edim yaqingacha, remeykni o'zi ham ancha esdan chiqib ketgan) To'g'risi bunaqa mashhur filmlar haqida yozmoqchi emasdim, lekin har zamonda nimadir bilan lentani band qilish kerakku, shunday emasmi? Syujet voqealariga ko'ra ko'l bo'yidagi dam olish uyiga kelgan oila o'zlarining do'stlari uyida ikki notanishni ko'radi. Dastlab ular bunga parvo qilishmagan edi, lekin ulardan biri oiladan oddiygina tuxum so'rab uylariga keldi. Lekin ko'rinishidan gap faqat tuxumda emas shekilli. Film qo'rqinchli filmlar qatorida tursada u boshqa o'z janridagi filmlardan ancha ajralib turadi. Rostini aytganda Funny games unikal film, unga sal-pal qay bir elementlar bilan yaqinlik axtaradigan filmlaringiz bo'lishi mumkin, shaxsan men esa bunaqa filmni hali ko'rmaganman. To'g'ri filmdagi saspens eng zo'ri emas, undagi vaxshiylik eng zo'ri emas, unda boshqa qo'rqinchli filmlar kabi sizni sakrashga majbur qiladigan sahnalar mavjud emas. Unda qanday bu film hozirgi kult darajasiga chiqdi? Diqqat quyidagi matnni film tomoshasidan keyin o'qish tavsiya qilinadi Birinchi sabab filmning aqlliligi. Ya'ni undagi qahramonlar, undagi voqealar juda aqllilik bilan yozilgan. Kimningdir nimadir ish qilishini sababini doim tushunib turasiz, bosh qahramonlarning har bir mayda detallarga e'tibor qilishini ko'rib qoyil qolasiz. Filmning tomoshabinlar hissiyotiga "tupurgan" holdagi hikoyasi mashhurlikning yana bir sababidir katta ehtimol. Demoqchimanki doim ham bunaqa sadistik uslubni ko'ravermaymiz. Ammo buni odamlarga nimasi yoqadi deysizmi? Bilmadim. Albatta kartina to'rtinchi devorni buzishi bilan ham o'ta original. Avval boshda shunchaki ajralib turish uchun deb o'ylagandim, biroq hozir men buni balki rejissyorning biz bilan muloqot uslubi bo'lsachi deb o'ylab qoldim. Mayli, boshidagi it bilan bog'liq sahnada bosh qahramon 'bopladimmi?' deganday qilar. Keyingilarichi, ular bizga qilingan ishora emasmi? Masalan, filmni ko'pchilik qo'rqinchli degan kategoriyadan ko'rib keladida unda yetarli vaxshiylik yo'q deb aytadi. Yoki ikkinchi toifa odamlar uni haddan oshirib yuborganlikda ayblaydi. Qahramon "nima deb o'ylaysiz, shu yetarlimi?" deganda bizga aslida shuni aytmoqchi emasmi. Qay bir yo'ldan ular yurganda ham odamlarga farqi yo'q, ular baribir yomonlashadi. Yoki filmning yakunida "Nega uni o'ldirding, hali bir soat borku 9gacha?" deb qahramonlardan biri so'rasa, sherigi "Qornim ochdi" deb oddiygina javob berib o'tib ketadi keyingi uy tomon. Real hayotda ham odamlar bironta daxshatli xabar haqida o'qib, yoki uni videosini ko'rib, shunchaki keyingi voqealarga yoki ishlariga o'tib ketishiga o'xshaydi bu ham. Rostan juda uzog'i sherigi bo'lsa aytib qo'yar "Yomon bo'pti" deb birrovga. Balki film, rejissyor emas tomoshabinlar sadistroqdir, balki gap Hanakeda emas, bizdadir? #tavsiya #taqriz #triller #horror ✍️ O'lik taqrizlar jamiyati
Ta'qibchi film: The Vanishing (Исчезновение) Film (1988) Ingliz tilida Haunting degan so'z bor. Qo'rqinchli, yoki umuman filmlarga nisbatan bu miyyada o'rnashib qoladigan, xayoldan ketmaydigan deganga o'xshash ma'nolarda keladi (Odatda daxshatli filmlar, yoki shunaqa yakunlar uchun). Misol keltirman, masalan Pak Chxan-Vukning Oldboy (2003) filmi, yoki Darren Aranofskiyning Requiem for a dream filmlari bu so'zning yaqqol namoyondasi bo'la oladi menimcha. Ya'ni siz ko'rgan filmning "ta'mi" xotirangizda uzoq vaqt qoladi. Bugungi men sizlarga aytmoqchi bo'lgan filmim butun kino tarixidagi eng "haunting" filmlardan biri. Ya'ni film daxshati sizni ancha payt "ta'qib" qilib yurish xususiyatiga ega. The Vanishing yoki o'zimizni tilda Yo'qolish rejissyor Jorj Slyoyzer tomonidan katta ekranlarga 1988-yilda chiqarilgan kartina hisoblanadi. Filmning original nomi Spoorloos hisoblanadi. Rejissyor 1984-yilda chiqqan The Golden Egg nomli Tim Krabbe tomonidan yozilgan romanni ekranlashtirgan, aytib o'tish joizki o'ta mahorat bilan ekranlashtirgan. Qiziq tomoni shu rejissyor Jorj Slyoyzer o'z filmini remeykini ham ishlagan bir necha yil o'tib (Hanakedan alangali salomlar shu joyida), lekin remeyk o'z tilimizda aytganda "yemagan". Remeykni ko'rmaganman, va ko'rishni sizga ham tavsiya qilmayman, chunki original film reytingi bilan remeyknikida katta farq bor (menimcha soqqa qilish maqsadida ishlagan rejissyor ham, pul o'lsina). Shu reyting degan joyimizda, filmning Imdb saytida reytingi 7.7 . Azizlar bu horror film uchun o'ta jiddiy bal hisoblanadi agar bilsangiz, nahot endi ham filmni ko'rmasangiz? Tim Krabbe nafaqat roman yozuvchisi, balki filmga ham o'zi ssenaristlik qilgan. Uning aytishiga ko'ra bu asarning paydo bo'lishiga turtki bo'lgan motiv, Fransiya bir turistning avtobusdan shunchaki saqich olish uchun tushib do'konga kirib g'oyib bo'lgani haqida chiqqan maqola. Ya'ni shu g'oyib bo'lgan turist ayol unga eng katta turtkini bergan, fantaziyalarini ishlatishga. Lekin keyinroq real hayotdagi bu turist topilgan ekan, ma'lum bo'lishicha ayol shunchaki boshqa avtobusga adashib chiqib qolibdi. Hatto keyinroq yozuvchi bu ayolga borib minnatdorchilik ham bildirgan ekan, g'oyani yaralishiga sababchi bo'lgani uchun. Ko'ryapsizlarmi, siz bilan biz adashsak shunchaki yo'qolish, bu ayolning adashishi esa butun boshli shedevr yaralishiga sababchi bo'lgan. O'zining Niderlandiyadan Fransiyaga keluvchi ikki turisti haqida hikoyani shunday yaratgan Tim Krabbe. Filmni original tilida va o'zingizga mosroq subtitrda ko'rishingizni maslahat beraman, sababi boya aytganimday filmdagi turistlar Niderland, lekin Fransiyaga kelib Fransuz tilida gaplashishadi, xullas til bo'yicha ham qiziq tomonlari bor, va men o'ylaymanki bu narsa dublyajda ozgina bo'lsada o'z o'rnini pasaytiradi (To'g'ri taxmin qilayapsizlar, menda buni o'zbekchasi yo'q, o'zi hech kimda ham yo'q hozircha. O'ylaymanki kelajakda buni kimdir tarjima qiladi). Aytganday bu film haqida oldin "Yakuniy taxminlarni yo'qqa chiqaruvchi trillerlar" nomli tanlanmada ham yozgandim. Lekin o'zi juda kamchilikni bu filmdan xabari borligi, undanam kamchilik bu filmni ko'rgani uchun alohida yozishni istadim. #taqriz #tavsiya #horror #triller ✍️ O'lik taqrizlar jamiyati
The House (Этот дом) Animatsiya (2022) The House 2022-yilda Netflix strim servisida premyera qilingan, Nexus Studios studiyasi prodyuserlik qilgan, stop-motion horror, komediya. Animatsiya to'liq holda 3 ta hikoyadan iborat. Bu hikoyalarni birlashtirib turuvchi narsa bu uy, g'alati uy. Ushbu hikoyalar bu uy bilan bog'liq o'tmish, bugun va kelajakda sodir bo'lib o'tadi. O'ta paranoya, horror bilan boshlangan hikoyalar keyinchalik satira, yumor kabi boshqa jihatlarga ham bog'lanib ketadi. Film davomiyligi atigi bir yarim soat ekanligidan uni ko'rishga vaqt ajratasiz deb taxmin qilayapman. Keling unga batafsilroq to'xtalsak. Bu hikoyalarda rejissyorlar turli xil uslublarni ishlatishgan, dastlabkisida klassik horror filmlardan ilhomlanilgani sezilsa, keyingisida Frans Kafka ijodiga bo'lgan qiziqishni o'zi ufurib turadi, uchinchisi esa nisbatan tinchroq, lekin biroz syurrealizm elementlarini o'ziga aralashtirgan. Diqqat quyidagi matnlarni film tomoshasidan keyin o'qish tavsiya qilinadi! 1-hikoya. Ushbu hikoya bizga o'z eski uyini tashlab, noma'lum arxitektor taklifiga ko'ra yangi uyga ko'chib o'tgan oila taqdirini ko'rsatadi. Unda biz klassik qo'rqinchli filmlar, ayniqsa The Shining elementlarini sezib turamiz. Va bir narsani aytish kerakki, uchchala hikoya ichidan eng simvolistikaga to'lasi bu birinchisi. Unda nega aynan bunday stop-motiondan foydalanilganligi, nega bunaqa animatsiyalashtirilganligiga qiziqdim. Birinchidan bu yerdagi ishlar, qo'g'irchoqlar hammasi qo'l mehnati, rejissyor ham o'zining unikal ishlari bilan mashhur ekan. Ikkinchidan bu g'alati qo'g'irchoqlar filmni yanada qo'rqinchli bo'lishini ta'minlaydi. Ya'ni ijodkorlar ataydan shunaqa animatsiyalashni tanlashgan, mablag' yetishmovchiligidan emas. Yana xuddi ertaklardagi kabi uy ichida labirint bor, menimcha sezdingiz. Xuddi Ganzel va Greta, Alisa mo'jizalar mamlakatida kabi labirintlar, lekin bizni labirintimiz har doim ham Happy end sodir bo'lmasligini eslatib turmog'i bilan o'zgacha. Va albatta bu labirint bosh qahramonlar, oilaning adashib qolganligi ramzidir, nafaqat jismoniy, balki ruhiy taraflama ham. Uyni o'zida ham jon bordek seziladi sezsangiz, xonadon ahvoli oila ko'chib kelgandan keyin er-xotin bilan birga o'zgarib turaveradi, ular kelgan onda nurafshon, payt o'tishi bilan esa hammasi yemirilib boraveradi. Hamda bu yerda xonadon xizmatkori bor, u o'zini aktyor, artist sifatida biladi, lekin aslida u uyning bir bo'lagiga aylanib ulgurganini sezmaydi, xuddi oila kabi, zo'r-a? 2-hikoya. Bu safar bizga avvalgiday paranoya va o'tmish emas, yaxshigina satira hamda bugun namoyish etiladi. Kimningdir o'z ishiga juda berilib ketishi evaziga o'zligini butunlay yo'qotishi mumkinligi haqida hikoya bu. Bilasizlarmi men buni aka-uka Koenlarning Barton Fink filmiga o'xshatdim, ikkalasi juda o'xshash rostdan. Agar filmni ko'rgan bo'lsangiz hikoyada ham buni aniq sezasiz. Ikkinchi hikoya bizning hozirgi zamonaviy jamiyat ustidan kuladi, uning ustidan satira qiladi. Ba'zi qilar ishlarimiz naqadar absurdligiga ishora qiladi, lekin bularni o'ta muvaffaqiyat bilan amalga oshiradi. Bu hikoyani ko'rish davomida sizning miyyangizga mashhur yozuvchi Franz Kafkaning Jarayon asari kelishi aniq. Uning kichikroq ekranizatsiyasi kesak ham bo'ladi buni. 3-hikoya. Bu safar endi kelajak tomon, post-apokaliptik kelajak tomon yo'l olamiz. Uyimizni endi suv bosmoqchi, toshqin hamma joyni egallab kelmoqda. Lekin xonadon egasi hali undan umid uzmagan, sezganingizdek u ham uyni bir bo'lagiga aylanib undan kechishni hecham reja qilmaydi. Bu qismga kelib qahramonlarimiz mushukka, atmosfera esa go'zal, orzumonand bir joyga aylanadi. Bularning hammasi bizni, tomoshabinni ozgina bo'lsada tinchlantirishga hissa qo'shadi. To'g'rida, mushukni ko'rganda kim ham tinchlanmaydi. Yakunda esa, yuqori paranoya bilan boshlangan Uy hikoyasi, nisbatan tinchroq sharoitda o'z nihoyasiga yetadi. #taqriz #tavsiya #horror #komediya ✍️ O'lik taqrizlar jamiyati
без подписи
Mundarija: The House The Vanishing Funny Games (1997) Videodrome Carrie 500 days of Summer Hannibal (serial) Drive
Channel created