UFQ
СтатистикаMusulmon olamidagi ijtimoiy-siyosiy hayot, sharqshunoslik, tarix Unutilgan ufqlarni qayta kashf qilamiz! Kanalga yaqinlaringizni taklif qilishni unutmang! E'tibor eng katta qo‘llovdir! Hamkor: @tafakkur_chizgilari Murojaat: @ufquchunbot
- Последний пост
- 2 июл.
- Последнее чтение
- 15 авг.
- Постов за неделю
- 0
- Всего постов
- 21
- Тип
- открытый
- Язык
- узбекский
- Категория
- Новости и СМИ (по похожим)
- В каталоге с
- 13 авг.
- 1/24сутки в ленте
- —
- 1/48двое суток
- —
- 1/72трое суток
- —
Оценка по просмотрам недавних постов: пост набирает почти всё за первые сутки.
Посты
#onbooks "Muqaddima"ning oʻzbek tiliga tarjima qilinmagan bobi. Ibn Xaldunning insonlarning oʻlimdan keyingi taqdiri haqidagi qarashlari: Ibn Xaldun musulmon olimi sifatida Qur'on va hadislarni asosiy dalil deb biladi. Uning fikricha: inson bu dunyo uchun…
Musulmon ahliga ayyom muborak!
Munqiz: G'azzoliy va Rene Dekart G'azzoliyning 1095-yili yozgan "Al-Munqiz min ad-dalal" ("Adashuvdan najot") asari uning shaxsiy intellektual avtobiografiyasi. Ammo asarni oddiy memuar deb bo'lmaydi. Bu — bilimning asoslarini radikal shubha bilan tekshirish urinishidir. G'azzoliyning yo'li quyidagicha boshlangan: avvalo u mutlaqo ishonchli bilimni izlay boshlaydi, ko'rish, eshitish va ushlab ko'rish kabi sezgilardan kelib chiqadi. Keyinchalik hissiyotlar aldamchi ekanligi ma'lum bo'ladi. Oy osmonda kichik bo'lib ko'rinadi, ammo u ancha katta. Demak, hissiyotlar mutlaq bilim manbai bo'la olmaydi. Keyin u aqlga tayanishga o'tadi. Masalan, "ikki bir-biriga teskari narsa bir vaqtda mavjud bo'la olmaydi" degan so'z unga ishonchli bo'lib tuyuladi. Lekin G'azzoliy yana shubhaga keladi: tush ko'rganimizda biz tushni real deb hisoblaymiz; uyg'onganimizda esa tush xato ekanini bilamiz. Balki bizning "uyg'oqligimiz" ham boshqa darajadagi tushdir — va biz hali bilmagan o'sha darajadan turilsa, hozirgi aqlimiz ham aldamchi bo'lib chiqar? Bu shubha G'azzoliyni jiddiy intellektual krizisga olib keladi. Munqizda aytilishicha, G'azzoliy olti oy davomida biror narsaga ishonish qobiliyatini yo'qotgan. Krizisdan u ratsional argument orqali emas, "Alloh tomonidan qalbga solingan nur" orqali chiqqan. Bu — sof aql emas, ilhom edi. Rene Dekart 1641-yili yozgan "Meditationes de prima philosophia" asarida xuddi shu metodologiyani takrorlaydi. U ham hissiyotlarni shubha ostiga oladi. U ham aqlni tush misoli bilan shubha ostiga oladi. U ham "yovuz daho" konsepsiyasi orqali eng radikal shubhaga boradi. Faqat so'nggi bosqichda Dekart "cogito ergo sum" (Fikrlayapman, demak mavjudman) xulosasiga kelgan, G'azzoliy esa ilohiy nurdan panoh topgan. #gazzoliy #munqiz #falsafa @ufq_horizon
G'azzoliy: falsafa qotili(mi?) XX asrdagi ba'zi rasmiy manbalarda ham hozirgi kunda tez-tez takrorlanayotgan bir g'oya mavjud: G'azzoliy faylasuflarga raddiya yozgach, islom dunyosida falsafa o'ldi. Bu fikr ham tarixiy, ham g'oyaviy nuqtai nazardan nuqsonli hisoblanadi. Avvalo, faylasuflar G'azzoliydan keyin ham faoliyat yuritgan: Faxriddin Roziy, Tusiy, Suhravardiy, Mulla Sadr shular jumlasidan. Frank Griffelning "Formation of Post-Classical Philosophy in Islam" asaridan keyin G'arb akademiyasi bu masalani qayta ko'rib chiqdi. Bu alohida mavzu. Ikkinchidan, G'azzoliy 1095-yili yozgan bu asarda faylasuflarning yigirma ta'limotini tahlil qiladi. Ulardan o'n yettitasini u aql darajasida tanqid qiladi — ya'ni faylasuflarning o'z mantiqi bilan ularning xulosalari noaniq ekanini ko'rsatadi. Bu teologik emas, falsafiy tanqid edi. Faqat uchta ta'limotni G'azzoliy kufr deb e'lon qilgan: Olamning qadimligi — Aristotel va Ibn Sinoning olam azaliy va abadiyligi haqidagi nazariyasini Ilohiy ilmning umumiyligi — Allohning faqat umumiy qonuniyatlarni bilib, ayrim hodisalarni bilmasligi haqidagi qarashni Tana bilan tirilish inkori — qiyomat kuni tananing emas, faqat ruhning tirilishi haqidagi nazariyani Boshqa o'n yetti ta'limot — metafizika, kosmologiya, psixologiya — G'azzoliy uchun adashuv, ammo kufr emas. Frank Griffelning asosiy xizmati ana shu nuqtada seziladi. U 2009-yilgi Al-Ghazali's Philosophical Theology asarida G'azzoliyning Ibn Sino bilan munosabati murakkabroq ekanini isbotlaydi. Tahofutdan keyin yozgan asarlarida — Meyor al-ilm, Iqtisod fil-e'tiqod, hatto mashhur Ihyo ulumeddinda — G'azzoliy Aristotel mantiqi va Ibn Sino kosmologiyasini o'zining metodologiyasi sifatida ishlatadi. U falsafani to'liq inkor etmagan — uni musulmon ilmiy an'anasining ichki asbobiga aylantirgan. Hatto sabab-natija (illa-ma'lul) tanqidi — Tahofutning eng mashhur argumenti — falsafani inkor emas, balki metodologik bayonotdir: hodisalarning takrorlanishi sababiyatni isbotlamaydi. (Shotlandiyalik faylasuf Devid Yum 1748-yilda An Enquiry Concerning Human Understanding asarida bir xil xulosaga kelgan: tajriba sababiyatni emas, odatni shakllantirar ekan.) Tahofut al-falasifaning haqiqiy maqsadi falsafani o'ldirish emas, balki uni kalom standartlariga moslashtirish edi. G'azzoliydan keyin Ibn Sino metafizikasi musulmon ilohiyotining ichida yashashda davom etdi — endi u kalom va tasavvuf doirasida edi. Bu asarni xato anglash islom intellektual tarixini bir tomonlama soddalashtirib yubordi. Griffel va boshqa zamonaviy tadqiqotchilar Tahofutni qayta o'qishni taklif etadilar — endi yopiq kitob sifatida emas, balki ochiq dialog sifatida. #gazzoliy #tahofut #falsafa @ufq_horizon
без подписи
Musulmon ahliga ayyom muborak bo‘lsin!
Fotima Samarqandiyya — ilmini saljuqiy shahzodalar mulkiga almashmagan olima
Forobiyning fozil shahri Forobiy uchun fozil shahar – siyosiy loyiha emas, axloqiy ontologiya. Uning fikriga ko’ra, jamiyatning shakli uning tashqi ifodasidir. Siyosat bu boshqaruv emas, tarbiya san’atidir. Inson tabiatiga ko’ra ijtimoiy mavjudot ekanligini…
Musulmonlar tanazzuli: Aysberg ostidagi haqiqatlar https://telegra.ph/Musulmonlar-tanazzuli-aysberg-ostidagi-haqiqatlar-01-25
Axir Alloh azza va jallaning olamida, haq yo‘lni tashlab, botilni tekshiruvsiz, shoshilinch tasdiqlash, buni fazilat deb bilishdan ham pastroq va xorroq ahvol bormi? Oddiy nodonlar ham bunday chuqur tubanlikdan yiroqdadirlar. Chunki ularning tabiatida o‘zini ko‘rsatish va fazilat da’vo qilish yo‘q. Binobarin, oddiy nodonlik o‘zini ziyrak ko‘rsatishga urinadigan aqlsizlikdan ko‘ra najotga yaqinroqdir, g‘ilay bo‘la turib o‘zini ravshan ko‘ruvchi deb da’vo qilishdan ko‘r bo‘lish afzalroqdir. Abu Homid G'azzoliy, "Tahofut al falasifa" @ufq_horizon
Ularning kufriga sabab Suqrot, Buqrot, Aflotun va Arastu kabi mashhur shaxslar haqida “ko‘p yaxshi gaplar”ni eshitganlaridir. Shuningdek, ularga ergashgan adashgan toifalar bu faylasuflarning aql-zakovati, fikrlarining mustahkamligi, asoslarining go‘zalligi hamda hisob, mantiq, tabiat va ilohiyot ilmlaridagi nozik masalalarni chuqur anglaganliklarini haddan ziyod ulug‘lab ta’riflanganlarini eshitganlar. Ular bu fazilatlar tufayli yashirin va murakkab masalalarni ochishda o‘zlaridan boshqaga ehtiyoj yo‘q, deb tasvirlangan. Shuningdek, bu faylasuflar aqlning yetukligi va fazilatlarning ko‘pligi bilan birga shariatlarni inkor etganlari, dinlar va millatlarning tafsilotlarini rad qilganlari, ularni uydirma qonunlar va bezakli hiylalar deb bilganlari haqida rivoyatlar ham ularga yetib borgan. Bu gaplar keyingilarning qulog‘iga yetgach va ularning tabiatiga mos tushgach, ular kufr aqidasini o‘zlariga ziynat qilib oldilar. O‘z da’volariga ko‘ra, “fozil odamlar” safiga qo‘shilish, ularning qatorida turish maqsadida shunday yo‘l tutdilar. Ommaga va oddiy xalqqa yaqin bo‘lishni or deb bildilar, ota-bobolarining diniga qanoat qilishdan yuz o‘girdilar. Ular haqni taqlid qilishdan voz kechib, botilni taqlid qilishni go‘zallik deb o‘yladilar. Holbuki, bir taqliddan boshqa bir taqlidga o‘tishning o‘zi – faqat adashish va xato edi. Abu Homid G'azzoliy, "Tahofut al falasifa" @ufq_horizon
Ibn Xaldunning irqchilik nazariyasi Muqaddima kitobini ochib qarasangiz, irqiy diskriminatsiyani namoyon qiladigan jumlalarga ko'p guvoh bo'lishingiz mumkin. Bu ko'plab o'quvchilarda shubhalar va turli savollarni tug'dirgani tabiiydir. Xo'sh, Ibn Xaldunning irqiy falsafasi aslida qanday? Ibn Xaldun Asobiyyasi haqida batafsil o'rgangan edik. Turli mintaqalarda turlicha asobiyyalar bor va Ibn Xaldun irqiy tafovutlarni tug'ma genetik emas, balki atrof-muhit, iqlim, ijtimoiy sharoit va turmush tarzidan kelib chiqadi, deb tushuntiradi. Masalan, ob-havo, nimani iste'mol qilinishi, tanovul qilinadigan ozuqaning sifati, mizoji va hokazo. Qaysidir millat/irq tug'ma ustunlikka ega bo'lishi nazariyasini Ibn Xaldun qat'iyan inkor qiladi. Qora tanlilarning teri rangi va temperamentini iqlimning issiqligi bilan, oq tanlilarning rangini esa sovuq iqlim bilan izohlaydi. Bu bilan u turli xayoliy-ezoterik tasavvurlardan voz kechib, ijtimoiy sohada ham ilmiy-empirik uslubiyatdan foydalanishni namoyon qiladi. Bu o'sha davr uchun inqilobiy ahamiyatga ega tushuncha edi. Tadqiqotchi Cedric Dover 1952 yilgi "The Racial Philosophy of Ibn Khaldun" maqolasida Ibn Xaldun falsafasini Yevropadagi irqchilik falsafasi, masalan, Herder yoki Artur Keyt qarashlaridan tubdan farqlaydi. Ibn Xaldun irqiy stereotiplarni inkor qilmaydi, tan oladi, ammo ularni ijtimoiy sabablar bilan izohlaydi. Kamsitishni maqsad qilmaydi. Asobiyyaning hayotiy davrasi (sikli) haqida ham yozgan edik. Qisqacha quyidagicha: asobiyya → hokimiyat → boylik →qulaylik → buzuqlik → inqiroz → yangi asobiyya. Dover bu yondashuvni zamonaviy “sivilizatsiyalar sikli” (Shpengler, Toynbi) nazariyalarining tarixiy ildizi deb baholaydi. Doverning maqolasi o‘sha davr (1950-yillar) irqiy bahslariga, xususan, amerikalik antropologlar va sotsiologlar o‘rtasidagi “irq biologik omilmi yoki ijtimoiy?” savoliga javob sifatida o‘qilishi mumkin. Ibn Xaldunning ekologik-deterministik, shu bilan birga gumanistik qarashlari bugungi kunda ham dekolonial antropologiya va madaniyatlararo tadqiqotlar uchun muhim manbadir. UFQ
Muhammad Sodiq Qoshg'ariy (1740-1849) — yetuk tarixchi olim, faylasuf, tilshunos va shoir. Qoshg'ariy "Tazkirai Azizon", "Tazkirai as'hob ul kahf", "Risolai kasbdor", "Odobus Solihin" kabi bir necha asarlar muallifi. Tabariyning "Tarixi Tabariy" va Muhammad Haydarning "Tarixi Rashidiy" asarlarini fors tilidan turkiychaga tarjima qilgan. Odob us solihiyn kitobi Qur'on va Sunnatga ko'ra odob elementlari aniq va sodda uslubda yozilgan, bazaviy odob qoidalarini o'rgatish bo'yicha qo'llanma. Odobus Solihiyn asari 7 bobdan iborat, Har bir bob kundalik hayotdagi aniq holatlar (salomlashish, mehmonlik, kiyinish, yurish-turish, uxlash, yig‘inlar, ustoz-shogird munosabatlari va h.k.)ni qamrab oladi. Kitob odobni faqat tashqi xulq emas, balki qalb tarbiyasi sifatida talqin qiladi. Uning asosiy maqsadi — insonni komil axloq egasi qilish, jamiyatda hurmat va Alloh roziligiga eltuvchi muomalani o‘rgatishdir. Asardan parchalar: Odob insonning tashqi ko‘rinishi emas, balki uning ichki tarbiyasi va axloqiy holatining ko‘rinishidir. Kim odobni saqlasa, u o‘zini emas, jamiyatni ham saqlaydi. Inson boshqalar oldidagi qadrini boyligi yoki lavozimi emas, balki muomalasi, sabri va so‘zining pokligi belgilaydi. Salomlashish shunchaki urf emas, balki insonlar o‘rtasida tinchlik va hurmat aloqasini o‘rnatuvchi axloqiy majburiyatdir. Salomni birinchi berish pastlik emas, balki ruhiy yetuklik va kibrdan xoli ekanlik belgisi hisoblanadi. Javobsiz qolgan salom jamiyatdagi ishonch iplarini uzadigan mayda, lekin xavfli buzilishdir. Inson o‘z nomini yashirmasdan aytishi — uning ochiqligi va mas’uliyatini bildiradi; yashirishi esa shubha uyg‘otadi. Mehmon bo‘lish ham odob talab qiladi: odam boshqaning hududiga kirayotganda o‘z nafsini emas, mezbonning qulayligini ustun qo‘yishi lozim. Uyga ruxsatsiz kirish faqat xonadon chegarasini emas, insonning shaxsiy daxlsizligini ham buzadi. Odob faqat odamlar orasida emas, yolg‘iz qolgan paytda ham saqlanishi kerak, chunki axloq — tomoshabinlar uchun emas, vijdon uchundir. Kibr odamni kattalashtirmaydi, balki uni ko‘rinmas qiladi; odamlar unday kishining shaxsini emas, faqat baland ovozini ko‘rishadi. Insonning yurish-turishi, qadam bosishi, ko‘zini qayerga tikishi ham uning ichki tartibidan dalolat beradi. Shoshqaloqlik — ruhiy beqarorlik belgisi, xotirjamlik esa ichki muvozanatni bildiradi. Tozalik faqat gigiyena emas, balki o‘ziga va boshqalarga bo‘lgan hurmat shaklidir. Libosning chiroyi emas, pokligi muhim; ortiqcha ziynat ko‘pincha ichki bo‘shliqni yopishga urinish bo‘ladi. Ustoz oldida sukut saqlash bilim yetishmasligidan emas, hurmatning chuqurligidan kelib chiqadi. Ustoz bilan bahslashish emas, uni tushunishga harakat qilish haqiqiy shogirdlikdir. So‘z insonning ko‘zgusidir: u orqali aql ham, axloq ham, niyat ham ko‘rinadi. Keraksiz so‘z qalbni charchatadi, foydali sukut esa uni tiklaydi. G‘iybat — boshqaning obro‘sini emas, avvalo so'zlovchining ruhini yemiradi. Insonning eng katta dushmani tashqarida emas, uning ichidagi nazoratsiz nafsdir. Kuchsizga yordam berish insonning kuchini ko‘rsatadi; kuchli bo‘lib zulm qilish esa zaiflikning eng past shakli sanaladi. Odamlarga qulaylik yaratib berish — ularga buyruq berishdan ko‘ra yuksakroq darajadir. Inson boshqalarning xatolariga qanchalik yumshoq bo‘lsa, jamiyat shunchalik barqaror bo‘ladi. Axloq qoidalari insonni cheklash uchun emas, uni ichki betartiblikdan himoya qilish uchun kerak. O‘zini tiyish — yo‘qotish emas, ichki erkinlikka erishishdir. Eng buyuk jihod — o‘z ichingdagi o'zingga qarshi kurashishdir. Odamlar seni qanday ko‘rishidan ko‘ra, sen o‘zingni qanday bilishing muhimroqdir. O‘zini to‘g‘rilagan inson jamiyatni to‘g‘rilaydi, majburlagan esa faqat zohiriy itoatni yaratadi. Odob — jamiyatni majburlamay boshqaradigan ko‘rinmas qonundir. Yaxshi kishi bo‘lish — bu tug‘ma sifat emas, har kuni tanlanadigan axloqiy yo‘ldir. UFQ
Forobiyning fozil shahri Forobiy uchun fozil shahar – siyosiy loyiha emas, axloqiy ontologiya. Uning fikriga ko’ra, jamiyatning shakli uning tashqi ifodasidir. Siyosat bu boshqaruv emas, tarbiya san’atidir. Inson tabiatiga ko’ra ijtimoiy mavjudot ekanligini Forobiy ham tasdiqlaydi. Uning biologik ehtiyojlari emas, balki axloqiy va aqliy ehtiyojlari jamiyat uchun ehtiyojni yuzaga keltiradi.Inson bilim, til, axloq va fazilatni faqat jamiyat ichida hosil qiladi. Shuning uchun jamiyat shunchaki majburiy hamkorlik emas, balki insoniylikning sharti. Forobiyning fikriga ko’ra, davlatning vazifasi tartib saqlash emas, saodatga yetishtirishdir. Saodat Forobiyda moddiy farovonlik emas, balki aqlning kamoloti va ruhning uyg‘unligi bilan belgilanadi. Shuning uchun siyosiy tizim odamni boy qilishi mumkin, lekin agar uni aqliy rivojlanishiga hissa qo’shmasa – u muvaffaqiyatsiz tizim hisoblanadi. Forobiy jamiyatni tirik organizmga o‘xshatadi: har bir a’zo o‘z vazifasini bajarsagina butun tananing salomatligi ta’minlanadi. Bu yerda kasblar ham axloqiy maqomga ega: har bir mehnat jamiyat saodatiga xizmat qilishi kerak. Iqtisod, harbiy kuch, boshqaruv – barchasi ikkilamchi. Birlamchi omil – axloq. Forobiyda hokim faylasuf bo‘lishi shart. Chunki faqat haqiqatni bilgan odam jamiyatni to‘g‘ri yo‘naltira oladi. Bilimsiz hokim — xavfli, axloqsiz hokim esa halokatli. Hokim jamiyatning eng kuchlisi emas, eng mas’uliyati ko‘prog‘i. Forobiy yomon jamiyatlarni uchga bo‘ladi: johil, fosiq va adashgan. Ularning muammosi tashqi bosim emas, ichki maqsadning buzilishidir. Forobiy uchun haqiqiy kuch — bilim. Chunki bilim haqiqatni ko‘rsatadi, haqiqat esa yo‘nalish beradi. Qolgan barcha kuchlar — zo‘ravonlik, boylik, obro‘ — qo‘pol kuchdir. Agar jamiyat noto‘g‘ri narsani yaxshi deb bilsa — u barbod bo‘ladi. @ufq_horizon
Ibn al-Haysam — Zulmatda porlagan nur Abu Ali al-Hasan ibn al-Hasan ibn al-Haysam (taxm. 965–1040) — Basrada tug‘ilgan matematik, fizik, astronom, tabib, faylasuf bo‘lib, Islom Oltin davrining eng yirik qomusiy olimlaridan biridir. G‘arbda Alhazen nomi bilan tanilgan Ibn al-Haysam tarixga avvalo optika fanining asoschisi, amaliy fizika kashshofi va ilmiy uslubni tizimli qo‘llagan ilk olimlardan biri sifatida kirgan. Ibn al-Haysam ilm bilan munosabatni tubdan o‘zgartirdi. U qadimgi yunon merosiga hurmat bilan qaradi, biroq uni muqaddaslashtirmadi. U Aristotelga qarshi chiqish mumkinligini, Ptolemeyni rad etish mumkinligini, Galen xato qilishi mumkinligini ochiq ko‘rsatdi. Bu esa ilm tarixida intellektual jasoratning yangi mezonini yaratdi. Shu nuqtada u musulmon ilmiy an’anasida ichki tanqid va metodologik shubhaning legitimligini asoslab bergan figuraga aylanadi. Ibn al-Haysam dastlab Basrada diniy ilmlar, fiqh va falsafa bilan shug‘ullanadi. O‘sha davrda ilmiy muhit diniy bahslar, kalomiy qarama-qarshiliklar va siyosiy nizolar bilan to‘la edi. Ibn al-Haysam esa asta-sekin bahsdan ko‘ra tajribaga, taqliddan ko‘ra tekshiruvga asoslangan bilimni afzal ko‘ra boshlaydi. U matematikani nafaqat hisoblash vositasi, balki tabiatni tushunish tili deb qabul qiladi. Fotimiy xalifa al-Hokim uni Nil daryosi toshqinlarini ilmiy usulda boshqarish mumkinligi haqidagi g‘oyasi sabab Qohiraga chorlaydi. Ibn al-Haysam Nil vodiysini o‘rganadi, suv rejimini tahlil qiladi va nihoyat loyiha amalda bajarib bo‘lmasligini tan oladi. Bu jasoratli intellektual halollik edi — o‘z nazariyasidan voz kecha olish va xatosini tan olish qobiliyatini namoyon qilardi. U davrda bu ish misli ko'rilmagan dovyuraklik sanalar edi. Buning uchun uy qamog‘iga olingan Ibn al-Haysam paradoksal ravishda aynan majburiy yolg‘izlik davrida eng samarali ilmiy davrini o'tkazadi. Shu yillarda u “Kitob al-Manoẓir” asarini yozadi. Bu asar bilan Ibn al-Haysam ko‘rish haqidagi qadimgi “ko‘z nur chiqaradi” nazariyasini rad etadi va ko‘rish jismlardan ko‘zga tushgan yorug‘lik orqali sodir bo‘lishini tajribada ko‘rsatadi. U camera obscura tajribasi orqali tasvir qanday hosil bo‘lishini tushuntiradi, yorug‘lik to‘g‘ri chiziqda tarqalishini ko‘rsatadi, aks etish va sinish qonunlarini tahlil qiladi. U ko‘rish jarayonining faqat optik emas, balki neyropsixologik hodisa ekanini ko‘rsatadi: sezgi miya tomonidan qayta ishlanadi, shuning uchun idrok subyektiv komponentga ega ekanligini namoyon qiladi. Ibn al-Haysam mexanik analogiyalar orqali fizik jarayonlarni tushuntiradi: masalan, nurning sinishini toshning sirtga urilishi bilan qiyoslaydi, faqat tik tushgan zarba sirtni teshib o‘tishini ko‘rsatib, nega faqat ma’lum yo‘nalishdagi nurlar sezilishini izohlaydi. Uning mashhur matematik muammosi — Alhazen masalasi — sferik oynada aks etgan nur qaysi nuqtada ko‘zga tushishini aniqlash masalasidir. Bu masala to‘rtinchi darajali tenglamaga olib keladi va uni faqat XX asr matematiklari algebra yo‘li bilan yecha olgan. Falsafada u bilish nazariyasi (epistemologiyasini) tajribaga bog'lab bergan. Unga ko‘ra, haqiqat aqlning ichida tug‘ilmaydi, balki tajriba orqali aqlga kiradi. Shuning uchun u Aristotelning “bilim sezgidan boshlanadi” degan g‘oyasini qabul qiladi, lekin uni matematik va tajribaviy tekshiruv bilan mustahkamlaydi. Ibn al-Haysam ilmiy axloqni ham shakllantiradi. U shunday deydi: “Haqiqatni izlovchi odam o‘qigan narsasiga dushman bo‘lishi kerak.” Bu ilmda rostgo'ylik va halollikning ahamiyatini namoyon qiladi. U nafaqat optikada, balki astronomiyada ham Ptolemeyni tanqid qiladi, uning matematik modellari fizik jihatdan mantiqsiz ekanini ko‘rsatadi. Biroq u tizimni butunlay inkor etmaydi, balki uni takomillashtirishga urinadi. Uning merosi Yevropaga lotincha tarjimalar orqali tarqalib, Keplerning retinal tasvir nazariyasiga, Nyutonning optikasiga, Dekartning analitik geometriyasiga bilvosita ta’sir ko‘rsatadi. Ibn al-Haysam. Yorug'likni o'rgangan, insoniyat tafakkurini yoritgan olim. @ufq_horizon
📌 Nosiruddin Tusiy ⌛️ Muhammad ibn Muhammad ibn al-Hasan al-Tusiy (1201-1274) yoki Nosiruddin Tusiy – fors olimi, me’mor, faylasuf, fizik va faqih. ➡️Trigonometriya faniga tamal toshini qo’ygan (ya’ni alohida fan sifatida ajratgan) deb hisoblanadi. Ibn…
Ibn Zuhr — musulmon ilmida empirik burilish timsoli Abu Marvon Abdulmalik Ibn Zuhr (1094–1162) — Andalusiyada, Sevilyada tug‘ilgan tabib va jarroh. U Ibn Rushd va Ibn Tufaylning zamondoshi bo‘lib, o‘z davrida eng yetuk shifokorlardan biri sifatida tanilgan. Ibn Zuhr elita ilmiy muhitda voyaga yetgan: otasi Sevilya amiri al-Mo‘tamid saroyida tabib bo‘lgan, keyinchalik Yusuf ibn Tashfin davrida vazirlik qilgan. Ibn Zuhr avval diniy ilmlarni o‘rgangan, so‘ng otasi qo‘lida tibbiyot tahsilini olgan. Otasi uni Galen va Gippokrat merosi bilan tanishtirgan va yoshligidayoq Gippokrat qasamini ichirgan. Bu holat uning ilmga axloqiy va metodologik mas’uliyat sifatida qarashini shakllantirgan. Saroy tabibi sifatida faoliyat boshlagan Ibn Zuhr keyinchalik hukmdor Ali ibn Yusuf ibn Tashfin bilan kelishmovchilik sabab Marrakeshda zindonband qilinadi. Yetti yildan so‘ng Muvahhidlar Sevilyani egallagach, u vatanga qaytadi va xalifa Abdulmo’min davrida yana yuqori mavqega ega bo‘ladi. Ibn Zuhr qat’iy empirik va ratsionalist pozitsiyada turgan. U tibbiyotga astrologiya, mistitsizm va soxta tabobatni aralashtirishga ochiq qarshi bo‘lgan. Ba’zi masalalarda Ibn Sino bilan kelishmagan va unga raddiyalar yozgan. Bu musulmon ilmiy muhitida ichki tanqid va metodologik bahslar mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi. U jarrohlik amaliyotlarini odamda qo‘llashdan oldin hayvonlarda sinagan birinchi tabib sifatida tanilgan. Mashhur tajribasida echkida traxeostomiya operatsiyasini bajarib, natijani kuzatgan va shundan keyin bu amaliyotni klinik jihatdan asoslagan. Ibn Zuhr bezoar toshlarni tibbiy obyekt sifatida ilk bor tavsiflagan. Shuningdek, parazitlar va ular keltirib chiqaradigan kasalliklarni tizimli ravishda o‘rgangan va ilk bora atroflicha tavsiflagan. U sog‘lom turmush tarzi, parhez va muvozanatli hayot rejimini tibbiyotning markaziga qo‘ygan. Uning asosiy asari — “Al-Taysir fil mudāvāt val-tadbīr” (“Davolash va dietani soddalashtirish”) — Yevropaga tarjima qilinib, XVIII asrgacha qo‘llanilgan.
Unutilgan tabib: Ibn Nafis Unutilgan tabib: Ibn Nafis
без подписи
без подписи