tgindex
Doctor Feruz
@doctorferuzВидеоузбекский

🎓 Ozish va Ovqatlanish xulq-atvori shifokori 🧠 Ongli Ozish loyihasi asoschisi 🌶️ TG: @Taomlanish_ilmi kanali muallifi 🍿 YT: https://youtube.com/@doctorferuz 🍇 IG: https://instagram.com/doctorferuz

Последний пост
7 авг.
Последнее чтение
15 авг.
Постов за неделю
0
Всего постов
20
Тип
открытый
Язык
узбекский
Категория
Видео
В каталоге с
13 авг.
Подписчики
40 910
−36 за 4 дн.
Сутки
+10
+0,02%
Неделя
 
Месяц
 
Просмотров на пост
20,8 тыс
20 постов
Вовлечённость
50,9%
к подписчикам
Постов в день
0,0
всего 20
Упоминаний
2
каналов
Охват размещения
оценка
1/24сутки в ленте
14 414
1/48двое суток
16 518
1/72трое суток
17 815

Оценка по просмотрам недавних постов: пост набирает почти всё за первые сутки.

Посты

  • 7 авг.8 90424415

    6-QISM. QARZ Birinchi qoshiqdan keyin Mavhumaxonning ichidagi taranglik sal bo‘shadi. Osh mazali edi. Ertalabdan beri och yurgani uchunmi, guruchning ham, go‘shtning ham ta’mini alohida sezayotgandek bo‘ldi. Avval shoshmay yedi. Har ikki-uch qoshiqdan keyin likopchasiga qarab, qancha yeganini ichida chamalardi. Keyin ertangi kun yodiga tushdi. Nonushta qilmaydi. Tushlik ham yemaydi. Demak, bugungi oshning o‘rni allaqachon topilgan. Shundan keyin qoshiqni qo‘yishi qiyinlashdi. Endi dasturxon atrofida hech kim uning nima yeyayotganiga qaramayotgandi. Ularning o‘rniga Mavhumaxon o‘zi qarardi. Qorni to‘yayotganini sezgan paytda likopchasida uch-to‘rt qoshiq osh qolgandi. To‘xtasa bo‘lardi. Ammo ertaga baribir och yuradigan odamning bugun likopchasida osh qoldirishi behudadek tuyuldi. U qolganini ham yedi. Choy yangilanib, dasturxonga shirinlik qo‘yilganda Mavhumaxon olmadi. Qarshisidagi xola tortni kesib, bir bo‘lagini uning oldiga surdi. — Menga kerak emas, rahmat, — dedi Mavhumaxon. — Yarmini yersiz, kelinim pishirgan, — deb qat’iy javob berdi xola. Mavhumaxon likopchani qaytarmadi. Tortning uchidan ozgina oldi. Shirin ta’m og‘ziga tarqalishi bilan anchadan beri shirinlik yemaganini esladi. Yana bir qoshiq oldi. Yarmini qoldirmoqchi edi, lekin xolaga nisbatan hurmatsizlik bo‘lmasin, deb oxirigacha yedi. — Ana, diyeta ham tugadi, — deb kuldi kelinlardan biri. — Bugun bir kun, hech narsa qilmaydi — dedi Mavhumaxon. Hamma kuldi. U ham. Boshqalar bu gapni hazil deb eshitdi. Mavhumaxon uchun esa bu va’da edi: bugun — bir kun, ertadan yana avvalgidek bo‘ladi. Lekin shu gapni aytib bo‘lgach, boshqa konfetlardan olish ham osonlashdi. Endi baribir bugun, bugun edi. Uyga qaytishda o‘zini og‘irlashgandek his qildi, ko‘ngli behuzur bo‘ldi. Mavhumbek mashina oynasini tushirdi. — Mazang yo‘qmi? — Issib ketdim... Mavhumaxon uning “diyetang nima bo‘ldi?” deb so‘rashini kutdi. So‘rasa, jahli chiqardi. “Bir kun yeganim bilan nima bo‘lardi?” degan javobi ham tayyor edi. Lekin Mavhumbek so‘ramadi. Bu undan ham og‘ir botdi. Go‘yo Mavhumbek uning bu safar ham oxirigacha borolmasligini oldindan biladigandek edi. Uyga kelgach, bolalar ovqat so‘radi. Mavhumaxon ularga dasturxon yozib berdi-yu, o‘zi o‘tirmadi. Oshxonani yig‘ishtirayotib, ertaga ishga olib ketadigan idishini oldi. Olti haftadan beri har oqshom shu idishga tushligini solib qo‘yardi. Qopqog‘ini ochdi. Keyin yana yopib, bo‘shligicha joyiga qaytardi. Ertaga unga tushlik kerak emas edi. Ertalab uyg‘onganida birinchi bo‘lib kechagi osh esiga tushdi. Mavhumbek ishga ketishini kutdi. Eshik yopilishi bilan taroziga chiqdi. Kechagidan bir kilo ikki yuz gramm ko‘p. Mavhumaxon tarozidan tushdi. Uni plitkaning boshqa tomoniga surib, yana chiqdi. Raqam o‘zgarmadi. Uchinchi marta chiqayotganda qornini ichiga tortdi. Buning taroziga ta’siri yo‘qligini bilardi. Baribir tortdi. Yana o‘sha raqam. Olti haftadan beri hech kimga aytmay asrab kelgan narsasi bir kunda qo‘lidan chiqib ketgandek bo‘ldi. Kecha tuzgan rejasi endi kamlik qilardi. Nonushta bilan tushlik bir kilo ikki yuz grammni qoplay olmaydi. Endi u bugun kechgacha hech narsa yemaydi. Bu qarorga kelgach, kechagidek ko‘ngli yana sal tinchidi. 6-qism tugadi. @doctorferuz

  • 6 авг.10,1 тыс2843

    Bu “Ozish” ilovasida qadamlarga 2,824 qoʻyilgan ekan. Qiziq?! Nega 10,000 qadam emas? Nega 2,824 qadam yurish yetarli? Nega aynan bu raqam? Nima deb oʻylaysiz? (Yozing…) @doctorferuz

  • 2 авг.16,2 тыс2948

    5-QISM. BIR KUN — Ha, — dedi Mavhumaxon. Mavhumbek boshqa hech narsa so‘ramadi. Choyidan bir ho‘plab, televizor pultini oldi. Mavhumaxonning tiliga “bu safar boshqacha” degan gap keldi-yu, aytmadi. Oldingi safarlarda ham shunday degan edi. Aytsa, Mavhumbek ishonmasligidan emas, bir kuni yana uning ko‘ziga qaray olmay qolishidan qo‘rqdi. Yangi reja uyda deyarli bilinmadi. Mavhumaxon tushligini o‘zi bilan olib ketadigan, bolalardan qolgan ovqatni “uvol bo‘lmasin” deb yeb qo‘ymaydigan bo‘ldi. Har tong taroziga chiqdi. Raqam joyida qolsa, tarozini plitkaning boshqa tomoniga surib, yana bir marta tekshirdi. Tushgan kunlari ichidan aytgisi kelardi, lekin aytmadi. Birinchi hafta Mavhumbekning qachon so‘rashini kutdi. Ikkinchi haftada kutmay qo‘ydi. Shu zaylda oradan bir necha hafta o‘tdi. Bir kuni katta tanaffusda Umida unga choy uzatayotib, yuziga tikildi. — Opa, siz ozibsizmi? — Bilmasam. — Bilmasam emish. Yuzingizdan bilinib turibdi-ku. Mavhumaxon aslida qancha ozganini yuz grammigacha bilardi. Ammo aytmadi. Chunki aytsa keyingi safar ko‘rishganda yana so‘rayverishardi. Yakshanba kuni Mavhumbekning opasi o‘g‘lini unashtirib, yaqinlarni oshga chaqirdi. Mavhumaxon ertalab faqat choy ichdi. Nonushta qilmasa, tushdagi osh ortiqcha bo‘lmaydigandek tuyuldi. Ular ertaroq borishdi. Hovli allaqachon odamga to‘lgandi. Oshxonada piyoz to‘g‘ralar, patirlar dasturxonga o‘ralar, har kirgan odam Mavhumaxonga bir yumush tutqazardi. Bir piyola choyi sovib qoldi. Ikkinchisini ichishga ulgurmay mehmonlar o‘tirdi. Ayollar orasidan joy topib o‘tirganida qorni ochlikdan ichiga tortib ketgandi. Qarshisidagi xola gapining o‘rtasida jimib, unga qaradi. — Voy, Mavhumaxon, ancha ozib ketibsiz-ku. Yonidagilar ham o‘girildi. Biri yuzingiz ochilibdi dedi, biri necha kilo tashlaganini so‘radi, yana biri: — Ko‘p ozmang, yuzingiz so‘lib qoladi, — deb qo‘ydi. Mavhumaxon kuldi. Ishxonada shu gapni eshitganida kun bo‘yi ko‘ngli ko‘tarilib yurgandi. Hozir esa ozgani dasturxon ustidagi gapga aylanib, bir og‘izdan boshqasiga o‘tayotgandi. U gap boshqa yoqqa burilishini ham, yana bir oz davom etishini ham xohlardi. Kimdir kelinning sepini so‘radi. Ayollar birdan o‘sha tomonga o‘tib ketishdi. Mavhumaxon choyidan ichdi. Endi hech kim unga qaramayotgandi. Shu payt osh keldi. Mavhumbekning opasi uning oldiga likopchani qo‘ydi, — Sizga kamroq soldim. Endi xursandmisiz? Ayollar kulishdi. Mavhumaxon ham kulgandek bo‘ldi. — Shunisi ham ko‘p, opa. — Ertalabdan bir piyola choy bilan yuribsiz. Ko‘rib turibman. — Bir kunda semirib qolarmidingiz, — dedi haligi xola. — Ertaga yana davom etasiz-da diyetangizni. Mavhumaxon “bu diyeta emas” demoqchi bo‘ldi. Keyin aytmadi. Likopchadan taomning juda yoqimli hidi ko‘tarilardi. Ertalabdan beri hech narsa yemagani birdan butun tanasiga bilinib ketdi. Mavhumaxon bir kun shuncha urinishlarimni yo‘q qilib yubormaydi, deb likopchani oldiga tortdi. Bugun mayli. Ertaga nonushta ham qilmaydi, tushlik ham. Shu bilan bugunning hisobini tenglashtiradi. Bu qarorga kelgach, ko‘ngli sal tinchidi. U birinchi qoshiq oshni oldi. 5-qism tugadi. @doctorferuz

  • 2 авг.14,8 тыс5312

    Deyarli hammamiz oʻz sohamizda “mutaxassisman” degan da’voni qilamiz. Aslida haqiqiy mutaxassislik nimalarni bilishi bilan emas, nimalarni bilmasligini bilishi bilan oʻlchanadi. Shundan kelib chiqib, sohangizda nimalarni bilmasligingizni bir taftish qilib koʻring. Bugun Mavhumaxonning navbatdagi qismi chiqadi. Hech kimga qiziq boʻlmayapti deb oʻylagandim, lekin kurayotganlar bor ekan. @doctorferuz

  • 1 авг.16,3 тыс4084

    Har kuni 10,000 qadam yurgan yaxshimi yoki +1 qadam? Nima deb oʻylaysiz? Maqsadiga qarabda, deyishingiz mumkin. Mayli, ozish uchun deylik. @doctorferuz

  • 1 авг.15,9 тыс4127

    Zerikmayapsizlarmi? Yaqinda vodiyga borib kelgandim. Har tarafi tog‘ bilan o‘ralgan emasmi, manti qozonni ichiga tushib qolgandek bo‘ldim. Shu issiqqa namgarchilikni qo‘shsangiz nima bo‘ladi? To‘g‘ri topdingiz, issiqxona effekti bo‘ladi. Meni issiq urgani sezilyaptimi? Yaxshi yangilik, issiq kunlar 2-3 kunda chekinar ekan. @doctorferuz

  • 25 июл.22,7 тыс2508

    4-QISM. BARIBIR Ikkinchi bo‘lak birinchisidan kattaroq edi. Mavhumaxon uni yeb ulgurmay, nonni yana sindirdi. Birinchi burdani qorni ochgani uchun olgandi. Ikkinchisiga qo‘l cho‘zganida esa ochlikdan ko‘ra boshqa bir fikr kuchliroq edi: Endi baribir buzildi. Bu fikr shu paytgacha uni ushlab turgan taranglikni bir zumda bo‘shatdi. Bitta bo‘lak non yeganidan keyin to‘xtashning ma’nosi qolmagandek tuyuldi. Ertadan yana yemaydi. Bugun esa yeb qolsin. U stolga o‘tirmadi, choy ham quymadi. Qorong‘i oshxonada tik turganicha nonni uzib yedi. Birinchi burdalarda tandirning ta’mi bor edi. Keyingilarining mazasini sezmadi. Har safar qo‘lini tortmoqchi bo‘lsa, ertangi kunni o‘ylardi: nonushta qilmaydi, tushlikni kamaytiradi, kechqurun faqat kefir ichadi. Bugungi nonning o‘rnini chiqarib yuboradi. O‘zini ertaga qanchalik qattiq jazolamoqchi bo‘lsa, bugun davom etish shunchalik osonlashardi. Bir mahal qo‘lini yana uzatdi-yu, qorni endi och emasligini sezdi. Sochiq ustida nonning yarmidan kami qolgan edi. Mavhumaxon qancha yeganini shundagina payqadi. Nonni o‘rab, avvalgi joyiga qo‘ydi. Ertalab ko‘ziga tashlanmasin deb, stol ustidagi ushog‘larni kafti bilan yig‘ib tashladi. Yotoqqa qaytganida Mavhumbek uyqusida bir muddat jimib, uning tomoniga o‘girildi. Mavhumaxon ko‘zlarini yumib, qimirlamay yotdi. Go‘yo uxlayotgan odamga emas, uyg‘oq o‘ziga ko‘rinib qolishdan qo‘rqayotgandek edi. Ertalab ko‘zini ochishi bilan non yodiga tushdi. Kecha o‘ylaganidek ovqatdan tiyilmadi. Nonushtada o‘g‘liga non uzatayotib, o‘zi ham bir burdasini oldi. Kecha buzilgan narsani bugun asrashning foydasi yo‘qdek tuyuldi. Daftarini ochmadi. Tayyorlagan tushligini ham sumkasiga solmadi. Shu tariqa bitta tungi chekinish butun haftaga nom berib bo‘lgandi: buzilgan hafta. Aslida Mavhumaxon o‘sha kunlarda odatdagidan juda ko‘p ham yemadi. Faqat har bir yeganini dushanba oqshomida boshlangan mag‘lubiyatning davomidek qabul qildi. Endi biror mahalni to‘g‘rilash haqida emas, navbatdagi dushanbani kutib yashardi. Yakshanba oqshomi u oshxona shkafining yuqori tokchasidan daftarini yana oldi. Birinchi sahifadagi 97,4 ham, uning tagidagi 68 ham o‘sha joyida turardi. Mavhumaxon keyingi sahifani ochib, yangi reja tuzdi. Ertalab ikkita tuxum. Tushlikka tovuq go‘shti bilan salat. Kechqurun bir piyola kefir. Yana non yo‘q, shirinlik yo‘q, xamirli ovqat yo‘q edi. Qozonda tuxumlar qaynay boshlaganida Mavhumbek oshxonaga kirdi. Daftarga, muzlatkich yonidagi idishlarga, keyin xotiniga qaradi. — Ertadan yanami? — dedi u. Savolida kinoya yo‘q edi. Balki shuning uchun Mavhumaxonga og‘ir botdi. 4-qism tugadi. @doctorferuz

  • 22 июл.23,1 тыс2008

    Tibbiyot yo‘nalishida ham startaplar, turli AI loyihalari ko‘payyapti. Ularni kuzatib boryapman va qaysidir ma’noda xursandman. Lekin... Real hayotda, real tibbiyotda ko‘pincha ma’lumot yetishmasligi asosiy muammo emas. Misol uchun: Odam semirishning zararini biladi, lekin xulqini o‘zgartira olmaydi. Ozish uchun nimalar qilishni ham biladi. So‘rasangiz, hatto yuzga yaqin maslahat yozib berishi mumkin. Lekin o‘zi qilolmaydi. Gipertoniya borligini va uning xavfini biladi, lekin davolanishni davom ettirmaydi. Qandli diabet va boshqa surunkali kasalliklarda hayot tarzi muhim ekani haqida aytilmagan gap qolmagan. Lekin ko‘pchilik baribir qilmaydi. Ilm va amal o‘rtasidagi jarlik... Nazarimda, tibbiyotdagi ko‘p AI loyihalari odam yoki shifokor to‘g‘ri ma’lumot olsa, to‘g‘ri qaror qiladi va muammo hal bo‘ladi, degan faraz asosiga qurilyapti. Hozir sun’iy intellekt startap yaratishni juda osonlashtirdi. Shu sabab mahsulot yaratish endi eng qiyin ish emas. Tibbiyotdagi eng qimmat narsa chiroyli javob emas, balki shu javobning oqibatini ko‘tara oladigan tizim. AI yana bitta juda yaxshi tavsiya berishi mumkin. Lekin odam bu tavsiyani amalga oshira olmasa yoki tavsiya mahalliy va madaniy kontekstni hisobga olmasa, u klinik jihatdan foyda bermaydi. U yana bitta ma’lumot beradigan vosita bo‘lib qolaveradi. Mahalliylashtirish shunchaki tarjima qilishdan ancha chuqur narsa. Mening eng ko‘p boshimni qotiradigan masalalardan biri ham aynan shu. Chunki tadqiqotlarning katta qismi chet elniki, asosan G‘arb davlatlarida o‘tkazilgan. Bizda tibbiyot sohasida, ayniqsa semizlik masalasida, birorta sifatli tadqiqot oʻtkazilganini bilmayman (bor bo‘lsa, menga yuboring). Mahalliylashtirish esa din, odob, o‘zbek oilasi, qadriyatlar, an’analar va yana ko‘p narsalarni qamrab oladi. Bularni shunchaki tarjima bilan hal qilib bo‘lmaydi. Aytmoqchimanki boshqa davlatda yaratilgan mahsulotni olib kirib, uni chiroyli tarjima qilishni mahalliylashtirish deb bo‘lmaydi. Men AI’ni otga o‘xshataman. Agar ustidagi chavandoz mahoratli va tajribali bo‘lmasa, ot qayerga ketsa, u ham ergashib ketaveradi. Yo‘nalish noto‘g‘ri bo‘lsa ham. Eng yomoni va xavflisi ortidan butun podani ham ergashtirib ketishi mumkin. @doctorferuz

  • 20 июл.21,6 тыс31718

    3-QISM KO‘K KO‘YLAK Mavhumaxon suratdagi o‘ziga uzoq tikilib qoldi. Muzlatkichning bir maromdagi g‘uvillashi sekin uzoqlashdi. Surat ichidagi to‘yxona esa musiqa, kulgi va bir-biriga qo‘shilib ketgan atir hidlari bilan qayta jonlandi. Zal odamga to‘la edi. Dasturxonga idishlar sig‘mas, rang-barang ichimliklar qadahlarda bijirlab turardi. Mavhumaxon ko‘k ko‘ylagining etagini kafti bilan tekislab, odamlar orasidan bemalol yurardi. Fotograf qarindoshlarni suratga chaqirganida u odatdagidek chetroqqa o‘tib olmadi. Kimningdir ortiga yashirinish uchun joy qidirmadi. Sumkasi bilan qornini to‘smadi. Borib, qoq o‘rtaga turdi. O‘sha kuni unga eng ko‘p huzur berayotgan narsa u hech kimdan bekinmayotgan edi. Suratga tushib bo‘lishlari bilan ayollar uni o‘rab oldi. — Voy, tanib bo‘lmay qolibsiz-ku! — Juda ochilib ketibsiz! — Qanday ozdingiz? — Tinchlikmi, kasal bo‘lib qolmadingizmi? Mavhumaxon kulib javob berardi. Nimalarni yemagani, necha mahal ovqatlangani, kechqurun og‘ziga hech narsa solmagani haqida birma-bir aytib berardi. Har bir maqtov oylar davomida chekkan mashaqqatining mukofotiga o‘xshardi. U oylar davomida taomlarni mumkin va mumkin emasga ajratib yashagandi. Nonning hidini sezmaslikka, shirinlikka qaramaslikka, mehmondorchilikda boshqalarning qo‘liga emas, o‘z likopchasiga tikilib o‘tirishga majbur bo‘lgandi. Bularning bariga bir kun maqsadiga yetish uchun rozi edi. Endi esa maqsadiga yetib turib, birinchi marta bunday hayotning oxiri yo‘qligini anglagandi. Demak, ko‘k ko‘ylakda qolish uchun umrining oxirigacha shu tarzda yashashi kerakmi? Bu savol to‘yxonadagi shovqinda ham yo‘qolmadi. Oyoq kiyimga kirgan mayda toshdek, qadam tashlagan sari o‘zini eslatib turdi. Eshikning ochilgan ovozi Mavhumaxonning to‘yxonadagi xotiralarini buzib yubordi. Mavhumbek kirib keldi. Ust kiyimini yechib, qo‘lidagi qog‘oz o‘ramni stolga qo‘ydi. — Issiqligida olay dedim, — dedi u. Qog‘oz ochilishi bilan tandir nonning hidi oshxonaga yoyildi. Mavhumbek nonni sindirdi. Yumshoq joyidan bir parcha uzib, xotiniga tutdi. Mavhumaxonning qo‘li beixtiyor oldinga yurdi-yu, yarim yo‘lda to‘xtadi. Daftardagi rejasida non yo‘q edi. Lekin Mavhumbek uzatib turgan narsa faqat non emasdi. Bu ularning yillar davomida birga ichgan kechki choyi, kun oxirida bir dasturxon atrofida tin oladigan odati edi. Nonni olsa, yana o‘ziga bergan va’dasini buzadigandek tuyuldi. Olmasa, oddiygina bir oqshomdan o‘zini chiqarib tashlayotgandek. — Olmaysanmi? — dedi Mavhumbek. — Yo‘q, — dedi Mavhumaxon qo‘lini tortib. — Diyeta boshladim. Mavhumbek boshqa hech narsa demadi. Nonni o‘z oldiga qo‘yib, choyini ichishda davom etdi. Uxlash uchun yotganida Mavhumaxonning ko‘nglida o‘zini nondan tiyib qolgani uchun kuchli ekanidan g‘ururlandi. Lekin uyqusi ham kelmasdi. Ko‘zini yumdi deguncha, unga haligi tandir non ko‘rinardi. Bir yoniga ag‘darildi, keyin ikkinchi yoniga. Oshqozonidagi bo‘shliq sekin-asta kattalashib, kun davomida o‘ylagan barcha gaplarining ovozini bosib ketdi. Mavhumbek xurrak otishni boshlagach, Mavhumaxon ko‘rpani sekin surdi. Oshxonaga chiqdi. Chiroqni yoqmadi. Stol yoniga bordi. Sochiqqa o‘ralgan nonni ochib, chetidan bir burda uzib yedi. Keyin nonning yana bir bo‘lagini sindirdi. 3-qism tugadi. @doctorferuz

  • 20 июл.17,7 тыс12025

    … Ko‘m-ko‘k, go‘zal o‘tloqlaring bosilg‘on, Ustlarida na poda bor, na yilqi, Podachilar qaysi dorg‘a osilg‘on? Ot kishnashi, qo‘y ma’rashi o‘rniga — Oh, yig‘i, Bu nega? … Kecha Abdulhamid Choʻlpon haqida film koʻrdim. Namoyish qilinganiga bir yildan oshgan ekan. Film qisqa, 30 daqiqa ham emas. Youtube’da koʻrish uchun havola👇 https://youtu.be/aye8x7_2qJU?si=PIlC90c43hS6s6GV

  • 18 июл.21,6 тыс1373

    Mana yana navbatdagi qurbon Bu menga yozgani, yozmaganlari qancha... @doctorferuz

  • 18 июл.21,1 тыс24512

    Hatto Xudosizlar jirkanadigan ishni nega biz musulmonlar qilyapmiz? Shunchalik qadriyatsiz, nomussiz bo‘lib ketdikmi yoki? Ogohlikni, diqqatli va e’tiborli bo‘lishni asrlar davomida biz musulmonlardan o‘rganishgan. Endichi, namuna bo‘lolmaymizmi? Demak xohlagan odam xohlagan vaqtda uxlatib ketaverishi mumkin ekanda? Meni nomimdan mahsulotini reklama qiladiganlarga qarata gapirishdan foyda yo‘qligini bilaman. Ishoning, ularga hech narsani farqi yo‘q. Buni tushunganimga 5 yil bo‘lyapti va bu orada ko‘pini ko‘rdim. Men bu gaplarni aynan shunaqa soxta ma’lumotlarga laqqa ishonib sotib olayotganlarga qarata aytyapman. Shu kanalimning o‘zida ham kunda har balolar reklama qilinadi. Post bilan reklamani farqiga bormaydigan darajada sodda bo‘lmaylik. Farqiga bormayapsizmi, yaxshisi ishlatmang. Shunda o‘zizga ham, boshqalarga ham kamroq zarar berasiz. Ko‘r-ko‘rona ergashib ketaverish biz musulmonlarga yarashmaydi. @doctorferuz

  • 16 июл.30,3 тыс364301

    🥵 5-6 kun juda issiq boʻlarkan. Issiq urishidan ehtiyot boʻling. Ayniqsa bolalarga tez-tez suyuqlik bering. Hali tili chiqmagan yoki chanqoqni tushunmaydigan va suv soʻrashni bilmaydigan bolalarga juda diqqatli boʻling! @doctorferuz

  • 16 июл.25,1 тыс25558

    без подписи

  • 16 июл.20,8 тыс26831

    без подписи

  • 15 июл.20,7 тыс33034

    2-QISM. SAKKIZTA TUXUM Dushanba oqshomi Mavhumaxon sumkasidan yemay qolgan tushlik idishini oldi. Bodringlar suv chiqarib, qaynatilgan tovuqning chetlari qotib qolgan edi. Kecha yangi tartibning boshlanishidek ko‘ringan taom bugun sumkaning ichida ortiqcha yuk bo‘lib qaytgandi. U idishni muzlatkichga qo‘ydi-da, yakshanba kuni ochgan yangi daftarini oldiga tortdi. Unda ertalab ikkita tuxum, tushlikka tovuq go‘shti bilan salat, kechqurun esa bir piyola kefir yozilgandi. Daftarda non yo‘q, shirinlik yo‘q, xamirli ovqat yo‘q, ayniqsa somsa yoʻq edi. Yozuvlar chizg‘ichdan chiqarilgandek tekis turardi — go‘yo kun ham shu chiziqlardan tashqariga chiqolmaydigandek. Faqat tuzgan rejasining ichida oʻzining hayoti yo‘q edi. Ertalab u ko‘pincha o‘g‘lining ikkinchi paypog‘ini qidirar, tushligi hisobotlar ichiga koʻmilib ketar, kechga borib esa yo‘lda bo‘lar, uyida hatto bir piyola choyni ham issiqligicha icholmasdi. Choy uni kutib sovirdi. Reja uning hayoti uchun tikilgan, ammo o‘lchovi olinmagan ko‘ylakka o‘xshardi. Qog‘ozda bejirim, juda chiroyli, lekin u yashayotgan hayotida har yeridan tortardi. Mavhumaxon aslida ko‘ylakni qayta tiktirish o‘rniga, yana o‘zini unga sig‘dirishga urinayotgandi. U daftarni yopib, oshxona shkafining yuqori tokchasiga qo‘ymoqchi bo‘ldi. Yangi daftar sig‘may, eskilaridan ikkitasi yerga tushdi. Biri yashil, ikkinchisi atirgulli edi. Tokchada muqovasiga inglizcha “My Dream” deb yozilgan yana bittasi ham turardi. Har birini sotib olgan kuni ko‘nglida bir xil yengillik tug‘ilgandi: mana endi hammasi boshqacha bo‘ladi. Birinchi sahifalarda yozuvlar to‘lib-toshib oqardi. Keyin ular suvi kamaygan ariqdek ingichkalashib, bir joyiga kelganda qumga singgandek g‘oyib bo‘lardi. Undan keyin faqat oppoq sahifalar qolardi. Atirgulli daftarni varaqlayotganida orasidan eski surat sirg‘alib tushdi. Rasmda Mavhumaxon ko‘k ko‘ylakda kulib turardi. U birovning ortiga yashirinmagan, suratning qoq o‘rtasida, bemalol, rassomning asaridagi qahramondek turardi. O‘sha paytda Mavhumaxon maqsadiga yetgandi. U paytda “bo‘ldi, maqsadimga yetdim” degan bitta gap hammasi tugaganini anglatgandi. Aslida esa hammasi aynan shu gapdan keyin boshlangandi. 2-qism tugadi. @doctorferuz

  • 12 июл.25,2 тыс87760

    1-QISM. DUSHANBADAN Yakshanba oqshomi soat o‘n birdan oshganda Mavhumaxon oshxonada sakkizta tuxum qaynatib o‘tirardi. Ertadan yangi hayot boshlanadi. Bu safar u hech kimga aytmadi. Oldin Mavhumbekka, dugonasiga, hatto maktabdagi ayollarga ham aytardi. Keyin rejadan chiqib qolsa, hech kim so‘ramasa ham, ularning yonida o‘zini javob berishi kerak bo‘lgan odamdek his qilardi. Bu gal indamay boshlaydi, natijasi ko‘ringandagina gapiradi. U tuxum, bodring va qaynatilgan tovuq go‘shtini alohida idishlarga joylab, muzlatkichga terib chiqdi. Yangi daftarining birinchi sahifasiga bugungi vaznini yozdi: 97,4. Pastrog‘iga maqsadini qo‘ydi: 68. Qog‘ozda bu ikki raqamning orasi bir qarich ham kelmasdi. Mavhumaxon ularga bir muddat qarab turdi. Hammasi nihoyat o‘z joyiga tushgandek, ko‘ngli ancha yengillashdi. Dushanba kuni ertalab ikkita tuxum yedi, tayyorlagan tushligini sumkasiga soldi. Tushga yaqin maktab hisobotidagi raqamlardan biri bank ko‘chirmasiga to‘g‘ri kelmay qoldi. Direktor imzo kutardi. Mavhumaxon tushlikni keyinga surib, raqamlar ichiga ko‘mildi. Farq topilib, hujjatlar yopilganida soat uchdan oshgan edi. Shu payt qo‘shni xonadagi hamkasbining tug‘ilgan kuni ekanini aytib, bir lagan issiq somsa olib kirishdi. Mavhumaxon avval qo‘l uzatmadi. Biroq qorni och, boshi ham zirqirayotgan edi. Bittasini oldi. Somsa issiq va mazali edi. Uni yeb bo‘lgachgina ertalab sumkasiga solgan idishi yodiga tushdi. Bir dona somsa rejaning ichiga bemalol sig‘ishi mumkin edi. Mavhumaxon tuzgan rejada esa bunga joy qoldirilmagan edi: yo hammasi to‘g‘ri ketishi kerak, yo kun butunlay buzilgan hisoblanardi. Endi farqi qolmagandek tuyulib, ikkinchi somsani ham oldi. Kechqurun daftarini ochdi. Ertalabki 97,4 o‘sha yerda turardi. Uning tagiga “birinchi kun” deb yozmoqchi bo‘ldi, ammo qo‘li bormadi. Somsa allaqachon esidan chiqqan, ichida esa tanish bir og‘irlik qolgan edi: yana o‘ziga bergan so‘zida turolmadi. Seshanba kuni nonushtada o‘g‘liga non uzatarkan, o‘zi ham bir burdasini oldi. Kecha buzilgan reja bugunni ham sezdirmay o‘ziniki qilib ulgurgandi. Endi yangidan boshlash uchun yana dushanba kelishi kerak edi. Shunday qilib, dushanba kuni yegan bir dona somsa seshanba nonushtasiga ham yetib keldi. Mavhumaxon rejasini somsa buzdi, deb o‘ylardi. Aslida esa buzilish ancha oldin — yakshanba oqshomi sakkizta tuxum qaynayotgan paytdayoq boshlangan edi. 1-qism tugadi. @doctorferuz

  • 12 июл.22,2 тыс6448

    Bugun kanalimizga bir ayol kirib keladi. Siz uni hali tanimaysiz. Ammo hayotining ayrim joylari siznikiga o‘xshab ketishi mumkin. “VAZN NEGA QAYTADI?” seriali bugundan boshlanadi. Orasida reklamalarsiz 😁 Uzoqlashmang... @doctorferuz

  • 10 июл.27,9 тыс1 34026

    Serial ko‘rishni yaxshi ko‘radiganlar bormi? Ayniqsa bosh qahramon o‘zingiz bo‘lsa… Yangi serial boshlaymiz, nomi: VAZN NEGA QAYTADI? 4 ta mavsum. 20 ta qismdan iborat. Janri — ilmiy detektiv. Har qismda ozish nega qiyinlashishi, reja qayerda buzilishi va vazn nima uchun qaytishini bitta-bittadan tekshiramiz. Bu serialda sizni ayblamaymiz. Aksincha, yillar davomida aybdor deb kelgan “gumondorlar”ni so‘roq qilamiz. Kichik spoiler: shirinlik yagona aybdor emas. Serialdan uzoqlashmang. Boshlaymizmi? 🔥 @doctorferuz

  • 7 июл.34,4 тыс631119

    4 yil kutganim 2 ta harf tez kunda muomalaga kirarkan 🤩 Ular: Ö, ö (Oʻ, oʻ) Ğ, ğ (Gʻ, gʻ) Nega kutdim? Birinçidan, köpçilik xato bilan (tutuq belgisi qöyib) yozadi. Ikkinçidan, ikkita harakat va ikkita joy talab qiladi. Bular ham özgaryapti: Sh, sh — Ş, ş Ch, ch — Ç, ç Endi közni örgatsak böldi. @doctorferuz