Beshtor
СтатистикаBiznes, bozor, shaxsiy investitsiyalar va texnologiya haqida. Tahlil. Reklama yoq. Rus tilida: @skartariss
- Последний пост
- 13 авг.
- Последнее чтение
- 15 авг.
- Постов за неделю
- 2
- Всего постов
- 104
- Тип
- открытый
- Язык
- узбекский
- Категория
- Маркетинг (по похожим)
- В каталоге с
- 12 авг.
- 1/24сутки в ленте
- 874
- 1/48двое суток
- 1 001
- 1/72трое суток
- 1 080
Оценка по просмотрам недавних постов: пост набирает почти всё за первые сутки.
Посты
💲Özbekistonda investitsiyani qayerdan topsa böladi Uzoq vaqt davomida Özbekistonda investitsiyani uçta F’dan izlaş kerak edi: friends, family, fools. 2020-yilda bu yerga Sturgeon Capital kirib kelgaç, hammasi özgardi. Oradan olti yil ötib, 10 dan ortiq institutsional investor faoliyat yuritmoqda. Şu bilan birga, bozor hali yoş, hamma narsa endigina boşlanyapti, jumladan, fondlarning özlari uçun ham. Sohalar böyiça taqsimot yöq, hamma hammaga sarmoya kirityapti. Biroq, asta-sekin kimga murojaat qiliş afzalligini tuşunişga yordam beradigan öziga xos jihatlar paydo bölmoqda. Masalan, agar kompaniya oyoqda mustahkam tursa va endi bir neçta mamlakatda ösişni xohlasa, töğri IT Park Ventures’ga borişi kerak. U hozirça bir çek bilan $1 mln bergan yagona fond, endi esa $3 mln ham bera oladi. Bundan taşqari, fondning butun dunyo böylab aloqalari yaxşi. Katta xalqaro rejalarga ega kompaniyalar uçun yana bir variant — DOMiNO. Agar kompaniyangiz hozirça siz va dasturçi döstingizdan iborat bölsa, Yoşlar Ventures va Imkon Ventures’ga nazar soling. Ular asosan $20 mingdan $60 minggaça sarmoya kiritadi. Bu miqdor kengayiş uçun kam, lekin start uçun yetarli. Bundan ham avvalroq bosqiçda Sarmo Ventures yoki Avlod Ventures’ga murojaat qiliş mumkin. Ular investitsiyalarni studiyalar bilan birga taklif qiladi hamda mahsulot, jamoa va ilk qadamlar bilan yordam berişi mumkin. AloqaVentures haqida alohida aytib ötiş lozim. Bu — kiritilgan investitsiyalar soni böyiça eng yirik fond bölib, allaqaçon 50 dan ortiq kompaniyani moliyalaştirgan. U $10–20 mingdan boşlaşi mumkin, ammo ança yetuk loyihalarga $100–300 minggaça sarmoya kiritadi. Şunday ekan, unga ham ilk mahsulot bilan, ham keyingi raund uçun bemalol murojaat qilsa böladi. UC Ventures, United Ventures va SQB Ventures esa işlayotgan mahsuloti va savdolari bor, ança ulğaygan startaplar uçun juda mos keladi. Yana AIS Ventures, X-Togo Capital va Hayot Ventures ham bor. Ular haqida hozirça aytarli gap yöq, ammo bu ularga murojaat qilmaslik kerak, degani emas. Aksinça, yangi iştirokçilarga köpinça ilk yaxşi loyihalar juda kerak böladi. Ehtimol, ularning investitsiyasi sizga qançalik zarur bölsa, siz ularga undan ham köproq keraksiz. Biroq, hamma narsani faqat pulga boğlab qöymaslik lozim. Undan ham muhimroq narsalar bor: ⏺ eng dastlabki bosqiçda mahsulotni yiğişga yordam beradigan investor kerak; ⏺ örta bosqiçda — şu mahsulotdan biznes yaratişga kömaklaşadigan kişi kerak; ⏺ xalqaro miqyosda ösişda esa — çet elda jamoa, savdo va hamkorlikni yölga qöyişda yordam beradigan kişi kerak. Agar biror fond şulardan birortasini taklif qilsa, darhol rozi böliş kerak. Puldan ham, albatta, voz keçiş yaramaydi. Zarari tegmaydi. @beshtorr #vençur
“Ipoteka-bank” rahbari özgardi, ammo maqsadi emas Iyul oyi oxirida Adam Sentpeteri “Ipoteka-bank OTP Group”ning rahbari etib rasman tayinlandi. U bank uçun begona odam emas — 2023-yilning yozida, bank xususiylaştirilganidan söng kelgandi. Dastlab strategiya va moliya uçun mas’ul bölgan, keyin esa butun transformatsiya dasturiga boşçilik qilgan. Şunday ekan, rahbar yangi, biroq maqsad avvalgidek — sobiq davlat bankini zamonaviy Yevropa bankiga aylantiriş. Natijalar bu yondaşuv iş berayotganini körsatmoqda. Birinçi yarim yillik yakunlariga köra: ⏺ bankning sof marjasi 8,1 foizgaça, vositaçilik daromadlari esa 42 foizga oşdi; ⏺ kreditlar hajmi 23 foizga, omonatlar 15 foizga, ipoteka esa 13 foizga ösdi; ⏺ mijozlarning sodiqlik indeksi 66 foizga yetdi. IT, marketing va transformatsiyaning öziga katta xarajatlar qilinayotganiga qaramay, samaradorlik yaxşilandi: bank har 100 söm daromad uçun endi 44 söm sarflamoqda. Natijada sof foyda 43 foizga oşib, 1,2 trln sömni taşkil etdi. Bu körsatkiç böyiça “Ipoteka-bank” Özbekistonda ketma-ket ikkinçi çorakdirki, birinçi örinni egallab turibdi. Şu bilan birga, ösiş uçun imkoniyatlar hali bor. Hozirda bank kreditlarni ança ehtiyotkorlik bilan — asosan özining maoş kartalari egalariga ajratmoqda. Navbatdagi vazifa — bu auditoriya doirasidan çiqib, yanada kengroq mijozlar qatlami bilan işlaşni boşlaş. Sentpeteri endi rahbar sifatida aynan şu iş bilan şuğullanadi. P.S. Aytgança, OTP uşbu xariddan mamnun körinadi: “Ipoteka-bank” hissasiga guruh aktivlarining qariyb 3 foizi, foydasining esa deyarli 6 foizi töğri keladi. Yirik davlat kompaniyalarini nouneymlarga emas, maşhur xalqaro kompaniyalarga sotsa bölar ekan-ku 😏 @beshtorr #banklar
Wildberries inqirozi Özbekistonga qanday ta’sir körsatadi Rossiyada Wildberries omborlari yonayotganidan xabardor bölsangiz kerak. Hozirda maydonning 20 foizdan ortiği şikastlangan yoki yöq qilingan. Bu bizga ham bevosita taalluqli, çunki sönggi yillarda marketpleys, asosan, töqimaçilik mahsulotlarini eksport qiliş kanallaridan biriga aylangan edi. Ötgan yili platforma orqali $1,5 mlrdlik tovarlari sotilgan, bu yil esa $2 mlrd kutilayotgandi, biroq buning amalga oşişi endi dargumon. Wildberries hozirça qança tovar yongani va ular kimga tegişli ekanini hisoblab çiqmadi, şu bois zararni aniq baholaş imkonsiz. Biroq Özbekistonning marketpleys aylanmasidagi uluşidan kelib çiqilsa, töğridan-töğri yöqotişlarni $40–60 mln deya baholaşimiz mumkin. Bundan taşqari, butun ta’minot zanjiri izdan çiqqanini ham hisobga oliş kerak. Şikastlanmagan tovarlarni ham yetkazib beriş qiyinlaşgan. Savdolar taxminan 20-25 foizga kamayişi va aylanmadan yana qariyb $30–40 mln çiqib ketişini kutiş munkin. Bu hisob-kitoblarning barçasi, albatta, dastlabki va taxminiydir. Wildberries hali ham nima va qayerda yongani borasida suriştiruv olib bormoqda, hujumlar esa davom etyapti. Bunday şaroitda tadbirkorlarning özlari boşqa variantlarni izlay boşlaydi. Bizdagi ma’lumotlarga köra, Özbekistondan bir neçta sotuvçi Qozoğistonga yöl olgan. Ular uçraşuvlar ötkazib, şartlarni muhokama qilyapti, aloqalar örnatyapti, vaziyatni örganib, mahalliy platformalarni, birinçi navbatda, Kaspi’ni közdan keçirmoqda. Qiziği, xuddi şunday jarayon teskari yönalişda ham kuzatilmoqda. Şu kunlarda qozoğistonlik sotuvçilarning butun bir guruhi bu yerdagi vaziyatni biliş va Uzum’ga kiriş imkoniyatlarini örganiş uçun Özbekistonga keldi. Ular uçun bu masala ança jiddiy turibdi, çunki ularda sotuvçilar köp va Wildberries’ga qaramlik ham kuçliroq. Ularga şunçaki boşqa marketpleys emas, balki yangi bozor kerak. Qirğizistonlik sotuvçilarda ham ahvol şunga öxşaş, faqat ular bir vaqtning özida ham Qozoğistonga, ham Özbekistonga qarayapti. Va ha, ular ham ayni paytda Toşkentda. Albatta, Wildberries’ning örnini töliq bosiş imkonsiz, bizning bozorlarimiz kiçikroq va aholining xarid qobiliyati pastroq. Şu bois, savdo oqimlari yakunda qayerga yönalişi hozirça noma’lum, biroq Markaziy Osiyo içida ular özgara boşladi. Фото: Reuters / Stringer @beshtorr #ecom
💲 O‘zbekistondagi fintex bozori yangi bosqichga kirdi 2026-yilning birinchi yarmida mamlakatdagi 10 ta eng yirik to‘lov kompaniyasi 2,4 trln so‘m tushum oldi — bu butun bozorning 93 foizi. Bir yil ichida top-10 tushumi 41 foizga oshdi, jami foyda esa 1 trln so‘mga yetdi. Qog‘ozda O‘zbekistonda 51 ta litsenziyalangan to‘lov tashkiloti bor. Amalda esa qariyb 25 tasi faol ishlaydi, ularning taxminan yarmi hanuz zarar ko‘rmoqda. Bozor endi ancha jamlangan: yuqoridagi kompaniyalar daromadli, o‘sish esa hali ham tez. Ommaviy to‘lovlar segmentini Paynet, Payme, Click, Beepul va Alif egallagan. Paynet bir necha yillik turg‘unlikdan chiqib, O‘zbekistondagi eng yirik beshta soliq to‘lovchi qatoriga kirgan birinchi fintech kompaniya bo‘ldi. Payme Click’ni ortda qoldirdi va farqni oshirib bormoqda. Beepul tushumini 10 mlrd so‘mdan kam darajadan qariyb 100 mlrd so‘mgacha olib chiqdi. Alif esa yaqinda bank litsenziyasini olishi mumkin. Bu islomiy moliya bozoriga qo‘shimcha turtki beradi. Rahmat, Open, ATTO, CDTI va Plum aniq yo‘nalishlarda o‘smoqda: savdo uchun qurilma va dasturlar, multibanking, bo‘lib to‘lash, transport to‘lovlari, smart-kassalar va shaxsiy moliya. Bozorga oddiy to‘lov ilovasi bilan kirib olish davri tugadi. Ammo bozor yopiq emas. Keyingi yirik o‘yinchi bitta tor yo‘nalishni tanlab, uni butun bozor uchun infratuzilmaga aylantira olgan kompaniya bo‘lishi mumkin. @beshtorr #fintex
👍 Özbekiston Uklon’ning asosiy bozorlaridan biriga aylanmoqda Kompaniya kengayişni boşlaydi. Toşkentdan taşqaridagi birinçi hudud Farğona vodiysi böladi. Hozirda haydovçilarni ulaş jarayoni ketmoqda, tez orada taksi çaqiriş va yetkazib beriş xizmatiga buyurtma beriş mumkin böladi. Ha, kompaniya uç yil davomida faqat poytaxtda işladi, endi esa biryöla beşta şaharni qamrab olmoqda: Farğona, Marğilon, Qöqon, Namangan va Andijon. Biroq, aslida, gap eng ziç joylaşgan yagona hudud haqida ketmoqda. Aholi ziçligi, harakatçanlik va talab yuqori. Rasmiy taksi xizmatlarining kirib borişi esa, aksinça, past darajada. Bu yerda Özbekiston aholisining qariyb 30 foizi istiqomat qiladi, ammo 2025-yilda vodiy hissasiga barça qatnovlarning atigi 16 foizi töğri kelgan. Bozorni asosan “xufiyona” işlaydigan taksiçilar nazorat qiladi. Uklon aynan ularni rasmiy işlaş foydaliroq ekanligini körsatib, öz tomoniga oğdirişga harakat qiladi. Şu sababli, yil oxirigaça yangi haydovçilar uçun komissiya maxsus pasaytirildi. Yölovçilarga kelsak, bu borada Uklon’ning asosiy xususiyati – narx belgilaş tizimi qöl kelişi mumkin. Xizmatning özi joriy narxni taklif qiladi, yölovçi esa, agar maşina tezroq kerak bölsa, narxni oşirişi yoki aksinça, pasaytirişi mumkin. Bu Özbekiston bozori uçun noyob model bölib, u poytaxtda allaqaçon özini oqlagan – 2025-yilda Uklon orqali 15 millionta qatnov amalga oşirilgan. Endi bu modelni boşqa hududlarga ham yoyiş vaqti keldi. @beshtorr #taksi
💲Özbekistonda kim va qança pul jalb qildi. Aprel–iyun ’26 IT Park bilan hamkorlikda Özbekiston vençur bozorini tahlil qilişda davom etamiz. Ikkinçi çorakda startaplar va texnologik kompaniyalar $3,5 mln jalb qildi. Bu birinçi çorakdagiga qaraganda ança kam, lekin öşanda Uzum va uning $131,5 mlnlik bitimi bor edi. Aprel–iyun oylarida bunçalik yirik bitimlar bölmadi — eng katta raundni Ayan Capital ötkazib, IT Park Ventures’dan $1 mln jalb qildi. Lekin bozorning özida bir neçta qiziqarli özgarişlar yuz berdi. ⏺ Birinçidan, raundlar hajmi oşdi. Yaqin-yaqingaça startaplar köpinça $20–50 ming atrofida sarmoya jalb qilardi, endi esa gap asosan $80–200 ming haqida ketmoqda. Bu pulga bemalol kiçik bir jamoa yiğiş, mahsulotni pişitiş va uning haqiqatan ham kerak yoki kerakmasligini tekşirib köriş mumkin. Şu tariqa, mikrobitimlar va köp millionli sarmoyalar örtasida asta-sekin örta böğin paydo bölmoqda. ⏺ Ikkinçi özgariş — Yoşlar Ventures. U asosiy yulduzga aylanib, 28 ta bitimdan 14 tasida qatnaşdi. Qolaversa, Yoşlar Ventures deyarli barça sohalarga sarmoya kiritgan: sun’iy intellekt, EdTeç, logistika, elektron tijorat, SaaS va hatto mebel sotiş servisiga ham. Şunday ekan, agar investor izlayotgan bölsangiz, uşbu fondga diqqat bilan nazar solişni tavsiya qilaman. ⏺ Uçinçi özgariş — investorlar tobora köproq birlaşmoqda. Eng qiziq joyi ham şu: fondlar va biznes-fariştalar hamkorlikdagi bitimlar soni böyiça rekord örnatdi. Masalan, MakonAI birdaniga uçta — IT Park Ventures, Aloqa Ventures va Yoşlar Ventures’dan jami $300 ming jalb qildi. Joymee uçta investordan $150 ming, TheCarGo esa fond va biznes-fariştalardan $110 ming oldi. Endi butun summani bitta fonddan olişga urinmasdan, bir neçta investorlardan raund yiğişga harakat qilib körsa böladi. Umuman olganda, Özbekistonning vençur bozori hali juda yoş — bitimlarning aksariyati pre-seed bosqiçiga töğri keladi. Lekin u asta-sekin murakkablaşib, turlanib bormoqda va bu qaysi sohada faoliyat yuritişidan qat’i nazar, har qanday yaxşi loyiha uçun sarmoya yölini oçib beradi. Bosing. @beshtorr #vençur
Özbekistonliklar AI’ga millionlab dollar sarflamoqda Yilning birinçi olti oyida Özbekistonda QQS tölovçi xorijiy internet-kompaniyalar 1,2 trln sömlik xizmat körsatdi. Bu ötgan yilgi körsatkiçdan 83 foizga köp. Jiddiy ösiş, biroq biz buni avval ham köp marta tahlil qilganmiz. Hozir boşqa bir jihat qiziqroq — kuçli önlikdan birdaniga uçta, faqat va faqat AI bilan şuğullanuvçi kompaniya örin olgan. Bizda bunday holat ilk bor kuzatilmoqda. Ilgari kuçli önlikka Netflix, Zoom, Xsolla kabi kompaniyalar kirardi… Ammo zamon özgaryapti. Özbekistonliklarning xarajatlari ham. Endi kuçli önlikda Anthropic (Claude dasturi işlab çiquvçisi), OpenAI (ÇatGPT) va Anysphere (Cursor). Ular birgalikda jami 113 mlrd sömlik xizmat körsatgan. Yana bir qiziq jihat — Özbekistonda Anthropic OpenAI’dan özib ketdi. Ha, uning Claude Code vositasi hozirda AT mutaxassislari uçun eng ommabop instrumentlardan biri sanaladi. Cursor’ga kelsak, u butunlay dasturçilarga möljallangan. Bu şunçaki suhbat quriladigan çat emas, balki tölaqonli kod muharriridir. Mana şu xizmatlarning barçasiga özbekistonliklar yil boşidan buyon qariyb $10 mln sarflab ulgurdi. Ilgari bu summa $1 mlnga ham yetmasdi. Özbekiston AI davriga şunday tezlik bilan kirib bormoqda. Hayron qolmadim, zero bu raqamlar sönggi yillarda yozganlarimizni tasdiqlayapti. Özbekiston jadal raqamlaşmoqda, AT sohasiga urğu bermoqda, dasturçilar soni esa tobora ortib boryapti. Qolaversa, bolaligidan internetda yaşaydigan va yangi texnologiyalarni ança tez özlaştiradigan avlod voyaga yetdi. Şu bois AI Özbekistonda özini xuddi öz uyidagidek his qilmoqda. @beshtorr #texnologiyalar
Avvallari aytichilar Toshkentga borardi. Endi kompaniyalarning o‘zi hududlarga kelyapti 2026-yilning dastlabki olti oyida hududlarda IT Park’ning 257 nafar yangi eksportchi rezidenti ro‘yxatdan o‘tdi. Ularning 138 tasi xorijiy sarmoya ishtirokidagi kompaniyalardir. Ayniqsa, geografiyasi qiziq. Surxondaryo viloyatida 34 ta, Toshkent viloyatida 31 ta, Namangan viloyatida 17 ta, Samarqand viloyatida esa 15 ta xorijiy kompaniya paydo bo‘ldi. Aslida, bu ish ancha yildan beri davom etib kelmoqda, shunchaki uzoq vaqt kuchli nomutanosiblik bor edi. 2023-yilda IT Park barcha rezidentlarining qariyb 32 foizi va o‘quv markazlarining 73 foizi hududlarda joylashgandi. Barcha talabalarning 67 foizi ham o‘sha yerda tahsil olgan. Shu bilan birga, rezidentlar daromadining atigi 5 foizi va ish o‘rinlarining taxminan 14 foizi hududlar hissasiga to‘g‘ri kelardi. G‘alati holat yuzaga kelgandi: hududlarda IT’ni o‘rganishga joy bor-u, lekin mutaxassislik bo‘yicha ishlashga deyarli imkoniyat yo‘q edi. Shu sababli eng faollari baribir Toshkentga ketar yoki poytaxt kompaniyalarida masofadan turib ishlardi. Asta-sekin bu tafovut qisqara boshladi. 2025-yil o‘rtalariga kelib, hududlarda mingdan ortiq IT Park rezidenti faoliyat yurita boshladi. Buning natijasida birgina Farg‘ona viloyatining o‘zida IT xizmatlari hajmi bir necha yil ichida to‘rt baravarga oshdi, o‘tgan yil yakuniga ko‘ra esa eksport hajmi 22,7 million dollarga yetdi. Yana bir misol – EPAM kompaniyasi. Uning ayrim xodimlari ancha vaqtdan buyon Buxoro va Andijondan turib masofaviy ishlamoqda. Bularning barchasi muhim, chunki IT sohasida, shartli aytganda, ulkan zavod qurmasdan ham hududlarga valyuta olib kirish va ish o‘rinlari yaratish mumkin. Albatta, buning uchun baribir internet, elektr energiyasi, ofislar, ingliz tili va malakali rahbarlar kerak bo‘ladi. Ammo bu sohaga kirish ancha osonroq. Texnik yordam, BPO, KPO, dizayn, testdan o‘tkazish, ma’lumotlarga ishlov berish, dispetcherlik xizmatlari – servis kompaniyalari o‘nlab va yuzlab odamlarni tezda ishga yollash imkonini beradi. ⏺ Namanganlik kichik bir jamoa AQSH uchun dasturiy ta’minot ishlab chiqishi mumkin. ⏺ Termizdagi ofis Yevropadan kelgan mijozlarni qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanishi mumkin. ⏺ Farg‘onadagi kompaniya boshqa mamlakat biznesi uchun ma’lumotlarga ishlov berishi yoki buxgalteriya jarayonlarini yuritishi mumkin. Shu bois IT Park xorijiy kompaniyalarni aynan hududlarga jalb qilishga alohida e’tibor qaratadi, ularga ofis, uskunalar topishda va xodimlarni o‘qitishda ko‘maklashadi. Shu sababli, yaqin bir necha yil ichida taqsimlangan kompaniyalar soni yanada ortib borishiga guvoh bo‘lamiz. Bosh ofis Toshkentda yoki xorijda qoladi, Farg‘ona, Samarqand, Namangan, Andijon, Nukus va boshqa shaharlarda esa 20–100 kishilik jamoalar tashkil etiladi. Keyinchalik bu jamoalar orasidan o‘zining rahbarlari, ta’sischilari va kompaniyalari yetishib chiqa boshlaydi. Bu jarayon aynan shunday ishlaydi. Hududiy ITning qimmati ham shundadir. @beshtorr #itpark
Yangiliklarni sun’iy intellekt yozsa, shunday bo‘ladi. Mahalla qayerga qarayapti, deganlaridek. @beshtorr #oav
myGov boşqaruv markaziga aylanmoqda. Ammo unga yangi bölim kerak Yaqinda myGov ilk bor oy yakunlariga köra Özbekistonda eng köp yuklab olingan ilova böldi. Rostan ham, oxirgi paytlarda uni ança yaxşilaşdi. Kuzda esa yana bir neçta foydali funksiya qoşiladi. Masalan, bank kartalarni boşqarariş. Hozir nomingizga oçilgan barça kartalarni Milliy ilovasida köriş mumkin, myGov’da esa nafaqat köra olasiz, balkim bloklaş yoki yopiş uçun ariza ham yubora olasiz. Telefon raqamlari bilan ham şunday böladi: nomingizga oçilgan raqamlarni tekşirib, kerak bölsa yoptiriş mumkin böladi. Uy-joy yoki avtomobilni sotiş, garovga qöyiş va ipoteka rasmiylaştirişga taqiqni ham özingiz qöyib, özingiz olib taşlay olasiz. Qisqasi, hozir myGov nomingizga nimalar rasmiylaştirilganini körsatadi. Tez orada esa ularni özingiz boşqara olasiz. Bu yönalişni davom ettiriş kerak. Har kim öz nomiga nima rasmiylaştirilganini bilib turişi va ortiqça heć narsa yöqligiga işonç hosil qilişi kerak. Raqamli gigiyena oddiy gigiyenadan kam emas. Aslida, myGov’da “Nomimga nimalar rasmiylaştirilgan?” degan alohida bölim kerak. Unda kartalar, SIM-kartalar, bank hisoblari, IMEI böyiça röyxatdan ötgan telefonlar, ERI, işonçnomalar, suğurtalar, kompaniyalar va boşqa ma’lumotlar bir joyda turadi. Har birining qarşisida kerakli tugma: yopiş, bloklaş, bekor qiliş, tuzatiş yoki şikoyat yuboriş. Buni qiliş mumkin. Çunki kerakli ma’lumotlar va xizmatlarning aksariyati portalda allaqaçon bor. Ularni bir joyga yiğib, foydalanishga qulay qiliş qolgan, xolos. Şunda myGov yanada foydali böladi, elektron hukumat esa odamlarga yanada yaqinlaşadi. @beshtorr #texnologiyalar
Mana Özbekiston islomiy moliya bozori. Ha, u endi bor 2025-yilni Özbekistonda islomiy moliya bozori paydo bölgan ilk yil deb aytish mumkin. Hozirça bozor juda kiçik — bor-yöği 21,1 mlrd söm. Asosiy mahsulot — “Murobaha”. Barcha mablağlarning 63 foizi aynan uning hissasiga töğri keladi. Keyingi örinlarda “Muzoraba” — 17 foiz, “Muşoraka” — 13 foiz va “Islomiy ijara” — 7 foiz. Bu sözlarga asta-sekin könikish kerak, çunki endi ularni tez-tez uçratamiz. Joriy yilning dastlabki üç oyidayoq islomiy moliyalashtirish hajmi 11,2 mlrd sömga yetdi. Bu ötgan yilning birinçi çoragiga nisbatan sakkiz (!) baravar köp. Banklar kirib kelgaç (hozirça faqat mikromoliya taşkilotlari), bu sur’atlar yanada yuqori böladi. Öyinçilar haqida gapiradigan bölsak, hozirça eng kattasi Apex Moliya bölib, u 75 foizni egallaydi. Mijozlar haqida gapiradigan bölsak, hajmning 46 foizi kompaniyalarga, 26 foizi odamlarga, 28 foizi yakka tartibdagi tadbirkorlarga töğri keladi. Hududlar böyiça hozirça faqat Toşkent (94 foiz) va Namangan (6 foiz) qamrab olingan. Baza juda past, şuning uçun yaqin yillarda raqamlar tez ösadi. Lekin bozorni ortiqça baholab yubormaslik kerak. Hatto islomiy mahsulotlarga ruxsat berilgan mikromoliya taşkilotlarida ham ularning ulushi atigi 0,03 foiz. Şunga qaramay, endi hisob uçun boshlanğiç nuqta bor: birinçi iştirokçilar, birinçi mijozlar va birinçi raqamlar. Yaqin orada alohida qonun ham paydo böladi. Bizning hisob-kitobimizga köra, bu yil islomiy moliya bozori 60–100 mlrd sömga yetishi mumkin. 2027–2028-yillarda ösish tezlaşadi. 2030-yilga kelib esa bozor hajmi 5–15 trln sömga yetishi mumkin. Özbekiston bank sektori miqyosida bu hali unçalik katta raqam emas. Lekin ança sezilarli böladi. @beshtorr #banklar
Mana O‘zbekiston mobil operatorlari bozori. Ko‘rib turganingizdek, ancha raqobatli: hech kimning ulushi 33 foizdan oshmaydi. Bir necha yil oldin ham vaziyat deyarli shunaqa edi. Shu vaqt ichida beshta eng yirik operatorning tushumi 29 foizga o‘sdi va 2025 yil yakunida roppa-rosa 15 trln so‘mga yetdi. O‘zbekistondagi abonentlar soni esa bu vaqt ichida atigi 9 foizga oshdi. Ya’ni operatorlarning boshlari asta-sekin tomga tiralib boryapti. O‘rtacha har bir o‘zbekistonlikda 2–3 tadan simka bor. Bunaqa sharoitda eski mijozlarga ko‘proq xizmat sotish va ARPUni oshirish yangi mijoz topishdan muhimroq bo‘lib bormoqda. Hozirda aynan shunday bo‘lmoqda, shu sababli tushum abonentlar soniga qaraganda tezroq o‘syapti. Shuning uchun operatorlar tobora ko‘proq qo‘ng‘iroq va SMSdan emas, internetdan pul topmoqda. Shu sabab hozir hammasining asosiy e’tibori 5G investitsiyalarida. Ba’zilari esa bundan ham oldinga o‘tib, yonma-yon servislarni ham taklif qilyapti — masalan, fintex yoki ko‘ngilochar xizmatlar. Bu borada eng oldinda Beeline: ularda bu yo‘nalish umumiy daromadning 12 foizini berayapti. Natijada O‘zbekistonda mobil aloqa bozori yangi ulanishlar bozoridan mijozni ushlab qolish, tezlik va qo‘shimcha servislar bozoriga aylanmoqda. Asosiy kurash ham shu yerga ko‘chyapti. @beshtorr #mobayl
Yandex ilk bor O‘zbekistonga kiritilgan investitsiyalar hajmini e’lon qildi $300 million ekan. Birgina 2025-yilda investitsiyalar $150 millionni tashkil etdi. Bular asosan ML School, o‘zbek tilidagi "Alisa", hamkorlar uchun avtomobil sotib olishni moliyalashtirish va boshqalardir. Ha, ko‘pchilik eslay olmaydi, lekin aynan Yandex islohotlarga ishonib, O‘zbekistonga kelgan birinchi yirik texnologik investorlardan biri bo‘ldi. O‘shandan beri ko‘p narsa o‘zgardi. Masalan, Yandex Go‘dan oldin taksi bozori yiliga 4 million qatnovni tashkil etardi. Hozir 480 mln. Mahallamizda aytilganidek, "feel the difference". Kompaniya hozirda mobillik va sun’iy intellektdan tortib ta’lim xizmatlarigacha bo‘lgan 20 dan ortiq yo‘nalishni rivojlantirmoqda. Har oyda uning mahsulotlaridan 7 milliondan ortiq kishi, ya’ni deyarli har uchinchi katta yoshli fuqarosi foydalanadi. @beshtorr #kompaniyalar
Uzum O‘zbekistonda birinchi bo‘lib YеTBdan mablag‘ oldi. Fintex kuchi Yevroosiyo taraqqiyot banki va Uzum o‘rtasida $70 mlnlik kredit shartnomasi imzolandi. Katta summa, lekin bitim faqat shu jihati bilangina qiziqarli emas. Bank, nomidan ham ko‘rinib turganidek, Yevroosiyo mamlakatlarining tezroq rivojlanishiga ko‘maklashadi. Dastlab uning tarkibiga faqat Rossiya va Qozog‘iston kirgan, keyinroq boshqa davlatlar ham qo‘shilgan: Armaniston, Belarus, Qirg‘iziston, Tojikiston… Yaqinda esa O‘zbekiston ham a’zo bo‘ldi. YеTB hamma joyda oddiy banklar qilmaydigan ishni amalga oshiradi — butun iqtisodiyot uchun muhim bo‘lgan yo‘nalishlarni rivojlantirishga uzoq muddatli mablag‘lar taqdim etadi. Aynan shuning uchun ham bank ko‘pincha energetika, transport, logistika yoki boshqa yirik infratuzilma sohalaridagi loyihalarni moliyalashtiradi. Biroq bankning O‘zbekistondagi ilk loyihasi Uzum raqamli kompaniyasi bo‘ldi. Bu g‘ayrioddiy, ammo diqqatga sazovor holat — mamlakatimizda naqd pul va yashirin iqtisodiyot hali ham katta. Bunday sharoitda fintex strategik sohaga aylanadi, chunki u nafaqat iqtisodiyotni “oqartiradi”, balki uni kengaytiradi ham. Ha, odamlar uchun to‘lov qilish, xaridlar qilish, muddatli to‘lovga olish, pul saqlash va moliyaviy mahsulotlardan foydalanish qanchalik osonlashsa, kompaniyalar, pul aylanmasi, ish o‘rinlari va soliqlar ham shunchalik tez o‘sadi. Uzum Fintech hozirda onlayn to‘lovlar bozorining 13 foizini va muddatli to‘lov bozorining 40 foizini egallab turibdi. Ekotizim 5 mlndan ortiq karta chiqardi va qisqa vaqt ichida 1,2 trln so‘mdan ortiq omonatlarni jalb qildi. Bu kuchli natijalar, ammo qo‘shimcha moliyalashtirish bo‘lsa, fintexning, ayniqsa, Toshkent va boshqa yirik shaharlardan tashqaridagi hududlarga kirib borishini tezlashtirish mumkin. Endi u bor. Foto: Uzum @skartariss #uzum #fintech
O‘zbekistonda dasturlash shu qadar tez o‘smoqdaki, butun bir soha o‘zgarib bormoqda Uzoq vaqt davomida mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosan telekomdan iborat edi. Masalan, yaqindagina, 2021-yilda telekom ulushi 73 foizni, dasturlash esa 14 foizni tashkil etgan. 2026-yilga kelib hammasi keskin o‘zgardi: dasturlash 46 foizgacha o‘sdi, telekom ulushi esa 33 foizgacha pasaydi. Bu telekomning hajmi kichrayganini anglatmaydi. Aksincha, u deyarli ikki barobarga o‘sib, 7,8 trln so‘mdan 15,5 trln so‘mga yetdi. Shunchaki dasturlash ayni shu vaqt ichida qariyb 15 barobarga — 1,5 trln so‘mdan 22 trln so‘mga o‘sdi. Bu sur’atlarni IT Park misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. 2021-yilda rezidentlar 2,5 trln so‘mlik xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 32,1 trln so‘mga yetdi. Shu davr mobaynida eksport hajmi $46 mlndan $728 mlngacha o‘sdi. Biroq, doim bunday tez sur’atda o‘sishning iloji yo‘q, shu sababli endi yangi o‘sish manbalari zarur. Shulardan biri — Enterprise Uzbekistan. Bu “mamlakat ichidagi mamlakat” ko‘proq pul va kompaniyalarni jalb qilish imkonini beradi. Yana bir o‘sish manbayi — infratuzilma. Ayni paytda DataVolt kompaniyasi Toshkentdagi IT Park hududida ma’lumotlar markazini qurmoqda, YTTB esa ushbu loyiha uchun $78 mln kredit ajratishni ko‘rib chiqmoqda. Birinchi bosqichda u 12 MVt neytral quvvat yaratadi, undan turli mijozlar: mahalliy kompaniyalar, davlat tuzilmalari va boshqalar foydalanishi mumkin bo‘ladi. Bularning barchasi keyingi o‘sish bosqichi uchun zarur. Bunga imkoniyat bor: AKT hajmi deyarli 50 trln so‘mga yetgan bo‘lsa-da, bu hali O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining atigi 2,7 foizini tashkil etadi. Ya’ni, soha kattalashgan, lekin salohiyati bundan ham katta. @beshtorr #itpark #iqtisodiyot
TBC biznes uchun bank qanday bo‘lishi kerakligini ko‘rsatmoqda Bir necha yil oldin TBC Bank b2b yo‘nalishiga kirishga qaror qilgandi. Bu mantiqiy qadam edi: chakana yo‘nalishda ishlar yaxshi ketayotgan bo‘lsa, yangi o‘sish nuqtasini izlash vaqti kelgan edi. Shunday qilib, kompaniya biznes mijozlarga e’tibor qaratdi. Lekin ko‘pchilik banklar ortidan quvadigan yirik korxonalarga emas, ko‘pincha yetarlicha e’tibor olmaydigan kichik va o‘rta biznesga. Shundan beri bu yo‘nalishda bir nechta katta qadam tashlandi: tadbirkorlar uchun raqamli banking ishga tushirildi, biznes uchun onlayn kreditlar paydo bo‘ldi, BILLZ xarid qilinib, ekotizimga qo‘shildi. O‘tgan kuni kompaniya 2026-yilning birinchi choragi bo‘yicha natijalarini e’lon qildi. Raqamlarga qaraganda, bu ishlar asta-sekin natija bera boshlagan. Masalan, TBC Business’da allaqachon 67 mingta ro‘yxatdan o‘tgan biznes mijoz bor. Kichik va o‘rta biznes hamda o‘zini o‘zi band qilganlarga berilgan kreditlar esa umumiy kredit portfelining 18 foiziga yetgan. Yaqin vaqtgacha asosan chakana fintex sifatida ishlagan kompaniya uchun bu jiddiy o‘zgarish. Bunday kreditlar soni 185 mingdan oshgan, maksimal summa esa 600 mln so‘mgacha ko‘tarilgan. BILLZ bo‘yicha ham raqamlar qiziq: uch oy ichida platforma orqali 5,8 trln so‘mlik 11 mlndan ortiq tranzaksiya o‘tgan. Hozir undan 6 mingta faol savdo nuqtasi foydalanmoqda. Bu raqamlarning barchasi bir narsadan dalolat beradi: TBC kundalik pul oqimlariga tobora chuqurroq kirib bormoqda. Shunchaki, odamlarda bu — kartalar, to‘lovlar va bo‘lib to‘lash bo‘lsa, kompaniyalarda — kreditlar, savdo nuqtalari, kassalar va hisob-kitoblardir. Ishlar shunday yurishib ketgach, TBC b2b yo‘nalishiga sarmoyalarni ko‘paytirishga qaror qildi: tadbirkorlar uchun alohida ilova chiqardi va ular uchun maxsus obunani yo‘lga qo‘ydi. Albatta, hali kuzatish, o‘rganish kerak, lekin hozircha bu bozor o‘zgarayotganidan darak bermoqda. Endi tadbirkorlarga shunchaki hisobvaraq ochib, to‘lovlarni o‘tkazadigan va kredit arizasini kutib o‘tiradigan bankning o‘zi kamlik qilmoqda. Endi to‘lovlarni qabul qilish va sotuvlardan tortib, biznesni boshqarish hamda moliyalasirishgacha bo‘lgan jarayonlarda tadbirkorning hayotini osonlashtiradigan bank yutadi. @beshtorr #tbcbank #banklar #bozor
🔥 Yandex Go shaharlararo qatnovlar bozorini o‘zgartirishni boshladi Ilovada “Shaharlararo” xizmati paydo bo‘ldi. Rasman bu tarif, lekin amalda butunlay boshqacha ishlaydigan yangi servis: ⏺ birinchidan, har bir haydovchi narxni o‘zi belgilaydi. Natijada pul, vaqt va avtomobilga qarab tanlov qilish mumkin bo‘lgan marketpleys yuzaga keladi; ⏺ ikkinchidan, butun salonga buyurtma berish ham, faqat bitta o‘rinni sotib olish ham mumkin. Bu bir vaqtning o‘zida ham klassik taksi, ham ridesharing degani. Qiziq mavzu, chunki so‘nggi 10 yilda shaharlararo qatnovlarni tartibga solishga ko‘p urinishlar bo‘lgan. Aroba yoki Poputi UZ kabi startaplar bor edi, ammo hech biri muvaffaqiyat qozonmadi. Kimgadir pul, kimga vaqt, ba’zilarga bilim, yana birovlarga foydalanuvchilar yetishmadi. Natijada hozir haydovchilar va yo‘lovchilar bir-birini Telegramda, Instagramda yoki tanishlar orqali topyapti. Ko‘pchilik esa, avvalgidek, to‘g‘ri “pyatak”ka borib, o‘sha yerda kelishib ketaveradi. Bu yomon emas, lekin qulaylikdan juda yiroq. Bozorni o‘zi deyarli to‘liq yashirin, chunki to‘lov yo naqd pulda, yo p2p orqali qilinadi. Bu yerda ancha vaqtdan beri qatnovlarni xavfsizroq, shaffofroq va oldindan taxmin qilish mumkin bo‘lgan holga keltiruvchi raqamli yechimga ehtiyoj sezilayotgandi. Mana, hozir shunaqa yechim paydo bo‘ldi va bozor o‘zgara boshlaydi. Biz shaharlar ichida bu bosqichdan o‘tyapmiz, endi navbat shaharlararoga ham keldi. Shunday ekan, birdaniga bo‘lmasa-da, asta-sekin “pyatak”ka borish ham hozirgi yo‘l chetida qo‘l ko‘tarib turish kabi g‘alati tuyuladigan bo‘ladi. @beshtorr #taksi #bozor #yandexgo
✈️ Chiqish turizmi rekordlarni yangilayapti 2025-yilda umumiy chegaralarimiz bo‘lmagan mamlakatlarga tashrif buyurgan o‘zbekistonlik sayyohlar soni 39 foizga oshib, ilk bor 1,5 million kishidan oshdi. Eng yorqin misol — Xitoy. Yil davomida unga 52 ming kishi tashrif buyurdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 187 foizga ko‘pdir. Janubi-Sharqiy Osiyoni alohida ta’kidlash joiz: Tailand, Vetnam va Malayziya. 2025-yilda u yerga 80 ming kishi tashrif buyurdi — bu 2024-yilga nisbatan deyarli ikki baravar ko‘pdir. Umuman olganda, ko‘plab mamlakatlar sezilarli darajada o‘sdi: Qatar (+113 foiz) va Gruziyadan (+50 foiz) Misr (+38 foiz) va Maldiv orollarigacha (+81 foiz). Ha, bozor va ma’muriy to‘siqlarning pasayishi (OVIR stikerlarining bekor qilinishi, yangi aviakompaniyalarning kelishi, viza rejimining yengillashtirilishi) asta-sekin sayohatlarni arzonlashtirmoqda. Buni yuqori daromadli oilalar hozirda yillik byudjetining 11 foizini, kam daromadli oilalar esa 4 foizini sayohatga sarflayotganidan ham ko‘rish mumkin. Yaqindagina 7 va 2 foizlar edi. Shu bilan birga, hali ko‘plab muammolar bor. Masalan, ko‘pchilik uchun "dunyo xaritasi" viza talab qilmaydigan mamlakatlar bilan cheklangan, bunday mamlakatlar esa kam. Ko‘plab "instagram" operatorlari turlarni naqd dollarga sotadi. Bo‘lib to‘lash va keshbek kabi vositalar bor-ku, ammo ular juda kam va kamdan-kam qo‘llaniladi. Natijada, xorijga sayohat bozori juda jonli, biroq mutlaqo tartibsizdir. Va aynan shu narsa uning salohiyatini juda yuqori qiladi. @beshtorr #iqtisodiyot
Ipoteka-bank eng daromadli bo’ldi. Vaholanki, bir yil avval u zarar bilan ishlayotgan edi Bankers.uz banklarning I chorak yakunlari bo‘yicha moliyaviy natijalarini e’lon qildi. Asosiy o‘zgarish — Ipoteka-bank OTP Group 846,4 mlrd so‘m sof foyda bilan yangi yetakchiga aylandi. Ikkinchi o‘rinda 603,2 mlrd so‘m bilan NBU, uchinchi o‘rinda esa 550 mlrd so‘m bilan SQB. Qizig‘i, Ipoteka-bank’ning hozirgi ko‘rsatkichi o‘tgan yilgidan 2 854 foizga yuqoridir. Ha, aqlbovar qilmas raqamlar, biroq mana bu postni eslasak, ajablanarli joyi yo‘q — bank joyiga qaytmoqda. U har doim ko‘p daromad qilgan, shunchaki xususiylashtirishdan so‘ng eski muammolarni “tozalash” bilan band edi, shu sababli, masalan, roppa-rosa bir yil avval 30 mlrd so‘m zarar ko‘rgandi. Bu yil esa vaziyat tubdan o‘zgacha, shu bois bank foydaga kirib, qariyb 122 mlrd so‘m foyda solig‘ini to‘ladi. Bu nafaqat bank uchun muhim, chunki O‘zbekiston yirik investorlarni jalb etishni istaydi. Buning uchun esa chiroyli taqdimotlarning o‘zi yetarli emas, jonli dalillar ham kerak. "Qarang, mana bitim, mana yangi egasi, mana murakkab qayta qurish, mana foyda" deyish imkoniyati bo‘lishi kerak. Shunda suhbat boshqacha, ancha ishchan tus oladi. Buning ortidan mamlakatga bo‘lgan munosabat ham o‘zgaradi. Bularning barchasi uchun real keyslar kerak. Ipoteka-bank timsolida biz hozir ulardan birining paydo bo‘lishiga guvoh bo‘lmoqdamiz. @beshtorr #banklar
💲O‘zbekistonda kim va qancha pul jalb qildi. Yanvar-mart ’26 IT Park bilan hamkorlikda iqtisodiyotning tobora muhim qismiga aylanib borayotgan venchurni tahlil qilishda davom etamiz. Bu tahliliy turkumni roppa-rosa bir yil oldin boshlagan edik, shu bois hozirgi holatni solishtirish qiziq. O‘zgarishlar ko‘p. ⏺ Birinchidan, bozor hajmi keskin oshdi. 2026-yilning dastlabki uch oyida 23 ta texnologik kompaniya umumiy hisobda qariyb $154 mln jalb qildi. Taqqos uchun: 2025-yilning ayni shu davrida 8 ta kompaniya $2,6 mln jalb qilgan edi. Ha, bu yerdagi o‘sish sur’atlari hozir shunaqa — 6 000 foizgacha. Bunga O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotining jadal rivojlanayotgani, kompaniyalarning yiriklashib, shunga yarasha ko‘proq pul jalb qilayotgani sabab bo‘lmoqda. Bunga yaqqol misol — martda yangi rekord o‘rnatgan Uzumdir. Shu bilan birga, aksariyat startaplar, albatta, ancha kamtarona — o‘rtacha $91 ming atrofida mablag‘ jalb qilmoqda. ⏺ Ikkinchi o‘zgarish — investorlar. Bozorga juda faol yangi ishtirokchilar kirib keldi. Masalan, kelishuvlar soni bo‘yicha birinchi o‘rinni odatda Aloqa Ventures egallab kelardi, endi esa bu o‘rinda Imkon Ventures turibdi. Biznes farishtalari soni ham ortib bormoqda — ular uch oy ichida beshta bitimda qatnashib, asosan edTech sohasiga sarmoya kiritdilar. ⏺ Aytgancha, bu uchinchi o‘zgarishdir: edTech bitimlar soni bo‘yicha sun’iy intellektni ortda qoldirib, birinchi o‘ringa chiqdi. Ha, ta’limni raqamlashtirish bilan bog‘liq har qanday loyiha juda istiqbolli, chunki bu sohada maktablar va universitetlar qondira olmayotgan katta talab bor. Umuman olganda, O‘zbekistondagi barcha bitimlarning 70 foizi hatto seed bosqichida emas, balki pre-seed bosqichidadir. Bular eng dastlabki bosqichlar bo‘lib, bunda na mijozlar, na sotuvlar bo‘ladi, biroq kuchli jamoa va ajoyib g‘oya bo‘ladi. Shu sababli bozor moliyaviy jihatdan unchalik chuqur bo‘lmasa-da, qamrovi juda keng. FinTech, POS, PropTech, TourismTech, Mobility, hatto AdTech va SocialTech — bu sohalarning barchasida sarmoya kiritishga tayyor investorlar topiladi. Shunday ekan, hozir O‘zbekistonda investor topish uchun trenddagi yoki yirik loyiha bo‘lish shart emas — tushunarli va dolzarb bo‘lishning o‘zi kifoya. @beshtorr #startaplat #investitsiya