Xotiralar
Статистика- Последний пост
- 14 авг.
- Последнее чтение
- 15 авг.
- Постов за неделю
- 1
- Всего постов
- 21
- Тип
- открытый
- Язык
- und
- Категория
- Новости и СМИ (по похожим)
- В каталоге с
- 13 авг.
- 1/24сутки в ленте
- 326
- 1/48двое суток
- 373
- 1/72трое суток
- 402
Оценка по просмотрам недавних постов: пост набирает почти всё за первые сутки.
Посты
142-xotira : "Zolimlar qamchisi" Alloh taolo Solih alayhissalomning qavmiga aytgan soʻzini zikr qiladi: "Sizlar bu yerdagi narsalar (neʼmatlar)ichida omonlikda tashlab qoʻyilasizmi?!" (Shuaro.147) Yaʼni Inson bu dunyoga xotirjamlik uchun kelmagan. Albatta bu dunyoda har qanday neʼmatni tugashi, loyqalanishi bor. "Har qanday ajalning belgilangan vaqti bor" (Ra'd.38) Inson xotirjam boʻlsinki bu dunyoda xotirjamlik yoʻq.. Baʼzan bunga gunohlar sabab boʻladi. Ibnul Javziy rohimahulloh aytadilar: "Agar har qanday holatda loyqalikni koʻrsang yo shukri qilinmagan neʼmatni esla, yoki qilingan biror xatolikni esla. Chunki Alloh taolo aytadi: "Alloh biror qavmdagi narsa(holat)ni (yaxshilikdan yomonlikka yoki yomonlikdan yaxshilikka) oʻzgartirmaydi toki ular oʻzlaridagi narsa(yaxshilik yoki yomonlik)ni o'zgartirmagunlaricha" (Ra'd.11) (Soydul-xotir) Bunga qoʻshimcha qiyomat yaqinlashar ekan holat borgan sari qiyinlashaveradi. Zubayr ibn Adiy aytadi : Biz Anas ibn Molik oldiga kelib Hajjojning zulmlaridan unga shikoyat qildik. Shunda u dedi : Sabr qilinglar. Men Nabiyingiz sollallohu alayhi va sallamdan eshitganman : "Biror zamon kelmaydi magar undan keyingisi undan-da yomonroq boʻlib keladi. To Robbinglarga yoʻliqquningizga qadar shunday" (Buxoriy) Albatta bunda Allohning (vaqtlar oʻtib ayon boʻladigan) tadbirlari boʻladi. "Alloh oʻzining ishida gʻolibdir. Va lekin odamlarning koʻpchiligi bilmaydilar" (Yusuf.21) Allohning oʻz ishida gʻolibligi zolimlar qoʻlida oʻzining dinini tarqatishida namoyon boʻladi. Muso alayhissalomni Misrdan qochib Madyanga ketishlarini ham zolim firʼavn qoʻli orqali qildi. Yusuf alayhissalomni otasining bagʻridan chiqarib Misrga borishini, u yerning azizi boʻlishini ham hasadgoʻy akalarining qoʻli bilan qildi. Moʻminlarni haydaydigan, ularni qoʻrqitadigan zolim qamchisi bulutlarni haydaydigan chaqmoq va momaqaldiroq misolida koʻrinadi. Bulutlar momaqaldiroq bilan qamchilanmasa yomgʻir yogʻib oʻlik yer tirilmagani kabi tolibi ilm ham baʼzan zolimlar qamchisini yemaguncha bir joyda tomir otib (xotirjam)oʻtirib qolib ilmini oʻlik qalblarga yog'dirmaydi. Shuning uchun Alloh bu ikki holatni bir-biriga bogʻlab zikr qilgan. (A'rof surasi 56,57,58,59-oyatlarga qaralsin) Alloh taolo suvni bugʻ holatida osmonga koʻtarib bulutga aylangach shamollar orqali uni oʻlik yerlarga haydaydi. Shunga oʻxshash ilmni koʻtargan kishilarni bir oʻlkadan (oʻziga kerakli) ilmni olgach zolimlar qoʻli orqali koʻtarib ularni jaholat bilan qaxshagan oʻlkalarga olib borib sugʻoradi. Baʼzan ilm oʻtirishda emas qamalish va haydalishdan olinadi. Oʻnlab yil oʻtirib oʻqilgan kitobdan bir necha oy qamalish, sarson sargardonlikdan olingan "dars" foydaliroq boʻladi. Shuning uchun "Unga taʼlim berishimiz uchun" (Yusuf.21) deb Misrga olib borilgan Yusuf alayhissalomni Alloh u yerda bir necha yillab (shayxlar huzuriga emas) qamoqqa tashlab qoʻydi. Chunki kishiga eng yaxshi murabbiy qamoqdir. Aks holda mol dunyoda "orzu havaslar uzunligi" boʻlgani kabi ilmda ilmda ham boʻladi. Nafsga eng begʻam, betashvish hayot "toliblik hayoti" boʻlib koʻrinadi. Qirqqa kirgunicha otasi, qirqdan keyin esa bolasi uni boqib "tolibi ilm" boʻlib bu dunyodan osongina oʻtib olish hammaga yoqadi. Shuning uchun hammani saralaydigan zot bu yoʻldagilarni elakdan oʻtkazmay qoʻymaydi. Alloh taolo aytadi: "Alloh iflosni pokdan ayirmaguncha moʻminlarni sizlar boʻlgan mana shu holatda (hammani oʻz holicha imtihonlarsiz) tashlab qoʻyguvchi emas. Va Alloh sizlarni gʻaybdan xabardor ham qilmas" (Oli Imron.179) (Anfol.37) Agar ilm olish faqat bir joyda oʻtirish, biror shayxni etagidan tutib yurish bilan boʻlganida, Alloh Musoni Xizrdan (alayhimassalam)ayırmas, Xizr u kishini haydab yubormas edi. Zero koʻp narsani oʻrganish kerakligini anglab yetish ham ilmdir. Baʼzan butun xalq sarson qilinishidan Allohning murodi bir kishida boʻlishi ham mumkin. Zero bir Muso tugʻilishi uchun minglab bollar qatl qilindi. Chunki inson yaratilishi qonuni oʻzi shunday boʻlib, bir inson tugʻilishi uchun million qurbon beriladi. Baʼzan koʻcha kuyda vaqtni zoyi qilib oʻynab yurmay uyda oʻtirishga qadariy buyruq tarzida bunday holatlar taqdir qilinishi ham mumkin. Alloh taolo aytadi : "Biz Muso va uning akasiga vahiy qilib dedik : Qavmingiz uchun Misrda uylar tayyorlang. Va uyinglarni qibla (masjid)qilinglar va namozni qoim qilinglar va mo‘minlarga xushxabar bering!" (Yunus.87) ⬇️⬇️⬇️ @xovatiri @daraxtimiz
141-xotira : "Sarmoya" Bir kishi bozorda muz sotar ekan. Muzi erib ketavergach odamlarga debdi : "Sarmoyasi erib ketayotgan kishiga rahm qilinglar" Yaʼni, muz erib uning har bir tomchisi yerga toʻkilar ekan sotuvchining sarmoyasi erib ketayotgan boʻladi. Muzning hajmi, vazni kamaygan sari u zararga kirib boraveradi. Ibnul Javziy rohimahulloh salaflardan biridan bu voqeani naql qilib aytadi: "Men asr surasini yigirma yil oʻqib uning maʼnosini haqiqiy (his qilib) tushunmagan ekanman. Oxiri bozorda muz sotib odamlarni rahmini keltirish uchun "sarmoyasi erib ketayotgan kishiga rahm qilinglar" deb qichqirib yurgan kishini eshitib shunda asr surasini tushundim. Unda inson zotini ziyonda ekaniga Alloh qasam ichgan. Bundan faqat toʻrt sifat sohiblarini (Iymon , solih amal, haqqa chaqirish, sabrga chaqirishni) istisno qilgan" (Mudhish kitobidan) Hakimlar odamlarning zohir dardlaridan botin dardlariga ishora oladilar. Jumladan ushbu voqeada ham muzchi oʻzining zohir dardi (muzi erib ketayotgani)ga gʻam qilar ekan, hakim bundan botin maʼnoni koʻra oldi. Alloh taolo asr(ya'ni vaqt)ga qasam ichar ekan bu insonning asosiy sarmoyasi ekaniga ishora bergan. Uning har bir lahzasi oʻtar ekan (qumsoat kabi) sening umr sarmoyang erib toʻkilib tushayotgan boʻladi. Magar vaqtini asr surasida zikr qilingan toʻrt sifat bilan oʻtkazgan kishigina "muzini" saqlab qolgan boʻladi. Shuning uchun Qurʼonda 35 oʻrinda Alloh qiyomatni "soat" deb zikr qilgan. Rosululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Kishi qiyomatda umrini nimada oʻtkazgani, yoshligini nimada chiritganidan.... so'ralmaguncha qadami joyidan jilmaydi" (Termiziy) Bir kishi qizi vafot etganda uni tushida koʻrib soʻrabdi: "Ey qizim bizga oxirat haqida gapir" Qizi aytibdi : "Ey ota ! Biz daxshatli ishlarga yoʻliqdik. Uni bilar lekin amal qilmas edik. Allohga qasam bir dona tasbeh dunyo va undagi barcha narsadan yaxshi ekan" Dunyoda hech kim uning uchun vaqtingni zoyi qilishinga arzimaydi. Abu Hurayra roziyallohu anhu biror kishi bilan oʻtirib qolsa aytar ekan : "Allohim bizni ham uni ham kechir. Va bizni undan xalos qil !" (G'izaul-albab) Hammod ibn Salama rohimahulloh biror kishi uning vaqtini olsa aytar ekan : "Robbimiz ! Bizdan azobni koʻtar zero biz moʻminmiz" (Duxon.12) Aisha roziyallohu anho aytadilar : "Ogʻir oyoqlarni (vaqtni oluvchilarni) yomonligidan Alloh ham ularga chidamagani senga kifoya. Zero paygʻambar uyida oʻtirib qolganlarga Qurʼonda tanbeh nozil qilib "Taomlangach tarqaling" dedi. (Ahzob.53) Sufyon ibn Uyayna rohimahulloh aytadilar: "Men Ayyub assixtiyoniyga dedim: Nega siz Tovusdan (tobein) hadis rivoyat qilmadingiz?" U dedi : "Chunki men uning oldiga borsam u ikki bekor kasal oʻrtasida oʻtirgan ekan !" (Bahjatul-majalis) Alloma ibnul Manzur rohimahulloh oʻzini ham odamlarni ham vaqtini tejash uchun koʻp kitoblarni "Muxtasar" qilib qisqartirish bilan tanilgan. Shuning uchun u kishini "Muxtasarlar sohibi" deb taʼriflanadi. U kishi shu darajada hamma narsani qisqartirganidan uning oʻgʻli bir kuni koʻchada baland boʻyli kishini koʻrib aytgan ekan : "Agar dadam sizni koʻrsa qisqartirib qoʻyar edi !" Bir adibdan soʻrashibdi: "Koʻzimdan yoʻqol" soʻzini odobliroq koʻrinishini aytsangiz ?! U javob beribdi : "Sen goʻyo quyoshdek porlaysan. Lekin botishingda yana ham chiroyli koʻrinasan !" Vaqtning ahamiyatiga ishora qilib Alloh Qurʼonda uning turli qismlari bilan (asr, zuho, fajr) qasam ichdi Alloh taolo aytadi: "Asrga qasam. Albatta inson zoti ziyonda. Magar iymon keltirgan va solih amal qilgan va bir birini haqqa chaqirgan va sabrga chaqirganlar bundan mustasnodir" (Asr surasi, Zuho.1, Fajr.1) ⬇️⬇️⬇️ @xovatiri @daraxtimiz
140-xotira : "Savollarga munosib javoblar" Bir kishi A'sho rohimahullohga dedi : "Kecha qanday dam oldingiz ?" (Yaxshimi maʼnosida soʻradi) Shunda u kishi uyidan buyra va yostiq olib chiqib yerga toʻshadi. Soʻng unga yotdi-da "Mana shunaqa dam oldim" dedi. Buning sababi ularda mulozamat yoʻqligi va koʻp gapni yomon koʻrishlaridan edi. Chunki koʻpchilik bilan muloqot qiladigan kishilardan hol ahvol soʻrash ularni kayfiyatini koʻtarish oʻrniga asabini buzadi. Baʼzan savolga soʻz bilan emas holat bilan javob beriladi. Bir yili Ramazon oyi koʻrilgani shak boʻlib qoldi. Hamma A'mash rohimahullohga kelib "Bugun ramazonmi" deb soʻrar edi. U kishi soʻrovchilar koʻpligidan oldiga anor qoʻyib olgan ekan. Har qachon oldiga birov kelaversa anordan bir dona yeb qoʻyar, soʻrovchi esa bugun roʻza emasligini bilib qaytib ketar ekan. Buning ham asosi Rosululloh sollallohu alayhi va sallam sunnatlarida kelgan. Makka fathi yili Ramazonda safar va jihod sabab Rosululloh roʻza tutmaganlar. Odamlarga ham buni targʻib qilib hammaning oldida tuyada turgan holda suv ichar edilar. (Buxoriy rivoyati) Yana bir kishi Sha'biy rohimahullohdan "İblisning xotinining ismi nima ?" deb soʻradi. U kishi aytdilar: "Biz bu toʻyda ishtirok etmaganmiz" Yana bir kishi masala soʻraganda "Bilmayman" dedilar. Soʻrovchi "Bilmayman deb o'tiraverishga uyalmaysizmi?" dedi. U kishi aytdilar: "Farishtalar ham bilmagan vaqti "Sen bildirmasang bizda ilm yoʻq" (Baqara.32, Moida.109) deyishga uyalmagan" Yana bir kuni Sha'biy rohimahulloh xotini bilan oʻtirgan vaqt bir odam kelib dedi : "Qaysingiz Sha'biy boʻladi?" U kishi xotinini koʻrsatib "Mana bu !" dedi. U odam dedi : "Alloh sizni isloh qilsin ! Ayting-chi bir kishi ramazonning avvalgi kuni meni so'ksa, unga ajr boʻladimi? Sha'biy aytdi : "Agar seni "Ey Ahmoq" deb so'kkan boʻlsa men unga ajr umid qilaman!" (Chunki erkak bilan ayolni, ajr bilan gunohni farqiga bormagan odamni ahmoq deyiladi) Ibnul Mudabbir degan kishi Abul Ayno degan kishiga bir xachir berishni vaʼda qildi. Keyin bir kun uni yoʻlda piyoda ketayotganini koʻrib qolib, "Qanday tong ottirding Abul-Ayno" dedi. U aytgan ekan: "Xachirsiz tong ottirdim!" Shunda u vaʼdasini eslab unga xachir bergan ekan. Demak, vaʼda bergan kishiga nisbatan eng yaxshisi xol ahvol soʻrash emas vaʼdasini bajarishdir. Unga chiroyli tabriklar, xushomadlardan koʻra vaʼdasini bajarishi suyukliroq boʻlar ekan. Bir kishi sevgilisiga chiroyli gaplar tanlab "Qaniydi menga Sulaymon alayhissalom mulkidan nasiba berilsa, bir guruh jinlarni yuborib seni olib keltirar edim!" Debdi. Shunda u ayol aytgan ekan : "Alloh rahm qilgur, undan koʻra ahlingdan bir guruh kishilarni sovchi qilib yubor !" Bir kishi bir olim kasal boʻlganda uni koʻrgani boribdi. Uning huzurida uzoq oʻtirib qolgach uzoq jim jitlikdan keyin "Shayx endi menga nasihat qiling!" debdi. Shayx unga aytgan ekan : "Senga nasihatim kasal koʻrgani borsang uning oldida uzoq oʻtirib qolma!" Yana bir olimning oyogʻi singan da hamma uning oldiga kirib "Nima boʻldi oʻzi? Qanday sindi?" deb soʻrayvergandan oxiri boʻlib oʻtgan voqeani bir varaqqa yozib kim uni koʻrgani kirsa unga oʻsha varaqni tutkazar ekan... Bir kuni A'sho rohimahulloh kasal boʻlibdi. Odamlar uning ziyoratiga kirib hech turay demasmish. Shunda u koʻrpa yostigʻini koʻtarib "Mana kasalinglar ham tuzalib ketdi" degan ekan.. Bir kishi A'mash rohimahullohni kasalligida koʻrgani kelibdi. Oldida uzoq oʻtirib qolgach u kishi debdi : "Bu kasalligizni eng ogʻir oʻtgan kuni qaysi kun boʻldi?" U kishi aytibdi : "Sen oldimga kirgan kun boʻldi!" Yana bir olimdan soʻrashibdi: "Sizni dadangiz soqolli kishi edi, nega sizni soqolingiz yoʻq?" U aytibdi : "Chunki men onamga oʻxshaganman!" Bir olimdan soʻrashibdi: "Ayollar atirgul boʻlsa, erkaklar nima unda ?!" U aytgan ekan : "Guldan gulga qoʻnib yuradigan ari !" Alloh taolo aytadi: "U dedi : Agar menga ergashadigan boʻlsang to men oʻzim senga undan eslatma paydo qilmagunimcha mendan hech narsa haqida soʻrama" (Kahf.70,76, Moida.101, Ahzob.53) ⬇️⬇️⬇️ @xovatiri @daraxtimiz
139-xotira: "Yaxshilik nisbiyligi" Bir kuni xalifa Mutavakkil chumchuq ovlayman deb unga tegira olmay uchib ketibdi. Shunda uning yonida turgan ibn Hamdon "Ahsanta" (Zoʻr qildiz) debdi. Xalifa aytibdi "Meni masxaralayapsanmi? Nimani zoʻr qildim?!" U debdi : "Chumchuqqa yaxshilikni zoʻr qildingiz!" Qissadan hissa hayotda yaxshilik nisbiydir. Sen oʻzinga nisbatan yaxshilikka erisha olmagan koʻringan paytingda sening oʻrninga kimdir oʻsha yaxshilikka erishgan. Shu eʼtibordan niyatingni toʻgʻri qilsang sen unga "Ahsanta" (yaxshilik qilgan) boʻlasan. Biror tavarni arzonga sotib olishing imkoni borida olmasang qimmatlab ketsa, kimgadir (uni olganga yoki qimmatga sotayotkanga) "yaxshilik qilibsan". Biror ayolga uylana olmasang unga uylangan kishiga "yaxshilik qilibsan" Hatto xotiningni taloq qilsang baʼzan unga va baʼzan sendan keyin unga uylanadiganga "yaxshilik qilibsan". Biror mansabga erisha olmasang unga erishganga "yaxshilik qilibsan" Oving baroridan kelmasa oʻljaga "yaxshilik qilibsan" Yaxshilikni har kim oʻzigina unga erishishi emas, mutlaq tarzda voqelikda mavjud boʻlishi muhim. Shuning uchun Alloh taolo aytadi: "Orangizda fazilatni unutmang" (Baqara.237) (Oʻzingizni emas, orangizda dedi) Baʼzan birovga deb qilingan yaxshilik oʻzingga ham yaxshilik boʻladi. Chetdan qaragan kishi "senga buning nima foydasi bor" deyishi mumkin. Lekin uning nafi bir jihatlardan oʻzingga ham qaytadi. Bir kishi qorongʻu kechada bir qoʻlida koʻzada suv bir qoʻlida chiroq koʻtarib kelayotgan koʻzi koʻr kishini uchratib qolibdi. Unga qarab "Sizni koʻzingiz koʻr, tun va kun sizga bir xil boʻlsa, qiynalib chiroqni nega koʻtarib yuribsiz ?!" U aytibdi: "Qorongʻuda senga oʻxshagan koʻzi ochiqlar menga urilib ketib ko'zamni sindirmasligi uchun !" Baʼzan yaxshilikni sen qilasan, uning madhi boshqaga ketadi. Lekin haqiqiy yaxshilik sohibi uni yaxshilashga (maqtashga) muhtoj boʻlmagan kishidir. Bir kishidan soʻrashibdi: "Quyoshning foydasi koʻproqmi oynikimi?" U aytibdi "Oyniki albatta! Chunki quyosh kunduzi, hamma joy yorugʻ vaqti chiqadi.Oy esa hamma joy qop qorongʻu vaqti chiqib yoʻllarni yoritib turadi !" Baʼzi odamlar birovning fazlini oʻlchash mezoni ham shunga oʻxshaydi. Ular kim kimning soyasida ekaniga emas zohir koʻrinib turgan holatga hukm qoʻyishadi. Alloh uchun ish qilayotgan kishi esa sahnada yoki sahna ortida turishining unga ahamiyati yoʻq. Shuning uchun Xizr qizgʻanchiqlar shahrida yiqilayotgan devorni tiklab qoʻyar ekan ular buni bilmasa ham, unga rahmat aytmasa ham bu ishni qildi. Muso alayhissalom bunga fikr bildirib "Bunga haq olsangiz boʻlar edi" deganda "Bu men va sening ayrilishimiz" deb javob berdi. Chunki quyoshning soyasidagi oyni maqtashlari quyoshga zarar bermagani kabi Alloh uchun ish qiladigan kishini maqtalmasligi unga zarari yoʻq. Shuningdek oyga maqtov aytilsa bundan quyoshning alami kelib nur sochishdan toʻxtab qolmaydi. Xizr miskinlarning kemasini teshib qoʻyganda ham ular najotlarini "kemaning teshilib qolishida" deb oʻylaganlar. Lekin aslida najot sababi "teshilgan kema" emas "kemani teshuvchisida" edi. Shunga oʻxshash hayotda qancha "kemasi gʻarq boʻlayotganlar" borki Alloh ularga solihlarni sabab qilib najot beradi. Ammo ular esa buning sababini "kemaning teshilib qolishiga" nisbat beradilar. Hayotda odamlarning eng baxtlisi esa odamlarni baxtli qilganidir. Alloh taolo aytadi: "Agar yaxshilik qilsangiz oʻzingiz uchun yaxshilik qilibsiz. Va agar yomonlik qilsangiz ham oʻzingizga" (Isro.7) ⬇️⬇️⬇️ @xovatiri @daraxtimiz
138-xotira: "Butalash davri" İbn taymiyya rohimahulloh aytadilar: "Allohning sunnatlaridan biri agar u dinini yoyishni istasa unga muoriz (muxolif)larni chiqaradi. Keyin oʻz kalimalari bilan haqni haq qiladi, haqni botil ustiga otadi, u botilni majag'lab tashlaydi. Qarabsanki u yoʻqolib ketadi" (Majmuul fatava) Tabiat nizomida har qanday "oʻsish kesishdan" rivojlanadi. Daraxtni qancha shoxlari kesilsa bu uning koʻtarilishini shuncha tezlatadi. Koʻrinishidan kesishga "essiz" deysan lekin, oʻsish uchun kesish lozimdir. İlm va da'vat daraxti ham shunday. Uning oʻsishi uchun butalab turilishi (kesilishi)lozimdir. Bunga esa (oʻzi sezmagan holda) da'vatga muxoliflar xizmatkor boʻladi. Alloh taolo aytadi: "Ana shu tarzda barcha paygʻambarga jinoyatchilardan iborat dushmanlar qilib qoʻydik. Robbing hidoyatovchi va yordamchilikda kifoyadir" (Furqon.31, An'om.112) Da'vat yoʻli aslida (xoh haq xoh botil tarafdan) "kallalar kesilishi" bilan tarqaladi. Da'vat daraxtining oʻsishiga kerakli oʻgʻit aslida odamlar(botil ahlining va bu kurashda haq ahlining)qonidir. Agar bu oʻgʻit daraxtga quyilmasa unda uning oʻsishi uchun oʻzining shoxlari kesilishi kerak. Kesilgan shoxlar oʻrniga esa yangi shoxlar o'saveradi. Alloh taolo aytadi: "Biz qanday oyatni bekor qilsak yoki uni unittirsak undan yaxshisini yoki mislini keltiramiz. Bilmaysanmi Alloh barcha narsaga qodirdir" (Baqara.106) Davat haqligi va tarqalayotganining alomati ham unga kurash(uni chopishga urinish)borligidadir. Bazi johillar aytganidek agar bu yoʻl kofirlarning manfa'atlariga xizmat qilayotgan boʻlsa, nega kofirlar oʻz manfa'atlarini oʻzlari kesadilar ? Agar saroy ahli dushmanlarga zarba berayotgan boʻlsalar, nega ularning gʻiybatxonalari yillar davomida internet tarmogʻidan oʻchirib yuborilmaydi ? Da'vatni botilga xizmatda ayblovchilarga unga qaratilgan bunday hujumlar dunyoda ham oxiratda ham qarshi hujjatdir. Alloh taolo aytadi: "Aks holda botilga chiqaruvchilar shaklanib qolar edilar" (Ankabut.48) Ammo da'vatga javob qilgan kishilarga buning foydasi esa uning yoʻqolishidan qoʻrqib unga harisliklari ortishidadir. Oldingdan oqqan suvning qadri yoʻq boʻlganidek, kishining istagan vaqti istagan ilmiga yetishi imkoni borligi unga ilmni qadrini qoldirmaydi. Shunda baʼzan uning tortib qoʻyilishi tanqislik vujudga kelishi qadrini oshiradi. Kishi jasadining qayerida qanday aʼzosi borligini oʻsha aʼzo shikastlansagina payqaydi. Yuragi sanchimagan kishi yurak qayerdaligini ham bilmaydi. O't pufagi ishdan chiqmagan kishi jasadida o't pufagi deb nomlangan a'zosi borligini ham bilmaydi. Shunga oʻxshash qancha odamlar qayerda qanday dars borligidan haligacha gʻaflatda. Ularga bu yoʻqotishgina oʻsha neʼmatni eslatib yuboradi. Odamlar rizqida ham qarasang bir yil pamidor, piyozlar moʻl koʻl boʻlib hatto odamlar uni axlatga tashlasa, keyingi yil albatta oʻsha ekinlar tanqis boʻlib qimmatlik vujudga keladi va odamlar uni koʻziga surtib oladi. Shuningdek da'vatga ishtirok etgan kishilar sinalishi, saralanishi uchun ham bunday "elakdan oʻtkazish" jarayoni taqdir qilinadi. Kimdir shaxsga, kimdir chiroyli gaplarga, kimdir oʻzining gazagiga dori boʻlgan gaplarga mahliyo boʻlib da'vat safiga qoʻshilib oladi. Alloh esa oʻzining yuzi uchun boʻlganidan boshqasini istamaydi. Alloh taolo aytadi: "Alloh iflosni pokdan ayirmaguncha moʻminlarni sizlar boʻlgan mana shu holatda (hammani oʻz holicha imtihonlarsiz) tashlab qoʻyguvchi emas. Va Alloh sizlarni gʻaybdan xabardor ham qilmas" (Oli Imron.179) (Anfol.37) Da'vat qiluvchiga esa qolgani ham ketgani ham barobar. Zero bemorlar tuzalishsa ham oʻlishsa ham shifoxonadan ketishadi. U yerda qoladigan esa oxir oqibat tabibning oʻzidir. Alloh taolo aytadi: "Bas sening zimmangdagisi yetkazish, bizning zimmamizdagi esa hisob qilishdir" (Ra'd.40) Ammo oʻchirilgan da'vatlar esa odamlar qoʻlida oʻchsada Alloh huzuridagi kitobda boqiydir. Alloh taolo aytadi: "Alloh xohlaganini oʻchiradi xohlaganini qoldiradi. Va ona kitob uning huzuridadir" (Ra'd.39) ⬇️⬇️⬇️ @xovatiri @daraxtimiz
137-xotira : "Hamma hammaga loyiq" Bir miskin bir odamdan narsa so'rasa u odam "meni beradigan narsam yo'q" deb javob qilibdi. Shunda miskin debdi : "O'zlarining ehtiyojlari bo'lsa da birovga ravo ko'radiganlar" (Hashr.9) qani ?! U odam javob beribdi: Ular "odamlardan yopishib narsa so'ramaydiganlar" (Baqara.273) bilan bu dunyodan o'tib ketgan ! Ya'ni, odamlar o'tmishdagi zotlarni birovga o'rnak qilishga usta. Lekin o'zlari o'sha zotlarga munosibmizmi ? Deb o'ylab ham ko'rmaydi. Qissadagi miskin o'tmishdagi saxovatli kishilarni misol qilar ekan, o'zim o'tmishdagi iffatli miskinlarga o'xshayapmanmi? Deb o'ylab ham ko'rmadi. O'tmishda boylar saxiyligiga yarasha miskinlar ham iffatli edi. Qachon miskinlardan iffat ketgach boylardan ham saxovat ketdi. (Yoki aksini aytish ham mumkin) Qissadan hissa "Hamma hammaga loyiq". Bunga boshqa misollar keltirish ham mumkin. 1-Ilmda: Odamlar "Rosululloh alayhissalam savol so'ragan kishiga yumshoq bo'lganlar" deydi. Vaholanki Rosululloh ko'p savol berishni yomon ko'rar edilar. Shuning uchun sahobalar biror johil a'robiy kelib so'rashini kutib o'tirishar edilar. Demak javob beruvchining qo'polligi odamlarning bo'lar bo'lmas savolidagi befarosatligi muqobilida keladi. Bir kishi Shabiy rohimahullohdan so'radi: "Daryoda cho'milsam yuzimni qiblaga qarataymi yo boshqa joygami?" U kishi javob berdi: "Kiyiming turgan joyga qarat,aks holda o'g'irlab ketishib yalang'och qolasan !" 2- Oilada : Ayollar Rosululloh yoki sahobalardek er istaydi.Bu dunyoda taqvodor rijollar qoldimi ? Deydi. Lekin o'zining iymoni uning ustiga bir kundosh kelishiga dosh bera olmasligiga qaramaydi. Erkaklar ham ayollardan ummul Mo'mininlar sifatlarini talab qiladi. Lekin o'zining iymoni bir xotin oldida ojizlik qilishiga qaramaydi. Ko'zi ojiz bir kishi bir ayolga uylangach ayoli unga maqtanib aytgan ekan: "Meni oqligim va go'zalligimni bir ko'rsangiz edi ..!" U aytgan ekan: "Agar sen aytganing kabi bo'lganingda ko'zi ko'radiganlar seni menga qoldirmas edi !" (Maqtanchoqlikka yarasha dilozorlik) Bir kuni Imron bn Hitton ayoli oldiga kirdi. Imron ko'rinishi xunuk kishi edi. Xotini esa chiroyli edi. U xotiniga tikilib juda ham chiroylisan deganda xotini unga aytgan ekan : Sen ham men ham jannatiy bo'lsak kerak.. U dedi "qayerdan bilasan?" Xotini dedi : "Chunki senga mendek ayol berildi shukr qilding. Menga esa sendek er berildi sabr qildim. Albatta barcha shukrli va sabrlilar jannatda" (Chiroy muqobilida befarosatlik va o'ziga bino qo'yish) 3-Hokim va mahkumlarda: Hokimlar mahkumlardan itoatni talab qiladi. Kim ularga qarshi chiqsa, unga Alini o'ldirgan xavorijni misol qilishadi. Lekin o'zlari Ali kabi adolat bilan hukm qilishi lozimligini unitadi. Mahkumlar ham hokimlardan Umarning adolatini talab qiladi. Lekin o'zlarining hayotlarida Umarning hayotidan asar ham ko'rinmaydi. Bir kuni Abu Navvosga bir shoir kelib dedi : "Suyinchi bering xalifa sizni voliy qilib tayinladi" U kishi dedi : "Qanday voliylikka?" U odam dedi : "Maymun va to'ng'izlarga qarashga" U kishi dedi : "Unda sen amrimni eshitib unga itoat qilishni boshlab ber!" (Istehzo muqobilida tarsaki javob) Bir ayol podshohga uning askarlari qo'ylarini o'g'irlab ketganidan shikoyat qilib kirdi. Podshoh unga dedi : "Sen uxlab yotmay qo'ylaringa qarashing kerak edi da !" Shunda u ayol aytgan ekan : "Men podshoh bizning g'amimizdan ko'ziga uyqu kelmay bedor yuradi debman da !" (Ma'suliyatni mas'ulga yuklash) 4-odamlar talablarida : Bir kishi bozorga eshak istab kirib tojirlarga qarab dedi : "Menga shunday eshak beringlarki haqir sanaladigan kichik ham bo'lmasin, ko'zga tashlanadigan yirik ham bo'lmasin, yemini kam bersam sabr qilsin, ko'p bersam shukr qilsin. Meni halokat o'rinlariga tiqmasin, devorlarga surib siqmasin. Yo'l bo'shasa yugirsin, izdihomda to'xtasin!" Shunda bir tojir unga aytgan ekan : "Sabr qilib tur, agar Alloh biror qozini eshakka aylantirib qo'ysa senga xabar qilamiz !" Alloh taolo aytadi: "Shu tarzda zolimlarni qilgan kasblari sabab ba'zilarini ba'zilari ustidan voliy qilamiz" (An'om.129) ⬇️⬇️⬇️ @xovatiri @daraxtimiz
136-xotira: "Oʻzgarish nuqtasi" Tabiatda moddalar quyuq , suyuq va gazsimon holatda uchraydi. Suv nol gradusda muzlab yuz gradusda qaynab gazsimon holatga koʻchadi. Boshqa moddalarning ham shu kabi oʻzgartiradigan maʼlum gradusi bor. Baʼzi moddalar ozgina ishqalanishdan alangalanishi mumkin, baʼzilari esa katta bosim va ogʻir zarba bilangina portlaydi. Bu qonun shu yer moddalaridan yaralgan insonda ham ishlaydi. Hammaning hayotida uni boshqa odamga aylantiruvchi "gradusi", portlash nuqtasi bor. Oʻsha temperatura uning "oʻzgarish nuqtasi" deyiladi. Unga yetish esa hammada har xil holatda koʻrinadi. Bunda asli kishining tuprogʻi qayerdan olinganini, unga atrof muhitdan yana nima moddalar aralashib ketganini ham ahamiyati bor. Tabiatdagi moddalar qachon boshqa moddaga aylanishi, yonishi, portlashi faqat tajribalar bilan aniqlanadi. Shu kabi inson ham nimalarga qodirligi tajriba maydonida fosh boʻladi. Baʼzi moddalarni tozalash uchun shunchaki ustidan bir paqir suv quyish kifoya. Ammo zanglab ketgan baʼzi metallarni tozalash uchun pechga tiqmay iloji yoʻq.. (Ra'd.17-oyatida zikr qilingani kabi) Shunga oʻxshash baʼzi odamlar oʻzgarishi uchun oddiy hodisalar kifoya. Ammo zanglab ketgan qalblar esa musibat olovlari (baʼzan qabr yoki doʻzax olovi) bilan tozalanishi lozim. Ammo kofir esa uni doʻzax ham tozalay olmaydigan metalga aylanib ketgan. Shuning uchun u doʻzaxdan chiqmaydi. Kimningdir ishlari yurishmay qolishi uning oʻzgarish nuqtasi boʻladi. Kimdadir biror kitobni uchratib qolish, kimdadir oilaviy janjallar, kimdadir ota ona va yaqinlari olamdan oʻtishi, kimdadir safar qilish, kimdadir zulm koʻrish, kimdadir xilvat, kimdadir bir oyat yoki hikmat eshitib qolish (Fuzayl ibn iyoz kabi), kimdadir qirq yoshga toʻlish (Ahqof surasi 15-oyatida zikr qilingani kabi) oʻzgarish nuqtasi boʻlishi mumkin. Hadisda Mahdiy sifatida aytiladi : "Alloh uni bir kechada isloh qiladi" (Ibn Mojah) Demak bu uning oʻzgarish nuqtasi. Baʼzan kishi oʻzgarishi uchun (zanglab ketgan temirni tozalash kabi) uzoq vaqt uni musibatlar olovida toblash kerak boʻladi. Shuning uchun firʼavn hukmi ostida uzoq yashagan (zanglab ketgan) banu Isroilni qirq yil sahroda toblandi. (Moida.26) Baʼzan yegulik ham kishining oʻzgarishiga sabab boʻladi. Shuning uchun sarimsoq piyozxo'r banu Isroil Misrdan olib chiqilgach ularni "man va salvo" bilan oziqlantirildi. (Baqara.57, A'rof.160, Toha.80) Ular yana sarimsoq piyozni xohlab qolgach ularga yana eski "xorlik va miskinlik" solindi. (Baqara.61) Alloh taolo aytadi: "Bir qavm oʻzlaridagi narsani uzgartirmagunlaricha Alloh ulardagi narsani oʻzgartirmaydi" (Ra'd.11) Va baʼzan moddaning haqiqiy yoki soxtaligi uning tashqi omillar bilan oʻzgarib ketishiga qarab aniqlangani kabi, insonning soxta yoki haqiqiyligi ham unga beriladigan bosimlar bilan aniqlanadi. Shuning uchun Alloh Ibrohim alayhissalomni oʻtga otilishiga qoʻyib berdi, farzandini soʻyishga buyurdi. Hojarni esa bolasi chanqab oʻlar holigacha yetkazib sinadi. Lut alayhissalomni uyiga qavmi bosib kirgunicha qoʻyib berib sinadi. Banu Isroilni oldilarida dengiz ortlaridan firʼavn bilan qamalga olib sinadi. Ahzob jangida orqadan yahudlar oldindan mushriklar Madinani qamalga olishi bilan sinadi. Tabuk gʻazotida dushman quvvati va havo harorati bilan sinadi. Bularning barchasida haq va botil ajralib chiqdi. Alloh taolo aytadi: "Alloh iflosni pokdan ayirish uchun shunday qiladi" (Anfol.37) İnson jismi qoʻshimcha quvvat barpo qilishi uchun oʻzining odatiy toqatidan ortiq vazn koʻtarishi kerak. Shunda uning mushak toʻqimalari parchalanib jasad ularni yangilashga tushadi. Va avvalgidan quvvatliroq mushaklar paydo boʻladi. Buning uchun mushaklar oxirgi toqatigacha(boshqa chiday olmayman deguncha)yuk koʻtarishi kerak. Ruhiy quvvatni oshirish uchun ham kishi toqati yetmaydigandek koʻringan musibatlarga kirib "qalbini parchalashi" kerak boʻladi. Shunda bu musibatdan avvalgidanda kuchli boʻlib chiqadi. Alloh taolo aytadi: "Qasamki biz sizlarning xabarlaringizni(holatingizni) sinaymiz" (Muhammad.31) (Baqara.249,251) ⬇️⬇️⬇️ @xovatiri @daraxtimiz
135-xotira : "Futbol xotirasi" Futbol uni kuzatmagan kishiga zerikarli oʻyin. Lekin uning ortidan keladigan shon-sharaf, mol-dunyo va unga qaratilgan eʼtibor ortidan koʻpchilik unga "qiziqaman" deb oʻylaydi. Bunda futbol sharhlovchisining ham katta roli bor. İshonmasang futbolni sharhsiz ovozini oʻchirib tomosha qilib koʻr, uning hech qanday maʼnisi qolmaydi. Demak inson nimaga targʻib qilinsa oʻshanga qiziqib ketaveradi. Hatto oʻzi unda ishtirok etmasa ham (umrida futbol oʻynamaydigan ayollar kabi)unga haybarakalla qilaveradi. Va qiziqqan narsasi yoʻlida(unga hech naf keltirmasa ham)nazrlar qilib shu uchun muhim ishlarini ham toʻxtatadi. Baʼzan qiziqqan oʻyini uchun asabiylashib kasal boʻlib oʻzini oʻldiradi ham. Oʻyin vaqtida uning koʻziga na ayoli na bolalari koʻrinmaydi. Bular maʼlum va oʻz yoʻliga. Lekin bilginki sen dunyoda aslida ana shunday oʻyin(haq va botil kurashi)dasan. Dunyo maydoni futbol maydonidek. Unda insonlar ikki(haq va botil) jamoasiga boʻlingan. Haq va botil kurashini kuzatmagan kishiga bu oʻyin juda zerikarli, uning ensasini qotiradigan koʻrinadi. Shuning uchun ahli botil bu "oʻyinni" tomosha qilishdan, uni "sharhlovchilarini" eshitishdan, unga "muxlislik" qilib tarqatishdan, uni "moliyalashdan" qaytaradi.Ular doim haqni "ovozini oʻchirib" uni zerikarli "surat"ga aylantirishni istaydi. Futbolda ikki jamoadan himoyachi va hujumchilar boʻlganidek haq va botil kurashida ikki tarafdan ham kimdir himoyachi kimdir hujumchi. Futbolda uni tashkil qiluvchi orqa fondagi shaxsiyatlar, moliyalovchilar, murabbiylar bor. Shu kabi haq va botil kurashida ham orqa fonda uni tashkil qiluvchilar, ikki tarafni ham moliyalovchilar, ikki tarafni ham murabbiylari bor. Futbolda ikki tarafni ham baletchilari bor. Shu kabi haq va botil kurashida ham ikki tarafni muxlislari, olqishlovchilari bor. Ular oʻzlari unda bevosita ishtirok etmasalar ham lekin taraflarini koʻrsatib turadilar. Kimda kim seni "maydonga tushmasang nega muxlislik qilasan" deb ayblasa, umrida toʻp tepmasa ham "tepuvchiga" muxlislik qiluvchilarni, ularning gʻalabasiga pullarini tikuvchilarni misol qil.. Futbol orqali ikki jamoat ham oʻzining davlatini dunyoga tanitadi deyishadi. Hatto oʻyinda magʻlub boʻlsa ham, chempionatda ishtirok etish, kimsan falon jamoa bilan maydonga tushishning oʻzi "faxr" emish.. Shunga oʻxshash haq yoʻlida magʻlub boʻlsa ham dunyoning eng qudratli "jamoalari" bilan maydonga tushishning oʻzi faxr, va "islom millatini" dunyoga (tarixda tanitganidek) tanitishga kifoyadir. Bu oʻyinda ahli botil shaytonning bayrogʻini koʻtarib uning davlatini tanitsa, haq ahli Allohning bayrogʻini koʻtarib uning davlatini dunyoga tanitadi. Futbolda ikki taraf ham oʻzining jamoasiga gʻalaba soʻrab "duolar" qiladi. Lekin millionlab odam toʻplanib duo qilsa ham ularga "ol qulim" deb gʻalaba berilavermaydi. Shunga oʻxshash haq va botil kurashida gʻalaba va jannat quruq "duo" va "orzu havas" bilan erishilmaydi. Alloh taolo aytadi: "Sizning orzuyingiz bilan ham ahli kitoblarning orzusi bilan ham emas" (Niso.123) Futbolda umrida toʻp tepmagan, oʻzi oʻtirib olgan baʼzi shovvozlar yugurayotgan "oʻyinchini" holatini his qilmay uni haqoratlab unga aql oʻrgatadi. "Ur, tep, nega qoʻrqasan" deb qichqiradi. Shunga oʻxshash haq va botil kurashida ham baʼzilar umrida maydonga tushmay "falonchaga zarba ber, bunga raddiya qil" deb oʻyinchilarga aql oʻrgatadi.. Futbol "terma jamoa"dan tashkil topadi. U hech kimning mulki emas. Haq jamoat sifatida hadisda aytiladi : "Ular qabilalardan terma jamoatdir". (Termiziy) Futbolda ikki taraf oʻrtasida chiqqan nizolarga hakam chek qoʻyadi. Shu kabi haq va botil nizolariga oliy hakam qiyomat kuni chek qoʻyadi. Alloh taolo aytadi: "Alloh qiyomat kuni sizlar ixtilof qilgan narsalaringizda orangizda hukm qiladi" (Haj.69) (A'rof.87) Demak bugun oʻyin, ertaga sovrin.. Alloh taolo aytadi: "Dunyo hayoti faqat oʻyin va kulgidan boshqa narsa emas. Oxirat diyori taqvo qilgan kishilar uchun yaxshidir. Aqlinglarni ishlatmaysizlarmi?" (An'om.32) (Ankabut.64) (Muhammad.36) (Hadid.20) ⬇️⬇️⬇️ @xovatiri @daraxtimiz
134-xotira: "Xotirani ovlash" Xotirani ovlash hayvonni ovlashdek kishidan sabr va diqqat talab qiladi. Ovchi hayvonni kerakli vaqtda urishni bilmasa qaytib uni qoʻlga tushirishi qiyin boʻlganidek, xotira ovchisi ham uni vaqtida ovlamasa qaytib xayolga kelmasligi mumkin. Shofeʼiy rohimahulloh aytadilar: "Bilinglarki bu ilm tuya qochgandan ham tez qochib ketuvchidir. Shuning uchun unga kitobni qoʻra, qalamni esa choʻpon qilinglar" (Tarixi dimashq) Xotira ovi rizqdir. Rizq eshigi ochilganda uni zoyi qilish isrof boʻlganidek fikr eshigi ochilganda uni zoyi qilish ham isrofdir. Ali roziyallohu anhudan "sizlarda Qurʼondan boshqa biror kitob bormi?" Deb soʻralganda aytdilar : "Bizda Qurʼondan boshqa narsa yoʻq. Magar Alloh kishiga Qurʼonda beradigan fahm bor" (Buxoriy) Baʼzan xotira uxlashdan oldin ovlanadi: İmom Shofeʼiyning onasi aytadi: "U yotib tafakkur qilardi. Keyin "ey joriya! Chiroqni olib kel" deb yodiga kelganlarini yozib qoʻyardi. Shu tarzda bir kechada oʻttiz martalab unga chiroq yoqar edik. U kishining qizi Fotima aytadi: "Otamga bir kechada yetmish marta chiroq yoqqanman" (Hilyatul-avliyo) Baʼzan xotira namoz vaqti ovlanadi: Ismoil ibn Ayyosh rohimahulloh tunda namoz oʻqib toʻsatdan (nafl)namozini boʻlib soʻng yana qaytib kelib davom etardi. U kishidan buning sababini soʻralganda aytdi: "Namozda bir bobdagi hadis yodimga keladi. Shunda esimdan chiqib qolishidan qoʻrqib namozni buzib uni yozib kelib keyin yana davom ettiraman" (Tarixu dimashq) Baʼzan dunyoviy ishni oxirat ishiga bogʻlab undan xotira ovlanadi: İkrima rohimahulloh aytadilar: "Men baʼzan bozorga chiqib odamlardan bir soʻz eshitaman, shunda uning soʻzidan menga ilmdan ellik bob ochiladi" (Tobaqotul-kubro) Baʼzan xotira oddiy odamlarning soʻzidan ovlanadi: Annasr obodiy rohimahulloh "Men baʼzan hammoldan bir hikmatli soʻzni eshitib qolaman" deb, doim yonida qogʻoz va qalam olib yurardi. (Tobaqotul-avliyo) Baʼzan zolimdan taʼsirlanib xotira ovlanadi: Hasan Basriy rohimahulloh aytadilar: "Men hajjojdan bir gapni eshitib undan xushimni yoʻqotay dedim" (Albayon vattibyon) Baʼzan hojatda oʻtirib ham xotira ovlash mumkin: "Bir kuni tabib ibnun-nafis rohimahulloh hammomda gʻusl qilayotib yugurib chiqdi. Qogʻoz va qalam chaqirtirib , yurak urushi haqida foydali masala yozib soʻng yana hammomga qaytib kirib gʻuslini davom ettirdi" (Alvafiy) Baʼzan xotira dars eshitish asnosida ovlanadi. Shunda qoʻlinga ilingan narsa bilan uni ovlab qolishing lozim. Ubayd ibn Abdulvahid rohimahulloh aytadilar: "Bir kuni ilm majlisiga hozir boʻldim. Shunda boʻynimda bir nima oʻrmalagandek boʻldi. Burilib qarayman desam orqamdagi kishi "Qimirlama! Boʻyninga (foyda)yozdim, koʻchirib olay" dedi " (Adabul-imlo) Shayx Saʼdiy rohimahulloh xotirasiga kelgan foydani koʻziga nima koʻrinsa oʻshanga yozib qoʻyardi. Devorlar, kitoblar muqovasi, hatto unga kelgan xatlarning orqasiga ham yozib qoʻyardi. Shundan u kishining "Foydalar toʻplami" kitobi hosil boʻlgan. Xotirani ovlashni baliq yoki qush ovlashdan-da lazzati , xordiq chiqarishi bor. Muhammad ibn Hasan rohimahulloh kechalari bedor boʻlib tafakkur qilardi. Agar xotirasida biror foyda ovlasa aytardi: "Podshohlar bolalari bu lazzatni qayerdan bilsin ?" (Ta'limu mutaallim) Kim nafasni chuqur olib dengiz qaʼriga shoʻngʻiy olsa duru javharlarga erishgani kabi kim bagʻri keng boʻlib tafakkur dengiziga shoʻngʻisa undan durdonalar olib chiqadi. Muzaniy rohimahullohning tarjimayi holida aytishadi : "U kishi daqiq maʼnolarga shoʻngʻuvchi gʻavvos edi" (Tobaqotush-shafiiyyah) Ilmning bu bobi , kishining himmati, sa'y harakatiga qarab beriladigan Allohning karami va rahmatidir. Alloh taolo aytadi: Oʻqi ! Va Robbing oʻta karamlidir. U qalam bilan taʼlim berdi. İnsonga bilmaganini oʻrgatdi" (İqro.3,5) "Ar-rohman. Qurʼonni oʻrgatdi. İnsonni yaratdi. Unga bayon oʻrgatdi" (Ar-rohman.1,4) ⬇️⬇️⬇️ @xovatiri @daraxtimiz
133-xotira: "Qanot chiqarish" İpak qurti kapalak boʻlib uchib ketishidan oldin oʻzini nozik "ipak" bilan "izolyatsiya" qiladi. Aslida ipak yopinchiq uni hech narsadan himoyalay olmasada, lekin to qanot chiqarguniga qadar bu yopinchiq unga omonlik hissini beradi. Yangi tugʻilgan mushuklarni onasi tashib yurganda boʻynining orqasidan tishlab koʻtargani sabab, kap katta mushukni ham oʻsha joyidan tutsang uning jilovi qoʻlingda boʻlib senga be-ixtiyor taslim boʻladi. Chunki unga ham shu bilan "bexatarlik" hissi keladi. Shunga oʻxshash holatni insonda ham koʻrish mumkin. İnson embrion holatida bachadonda "mustahkam qarorgohda" (mursalat.21) bexatar yashaydi. Hayotga kelgach onadan tugʻilgan zahoti oʻsha "oʻrab qoʻyilgan" muhitni sogʻinib yigʻlay boshlaydi. Oʻz oʻzidan uchib tushib uygʻonib ketaverish ham miyadagi xatar signalidan iborat. Shuning uchun bolani qoʻl oyogʻini bogʻlab yo'rgaklab qoʻysa tinchroq uxlaydi. Bu tarzda oʻzini-oʻzi oʻrab oʻziga "hissiy himoya" qatlami yasash katta boʻlganda ham insonda davom etadi. Shuning uchun koʻp odamlarni koʻramiz, yupqagina boʻlsa ham yopinchiqsiz uxlay olmaydi. U yopinchiqsiz yotsa, miyadagi uzoq yillik xotira, "sen himoyasizsan, xatarga ochiqsan" degan his unga xotirjamlik bermay uxlashga qiynaladi. Shunda yupqagina pardadek boʻlsada ustiga yopinchiq tashlab olsa, bu bilan oʻzini "himoyalangan" his qilib miya jasadni oʻchiradi. Kimdir yostiq quchoqlab yotishi, yumshoq oʻyinchoq quchoqlab yotishi, junjikib oʻralib uxlash ham shu eski xotira, bachadon muhitini sogʻinishdan iborat.. Demak bular hammasi miyani (oʻzini oʻzi) aldash, voqelikka yuzlanishdan qochish, oʻzini himoyasiz zaif his qilish jarayoni ! Alloh taolo bandaga uning oʻzidan-da (miyasidan-da) mehribon. Shuning uchun bandani miyasining aldoviga qolib oʻzini oʻzi mahrum qilishidan ham uni ogoh qiladi. Siyratdan maʼlumki, Nabiy alayhissalom yoshliklaridan yetim katta boʻlganlar. Na ota, na ona mehri uzoq davom etmadi. Bobosidan amakisiga ko'chdilar. Alloh u kishini hech kimning "yopinchig'ida" uzoq qoldirmadi. Vahiydan oldingi holatlariga qarasak uzlatni lozim tutdilar. Aisha onamiz aytadilar : "U zotga xilvat suyukli qilingan edi" (Buxoriy rivoyati) Bu holat shu darajaga yetdiki odamlardan qochib hiro gʻoridan panoh topar edilar. Zero yer hayotidan samo hayotiga koʻtarilib parvoz qilish uchun kapalak kabi qanot chiqarish kerak. Buning uchun esa kapalak kabi oʻzini oʻzi "ipakka oʻrash" kerak edi. Nabiy alayhissalomga ilk bor vahiy kelganda Jabroil alayhissalom u zotni uch marotaba qattiq quchoqlab qoʻyib yuborib "Oʻqi" degan. Keyin Nabiy alayhissalom uylariga qaytib "Meni oʻrab qoʻyinglar" deganlar. (Buxoriy rivoyati) Shunda Alloh "Muzzammil va muddassir" (oʻranib oluvchi, burkanib oluvchi) suralarini nozil qildi. Bu holatni ham yuqoridagi misollarga oʻxshatish mumkin. Yerda oʻrmalash vaqti bitib qanot chiqarib parvoz qilish vaqti kelganda Alloh u kishini malak ogʻushiga oʻrashni istadi. Lekin u zot (insoniy oʻrganish taʼsirida) yana "yerning yopinchig'iga" oʻranib olishni istaganlarida birida Allohning haqqini ado qilishga birida esa bandalar haqqini ado qilishga tanbeh bergan ushbu ikki surani tushirdi. Shuningdek "Oʻranib olgan zot" degan bu buyruq ostida, voqelikdan qochish, xatarga yuzlanmaslik, oʻzini zaif, himoyasiz (embrion kabi) his qilishdan qaytariq ham bor edi. Zero ipak qurti yumshoqqina ipagiga oʻranib yotaversa, xatardan qoʻrqib tashqariga chiqib uchib ketmasa, albatta u qaynoq suvga solinib ipi sidiriladi va bor yoʻgʻi odamlarning ustidagi bir kiyimga aylanadi. Demak issiq oʻrindan qoʻzgʻalmay turib qanot chiqarib boʻlmaydi. (Shahodat qanotini chiqarish ham shu kabi) Yana miyaning aldovi taʼsirida Allohning himoyasi qolib bir yopinchiqdan himoya hissini topishdan Alloh taolo oʻzining Rasulini qizgʻangandek boʻldi.. Shuning uchun aynan shu holatga urgʻu berib dedi : "Ey oʻranib olgan zot turing kechani qoim qiling.. (Muzzammil.1,2.) Ey burkanib olgan zot ! Turing ogohlantiring! (Muddassir.1,2) ⬇️⬇️⬇️ @xovatiri @daraxtimiz
132-xotira: "Akvaryumdan qochish" Qadimda odamlar qulchilik nizomiga sabr qilib, qul qilinsa qul, choʻri qilinsa choʻri boʻlib ketaverar edi. Buning sababi "oqimga qarshi suzish" dan qoʻrqish edi. Chunki bu nizomga isyon qilib bosh koʻtargan kishi ayanchli ahvolga tushishi tabiiy edi. Qulchilikka qarshi chiqqan Frederick Douglass oʻzining "Qulligim va ozodligim" kitobida aytadi : "Qullik chuqur qoʻrqitishga asoslangan nizomdir" Shuning uchun qadimda qullarga oʻqish va yozishni oʻrganish taqiqlangan edi. Oʻqishni oʻrgangan kishi (kofirlar nizomida) isyonkor deb kaltaklangan. Frederick ham taʼlim olgani sabab bir necha bor kaltaklanib oxiri Amerikaning shimoliga qochib ketib oʻsha yerda qullikka qarshi harakatga asos soldi. U oqibati majhul ozodlikni xoziri ma'lum qullikdan afzal koʻrdi. Lekin oʻshandan beri qulchilikning batamom ziddi, mutlaq ozodlik daʼvosi koʻtarila boshladi.. Hatto ozodlik daʼvosi bilan farzand ota-onasini, ayol erini, ma'mur amirini bir tinga ilmaydigan holga kelindi. Bunga oʻxshash harakatlarni hatto hayvonot olamida ham koʻrish mumkin. Qayerga borishi nomaʼlum boʻlsa-da qushlar, quyonlar qafasdan qochishga urinadi. Va bu qochish aksar holda yirtqichlarga yem boʻlish, zamonaviy transport tagida yanchilib halok boʻlish bilan tugaydi. Akvaryumning torligidan bezori chiqib oʻzini tashqariga uloqtirgan baliq, agar egasining "qoʻliga tushib" yana ortga qaytarilmasa albatta yerga tushib halok boʻladi. Zero uni tashqarida "bepayon dengiz" emas, taqillagan yer kutib turibdi ! Bunga bir tarafdan "boriga shukr qilmagan "noshukr" deb baho berish ham mumkin, boshqa tarafdan "oʻlimni qullikdan afzal koʻrgan qahramon" deb baho berish ham mumkin. Lekin, u baliqda ! Unga oʻzini oʻzi halokatga tashlaganining oxiratda javobgarligi yoʻq. Chunki unda bu javobgarlikka yaroqli darajada aql yoʻq. Bizga esa inson ularoq ishning oqibatini koʻra oladigan aql berilgan. Shuning uchun bunday vaziyatda biz baliq kabi "osongina" muammolardan qutila olmaymiz. Sharʼiy mezonda buni "oʻzini oʻldirish" deb unga abadiy jahannam vaʼda qilingan.. Hammaning hayotida shu baliq kabi uni bug'ib turgan "akvaryumi" bor. Kimningdir oilasi unga akvaryum, kimningdir ishxonasi, kimningdir yashab turgan davlati. Shunda bularning ham birinchi xayoliga keladigan fikr baliqning xayoliga kelgan fikr boʻladi: "Akvaryumdan bir sakrasam meni bepayon dengiz kutmoqda !" Lekin undan sakragach na oʻlib o'lolmaydigan, na yashab yasholmaydigan hayotga tushib qolishini oʻylamaydi. Shu kabi "Baliq fikr" bilan kimdir sevgani bilan ota-onasidan qochib ketadi, kimdir oilasidan ajrashib oladi, kimdir (jiddiy sababsiz)ortiga eshikni yopib yurtidan qochib chiqadi, yana kimdir tayinli ishi boʻlmay halol ishidan boʻshab oladi, yana kimdir tuppa tuzuk oilasini kimningdir yolgʻon vaʼdalariga uchib barbod qiladi.. Maqolda aytilganidek "semizlikni qoʻy koʻtaradi". Shunga oʻxshash "akvaryumdan ozodlikni" yo dengizni koʻrgan kishi yoki halokatga tayyor kishi koʻtaradi. Aks holda suvni koʻrmay ishton yechma deyishadi. Agar tashqarida dengizni koʻrsang va unga yetishga koʻzing yetsagina akvaryumdan oʻzingni ot. Shunda ham yoʻldagi xatarlarni unutma.. Aks holda bu qaltis ish uchun dunyo va oxiratda javobgarlik bor. Shuning uchun islomda qulchilikka birdaniga chek qoʻyilmagan. Ularni hammasini ozod qilib yuborish ham buyurilmagan. Chunki bu akvaryumdan boshqani koʻrmagan baliqlarni sahroga olib chiqib tashlash, qafasdan boshqani bilmaydigan quyonlarni boʻriga yem qilish boʻlar edi. Ularga tarbiya berib ozodlikka yaroqli deb koʻrilganini ozod qilish buyurilgan. Aks holda bebosh ozodlikdan boshliqqa tobelik afzal koʻrilgan. Alloh taolo aytadi: "Qoʻllaringizda mulk boʻlgan (qullar) ozodlik vasiqasini istaydigani boʻlsa, ularda yaxshilik borligini bilsangiz ularga ozodlik vasiqasini yozib bering.." (Nur.33) Va yetim boqqan kishi haqida aytadi: "Yetimlarni sinab koʻringlar. Qachonki ular nikoh yoshiga yetsalar, agar ulardan rushd (toʻgʻri qaror qabul qila olish)ni his qilsangiz shunda ularga mollarini beringlar" (Niso.6) ⬇️⬇️⬇️ @xovatiri @daraxtimiz
131-xotira "Xatolik" Ovozli darslar, yozma bayonotlar (kitoblar)da texnik nosozliklar, harflar tushib qolishi, imloviy xatolar uchratilishi mumkin. Bunda kimdir dushmanga kulgu boʻlmaslik maqsadida ularni toʻgʻirlashni talab qiladi, kimdir shunchaki undan "gʻashi kelganidan" Bu xatolarni kerak boʻlsa (Rosululloh sollallohu alayhi va sallam taʼriflaganlaridek) "kamonning oʻqidek" qilib toʻgʻirlab chiqish ham mumkin. Lekin maqsad maʼlum boʻlsa, yuzaki xatolar bilan oʻralashib qolish kishini ma'no mohiyatdan uzoqlashtiradi. Gapni rasmiylashtirib undan oddiylik, ommaboplikni yoʻqotib, unga "rasmiyatchilik" ruhini berib qoʻyadi. Jobir roziyallohu anhu aytadilar: "Rosululloh sollallohu alayhi va sallam bizning oldimizga chiqib keldilar. Biz Qurʼon oʻqib oʻtirgan edik. Ichimizda arabiy ham ajamiy ham bor edi.Shunda aytdilar: "O'qiyveringlar, hammasi goʻzal. Hali bir qavm keladi,uni(Qurʼonni) kamonning oʻqi toʻgʻirlanganidek toʻgʻri qiladilar.(Lekin) Uni(ajrini dunyoda) shoshiltirib qoʻyadilar,uni (oxiratga)qoldirmaydilar" (Abu Dovud rivoyati) Qurʼonda arablashgan asli ajamiy baʼzi soʻzlar bor. Ularning arabcha talaffuzi ajamiy asliy talaffuzidan oʻzgarib ketgan. Masalan, İs'haq,Ibrohim,Yusuf kabi ismlar, tabiiyki aslida bu shaklda talaffuz qilinmagan.Bular hammasi arab talaffuziga moslashtirilgan. Shunga oʻxshash hozirgi zamonda ham asli ajam tilidan kirib kelgan, lekin milliy talaffuzga aylanib ketgan soʻzlar bor. Baʼzilar shunda oʻsha soʻzlarning aslini bilgan kishi boʻlib, buni xato yozuv, xato talaffuz deb koʻtarib chiqishi asli xatodir. Chunki sen bu soʻzni asliy lugʻat egalariga emas,seni tinglayotgan oʻzingning xalqinga gapirasan. Lekin shunday "xatoliklar" odamlarning boshqa "xatolarini" ochib berayotgani qiziq holat.. Kimdir ovozdagi texnik nosozlik sabab Allohni kalomi, Rosuluning sunnati gapiriladigan darsga "yoqtirmaganlik" belgisini bosishi, yana kimdir buning oʻrniga "boshqa dars" (goʻyo boshqasi bor boʻlib uni qizg'anib taqdim qilmay yashirib oʻtirilgandek)talab qilishi, odamlarda isloh qilinishi muhimroq boshqa maxfiy illatlarni ochib beradi: 1- Maqsad qolib mavzuni yuzaki eshitish yoki oʻqish, 2- Xato va isloh nimaligini toʻgʻri tushunmaslik, (Xato va isloh ovozdagi yoki harflardagi xatolik va ularni isloh qilish emas, yoʻnalishdagi xatolarni isloh qilishdir) 3-Mijg'ovlik, maydalashish, tirnoq orasidan kir qidirish. 4-Ilmga muhabbat kamligi. Men ajablangan narsalardan biri, Qurʼon nozil boʻlgan vaqtda uni terilar, suyaklar, taxtalarga yozilar edi. Ammo hech qaysi musulmon uning terisini sassiqligini, taxtasini sargʻayib ketganini gapirganini uchratmadik! Shuningdek u zamonda na harflarning ustidagi harakatlari, na nuqta vergulllari bor edi. Lekin hamma maqsad nimaligini bir qarashda anglab ketaverar, hech kim "buning nuqtasi tushib qolibdi" demas edi. Chunki agar kishida biror narsaga muhabbat boʻlsa, u narsaning qay holatda ekani unga qiziq emas. Koinotga qiziqqan kishilar, uzoqlardan miltillab kelayotgan xira-shira yulduzlar nurini ham katta quvonch bilan kuzatishadi. Osmon jismlarining xishillagan tovushini ham maroq bilan tinglashadi. Sevishgan ikki yoshni qarasang bir-biriga yetishish uchun qorongʻuda makkapoyadagi uchrashuv ham, pichir-pichir gaplashish ham ularga kifoya. Shundan bilish mumkinki,asli maqsad hosil boʻlsa, tashqi holat muhim emas. Qadim ulamolarning yozuviga qarasang hozirgi uncha-muncha olimlar ham uni oʻqiy olmaydi. Yaqin tarixdagi ulamolar darslarini tinglasang undagi shovqindan qulogʻing ogʻriydi.. Lekin shunga qaramay ularning ilmida baraka, taʼsir bor. Va baʼzan ana shu shovqin, xunuk yozuv kishini "uyqusidan" uygʻotish uchun kerak ham boʻladi. Shunda uning ikki koʻzi moshdek ochilib kitob oʻqiydi, ikki qulogʻi ding boʻlib jon qulogʻi bilan darsni tinglaydi. Zero kishi sogʻlomlik neʼmatini his qilishi uchun ham baʼzan Alloh "nogironlar" yaratadi.. Uning ustiga, har qanday narsa bashardan ekan,albatta unda koʻp xatolar uchraydi. Alloh aytadi: "Agar Allohdan boshqadan boʻlsa, unda koʻp ixtiloflar topar edilar" (Niso.82) ⬇️⬇️⬇️ @xovatiri @daraxtimiz
130-xotira : "Hayit xotirasi" Hammada hayit hursandligini loyqalatuvchi xotiralar bor. Kimdir yillar davomida ota-onasidan uzoqdaligi, kimdir farzandlaridan uzoqdaligi, kimdirda esa hammasi jamlanib har doim hayitda nimadir yetishmaslik hissi kelib turadi. Har hayitda mening xayolimga keladigan fikrlardan biri, Rosululloh sollallohu alayhi va sallam va sahobalar hayitda hursandligi nimadan boʻlgan ekan ? U vaqtlarda Madinaning na aylanadigan istirohat bogʻlari, na dengiz va daryolari, na koʻngil ochar maskanlari, na tansiq taomlar taqdim qiladigan oshxonalari bor edi. Bor yoʻgʻi Madinaning issigʻida (hech qanday ziravorlarsiz) hidlanib qaynatilgan qurbonlik shoʻrvasi bilan, issiqdan qorayib ketgan habashlarning kulbadek Masjiddagi raqsi va baʼzi yosh bolachalar duf chalib aytgan nashidalari bilan hayit oʻtar edi. Shularni koʻrib Rosululloh aytar edilar: "Yahudlar bilsinki bizning dinimizda kenglik bor" (Ahmad rivoyati) Bu holatni hozirgi holatimizga taqqoslab, qanday "kenglik" haqida gapirgan ekanlar ? Deysan kishi.. Shundan Rosululloh qanchalik oddiy hayotga shukrli va oʻshandan baxt his qila olgan ekanlarini, bizning qanchalik neʼmatlarga burkanib yashasak-da noshukurligimiz va doim oʻzimizni baxti qaro his qilishimizni koʻrishimiz mumkin.. Uzoq yillardan beri bu holatning tajribasidan kelib chiqib aytsam, hayitda bunday hislar shaytondan ekan. Alloh taolo aytadi: "Bu holingiz iymon keltirganlar mahzun boʻlishi (bir qiroatda: "iymon keltirganlarni mahzun qilish") uchun shaytondandir (Mujodala.10) Bilginki agar sen iymon va ofiyatda boʻlsang (boshqa hech narsang boʻlmasa ham)senga shu aslida hursand boʻlinadigan hayitdir. Hech kim seni tabriklamasa ham, sovgʻa olmasang, yaqinlaringdan uzoqda boʻlsang ham, hech qayerga aylanib sayohatga chiqmasang ham asli sen hayitdasan. Alloh taolo aytadi: "Ayting Allohning fazli va rahmatidan hursand boʻlsinlar, mana shu ular jamlaydigan narsalardan yaxshidir" (Yunus.58) Qamoqdan chiqqan kishining ozodlikdagi hursandligini bir qara, unga bu hayitdek bayram kuni. Kasal kishining oyoqqa turgandagi hursandligiga bir qara, unga bu hayitdek bayram kuni.. Shundan bilamizki asli kishiga hursandlik uchun koʻp narsa lozim emas. Bilʼaks, insonda narsa koʻpaygan sari uning yangi narsalar bilan hursand boʻlishi kamayib boradi. Hayit aslida boshqa kunlar kabi bir kundir. Lekin uni hursandlik kuniga aylantirgan narsa undagi toat ibodatlar sabab tushadigan Allohning rahmatidir. Allohga osiy boʻlmasang u kuning asli motam kuni boʻlsa-da sen uchun hayitdir. Agar unga osiy boʻlsang u kuning hayit kuni boʻlsa-da sen uchun motam kuniga aylanadi. Shuning uchun Allohning roziligi tushgan jannatda har kun bitmas tuganmas hayitdir. Allohni koʻrish, yaqinlar bilan birga boʻlish, chiroyli liboslar, nafs ishtaha qilgan barcha narsalar muhayyodir. Eng asosiy neʼmatlardan biri esa hayitdan keyin uning neʼmatini loyqalatadigan his "hayit ham oʻtib ketdi" deyish jannatda yoʻqligidir. Hayit odam odatlangan narsadir. Agar biror ishga odatlansang oʻsha odatni bajargan kuning sen uchun hayitdir. Hayotida muayyan odat, tartib intizom bilan yashagan kishi uchun oddiy kunlari ham (rejadagidek) oʻtishi hayitdir. Unutma, hayitda kimdir hayvon soʻyadi, kimdir hayvon tabiat nafsini qurbon qiladi ! Bu hayvon soʻyishdan ogʻirroq, va ajri buyukroqdir.. "Kim Robbisining maqomidan qoʻrqib nafsni havosidan qaytarsa, jannat unga boshpanadir" (Naziat.40,41) Kimdir hayitlikka choʻntagidan pul chiqaradi, kimdir hayitlikka qalbidan ginalarni chiqaradi! Bu pul chiqarishdan ogʻirroqdir.. "Biz ularning koʻngillaridan g'illu gʻashlikni sugʻurib tashladik" (Hijr.47) Kimdir odamlarga sovgʻa salom hadya qiladi, kimdir odamlarga obrusini hadya qilib ularni kechirib yuboradi ! Bu sovgʻa salomdan buyukroqdir.. "..Ular nafratini yutuvchi, odamlarni avf etuvchilardir.." (Oli imron.134) Alloh ta'olo barchamizdan solih amallarni qabul qilib keyingi hayitni yaxshilik bilan qaytarsin. "Albatta uning oʻzi boshlaydi va qaytaradi.." (Buruj.13) ⬇️⬇️⬇️ @xovatiri @daraxtimiz
129-xotira: "Akbarlik mezoni" Inson dunyoda hamma narsaning "akbari" (eng kattasi)ga intiladi. Shuning uchun Ibrohim alayhissalom ham borliqdan Allohni tanishga dalolat izlar ekan narsalarning eng akbariga nazar soldilar. Alloh taolo aytadi : "Qachonki u chiqayotgan quyoshni koʻrgach "mana shu Robbim, shu Akbar dedi. U ham botib ketgach ey qavmim, men sizlar shirk keltirayotgan narsalardan yiroqman dedi" (An'om.78) Zulhijja oyida eng afzal amallardan biri takbirdir. Alloh taolo qurbonlik hikmati haqida aytadi: "..Allohga takbir aytishingiz uchun.." (Haj.37) Shuning uchun bu oyda qilinadigan eng buyuk amallardan biri hajni ham Alloh taolo "Haji Akbar" deb nomladi. (Tavba.3) Takbirning maʼnosi esa Allohni eng akbar (buyuk) deb eʼtiqod qilib qolgan hamma narsani undan kichik sanashdir. Alloh hamma ish unga havola qilinadigan, uning ruxsatisiz hech bir narsa sodir boʻlmaydigan zot deb bilishdir. Boshinga biror musibat tushsa, Alloh undan Akbar, uning qudrati oldida har qanday ish kichikdir. Alloh taolo aytadi: "U menga oson" (Maryam.9,21) Koinot miqyosidan qarasang sening muammolaring koʻzga ham koʻrinmas darajada asg'ar (kichik)ekanini koʻrasan. Alloh taolo aytadi: "Qasamki osmonlar va yerning yaratilishi odamlarning yaratilishidan akbardir" (Gʻofir.57) Davlat qonun chiqarsa, Alloh qonuniga zid boʻlsa, davlatning qonuni emas Allohning qonuni Akbardir. Agar odamlar davlatning gʻazabidan ogohlantirishsa, Allohning gʻazabi undan-da Akbardir. Alloh taolo aytadi: "..Allohning gʻazabi sizlarning oʻzingizga gʻazabingizdan Akbardir.." (Gʻofir.10) Ota-ona Alloh buyurgan ishdan qaytarsa, ularning noroziligi yomon. Lekin Alloh ulardan Akbardir. Allohning roziligi ularning roziligidan Akbardir. Alloh taolo aytadi: "Allohning roziligi akbardir" (Tavba.72) Gunohlar katta kichikligini ham odamlarning oʻlchovi bilan emas, uning mezoni bilan o'lchanadi. Odamlar kabira sanagan ishlar uning nazdida sag'ira ular sag'ir sanagan ishlar uning nazdida kabira gunoh boʻlishi mumkin. Alloh taolo aytadi: "..Fitna (odamlarni dindan toʻsish) qatldan akbardir.." (Baqara.217) Dunyoda azob uqubat bilan yashash ogʻir, lekin oxiratdagi azoblar undan-da Akbardir. Alloh taolo aytadi: "Azob (dunyoda)shunday. Va agar bilsalar oxirat azobi Akbardir" (Qalam.33) Dunyoda iymon yoʻli qoʻrqinchli holatlardan oʻtadi. Lekin oxirat qoʻrqinchlaridan qutilish oldida ular arzimasdir. Alloh taolo aytadi: "Akbar dahshat (qiyomat dahshati) ularni mahzun qilmas" (Anbiyo.103) Dunyoda kattakon boʻlib yashash yaxshi, lekin oxirat kattakonligi undan-da Akbardir. Alloh taolo aytadi: "Qarang dunyoda qanday qilib ularni baʼzilarini baʼzilaridan afzal qilib qoʻydik. Qasamki oxirat darajalari akbardir, va uning afzalliklari ham akbardir" (Isro.21) Dunyoda mehnating samarasini koʻrish yaxshi, lekin oxiratga qolsa undan da akbardir. "..Agar bilsalar oxirat ajri akbardir.." (Nahl.41) Biror ishda foyda koʻrsang ham, shariat undan qaytargan boʻlsa, uning foydasidan zarari akbardir. Alloh taolo aroq va qimor haqida aytadi: "U ikkisining gunohi foydasidan akbardir" (Baqara.219) Odamlar senga guvohlik berishi yaxshi. Lekin Alloh guvohlikda kifoyadir. Alloh taolo aytadi: "Sen qaysi narsa eng akbar guvohlik deb ayt. Alloh deb ayt .." (An'om.19) Odamlar seni eslashi yaxshi, lekin Alloh eslashi sharafliroqdir. Alloh taolo aytadi: "Allohning zikri akbardir" (Ankabut.45) Ana shu tarzda hamma ishda uning mutlaq buyukligini yodda tut. Alloh taolo aytadi: "Uni mutlaq ulugʻlab unga takbir ayt" (Isro.111) ⬇️⬇️⬇️ @xovatiri @daraxtimiz
128-xotira : "Hojatdan ibodatga" Baʼzan yillar oldin Allohdan soʻraganing hozir senga berilganini koʻrib "oʻshanda boshqa narsa soʻramaymanmi mustajob boʻlgan ekan" deysan. Ayniqsa soʻraganing dunyo hojati, tark qilganing oxirat ishi boʻlsa shunday hislar keladi. Lekin, buni anglashing uchun ham senga soʻragan hojating berilishi kerak edi. Aks holda hali ham oʻsha gʻamni katta musibat hisoblab, hojatinga yetishni eng buyuk neʼmatga yetish hisoblab yurgan boʻlar eding. Shuningdek soʻragan hojatinga erishsang u neʼmat oʻtar ketar, lekin soʻrash vaqtidagi toat va xushu boqiy ajr boʻlib qoladi. Masalaning bu taraflarini oʻylasang bir paytlar yigʻlab soʻraganingni bugun kulib eslaysan. Yahyo ibn Said aytadilar: "Men dunyo hojatlaridan bir ishni istab Allohga qattiq duo qildim.Soʻng bunga nadomat qilib,shuncha ragʻbatim oxiratimga oid biror hojatimga boʻlsa edi, dedim. Keyin buni bir doʻstimga shikoyat qilsam u dedi : "Buni yomon sanama. Chunki Alloh bir bandaga biror ishda duo qilishga izn bersa(muvaffaq qilsa)unga oʻsha ishda albatta baraka bergan boʻladi" (Tarixi ibn Asakir) İbn Rushd al-jad rohimahulloh bunga izoh berib aytadilar: Chunki bandaga jamiki hojatini soʻrab duo qilishga izn berilgan.Duoning oʻzi (nima soʻrashingdan qatʼiy nazar) ibodat boʻlib, u mustajob boʻlsin yoki boʻlmasin kishi unga buyuk ajr oladi. Kishi sahih iymon va xolis niyat bilan duo qilsa, buni (sahih iymon va yaxshi niyatni) Alloh taolo hech qachon zoyi qilmaydi. U aytadi : "Alloh iymoninglarni zoyi qiladigan emas" (Baqara.143) Kishi hatto dunyo hojatini soʻrasa ham unga duosida baraka boʻlishining sababi shunda. U garchi dunyoda unga yetishdan mahrum boʻlsa ham, oxiratda unga duosi sabab beriladigan ajri dunyoda soʻragan narsasidan yaxshiroq boʻladi. Mana shu "Alloh bir bandaga biror ishda duo qilishga izn bersa (muvaffaq qilsa)unga oʻsha ishda albatta baraka bergan boʻladi" deganining maʼnosidir. (Al-bayon vat-tahsil) Tobein Muhammad ibn Ali rohimahulloh Muhammad ibnul Munkadir oldidan oʻtib dedi : Nega gʻamginsiz? Shunda bir kishi dedi : "Ha uning qarzi bor shundan gʻamga tushgan" İbn Ali dedi : Unga duo eshigi ochildimi? (Duoga muvaffaq qilindimi?) U "Ha" dedi İbn Ali dedi : "Bandaga bir ishda koʻp duo qilish eshigi ochilgan ekan, unga yetsin yoki yeta olmasin unga baraka berilgandir" (Al-faroj, İbn Abud-dunyo) Ibn Umar aytadilar : "Men hamma ishimda Allohga duo qilaman. Hatto ulovimning yurishida Alloh kenglik berishini (tezroq yurishini) soʻrasam shundan meni quvontirgan narsani koʻraman" (adabul mufrod) Shundan baʼzilardagi savolga javob chiqadi . Nega men yeta olmaydigan hojatimni Alloh koʻnglimga soldi ? Nasibam yoʻq boʻlsa nega duo qilib soʻrashga muvaffaq qildi ? Chunki inson dunyodagi hojatiga qaraydi, Alloh esa uning oxiratdagi ajriga. Badr jangidan oldin shomdan kelayotgan mushriklarning karvonini oʻlja qilishni Alloh sahobalar koʻngliga soldi. Lekin karvon qutilib qolib, uning oʻrniga mushriklar Makkadan karvonlarini himoyasiga kelib ular bilan jang qilishga toʻgʻri keldi. Modom karvonga yetib boʻlmas ekan, nega uni sahobalar koʻngliga soldi ? Chunki u dunyo matohi edi, jang esa oxirat savobi. Bandaga dunyo hojati tashlanib u bilan oxirat ajriga yetishi, (va baʼzan bu yoʻlda qatl boʻlishi) goʻyo qarmoqdagi xo'rak bilan baliq dengizdan chiqishiga oʻxshaydi. Shuning uchun Alloh bu voqea haqida aytadi : "Oʻshanda Alloh sizlarga ikki toifaning (karvon yoki jangning)biri boʻlishini vaʼda qilgan edi. Sizlar shavkati (qiyinchiligi) yoʻq narsa (karvon)ni istar edingiz. Alloh esa oʻzining kalimalari bilan haqni haq qilishni va kofirlarning dumini kesishni istar edi" (Anfol.7) İnson aslida "abdul-hojat" (ehtiyoj quli)dir. Lekin Alloh oʻzi rahm qilgan kishisini "Abdul-hojat" lik orqali "Abdulloh" lik (oʻziga qullik)ga chiqaradi. Shuning uchun jannat ahli dunyodagi xotiralarini eslar ekan, aynan duodagi Allohni yaxshliklarini yodga olishadi. Alloh taolo aytadi: "Biz oldinlari unga duo qilar edik. Albatta u (Alloh) uning oʻzigina oʻta yaxshilik qiluvchi, oʻta rahmlidir" (Tur.28) ⬇️⬇️⬇️ @xovatiri @daraxtimiz
127-xotira: "Qadar imtihoni" Ibn Umar roziyallohu anhu duolarida aytar edilar : "Hasadgoʻyning irodasiga muvofiq keladigan qadardan Allohdan panoh soʻrayman" (Almustatrof kitobi) Shuning uchun Nabiy alayhissalom munofiqlarni oʻldirishdan bosh tortib "Odamlar Muhammad as'hoblarini qatl qilmoqda" deyishini istamayman degan edilar. (Buxoriy va Muslim rivoyati) Chunki bu ish kimlarningdir gazagiga dori boʻlib shu orqali odamlarni dindan nafratlantirishlari aniq edi. Va duolarida "qazoi qadar yomonligidan,dushmanlarga kulgi boʻlishdan" panoh soʻraganlar. (Buxoriy rivoyati) Buning maʼnosi agar biror voqea dushmanning gazagiga dori koʻrinishda taqdir qilinsa bu avvalo oʻsha hasadgoʻylarga undan soʻng Allohning hikmatlarini koʻra olmaydigan boshqa avom kishilarga katta fitna boʻladi. Va hatto baʼzan haqda turgan kishining oʻziga ham fitna boʻlishi mumkin. Hasadgoʻy dushman bunday voqealarga "men nima degan edim" deb munosabat bildiradi. Bu ishlar orqali oʻzini haq, uzoqni koʻra biluvchi deb isbotlashga harakat qiladi. Uhud jangidan oldin munofiq Abdulloh ibn Ubay jangga chiqmaslikni, Madinada qolishni taklif qilgan edi. Rosululloh sollallohu alayhi va sallam yoshlarning taklifi bilan uhudga chiqdilar. Jangda 70 kishi shahid boʻlgach, bu voqea munofiqlarning gazagiga dori boʻlib ular aytishdi : "Agar ular bizga itoat qilsalar qatl qilinmas edilar" (Oli Imron.168) Boshqa tarafda esa oʻsha vaqtda mushriklar boshligʻi Abu Sufyon roziyallohu anhu "Hubal oliydir" deb oʻzining haqligini isbotlagandek qichqirar edi ! (Buxoriy rivoyati) Demak bu ham hasadgoʻylar irodasiga muvofiq kelgan qadardan edi. Aslida voqealar dushmanning irodasiga muvofiq koʻrinishda taqdir qilinishi bu Allohning imtihonidan. Shuning uchun Alloh taolo Uhud voqeasi hikmatlarini bayon qilar ekan aytadi : "..moʻminlarni bilishi uchun. Va munofiq boʻlganlarni bilishi (fosh qilishi) uchun .." (Oli Imron.166,167) Ularni Alloh shundoq ham bilsa-da, lekin ularni bizga ham bildirishni, voqelik bilan ularni fosh qilishni istaydi. Buning uchun esa baʼzan ularni "tilla topgandek" hursand qiladigan voqealar sodir boʻlib turishi kerak.. Sen dunyoda ekansan har bir lahzada imtihondasan. Bazan doʻstni yigʻlatib dushmanni kuldiradigan, baʼzan doʻstni kuldirib dushmanni yigʻlatadigan hodisalar bilan imtihonlar kelaveradi. Agar bu dunyoning har bir lahzasi imtihon ekanini unitmasang bu fitnalar senga zarar bermaydi. Muhimi sen kim nimaga erishgani, nimani yutqizganiga qarab emas, kim nima yoʻlda ekaniga qarab odamlarga baho berishing lozim. Umar , Usmon , Ali roziyallohu anhular qatl qilinar ekan, ular nohaqligi , ularni qatl qilganlar haqligi isbotlanib qolmadi. Bu ham "hasadgoʻylar irodasiga muvofiq kelgan qadar imtihonidan" edi. Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhu Makka va uning atrofida odil xalifalik tikladi. Ammo zolim hajjoj u kishini qamalga olib juda ayanchli koʻrinishda osib oʻldirdi. U kishi oʻldirilishi uning nohaqligidan hajjoj esa haqligidan emasdi. Bu faqat "hasadgoʻyning irodasiga muvofiq kelgan qadar" boʻldi ! Said ibn Jubayr rohimahulloh hajjojga qarshi chiqib 12 yil undan qochib yurdilar. Oxiri hajjoj uni qoʻlga olib qatl qildi. Koʻrinishidan zulm gʻalaba qilib haqiqat magʻlub boʻlgandek. Lekin bu ham hasadgoʻylar irodasiga muvofiq kelgan qadar imtihonidan edi. Zakariyo va Yahyo alayhissalomlar qatl qilinar ekan , ular nohaqligi , ularni oʻldirgan hasadgoʻy yahudlar esa haqligi isbotlanib qolmadi. Bu ham "hasadgoʻylar irodasiga muvofiq kelgan qadar" boʻldi ! Alloh taolo aytadi: "Alloh iflosni pokdan ayirmaguncha moʻminlarni sizlar boʻlgan mana shu holatda (hammani oʻz holicha imtihonlarsiz) tashlab qoʻyguvchi emas. Va Alloh sizlarni gʻaybdan xabardor ham qilmas" (Oli Imron.179) ⬇️⬇️⬇️ @xovatiri @daraxtimiz
126-xotira "Maqsadda toʻxta yoki unga qayt" Har qanday ish meʼyoriga yetmasa yoki meʼyoridan oshsa buziladi. Ovqatga solinadigan tuz kam boʻlsa ham oshib ketsa ham uni bemaza qiladi. Toʻpni savatga tushiruvchi uni sekin otsa nishonga yetmay yerga tushadi. Qattiq otsa nishondan oʻtib ketib yoki zarbdan ortga qaytib yerga tushadi. Shunga oʻxshash din yoʻlida ham har qanday amalda yo sustlik yoki shiddat uni maqsaddan uzoqlashtiradi. Shuning uchun amalga yengil qaraydigan kishilarni "murjialar" yani "nishonga yetmay ortda qoluvchilar" deyilsa, nishon(din maqsadlari)dan oʻtib ketuvchilarni "xavorijlar" deyiladi. Rosululloh sollallohu alayhi va sallam ularni "o'q nishondan chiqib ketgani kabi dindan chiqib ketadilar" deb taʼriflaganlari ham shundan. (Buxoriy rivoyati) Buning sababi shayton kishini zaiflik va quvvat tarafini kuzatadi. Agar unda zaiflik koʻrsa uni nishondan oldin toʻxtatadi. Agar unda quvvat koʻrsa uni nishondan keyinga oʻtkazib yuboradi. Nabiy alayhissalom aytdilar: "Shayton odam bolasining hamma yoʻlida oʻtirib olgandir.." (Nasoiy rivoyati) Agar biror ishingda bu maʼnoni unutsang oʻzingni uning bu toʻriga tushgan hisoblayver. Hech bir ish uning aralashuvisiz oʻtib ketmaydi. U avvalo seni yaxshi ishdan toʻsishga harakat qiladi. Qodir boʻlmasa oʻsha ishda seni meʼyoridan oʻtkazib qildiradi. Sen esa uni qoyilmaqom tarzda bajaryapman deb oʻylaysan. Alloh taolo aytadi: "Ular dunyo hayotidagi sayi harakatlari zoyi ketgan va oʻzlarini yaxshi ish qilayotgan deb hisoblab yurgan kishilardir" (Kahf.104) Kimdir tahoratga erinchoq boʻlsa uni chala-chulpa tahoratga undasa, unga qattiq eʼtiborli kishini esa poklanishda "vasvasa" kasaliga chalintiradi. Kimdadir mustaqil fikr yoʻqligini koʻrsa, uni "adashib ketishdan qoʻrqish" daʼvosi bilan mutaassiblikka undasa, o'zicha mustaqil fikrlaydigan kishini esa hammadan oʻzini bilagʻon his qildirib bebosh qiladi. Shuning uchun mutaasiblik balosidan yangi qutulgan kishilarning aksarida hech qaysi olimning gapini bir tinga ilmay oʻzicha yangi din paydo qilishini koʻrasan.. Kimdir yuvosh boʻlsa uni murjialikka undasa, kimdir qoʻpol boʻlsa uni xavorijlikka undaydi. Shuning uchun murjialikdan yaqinda chiqqanlarning aksarini g'uluv aqidasiga oʻtib ketishini koʻrasan. Qoʻrqoq kishini "jihod nafs bilan kurash" deb maqsaddan toʻssa, shijoatli kishini dinni faqat "kalla olish" deb koʻrsatib maqsaddan oʻtkazib yuboradi. Dangasalarni "paygʻambar va sahobalar ham kitob oʻqimagan" deb ilmdan toʻssa, himmatli kishini kitoblarga koʻmib keraksiz ilmlar bilan mashgʻul qilib maqsaddan oshirib yuboradi. Kimnidir "siyosatga aralashma" deb maqsaddan toʻssa, kimnidir "siyosatchi" qilib dinning hamma ahkomini "siyosat uchun" deb oʻzgartirib maqsaddan oshirib yuboradi. Kimnidir "hamma oʻzi uchun javob beradi" deb Amru maʼruf va nahiy munkardan toʻsib fitnalasa, kimnidir "amru maʼruf va nahiy munkar qilayapsan" deb shaxsiy tortishuvga undab maqsaddan oshirib yuborib fitnalaydi. Bunda sening niyating toʻgʻriligi kifoya emas. Zero har qanday oʻyinchi toʻpni savatga tushirishni istaydi. Lekin uloqtirish muvozanatini bilmasa niyati unga foyda bermaydi. Faqat niyati toʻgʻri kishi meʼyorga qaytishida uning "niyati" foyda berishi mumkin. Muso alayhissalom "adolatparvarlik" qilib bir zolimni oʻldirib qoʻyishlari (toʻgʻri niyatda) meʼyordan oʻtib ketish edi. Lekin u kishi shu zahoti buni anglab "Albatta bu shayton amalidandir. Albatta u ochiq adashtiruvchi dushmandir" dedilar va "Ey Robbim! Men oʻzimga zulm qildim meni kechir" deb istigʻfor aytib bundan "meʼyorga" qaytdilar. (Qasos.15,16) Hatto ustoz topishda ham shayton seni yo ortda qoldirish yoki "belgilangan joydan" oʻtkazib yuborishni istaydi. Muso alayhissalom shogirdi bilan ustoz (Xizrni) izlab ilm yoʻliga chiqqanlarida shayton ularni (Paygʻambarni) "belgilangan joy"dan oʻtkazib yubordi. Shunda shogirdlari u kishiga aytdi : "Buni sizga zikr qilishimni faqat shayton menga unuttiribdi.. Muso dedi: "Mana shu biz istagan narsa edi (deb) ikkisi ham izma iz ortga qaytdilar " (Kayf.63,64) ⬇️⬇️⬇️ @xovatiri @daraxtimiz
125-xotira "Shaxsiylik va sharʼiylik farqi" Baʼzan ibodatlar kishida sharʼiy emas shaxsiy istakka aylanib qolishi mumkin. Buni koʻplar sezmay ham qoladi. Buning alomati oʻsha ibodatni shariat qilma desa ham qilaverishda, yoki umuman u ibodat emas desa ham "nimasi yomon" deb qilaverishda koʻrinadi. Hudaybiya sulhida Rosululloh sollallohu alayhi va sallam va boshqa sahobalar hammalari umra niyatida ehrom oʻrab kelgan edilar. Mushriklar ularni Makkadan to'sgach Rosululloh ular bilan muzokaraga Usmon roziyallohu anhuni yubordilar. Oʻshanda mushriklar Usmonga aytishdi: "Istasang oʻzing tavof qilaver. Biz qolganlarni oʻylab koʻramiz" Shunda Usmon aytdi: "Rosululloh sollallohu alayhi va sallam tavof qilmagunlaricha men tavof qilmayman" Keyinchalik sahobalar ham u kishini tavof qilib keldi deb oʻylaganda ularga aytdilar : "Menga naqadar yomon gumon qilibsizlar ! Allohga qasam agar Makkada bir yil muqim tursam ham Rosululloh tavof qilmagunlaricha tavof qilmas edim" (Bayhaqiy rivoyati) Aslida umra Rosululloh uchun emas Alloh uchun qilinadigan ibodat. Lekin Usmon Makkaga umra qilgani emas Rosulullohning elchisi boʻlib kelgani sabab oʻzining vazifasidan boshqa ishga oʻtishni istamadi. Aks holda "ibodat" deb oʻylangan bu ishlari kofirlarning takliflarini qabul qilib "yoʻlni yoʻqotishning" boshlanishi boʻlar edi.. ! Shunga oldida Kaʼba turgan boʻlsa-da uni tavof qilishdan bosh tortdi. Va bunga keyinchalik Rosululloh ham iqroq boʻldilar. Bugun agar biror kishiga shunday vaziyat boʻlsa nima qilardi deb oʻylaysiz ? Tabiiyki tayyor fursat boʻldi deb, oʻylab ham oʻtirmay tavof qilishga kirishardi. Chunki bizda shaxsiy va sharʼiy istakni farqlash yoʻq. Ibodatni (hali ibodat boʻlsa oʻzi) nafs istashi va shariat istashini farqiga borishmaydi. Sahobalarning dinga amal qilishlari va bizning dinga amal qilishimiz farqlaridan biri ham shunda. Ular dinga "Alloh aytdi, Rosuli aytdi" deb amal qilishardi. Bizda esa "Nima qilibdi, tayyor fursat, nimasi yomon" deb amal qilinadi. Bunga kun mavzularidan ikki misol keltiraman : 1- Bugun koʻplardan savol boʻladigan aylanma yoʻllar bilan haj qilish. Aslida hech kim hajni "Rasmiy va norasmiy" qilib taqsimlashga haqqi yoʻq boʻlsa-da, lekin modom voqelik shu ekan, hajni shariat buyurganidek qilishga imkoni bor kishigina qiladi. Aks holda oʻgʻridek yashirinib, chala chulpa haj qilinishi bu sharʼiy maqsaddan koʻra shaxsiy maqsadga oʻxshab qoladi. 2-Siyosiy masalalarda ham huddi shunday "shaxsiylikni sharʼiylik" deb suisteʼmol qilinishini koʻrish mumkin. Shariat kishiga oʻzini halok qilib odamlarni qutqarishni, ularga jannatga oʻtadigan koʻprik boʻlib oʻzi esa jahannamga "qalqon" boʻlishi kabi qahramonlikni buyurmaydi. Alloh taolo aytadi: "Ey iymon keltirganlar oʻzingizni biling! Agar siz hidoyat topsangiz adashganlar sizlarga hecham zarar bermaydi" (Moida.105) Ammo kimda kim bunga koʻnmay oʻzini "jahannam qalqoni" (yani odamlar hidoyatlanishi uchun oʻzini islomga zid ishlar qilishga majbur) qilib koʻrsatsa, uning bu ishi sharʼiy emas shaxsiy taxt muhabbatidan boshqa narsa emas. Shuning uchun Rosulullohga Makkada mushriklar tarafidan boshliqlik taklif qilinganda buni tark qilganlar. Chunki Alloh Rosuliga bunday "qahramonlikni" buyurmagan edi. Uning buyrugʻi faqat odamlarga dinni yetkazish qolganini Allohga topshirish edi. Alloh taolo aytadi: "Sizning zimmangizda faqatgina yetkazish, hisob esa bizning zimmamizdadir" (Ra'd.40) Shaxsiylik va sharʼiylik farqini tan olish esa kishidan sodiqlik talab qiladi. Alloh taolo aytadi: "Ey iymon keltirganlar Allohdan qoʻrqinglar va sodiqlar bilan birga boʻlinglar" (Tavba.119) ⬇️⬇️⬇️ @xovatiri @daraxtimiz
124-xotira "Fazilat nuqson muqobilida keladi" Odamlardan qaysi jihatdan fazling oshgan boʻlsa ularning nazdida shuning muqobilida sening noqisliging oshib boraveradi. Shuning uchun odamlardan (qanday sohada boʻlsa ham) afzal boʻlaman degan kishi ular tarafidan kamsitilishga tayyor turishi kerak. İymoning oshgan sari kimlarningdir nazdida sendan yomon kishi yoʻq boʻlib boraveradi. Shuning uchun kofirlar nazdida paygʻambarlar va sahobalardan yomon kishi yoʻq edi. Sumoma roziyallohu anhu islomga kirganda aytgan soʻzlari bunga bir misol boʻladi: "Ya Rosululloh! Yer yuzida men uchun sizning yuzingizdan yoqimsiz yuz yoʻq edi ! Endi Yuzingiz men uchun eng mahbub yuzga aylandi. Yer yuzida men uchun sizning diningizdan yoqimsiz din yoʻq edi. Endi sizning diningiz menga eng mahbub dinga aylandi. Yer yuzida men uchun sizning shahringizdan yoqimsiz shahar yoʻq edi. Endi sizning shahringiz menga eng mahbub shaharga aylandi" (Buxoriy rivoyati) Adolating oshgan sari zolimlar nazdida sendan yomon odam boʻlmaydi. Chunki adolat zulmning kushandasi. Adolat tatbiq qilinar ekan zolimlarga kun qolmaydi. Shuning uchun adolat ahlini zolimlar doim qatl qilishga urinadi. Adolat ramzi boʻlgan Umar roziyallohu anhuni ham zolimlar qatl qildi. Alloh taolo aytadi: "..odamlardan adolatni buyuradiganlarni qatl qiladiganlarga alamli azobni bashorat bering" (Oli Imron.21) Aqling oshgan sari befahmlar nazdida aqlsiz boʻlib boraverasan. Chunki ahmoqlar koʻziga aqlli kishilar jinni boʻlib koʻrinadi. Ular oʻz aqllarini aqlning choʻqqisi sanab undan boshqasini inkor qiladilar. Alloh taolo aytadi: "Balki ular oʻzlari toʻliq bilmagan narsani yolgʻonga chiqardilar" (Yunus.39) Ular insoniyat ichidagi eng aqlli zotga ham jinni deb taʼrif bergan. Alloh taolo aytadi: "Hali koʻrasiz va ular ham koʻradilar. Qaysilaringiz jinlangan ekanini" (Qalam.5,6) İlming oshgan sari johillar nazdida xatolaring koʻpayib boraveradi. Chunki johillar "bilmapman" deyish oʻrniga oʻzini bilagʻon koʻrsatib biladiganni xatoga chiqarishni istaydilar. Alloh taolo aytadi: "..ular sen yolgʻon toʻquvchisan deyishadi. Balki ularning aksari bilmaydilar" (Nahl.101) Odobing oshgan sari beodoblar nazdida yomonlashib borasan. Ular sening odobinga qarab nafrat qiladi. Erkakning soqoliga, ayolning rumoliga, tahorat qilib namoz oʻqigan musulmonga nafrat sababi ham shundan. Shuning uchun Lut qavmi u kishi va ahli haqida "Ularni shahringizdan chiqaringlar, ular tozakor boʻlib qolibdilar" deyishgan edi. (A'rof.82, Naml.56) Mol-mulking oshgan sari odamlarning senga hasadi va kuyunchoqligi oshib boradi. Kamdan kam odamning senga havasi keladi yoki duosi boʻladi. Alloh taolo aytadi: "Yoki ular Alloh oʻz fazlidan odamlarga bergan narsalarga hasad qiladilarmi?..." (Niso.54) Shu tariqa senga berilgan har qanday fazilat muqobilida sendan nimadir olinadi. Agar olingani Alloh yoʻlida boʻlsa berilishi ham Alloh zimmasidadir ! Alloh taolo aytadi: "..agar Alloh qalbingizda yaxshilik borligini bilsa, sizdan olinganidan yaxshirog'ini sizga berur" (Anfol.70) ⬇️⬇️⬇️ @xovatiri @daraxtimiz
123-xotira : "Duoda ziddiyatlar" Koʻpchilikda uchraydigan holatlardan biri gapning oqibati qayerga ketishini oʻylamay duo qilish. Musulmon kishi gapirishdan avval oʻylaydi, oʻylab gapirgach gapini qulogʻi bilan eshitib koʻradi. Ayniqsa Alloh bilan muomalada bunga eʼtibor qilish lozim. Alloh taolo "Duo qilinglar" degan ekan deb hamma narsani duo qilinavermaydi. Nuh alayhissalom Allohning "Ahlingga najot beraman" degan vaʼdasiga suyanib : "Ey Robbim! Albatta oʻgʻlim ahlimdan, va albatta sening va'dang haqdir. Va sen hokimlarning hokimisan" deb nido qildilar. (Hud.45) Eʼtibor bersak bunda hali hech nimani "soʻrash" yoʻq edi. Faqatgina soʻrashga ishora va muqaddima edi. Nuh alayhissalom bu uslubda nido qilganlari sababi u zot oʻgʻlining nega halok boʻlganini soʻray desa haddi sigʻmagan. Chunki Allohning vaʼdasi haq boʻlib u hech qachon xilof qilmaydi. Soʻramay desa oʻgʻlining ahlidan boʻlishiga qaramay halokatiga ichi kuyar edi. Aytsalar tili, aytmasalar dili kuyib oxiri ochiq soʻramay shama qilish uslubida nido qilganlar. Bu u kishining Allohga hatto duoda xavfi qay darajada boʻlganini, har bir soʻzini oʻylab gapirganini bildiradi. Ammo shunga qaramay Allohning bunga javobini qaraylik : "..Sen unga ilming yetmagan narsani mendan soʻrama. Albatta men seni johillardan boʻlib qolishingdan ogohlantiraman" (Hud.46) Shundan keyin Nuh alayhissalom "Men unda ilmim yetmagan narsani sendan soʻrashdan panoh soʻrayman" dedilar. (Hud.47) Va bu duolariga afsus qilib uyatdan qirq yil osmonga koʻzlarini koʻtara olmay yigʻlagan ekanlar deyiladi. Demak, "Mendan soʻranglar" degan zot, kishi ilmi yetmagan narsani (gapning oqibati qayerga ketishini oʻylamay) undan soʻrashni qaytargan ham ekan. Va bazan duo kishining johilligiga dalil boʻlar ekan. Shuning uchun "men seni johillardan boʻlib qolishingdan ogohlantiraman" dedi. Va baʼzi duolarga "Amin" deyish emas, undan panoh soʻrab "Auzu billah" deyish kerak boʻlar ekan. Shunga oʻxshash "Johillar duolari"ning baʼzisiga qaraylik : "Hamma sogʻlom boʻlsin, hech kim kasal boʻlmasin.." Vaholanki bir ayol Rosululloh sollallohu alayhi va sallam huzurida "Alloh istimaga baraka bermasin" deb duo qildi. Shunda Rosululloh dedilar : "İstimani so'kma. Chunki temirchining bosqoni qanday temir zangini ketkazsa u (kasallik)odam bolasining xatolarini shunday ketkazadi" (Muslim rivoyati) "Butun dunyo tinch boʻlsin. Hech qayerda urush boʻlmasin" Vaholanki ummatning eng afzali sahobalar urush emas tinchgina oʻljalarni qoʻlga olishni (u ham urush bilan faqat yengilroq urush) istagan vaqtlarida Alloh taolo aytdi: "Sizlar tikani yoʻq narsani (tinchlikni)istaysizlar. Alloh esa oʻz kalimasi bilan haqni haq qilishni va kofirlarning dumini kesishni istaydi" (Anfol.7) "Mazlumlarga Alloh oʻzi yordam bersin" Vaholanki Alloh taolo "ularga yordam berish sizning zimmangizda" (Anfol.72)degan. Bu gap esa huddi banu isroil Muso alayhissalomga "Sen va Robbing borib jang qilinglar" (Moida.24) deganiga oʻxshaydi. Boshliqlarga uzoq umr kuch quvvat soʻraydi. Va Quddusga ozodlik yahudlarga halokatni soʻraydi. Vaholanki yahudlar tarafidan qoʻyilgan bu boshliqlar sogʻ salomat ekan na Quddusni fathi va na yahudlar halokati boʻlmaydi. "Hech kim kambagʻal boʻlmasin" Vaholanki Alloh taolo aytadi: "Sizlar bazingiz bazingizni boʻysundirishi (ishlatishi) uchun u zot oʻzi bazingizni bazingizdan darajada koʻtarib qoʻygan" (An'om.165) Agar hech kim kambagʻal boʻlmasa hech kim xizmatkor boʻlmaydi, dehqon boʻlmaydi, qora ish qilmaydi. Bu bilan hayot nizomi buziladi. Farzand tugʻilganda "Umri , rizqi bilan bergan boʻlsin!" deyishadi. Vaholanki farzand tugʻilishidan oldin hali homila vaqtida 120 kunligida uning rizqi, umri bitib qoʻyiladi. Va Alloh taolo hech kimsani hatto hayvonni ham yaratib umri va rizqidan urib qolmaydi. Va har baloni nemat deb oʻylab soʻrab oxirida "Birohmatika ya arhamur-rohimin" deydi. Vaholanki Allohning rahmati u soʻragan narsalarining ziddida koʻrinadi ! Alloh taolo aytadi: "U dedi Men johillardan boʻlishdan Allohdan panoh soʻrayman" (Baqara.67) ⬇️⬇️⬇️ @xovatiri @daraxtimiz