- Последний пост
- 31 июл.
- Последнее чтение
- 15 авг.
- Постов за неделю
- 0
- Всего постов
- 28
- Тип
- открытый
- Язык
- und
- Категория
- Новости и СМИ (по похожим)
- В каталоге с
- 13 авг.
- 1/24сутки в ленте
- 1 078
- 1/48двое суток
- 1 235
- 1/72трое суток
- 1 332
Оценка по просмотрам недавних постов: пост набирает почти всё за первые сутки.
Посты
Hayotimizning asl haqiqati Dafn etilganimizdan atigi 24 soat o‘tgach, “ajoyib” jarayon boshlanadi. Bir paytlar ovqatimizni hazm qilishga yordam bergan bakteriyalar, endilikda organizmning o‘zini ichidan parchalab tashlaydi. O‘ta yomon hid tarqalib - bu esa hasharotlar, qurtlar va chayonlar uchun “bayram”ga taklif etadigan o‘ziga hos signal bo‘ladi. Tez orada turli jonzotlar jasad tomon harakatlana boshlaydi. Bir vaqtlar g‘urur bilan yurgan, qulay hayot kechirgan va faqat “yuqori” lavozim istagan badan - endi chirishga yuz tutgan massadan boshqa narsa emas. Chirish xronologiyasi: 📍 1-kun – Ichakdagi bakteriyalar faollashadi; qurtlar va hasharotlar anus orqali tanaga kiradi. 📍 3-kun – Burun deformatsiyaga uchraydi, chayonlar va qo‘ng‘izlar go‘shtni yeyishni boshlaydi. 📍 6-kun – Yuz tuzilishida sezilarli o‘zgarishlar kuzatiladi. 📍 9-kun – Soch va tirnoqlar to‘kila boshlaydi. 📍 17-kun – Qorin shishib ketadi va oxiri yorilib, ichki a’zolar sochilib ketadi. 📍 60-kun – Badanda umuman go‘sht qolmaydi, faqat suyaklar qoladi. 📍 90-kun – Skelet parchalanadi. 📍 1 yildan so‘ng – Hatto suyaklar ham oddiy bir changga aylanadi. Qayerda qoldi o‘sha g‘urur? Nima bo‘ldi: – Kibrga? – Hirsga? – Ego va lavozimga? – Unvonlar, boylik, go‘zallik va kuch-qudrat? Hammasi dafn etiladi. Podsho ham, kambag‘al ham tuproqda tenglashadi. Bir zamonlar yerlarni boshqargan odam endi hatto tanasini hasharotlardan muhofaza qila olmaydi. O‘ylang... Biz tuproqdan yaratilganmiz, tuproqqa qaytamiz va oxirida yana changga aylanamiz. Bu har bir insonning haqiqati. U holda haqiqatan biz uchun nima muhim? – Mehr-shafqat. – Kamtarlik. – Oxiratni eslash. – Ixlosli ibodat va yaxshi amallar. Qalandar SAMANDAROV
Ustoz Oybek aka Nuriddinovning (Oybek Nuriddin) anchadan buyon taniyman. Fidoyi pedagog. Ustoz degan nomning va kasbning haqiqiy egasi deb bilaman. Oybek aka yaqinda ushbu kitobini nashrdan chiqardi. Juda xursand bo'ldim. Bundan tashqari "IT va pedagogika" degan kanal yuritishni boshladilar. Ta'lim bilan bog'liq tajribalari, menimcha, o'qituvchilarga ham, ITga qiziqadigan yoshlarga ham, umuman, ilm o'rganishga ishtiyoqli navqiron qalblarga manfaatli bo'ladi degan fikrdaman. Kuzatib borish uchun manzil: 👉 @IT_pedagogika
👉 Boshlanishi "Hozir juda ham chaqiruv ko'p... – dedi vaziyatni eshitgach gaptashirdan navbatchi. – Iloji boricha tezlashtiramiz! Sizni hozir pediatrga ulayman!" Bolaning rangi yaxshi-ku! Isitmasi ham yo'q! Ovunib uxlab qolar, Xudo xohlasa! "Singlim, nima bo'lyapti?" – pediatrning tashvishli ovozi keldi. Birdan go'dak jim bo'ldi. Ayolning yuragi orqaga tortib ketdi. Yengilgina, parday yengilgina chaqalog'i birdan toshday og'irlashdi. "Xudoyim! – ayol baqirib yubordi. – Bolam jim bo'lib qoldi! Og'irlashib ketdi!" "Qo'rqmang! Qo'rqmang! – pediatr ayolning ham ovozi titrab ketdi. – Ehtiyotlab yotqizib ko'kragini avaylab uqalang, sekin-sekin bosing..." Ayolning ko'ngli yomon bir narsani sezib yig'lagancha bolani qattiq quchib: "Abdurahmon! Abdurahmon! Abdurahmon!" – deya boshladi. Endi Abdurahmon jim edi. Aka ham birdan jim bo'ldi, tahlikani sezganday onasining atrofida gir aylanib, ko'zlari yumuq ukasiga qarar edi. Ayol qo'llari titrab bolani uqalay boshladi. Gaptashirda pediatr: "Singlim, nima bo'lyapti. ayting!" – der edi. Birozdan keyin ayol dedi: "Erimga qo'ng'iroq qilay, opa..." Erining hamkasbiga sim qoqdi. Bir necha daqiqa o'tmay eri qo'ng'iroq qildi. "Dadasi, Abdurahmon o'lib qoldi!" Ayol shu gapni aytdi, ammo u nima deyishini bilmagan edi. "Hozir boraman! Hozir!" Eri boshqa gap demadi. Haqiqatan, biroz o'tib keldi. Bolani qo'liga oldi. Go'dakning vujudi hali issiq edi... Yarim kechada ota go'dakni quchoqlab o'likxona aravasida ketar edi. Chunki bola qay sabab bilan o'lganini aniqlash shart ekan. Aniqlashdi: o'pka zotiljami. O'pkasi zaifligi o'zini bildiribdi. Ertasi kuni ota chaqalog'ini kichikkina qabrga olib borib ko'mdi. Uyda ona qoldi. Ona qo'lida tasbeh. Joynamoz ustida holsiz o'tirar, bolaning kechalari big'illab yig'lagani ham unga hozir juda qadrli va yoqimli ko'rinmoqda edi. Ona zikr qilyaptimi? Quloq tutaylik-chi! Eshitilmayapti. Juda past ovozda nimadir deyapti. Nimadir, bitta jumla yoki so'zlarni takrorlayapti. Ha, u shivirlagan ko'yi: "Hech narsa bandaga tegishli emas... Hammasi faqat Uniki..." – deya zikr qilmoqda ekan. Ota esa mana bu she'rni yozdi: Robbim, Senga bo‘lsin hamdu maqtovim, Sen Molikul mulksan, Muhyiy va Mumit. Sendan qo‘rquvimga yo‘qdir o‘lchovim, Hamda sarhadsizdir qoshingda umid. Jahonni yaratding – san’atingdir ul, Jon ato aylading turfa hayvonga. Yaratmoq, o‘ldirmoq – hikmatingdir ul, Sharif maqom berding ahli insonga. Ayo Rasululloh, ey Habibi Haq, Farzand dog‘i qalbin kuydirgan mudom… Siz sabru shukurning timsoli mutlaq, Sizga durud bo‘lsin, salotu salom! Hamdu sano dedim Parvardigorga, Salomlar yo‘lladim Nabiyga ko‘p-ko‘p. Endi ko‘kragimni bosib muz, qorga, Dardim bayon aylay so‘zlarni topib. Dunyo o‘tkinchidir – ayon haqiqat, Hech yolg‘oni yo‘qdir bu so‘zning, bolam. Inson insonligin tan olsa faqat, Ba’zan nolasiga to‘lgaydir olam. Sen ketding – farishta eding bamisli, Farishta holingcha qolding, jon o‘g‘lim. Jigarim ichidan yog‘day kesilib, Ko‘zlarimdan oqdi qora qon, o‘g‘lim. Sen ketding – yaqinroq bo‘ldim, vallohi, Oxirat uyiga har damdan ko‘proq. Vujud g‘amga lim-lim to‘ldi, vallohi, Ko‘zlarimga sepdi qayg‘ular tuproq. Xudo rahmat qilsin ruhingni, bolam, Endi og‘rig‘ing yo‘q, bo‘lmaysan kasal. Bir quvonch bor, undan bosilgay nolam, Jannatda yuribsan – bizlardan avval. Hayot qonunidir – har bir mard odam Bolasin ulg‘aytar yillar dard yutib. Ammo sen otangni go‘dak bo‘lsang ham, Ulg‘aytirib qo‘yding, shunchaki, ketib. Hamon ishonmoqni istamas qalbim – Endi sen yo‘qmisan, sensizmi dunyo?!. O‘lim qanday ulug‘, dono muallim, Tunday tarqab ketdi har qanday ro‘yo. Seni joylab qo‘ydim dilim tubiga, Tasalli topaman chehrangga boqib. Sen maskan tutgan ul jajji qubbaga Balki so‘zlagayman ko‘ksimni bosib. Bu g‘amning izohin bilmasman, ammo Aslo isyon emas qadarga, bolam. Balki bu otalik mehridir, daryo Yanglig‘ toshib har yon, tor kelgay olam. Endi diydorgacha uzoq yo‘l bordir, Uchrashmoq manzili Mahshar bo‘ldi, bas. Bugun kuz, erta qish, indin bahordir, Hayot shunday, axir, bir rangda kechmas. Ko‘zyosh ham quriydi asta vaqt o‘tib, Qayg‘u ham ariydi dardingni tinglab. Aminman, otangning qo‘lidan tutib, Jannatga yetaklab kirgaysan tong-la. Endi bizga toat bersin Xudoyim, Biz unga muhtojmiz hamisha, har on. Senga yetib tursin ehson, duoyim, Yorug‘ yuz diydorga umidvor bu jon… Soliha PORSO
HAMMASI FAQAT UNIKI Ayol ilhaq edi – hozir jonlantirishga kirishi kerak. Oʻn daqiqaga. Hamshira keldi: “Yuring”. Ayol ergashdi. “Yigʻlay koʻrmang!” – tayinladi hamshira. “Yoʻq, yoʻq!” – dedi ayol boʻgʻziga nimadir tiqilib. Xonada oynavand sandiqlar. Ichida chaqaloqlar. Yarmiga nafas berilmoqda. Qolgan yarmi xotirjam uxlamoqda. Mana, uning ham bolasi! Kirganda, oʻngda, burchakda! Biram jajji! Biram zaif! Ayol goʻdagini koʻzi bilan oʻpdi, koʻzlari bilan quchoqladi. “Vaqt boʻldi!” “Ey Xudoyim-ey!” – ayol indamay hamshiraga ergashdi. Tashqariga chiqdi. Gaptashiri jiringladi. “Bola yaxshimkin?” – eri. “Shukur…” Eri jim qoldi. Keyin dedi: “Hammasi yaxshi boʻladi! Oʻylanaverma!” “Bolaning oʻpkasi ishlayapti, – deydi bosh vrach. – Havo berib turibmiz. Oʻpkasi ochilish arafasida”. Chindan ham bir haftadan keyin bolaning oʻpkasi ochildi. Yana bir hafta oʻtib ruxsat tegdi. Ota bir parcha goʻdakni avaylab quchoqlab keldi. Uyga. Er-xotin toʻymay termilishdi. Boshi sal kattaroq. Yuz-koʻzida biroz koʻkarish qolgan. Oʻpkasi ishlamagan bolalarda shunday boʻlarkan. Bola har kuni choy qoshiq miqdorida sut ichadi. Bir haftadan keyin bolaning akasini opkelishdi. Bir yarim yoshli aka ukaga avval ajablanib qaradi. Keyin negadir xursand boʻlib qiyqirdi. Chaqaloqqa parvona boʻldi. U ukasini yaxshi koʻrib qolgan edi. Ammo bola kechasi bilan yigʻlar edi. Er-xotin ham xavotir olishar, ham xotirjam boʻlishga intilar edilar. Bir kuni er ish yuzasidan uchrashuvga ketdi. Gaptashirni sassizlantirdi. Suhbatga berildi. Uyda ona va ikki goʻdak. Shomdan keyin bolalar birdan yigʻlay boshlashdi. Birvarakayiga. Ayolning yuragi shoshdi. U qildi, bu qildi – bolalar ovunmadi. Erining gaptashiri javob bermaydi. Yuragi bejo uraverdi. Xufton vaqti o'tdi. Bugun sunbulaning oxirgi kuni edi. Havo ancha salqin. "Tez yordam chaqirsammi?" Ona qo'ng'iroq qildi. 👉 Davomi
Darhaqiqat, shuni unutmaslik kerakki, yaxshilikni odamlar koʻrsin, bilsin deya qilsa u yaxshilikda xayr yoʻqdir. Unda riyo, manfaat, taʼma boʻladi. Bu xil yaxshilikning zahmati va ortidan yomon oqibati boʻlishi ehtimoli bor. Mutafakkir va allomalardan iqtiboslar Forobiyning “Baxt yoʻliga ogohlanatirish risolasi” (Baxtga yoʻllanma) asarida shunday keltiriladi: “Albatta, baxt-saodat har bir inson ishtiyoq bilan intiladigan maqsaddir. Uni har kim kamolot deb bilgani uchun ham unga o‘z sa’y-harakati bilan intiladi.... Kamolot va maqsad aslida yaxshilik bo‘lgani uchun ham inson ularga ishtiyoq bilan intiladi. Har qanday yaxshilik, shubhasiz, ta’sirlidir. Inson maqsad qilib intilgan yaxshiliklar turlicha ta’sirga ega bo‘lib, baxt ana shunday ta’sirli [qadrli] yaxshiliklardan biridir.” [3]. Ushbu taʼrifga koʻra, inson yaxshiliklarni koʻzlovchi maqsadini amalga oshirishga harakat qilsa, baxtga erishadi. Baxtga erishish uchun inson yaxshiliklar qilishga intilishi kerak. Forobiyning fikricha, inson fitrati shunday tuzilganki, u har bir harakatida faqat komolotni koʻzlaydi... insonning har bir istagi ortida kamolotga intilish yotadi degan muhim bir qoidani belgilashimiz mumkin. Demak, biz intilayotgan baxt - insonning kamolotidir. Baxt yaxshilikdir, chunki insonga xos barcha bilim va intilishlar qandaydir yaxshilikni maqsad qiladi [4]. Aziziddin Nasafiyning “Komil inson” asarida inson kamoli toʻrtta narsa: ezgu soʻz, ezgu amal (feʼl), ezgu axloq va maorif ila qaror topishi yoziladi. Insonlarga imkon boricha yaxshilik qilish kerakligi uqtiriladi: “Ey darvesh Shak-shubhasiz shuni bilgilki, biz musofirlarmiz; lahza-lahza bu dunyodan o‘tarmiz. Bizning holimiz ham musofirdir, lahza-lahza o‘tib ketar. Davlat bo‘lsa ham o‘tar; mehnat bo‘lsa ham o‘tar. Shuning uchun agar davlating bo‘lsa, davlatingga ishonmakim, bir soatdan keyin nima bo‘lishi ma’lum emas. Mehnat-mashaqqat yuzlansa ham ko‘p siqilmakim, bir soatdan keyin nima bo‘lishi ma’lum emas. Sendan birovga ozor yetmasin, imkoning boricha odamlarga yaxshilik qil.” [5]. Hazrat Alisher Navoiy ham asarlarida, hikmatlarida odamlarga mehribon boʻlish, yaxshilik qilishga undaydilar: Nekim elning salohidir ani qil, Mening budur salohim, emdi sen bil. Hazrat Navoiy deydilarkim: “Mening maslahatim shuki, odamlarga har doim yaxshilik qil, foyda yetkazish maqsadi bilangina yasha!” [6]. Foydalanilgan manbalar: [1] Oʻzbekiston Musulmonlar idorasi Samarqand viloyati vakilligi rasmiy internet sayti. [Murojaat qilingan sana 13.07.2026.] https://share.google/D1egoVxRAUNou5doZ [2] Ahmad Shimshirgil. “Amir Temur”, 138-139 betlar. [3] Abu Nasr Forobiy. “Baxtga yoʻllanma”, tarjimon Said Kamol Muhammad Karim. 35-bet. [4] Abu Nasr Forobiy. “Baxtga yoʻllanma”, tarjimon Said Kamol Muhammad Karim. 37-bet. [5] Aziziddin Nasafiy. “Komil inson”, tarjimonlar Olimjon Davlat, Najmiddin Komilovlar. 29-bet. [6] Alisher Navoiy. “Hikmatlar”, toʻplovchi va soʻzboshi muallifi Solih Mutallibov. 9-bet. Qalandar Samandarov
Yaxshilik qil, daryoga tashla Baliq bilar, baliq bilmasa Xoliq bilar Yaxshilik qilish barcha zamonlarda insoniy ezgu fazilatlardan ekanligi maʼlum. Yaxshilik qilish haqida ulugʻ avliyolar, allomalar, mutaffakir-u olimlar, yozuvchi, shoirlar necha asrlardan beri yozib kelishgan. Tarixiy manbalar, muqaddas kitoblarda ham insonlarga yaxshilik qilishga chorlovlarni oʻqiymiz. Qurʼoni Karimda ham yaxshilik qilishga daʼvat boʻluvchi bir qancha oyatlar keladi: “Bas, kim (hayoti-dunyodalik paytida) zarra misqolicha yaxshilik qilsa, (Qiyomat kuni) o‘shani ko‘rur” (Zalzala surasi, 7-oyat); “Kim biron yaxshilik qilsa, bas, o‘zi uchun (ya’ni, o‘z foydasiga qilgan) bo‘lur” (Josiya surasi, 15-oyat) [1]. Bugun odamlar bir-biriga yaxshilik qilish maʼlum darajada kamaygan zamonda yaxshilik qilish nafaqat insoniy fazilat, balki insonni inson ekanligini belgilovchi, aql-idorkli, tafakkur qila oladigan zot ekanligini eslatib, koʻrsatib turadigan mezonga aylanib qoldi. Yaxshilik qilish orqali inson oʻzi va boshqalarni ruhiyati koʻtarilishiga, koʻngli huzur topishiga erishadi. Kishi yaxshilik qilish tufayli turli yomon ishlarni bajarishdan, axloqiy meʼyorlardan chetga chiqib ketishidan oʻzini saqlaydi. Oʻzligini, insoniy fazilatlarini asrashda bardavom boʻladi. Yaxshilik faqatgina biror amaliy harakat bilan amalga oshirilmaydi. Yaxshi soʻzlarni aytish bilan, tanigan-tanimagan insoniga xushmuomala boʻlishida, yaqin insonidir, doʻsti yoki biron qarindoshidir uni notoʻgʻri yoʻldan qaytarishida, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat qilishda ham namoyon boʻlaveradi. Xatto, biror insonga tili va amali bilan ziyon, zarar yetkazmasa shuni oʻzi ham yaxshilik hisoblanadi. Shuni aytish joziki, avvalo ota-onaga, ahli-ayolga, farzandlarga, aka-uka, opa-singillarga yaxshilik qilish asosiy o‘rinda turishi lozim. Undan keyin yaqin qo‘shni, do‘stlarga yaxshilik qilish durust. Albatta, sharoit, vaziyatga qarab boshqa insonlarga ham yaxshilik qilish avvalo insoniy, shu bilan birga moʻmin-musulmon odam uchun savobli ishdir. Tarixda ham baʼzi shohlar, sultonlar, vazirlar va davlat arboblari hayotida odamlarga yaxshilik qilishga doir oʻrnakli voqealarni uchratamiz. Xususan, Sohibqiron Amir Temur Toʻxtamishxon ustidan Qunduzcha jangidagi gʻalabadan keyin Samarqandga qaytadi. Gʻalabani nishonlash uchun katta zoyofat uyishtiriladi. Bu ziyofatga uzoq-yaqinda yashovchi barcha aholi taklif qilinadi. Amir Temurning oʻzi bu haqda shunday deydi: “Kelganlarni yanada xursand qilish umidida har bir mehmonga bir donadan qoʻy berishni amr qildim. Odamlarim har bir kelgan kishiga bir boshdan qoʻy berib joʻnatishdi. Men ust-boshimni oʻzgartirib, ziyofatdan qaytayotgan odamlarni kuzatib borib, ularning qanchalik xursand boʻlgan-boʻlmaganiga qiziqdim. Ular oʻzlariga berilgan qoʻylarni olib ketishda qiynalib qolishdi. Kimningdir qoʻyi qochib ketar, qochib ketmaganini esa oyoqlaridanu dumbalaridan tortib sudrashar edi. Hatto bir kishining shunday deganini ham eshitdim: “Eh, hukmdor, qoʻyni-ku berding, lekin nima uchun bir qarich arqonni qizgʻanding?” Atrofidagilar ham uning bu fikriga qoʻshilishdi. Shunda men odamlarning koʻnglini olish naqadar qiyin ekanini yana bir bor tushunib yetdim. Keyin bu ishdan oʻzimga shunday xulosa chiqardim: “Ey Temur! Odamlarga yaxshilik qilsang, hech bir nuqsonsiz, oxirigacha qilgin!”[2]. Ushbu tarixiy voqeadan ayrim xulosalar va ibrat oʻrnida aytish mumkinki, yaxshilik qilishni murod qilib, oʻsha yaxshiligi haqiqatda odamlarning yaxshiligiga xizmat qilishiga ishonchi komil boʻlsa keyin qilgani maʼqulroqdir. Oʻsha yaxshilikni shunchaki xoʻjakoʻrsinga emas, chin dildan oxirigacha toʻkis ado qilsa ayni muddao boʻladi. Agar qilgan yaxshiligi orqasidan kimlargadir malol boʻlib, malomatga qolsa eʼtiborga olmaslik lozim. Bir xil yaxshilik bilan hammaning koʻngliga bir xilda yoqmaslik mumkin. Zero komillikka intilivchi, komilsifat aziz avliyolar, fozil insonlar bu kabi malomatlarga eʼtibor qilishmagan.
Kim oʻldi (Masjiddan chiqar ekanman,) qattiq yigʻi ovozi eshitildi. Kim oʻldiykin? Xayol tez, koʻp narsani oʻylaydi. Kimningdir bobosi oʻtib qoldimikan? Anovi qoʻshnimizning onasi kasal edi, balki u oʻlgandir. Yoʻq, anovi yaqinda uylangan soʻpoq kuyov bechora kelinni kunin uradi, urgandayam oʻlarday uradi. Koʻkarmagan joyi qolmagan, kun ora tez yordam ham kelib turadi. Oʻshanga nimadir boʻlganov. Ha, yoʻgʻ-e, u kelinni hammasi yomon koʻrsa, yigʻi ovozi emas, kulgi eshitilmasmidi?! Ha, bu tomoniyam bor. Unda kim oʻldiykin? Xuddi shu aytayotgan kelin ikkiqat edi, balki bolasi tushgandir, oʻlik tugʻilgandir. E, boʻldi, kelinga yopishib olmagin endi. Oʻladigan kammi? Oʻladigan oʻladi, boʻladigan boʻladi. Oʻlsa oʻlibdi-da, senga nima? Oʻlib yerga kirib ketmaydimi... A... Oʻzimga oʻzim gapirib tashqariga chiqsam, ehh, polaponini yoʻqotgan qushday chirqillab yigʻlayotgan kishi tilanchi ekan. Ehh, dedim, soʻkishdan oʻzimni zoʻrgʻa tiyib, xayolimda shuncha narsa aylandiyeee. Tilanchi tilida allaqanday duoni chala, qiroatsiz oʻqib, olomondan yordam soʻrar edi. Nogironlar aravachasida oʻtirib, gʻungillab sheʼr ham oʻqir edi. Oʻldi... Muzlagan vijdon sovuqdan oʻldi, Oʻgʻrikoʻz nigohlar koʻrlikdan oʻldi. Sustlashgan sadoqat tortildi dorga, Chirigan rishtalar uzilib soʻldi. Oʻldi... Illatlar bosh koʻtarib kezgan zamonda, Iymanish hislati dildan qoldi. Oʻldi barcha hur tuygʻular, Oʻlmagani chalajon qoldi. Faqat oʻlmadi... Faqat oʻlmadi gʻiybat, Soʻlmadi soxta gullar. Uygʻonaverdi, uygʻonaverdi Oʻzini shoh sanagan qullar. Boʻldi... Oʻlganlar oʻldi. Boʻlganlar boʻldi... Jasur Safarov
Sen boʻlmagan ilm – yukdir. Sen bilan kelgan sukut – hikmat. Ey Robbim...Qalbimizdagi "bilaman" degan eng nozik butni Oʻzing sindir. Bizni bilganidan gʻururlanadiganlardan emas, bilmaganini anglab yigʻlaydiganlardan qil. Ey Nur... Koʻzimiz harflarni oʻqimasdan oldin qalbimiz haqiqatni oʻqisin. Ey Hakim... Bizni soʻzlarning mahbusiga aylantirma. Ma'nolarning musofiri qil. Bizni iboralarning koʻpligi bilan emas, qalbning uygʻonishi bilan boyit. Har bir sahifani ochganimizda, nafsimiz emas, ruhimiz uygʻonsin. Har bir satrni oʻqiganimizda, koʻzimiz emas, basiratimiz ochilsin. Har bir hikmat qalbimizga tushganda biz oʻzimizni ulugʻ emas, yanada ojizroq his qilaylik. Bizni bahsda gʻolib qilma. Haq oldida magʻlub boʻlishni oʻrgat. Bizni koʻp gapirishga emas, koʻp tafakkur qilishga odatlantir. Bizni koʻp bilishga emas, Seni tanishga olib bor. Ey Fattoh... Muborak kaloming sirlarini faqat koʻzimizga emas, qalbimizga och. Hikmatlarni faqat xotiramizga emas, xulqimizga tushir. Ilmni tilimizga emas, koʻz yoshimizga yoz. Zero, soʻzni har kim yod oladi. Hikmat esa Sen yorib bergan qalbga tushadi. Ey Aliym... Bizga ilm ber. Ammo undan ham ulugʻroq ne'matni – irfonni hadya et. Ilm narsalarning nomini bilsa, irfon ularning Robbisini taniydi. Ilm yoʻl koʻrsatuvchi boʻlsa, ifron manzilni sevdiradi. Ilm dalillarni sanasa, Irfon dalillar ortidagi Jamolni his qiladi. Ey Robbim, bizga shunday irfon ato etki, yaproqni koʻrsak, unda shamolni emas, Sening qudratingni koʻraylik. Yomgʻir yogʻsa, suvni emas, rahmatingni his qilaylik. Musibat kelganda, azobni emas, tarbiyangni anglaylik. Ne'mat kelsa, haqqimizni emas, ehsoningni koʻraylik. Va oʻzimizga boqqanimizda fazilatimizni emas, Sening satringni koʻraylik. Ey Latif, bizni ilmning egasi qilma. Ilmning odobiga xizmatkor qil. Bizni hikmat sohibi qilma. Hikmat oldida eriydigan qalb ato et. Bizni ma'rifat da'vogari qilma. Ma'rifatga tashna musofir qil. Soliha PORSO
Itga qoʻlingni yalatma! Hikoya – Nastya, shu iting menga yoqmadi. Uyimiz bir xona boʻlsa. Ustiga ustak balkonimiz ham yoʻq. Yoʻqot, koʻrishni istamayaman bu itvachchani! – Oyi, sizga yoqmasa menga yoqadi, qolaversa Rexga maxsus joy kerak emas, krovatim tagida yotibdiku, sizga ogʻirligi tushyaptimi? — Turqiga qara buni! Nega buncha bu tilini osiltiradi, tur qoʻlingni yuvib kel, yalatma bunaqa axmoq qiz! Hamma joying qurtlab ketadi! — chemadon ogʻzini yoparkan yana qiziga qaradi — ovqat sovugach muzlatgichga qoʻyishni unutma, men ikki kundan keyin kelaman. Kelgunimcha anavi itvachchangni bu yerda koʻrmay. Aytgancha, suvning puli oʻchib qolibdi, menda ortiqcha pul yoʻq, puling boʻlsa oʻtkazib qoʻy. Yaxshi qol! Nastya kuni bilan instagramda oʻtirdi, ora-orada Rexni oʻynatgandek boʻldi, bir pasda kech boʻlib qoldi. Rex odatdagidek krovat tagida uxlaydi. U aqlli it. Tun. Soat 2 ga yaqin hammomdan chak-chak suvning ovozi eshitildi. Nastya koʻzini ochdi-yu krovatining tagiga qarab oyogʻini tushirdi, doimgidek javoban iti oyogʻini yalab qoʻydi. " Ha, Rex yonimda. Oyim suvga pul toʻlabdi, shekilli" dediyu yana yostigʻini quchoqlab uxlashga harakat qildi. Bu safar tomchi ovozi balandroq va tez-tez tusha boshladi. Nastya yana qoʻlini krovat tagiga osiltirdi, iti yaladi. Qiz hammomdagi suvni oʻchirish uchun erinib oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Yuvinish xonasining chirogʻini yoqib qotib qoldi. Hammomda — kir moshna ustida Rex boshini osiltirib yotar, boʻgʻzidan qon tomar edi. Qiz qoʻrqib ketdi. Yugurib krovati oldiga keldi va qaradi: it joyida yoʻq edi, ammo krovat tagidan to hammomgacha tomchilagan qon izi koʻzga yaqqol koʻrinar edi. Safina SAYHUN
Tilning g‘alabasi Koʻp xato qilasan... koʻp gapirib, ishonib... ochilib... Har samimiy yuz ortida samimiy qalb bor deb oʻylab. Keyin afsus qilasan. Lekin afsusning achchiq tomoni, u doim kech keladi. Aytilgan soʻzni ortga qaytarib boʻlmaydi. Ochilgan sirni yana qalbga yashirib boʻlmaydi. Bir lahzada berilgan ishonchni umr boʻyi yigʻib boʻlmaydi. Keyin anglaysan – hayot senga odamlarni emas, tilingni tanishni oʻrgatayotganligini. Har hisni aytish samimiyat, har dardni boʻlishish yaqinlik emasligini. Har tinglagan inson ham omonatni koʻtara olmaydi. Ba’zi odamlar sening dardingni eshitmaydi, ular yodlab oladi. Vaqti kelganda shu dard bilan seni yaralaydi. Keyin sukutning qadrini tushunasan. Sukut – soʻz topa olmagan odamning panohi emas. U ortiqcha soʻzning oqibatini koʻrgan kishining hikmatidir. Endi har safar soʻzlamoqchi boʻlsang, oʻzingdan savol soʻraysan: “Ertaga bu gapim uchun afsus qilmaymanmi?” Agar qalbing javob berolmasa, tiling jim turadi. Hayot shunday saboq beradiki, insonni dushmani emas, oʻz vaqtida tiyilmagan tili magʻlub qiladi. Soliha PORSO
Ko‘zguning ichi Har gapga javob qaytarish aql emas. Har haqiqatni hamma joyda aytish ham donolikka kirmaydi. Qachon gapirishni, qaysi payt sukut qilishni bilgan odam farosat egasidir. Sukut tilga oʻxshaydi. Uni bilgan ishlatadi. Koʻz bilan koʻrganini haqiqat deb oʻylaydigan odam fahmsiz. Koʻringan narsaning ortida yashiringan haqiqatni izlagan odam esa farosatlidir. Chunki haqiqat doim ham yuzada yotmaydi. Odamning saviyasi uning soʻzida emas, vaziyatni qanday anglaganidan bilinadi. Zotan, gapni chiroyli soʻzlar bilan boyitishni oʻrganish mumkin. Toʻgʻri anglashni hamma ham uddalay olmaydi. Bugun koʻpchilik bilimini namoyish qilishga oshiqadi. Fahmli inson oʻzoni emas, haqiqatni ulugʻlaydi. U bahsda gʻolib boʻlishni emas, adolat ustun kelishini istaydi. Xatosi boʻlsa darhol tan oladi. Farosatdan bebahra insonlar esa “har mavzuda men haqman” deya manmanlikni kasb qilib oladi. Fahm bilan bezalgan aql tavoze'ni tanlaydi. Chunki chin donishmand biladiki, bilgan sari inson oʻz bilmaganlari oldida bosh egadi. Insonni lavozimi va mol-dunyosi ulugʻ qilmaydi. Uni ulugʻ qiladigan narsa – fahmidir. Fahm bor joyda adolat boʻladi. Farosat bor joyda rahm boʻladi. Ikkalasi jam boʻlgan qalb esa na oʻziga, na boshqalarga zulm qiladi. Zulm deganda kimgadir jismonan zulm emas, ma’nan zulm ham tushuniladi. Kimningdir vaqtini oʻgʻirlash zulm boʻlsa, bir insonning qadrini yerga urish, sha’ni va obro‘siga tajovuz etish ham zulm. Fahmni yoʻqotgan jamiyat balandparvozlikni haqiqat deb qabul qiladi. Farosatni yoʻqotgan inson esa nafsining ovozini vijdon deb oʻylaydi. Fahm egalari ilm orttirishdan avval anglashni oʻrganishgan. Soʻzlashdan avval tinglashni. Hukm chiqarishdan avval oʻz nafslarini qattiq tergashgan. Zero, insonni buyuk qiladigan narsa uning qancha bilgani emas. Bilganini qanday anglagani va anglaganiga qanday amal qilganidir Soliha PORSO
“Zehniyat” maqolalar toʻplami turkumining birinchi jildi 2026-yil sentabr oyida nashr etilishi rejalashtirilmoqda. Oʻlchami: 70x100 1/16 Betlari: 120 Bir donasining narxi: 100 ming soʻm. Sotib olish uchun oldindan buyurtma bering! “Assalomu alaykum! Ismim… Yoshim… Kasbim… “Zehniyat”ning birinchi jildini sotib olaman. Manzilim… ”, — deb yozib, 👉 @Muloqot_2025Bot ga joʻnating. “Zehniyat” ijodiy koʻngillilar jamoasiga qoʻshiling: maqolangiz toʻplamda chiqish ehtimoli oshadi. 📱 Zehniyat — ma’rifat mohiyatidan soʻz — ma'rifiy-adabiy platforma. Siz ham biz bilan hamkorlik qiling! 👉 Ma'lumot
Bozorga chiqqaningda eng qimmat matolarni oynaga yaqin osib qoʻyishadi. Xaridorning koʻzi avval shunga tushsin deb. Lekin eski sandiqlarni koʻrganmisan? Buvingning sep sandigʻini. Eng qimmat matolari tepada emasdi. Pastroqda, oq matoga oʻralgancha yotardi. Qadrlangan narsa namoyish qilinmaydi. Asraladi. Koʻpchilik senga dunyoni zabt etishni oʻrgatadi. Men esa boshqa gapni aytaman. Oila degan qoʻrgʻonni hech kichik deb oʻylama. Daraxtning mevasi osmonda pishmaydi. Ildiz qorongʻulikda ishlaydi. Uni hech kim olqishlamaydi. Lekin bogʻning butun umri oʻsha koʻrinmaydigan mehnatga suyanadi. Agar bir kun senga Alloh maskan – uy nasib qilsa, uni mehmonlar uchun emas, farishtalar kirganda xursand boʻladigan makonga aylantir. Devorlar oq boʻlmasin, mayli. Lekin u yerda aytilgan soʻzlar pok boʻlsin. Taomlar turfa xil boʻlmasin, lekin hech kimsa u yerdan och qaytmasin. Jihozlar ham zamonaviy boʻlishi shart emas, muhimi, farzandlaring qalbi eskirib qolmasin. Har quvonch, har ranj ham koʻcha koʻrmasin. Ba'zi koʻz yoshlar faqat sajdada aytilsa. Ba'zi sirlar faqat ikki qalb orasida qolsin. Shunda qoʻrgʻoning mustahkam va quvvatli boʻladi. Odamlar sendan: "Nimaga erishding?" – deb soʻrashlari mumkin. Agar bir kun javob topolmay qolsang, ortingga qaragin. Bir-biriga mehr bilan gapirayotgan farzandlaringni koʻrsang, uyiga shoshilib kelayotgan juftingni koʻrsang, eshigingdan kirgan odamning qalbi yengillashib chiqayotganini koʻrsang, bilki, sen koʻz bilan oʻlchanmaydigan bir imorat quribsan. Uni xaritadan topib boʻlmaydi. Balki malakut ahli uni yer yuzidagi eng yorugʻ manzillardan biri deb biladi. Soliha PORSO
VAFO Ketmaslikmi vafo? Ammo har qolgan ham vafoli emas. Manfaat qoladi, qoʻrquv ham qoladi, odat ham qoladi. Ular vafo boʻla oladimi hech? Vafo – qalbning oʻz ahdiga sodiq qolishidir. Shu bois sadoqat bilan vafo bir-biriga yaqin boʻlsa-da, ular bir ma’noda emas. Sadoqat ahdni buzmaslik. Uning asosi burchdir. Vafo esa oʻsha ahdni muhabbat bilan koʻtarish. Unda burchning oʻzi ham mehrga aylanadi. Sadoqat: “Men va’da berganman”, – desa, vafo: “Qalbim xiyonatga izn bermaydi”, – deydi. Vafoli insonni fitrati tanitadi. U hech kim koʻrmasa ham xiyonatni oʻziga ep koʻrmaydi. Holbuki, uning vijdoni odamlarning nazarida uygʻoqdir. Vafo har kimga ham nasib etadimi? Yoʻq. U manfaatni mezon qilgan qalbga ogʻir keladi. Zero, manfaat oʻzgarsa, uning muhabbati ham oʻzgaradi. Kibrni sevgan kishiga ham ogʻir keladi, chunki kibr kechirishni bilmaydi. Vafo esa shukurni unutmagan, muhabbatni oldi-sotdi qilmaydigan, sabrni tanigan insonlarga xosdir. Ular yaxshilikni mukofot uchun emas, oʻz tabiatlarida bor bo‘lgani uchun qiladilar. Vafoning asl qiyofasi xiyonat koʻrilgan joyda namoyon boʻladi. Sizni yaxshi koʻrgan paytda yoningizda qolgan odamni vafoli demoqqa biroz erta. Ammo uni tushunolmasdan ranjitib qoʻygan odam uchun ham qalbidagi ezgulikni oʻldirmagan inson...balki vafo unga koʻproq yarashar. Chunki vafo boshqalarning fe’liga bogʻliq emas, u qalbning Alloh bilan tuzgan ahdiga bogʻliq. Shuning uchun vafoli inson oʻzgalarni emas, avvalo oʻz qalbini xiyonatdan asraydi. U biladiki, birovning bevafoligi uning ham bevafolashishiga uzr boʻla olmaydi. Soliha PORSO
LANGAR Borliqning har bir zarrasi oʻz lahzasini kutishni biladi. Qush ertaga topadigan donini bugundan tumshugʻiga yashirmaydi. Daraxt bahordagi mevasini qishda shoxiga bogʻlab olmaydi. Quyosh ham ertangi nurlarini bugun sochmaydi. Ammo faqat inson ertangi kunni bugun yashashga urinadi. Shuning uchin u ikki kunning yukini bir kunda koʻtarishga harakat qiladi va: “Nega holdan toydim?” – deydi. Seni bugungacha olib kelgan Zot, toki rizqing uzilmas ekan, ertagacha olib borishga ojiz bo‘lishi mumkimi?! Kecha yuragingni urdirgan Zot bugun uni unutib qoʻyishi aqlga sig‘adimi?! Ona qornida tashqarida hayot borligini bilmaydigan payting rizqingni yuborgan Zot endi seni tanimay qoladimi, axir?! Oʻzgargan narsa qalbingdagi aql va tavakkuldan boshqasi emas. Shaytonning eng sevimli quroli shoshilishdir. Chunki shoshilgan qalb hikmatni kutolmaydi. Kutolmagan qalb esa gumon qila boshlaydi. Gumon esa xotirjamlik eshigini ichkaridan qulflaydi. Xotirjamlik muammolarsiz hayot emas. Muammolarning ham Egasi borligini unutmaslikdir. Boʻron tugashi ham emas xotirjamlik. Boʻron ham buyruq bilan harakatlanayotganini bilishdir xotirjamlik. Barcha savollarga javob topish kerak emas, javob kelguncha Allohning hikmatidan gumon qilmaslikdir xotirjamlik. Inson xotijam boʻlsinki, uning hayoti tasodiflar qoʻlida emas. U har bir tomchi oʻlchov bilan tushayotgan olamda yashayapti. U har bir barg payti kelganda uzilayotgan bogʻda yashayapti. U har bir yurak izn ila urayotgan borliqdadir. Odamni bugunga olib kelgan Zot bugundan keyin nima qilishni udan yaxshiroq biladi. Kishi kechani koʻrdi. Xudo tongni ham yaratgan. Banda yopilgan eshikni koʻrdi. Xudo ochilgan eshikni ham biladi. Odamo‘g‘li bugungi sahifani oʻqiyapti, Xalloqi olam esa taqdirni yozgan. Birgina sahifaga qarab butun hikoya haqida hukm chiqarmoq qanchalar toʻgʻri?! Xotirjamlik qalbning Robbiga suyanishini oʻrganmog‘idir. Hayot menga muloyim boʻlsin deya kutish xotirjamlik emas. Xotirjamlik boʻronning tinishi emas, balki langarning mustahkam boʻlishidir. Chunki dengizning omon qolgan kemalari toʻlqinsiz dengizni topgani uchun emas, langar tashlashni bilgani uchun omon qolgan. Qalbning langari esa tavakkuldir. Tavakkulning ildizi yaqiyn. Yaqiynning mevasi xotirjamlikdir. Soliha PORSO
Bugungi ishni ertaga qoldirmang Butun olam, borliqdagi jamiki narsalar, hodisalar oʻz vaqtida yuz beradi. Quyosh har doimgi vaqtida Sharqdan bosh koʻtarsa, domiyiy ravishda belgilangan vaqtida Gʻarbga shoʻngʻiydi. Biror mevali daraxt nihol yoki urugʻlik holida ekiladi, keyin unadi, barg chiqarib gullaydi, meva tugadi, hosil beradi. Daraxtning barg yozib gullashi-yu, meva hosil berishi na vaqtidan oldin yuz beradi, na keyin. Bu kabi jarayonlar koʻz oʻngimizda har kuni sanoqsiz sodir boʻladi. Lekin, inson tomonidan bajariladigan shunday ishlar borki, oʻz vaqtida amalga oshirilsa foyda keltirishi yoki aksincha kechiktirilsa zarar boʻlishi, foydasi tegmasligi mumkin. Baʼzan, oʻz vaqtida bajarilgan ayrim ishlar mamlakatdagi muhim sohalarning rivojlanishiga, jamiyatning taraqqiyotiga olib kelishi ham mumkin. Zero, bugungi ishni ertaga qoʻymaslik haqida qolgan ishga qor yogʻar kabi naqllar bejizga aytilmagan. Yana bir jihat, aksariyat dangasa, erinchoq, irodasiz odamlar ishlarini orqaga suraverishadi, ertaga qoldirishadi. Shundan maʼlum boʻladiki, har bir ishni oʻz vaqtida bajarish aqlli insonlar, oqil kishilar uchun xos fazilat hisoblanadi. Tarixga nazar tashlasak, ajdodlarimiz hayotida maʼlum bir ishni oʻz vaqtida qilishga qattiq eʼtibor berganliklarini koʻrishimiz mumkin. Xususan, Sohibqiron Amir Temur hayotida shunga oʻxshash hodisalar haqida manbalarda yozib qoldirilgan. Shunday voqealardan biri sohibi adl Amir Temurning 1388 - yil oxirlarida chingiziylar avlodi Toʻxtamishxonga qarshi yurishga chiqqanida boʻlib oʻtadi. Ikki tomon qoʻshini bir-biriga roʻbaro kelganida Sohibqiron jang boshlashni buyuradi. Oʻsha yili qish qattiq kelib, qalin qor yoqqan, natijada boshqa lashkarboshilar qoʻl ostidagi hamma birliklar Amir Temurning asosiy qoʻshiniga qoʻshilish uchun hali yetib kelmagan edi. Shunda, ayrim qoʻshin boshliqlari hamma birliklar toʻplanishini kutish kerakligini, agar birinchi toʻqnashuvda imkon boy berilsa, buning oqibati falokat bilan tugashi mumkinligini aytishadi [1]. Bu gaplar Hazrat Amir Temurga yoqmaydi. Bu kabi maslahatni oʻrtaga tashlaganlarga jahli chiqib, dedi: “Kechikishda falokat bor degan gapni bilgan aqlli odam bugungi ishni ertaga qoldirmaydi. Chunki ertangi kunda ertaga qilinadigan ishlar boʻladi. Mana bu rivoyatni eshitmaganmisizlar? Bir podshohning davlati agʻdarilib, taqdir uni izzat taxtidan xorlik tuprogʻiga uloqtiribdi. Undan qanday qilib bu holatga tushganini, nima uchun saltanati zavol topganini soʻrashibdi. U esa uchta xato qilgani uchun shunday boʻlganini aytibdi: “Birinchidan, olimlarning maslahatiga quloq solmadim, menga jon kuydiradiganlarning nasihatidan yuz oʻgirdim. Ikkinchidan, aqlimga kelgan, koʻnglim tusagan ishning oqibatini oʻylab oʻtirmay qilaverdim. Uchinchidan, bugungi ishni ertaga qoldirdim, muhim ishni qilishga beparvo boʻldim, erinchoqlik qildim”[2]. Shundan keyin Amir Temur askarlarga qorni kurab, yoʻl ochishni buyurdi. Qoʻmondonlaridan amir Kuncha Oʻgʻlon va Shayx Ali Bahodur askarlari bilan ilgari surdi. Ular Toʻxtamishning oldindagi qoʻshinlarini tor-mor qilishdi. Foydalanilgan manbalar: [1] Ahmad Shimshirgil. “Amir Temur”, 133 bet. [2] Nizomiddin Shomiy. “Zafarnoma”, 136-bet. Qalandar Samandarov tayyorladi
Asalari gulzorni aylanarkan goʻzal gulning ustiga asal yigʻmoq uchun qoʻndi. Chunki uning fitrati asal yigʻish uchun yaratilgan. Pashsha esa xuddi ayni bogʻ atrofidagi og'ildagi go'ng ustiga qoʻndi. U oʻzi izlaydigan narsasini topdi. Farq uchayotgan qanotda emas, izlayotgan qalbdadir. Inson ham shunday. Ikki kishi bir voqeani yashaydi. Biri: " Nega bu men bilan sodir boʻldi?" — deydi. Ikkinchisi: "Robbim bu orqali menga nima oʻrgatmoqchi?" — deydi. Voqea bir. Ammo biri dard yigʻadi, biri ma'no. Bir insonning yuzta yaxshiligi boʻlsa-da ayrimlar uning bir xatosini umr boʻyi koʻtarib yuradi. Boshqalar esa bir ezgulikni topib uni koʻpaytiradi. Bir xatoni esa Allohning satr sifati bilan yopadi. Vaqt oʻtadi. Birinchisining yelkasida odamlar emas, gumonlar ogʻirlashadi. Ikkinchi toifadagilarning esa qalbi yengillashib boradi. Zero, qalb koʻtargan narsasining rangini oladi. Har narsadan yaxshilik izlash voqelikni inkor etish emas, balki qalbni qorayib ketishdan asrashdir. Qorongʻu xonaga kirgan odam zulmat bilan tortishmaydi. Birgina sham yoqadi. Sham ham butun zulmatni birdan yoʻqotmaydi. Ammo zulmatga hukmronlik qilish huquqini ham bermaydi. Hayotingda biror eshik yopilsa, uni darrov hukm bilan muhrlama. Har yopilgan eshik yoʻqotish emas. Ba'zi eshiklar ortida seni kuydiradigan sinov qoladi. Ba'zilarining ortida esa sen soʻragan, lekin hali koʻtara olmaydigan ne'mat turibdi. Hikoyani Yozuvchisi tugatmagan ekan, bandaning unga nuqta qoʻyishga haqqi yoʻq. Soliha PORSO
Yaxshi loyiha, kitob almashing, hadya qiling, soting! 👉 Ulaning.
Kir qora narsaning oq narsaga aralashishi emas. Kir — begona narsaning o‘ziniki bo‘lib qolishidir. Oq ko‘ylakka tushgan dog‘ni darrov ko‘rasan. Ammo qalbga tushgan dog‘larni ko‘rish qiyin. Chunki ular kirib kelganda o‘z nomi bilan kelmaydi. Hasad hasad bo‘lib kelmaydi. "Haq gapiryapman" bo‘lib keladi. Kibr kibr bo‘lib kelmaydi. "O‘zimni hurmat qilyapman", bo‘lib keladi. Riyo riyo bo‘lib kelmaydi."Odamlarga o‘rnak bo‘lay" bo‘lib keladi. Shaytonning eng katta hiylasi faqatgina gunohni chiroyli ko‘rsatish emas. Uni o‘zingdan bir bo‘lak qilib qo‘yishdir. Inson kirdan qo‘rqmaydi. U kirga o‘rganadi. Moslashish esa ko‘r bo‘lishning eng yumshoq shaklidir. Bir teri oshlovchi ustaxonasiga kirgan odam hidga chiday olmaydi. U yerda ishlaydigan usta esa hayron bo‘ladi. "Hid yoʻq?" — deydi. Chunki u allaqachon o‘rganib bo‘lgan. Qalb ham shunday. Avval bir gunoh bezovta qiladi. Keyin kamroq. Keyin esa umuman bezovta qilmay qo‘yadi. Va inson buni o‘sish deb o‘ylaydi. Holbuki, bu hissiyotlarning o‘lishi bo‘ladi. Qiziq...Agar oynaga loy sachrasa, oynaning aybi yo‘q. U faqat aks ettira olmay qoladi. Qalb ham aslida nur chiqarish uchun yaratilmagan. U nurni aks ettirish uchun yaratilgan. Shuning uchun qalbning eng katta fojiasi qorong‘ilik emas. Aks ettira olmay qolishidir. Gunoh qilgan odam uyg‘onishi mumkin. G‘ofil odam esa uxlayotganini ham bilmaydi. Bir idishdagi suvni tasavvur qil. Suv tiniq. Osmonni aks ettiryapti. Keyin ichiga bir hovuch tuproq tashla. Hech narsa bo‘lmagandek.Yana bir hovuch. Yana. Bir kun kelib suvning rangi o‘zgaradi. Lekin qiziq joyi shu: tuproq tushgan kun emas. Suv loy bo‘lib qolgan kun ham emas. Idish o‘zining bir vaqtlar tiniq bo‘lganini unutgan kun. Chunki inson yo‘qotgan narsasini qidiradi. Unutgan narsasini esa qidirmaydi. Shuning uchun qalbning eng og‘ir kasalligi kir emas. Kirni sezmay qolishdir. Va ehtimol, tavbaning eng birinchi belgisi ham shu. Insonning birdan pok bo‘lib qolishi emas. Qalbidan kelgan bir nolani eshitishi: "Qayerga qarab ketyapman?" Ana shu lahzada yillar davomida yig‘ilgan chang orasidan bir nur o‘tadi. Va inson tushunadi: Qalbini qoraytirgan gunohlar emas ekan. Gunohdan keyin ham o‘zini haq deb bilishi. Kirni ichkariga kiritgan shayton emas ekan. Eshikni ichkaridan ochib bergan nafs. O‘sha kundan boshlab inson kir bilan emas, o‘zini toza deb bilish bilan kurashishni boshlaydi. Chunki qalbning eng pok holati gunohsiz bo‘lish emas. Har on isloh qilinishdir. Soliha PORSO
👉 Boshlanishi Bu xarajat to'rt yo'nalishda namoyon bo'ladi. Birinchisi — sog'liq: jigar va yurak kasalliklari hamda xalqaro tashkilot tan olgan yetti turdagi saraton. Ikkinchisi — mehnat unumdorligi yo'qotilishi, bu ijtimoiy xarajatning eng katta, lekin ko'zga ko'rinmas qismidir. Uchinchisi — oilaviy zarar: jahon miqyosidagi tadqiqotlar ko'rsatadiki, oilaviy zo'ravonlik holatlarining katta qismi alkogol mast holatida sodir bo'ladi. To'rtinchisi — jamoat tartibi: yo'l-transport hodisalari, jinoyatchilik, sud va qamoq tizimi xarajatlari. Bu xarajatlarning hech biri festival va shunga o'xshash tadbirlar chiptasi narxida ko'rinmaydi, lekin ularni butun jamiyat to'laydi. Strategiya: mamlakat boshqa yo'lni tanlagan Iqtisodiy hisob salbiy bo'lsa-da, eng muhim jihat boshqa — mamlakatning strategik yo'nalishida. O'zbekiston so'nggi yillarda o'zini halol turizm yo'nalishida pozitsiyalamoqda. 2024-yilda mamlakat 10,2 million xalqaro turistni qabul qildi va 3,52 milliard dollar daromad oldi. Bu o'sishni alkogol emas, vizasiz rejim, ajdodlar merosi va tarixiy shaharlar keltirdi. Xiva Islom olamining turizm poytaxti deb e'lon qilindi, mamlakat musulmon sayyohlar indeksida 17-o'rinni egalladi. Bu bozor segmenti salmoqli: 2030-yilga kelib musulmon sayyohlar soni 245 millionga, umumiy xarajat esa 230 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Bunday sayyohlar uchun alkogolsiz muhit qo'shimcha qulaylik emas, balki destinatsiya tanlovida hal qiluvchi mezondir. Bu model amalda ishlaydi: Saudiya Arabistoni to'liq alkogol taqiqi sharoitida 2024-yilda 73,3 milliard dollar turizm daromadi oldi. Demak, alkogol turizm o'sishining zaruriy sharti emas. Shu nuqtada strategik ziddiyat ko'rinadi. Mamlakat bir vaqtning o'zida ikki qarama-qarshi yo'nalishda harakat qilmoqda: bir tomondan halol turizmni targ'ib qiladi, ikkinchi tomondan shahar markazida pivo festivallariga ruxsat beradi. Qo'shimcha sifatida aynan shu yilning o'zida Toshkent markazida ochilgan " Islom sivilizatsiya markazi" Toshkent shahr brandini oshirdi va yangi destinatsiyaga aylandi. Samarqanda " Imom Al-Buxoriy" ziyoratgohi qayta tamirdan chiqdi va bu mamlakat uchun yangi trustik manzil hisobiga kiritldi. Bu ikki manzilgohlar davlatimiz strategik imiji oshirgan bo'lsada bu Toshkent "Beer fest" va Samarqand " Pena Fest" o'tqazilishini qayta ko'rib chiqish kerakligini anglatishi mumkin. Marketing nuqtai nazaridan, bu ikki signal bir-birini zaiflashtiradi. Indoneziya yoki Malayziyalik sayyoh Toshkent markazidagi pivo festivali tasvirini ko'rsa, u boshqa destinatsiyani qidira boshlaydi — keyingi go'zal masjid rasmi bu taassurotni qoplay olmaydi. Festival solig'idan tushadigan bir necha o'n minglab dollar — yo'qotilishi mumkin bo'lgan milliardlik bozor ulushi oldida arzimas raqam bo'lishi mumkin Aslida mamlakat oldida ikki yo'l turibdi. Birinchisi — halol turizm pozitsiyasini mustahkamlash, Islom dunyosining o'sib borayotgan sayyohlik bozoridan to'liq foyda olish va past iste'mol darajasini milliy ustunlik sifatida saqlash. Ikkinchisi — aralash, ziddiyatli signal, bunda na bir bozor to'liq egallanadi, na milliy aktiv himoyalanadi. Birinchi yo'l aniq, izchil va uzoq muddatda foydali; ikkinchisi qisqa muddatli daromad ortidan uzoq muddatli imkoniyatni yo'qotadi. Xulosa To'rt qatlam — tarixiy, korporativ, iqtisodiy va strategik — bir xil yo'nalishga ishora qiladi. Sabab oddiy va shu sababli ham og'ir: bu jarayonda foydaning asosiy qismi xalqaro korxonalarga va kichik guruhga tegadi, xarajat esa jamiyat sog'lig'i, oilaviy tuzilmasi va kelajak avlodi zimmasiga taqsimlanadi. Ajdodlarimiz bu sinov bilan yuzlashganda, ularning ixtiyorida tanlov yo'q edi — 1865-yil bosqini, sovet majburlovi ularga tanlash imkonini bermadi. Bizning vaziyatimiz tubdan farq qiladi. Bizda ma'lumot bor, iqtisodiy muqobil bor, 30 yillik kurash bilan qo'lga kiritilgan natija bor. Tarix esa ochiq turibdi — uni faqat o'qish kerak. Boshqa davlatlarning tajribasi ham ko'z o'ngimizda: alkogolsiz turizm modeli ham, qattiq tartibga solish modeli ham amalda ishlashini isbotlagan. Bu masalani jamoatchilik bilan birga o'ylab ko'rish uchun yetarlik bo'lishi ham mumkin, chunki haqiqatlarni aytilmasa ham hozirgi kunda yuzaga chiqib qolmoqda, va masalaning og'irligi shuni talab qiladi. Qaror har birimizning, butun jamiyatning ixtiyorida. Faqat bir haqiqatni unutmaslik joiz: bugun qilingan tanlov uchun ertaga kelajak avlod oldida javob beriladi. Va o'sha avlod bizdan so'raydi: bilarmidingiz? Ha, bilardik. Manbalar ochiq, raqamlar aniq edi. Demak, javob ham bizning zimmamizda qoladi. Umar ABDUSATTOR