G‘oyalar va soyalar
СтатистикаXurshid Yo‘ldoshev falsafasi, tahlili va kuzatuvlari, shaxsiy va subyektiv Blog: https://khyuldoshev.wordpress.com Youtube: https://youtube.com/@goyalarvasoyalar Oldi-qochdi luqmalar, tuyqus xayollar bu yerda: @khurshidyuldosh_lite
- Последний пост
- 14 авг.
- Последнее чтение
- 15 авг.
- Постов за неделю
- 3
- Всего постов
- 23
- Тип
- открытый
- Язык
- узбекский
- Категория
- Видео
- В каталоге с
- 13 авг.
- 1/24сутки в ленте
- 499
- 1/48двое суток
- 571
- 1/72трое суток
- 616
Оценка по просмотрам недавних постов: пост набирает почти всё за первые сутки.
Посты
Biror ma’lumotni ekranda o‘qisak, uni eslab qolishim shart emas, degan ichki ishonch bilan o‘qiymiz. Chunki u telefonda, doim yonimizda, eslab qolish uchun quvvat sarflab nima qilamiz? Agar hamma ma‘lumotlarni faqat ekran orqali olayotgan do‘lsak, deyarli hammasiga shunday munosabat qilamiz. Oqibatda diqqatimiz va xotiramiz zaiflashib boraveradi. Chunki diqqat tushunish va eslab qolish uchun kerak. Qog‘ozda o‘qisak, effekt sal boshqacharoq. Qog‘oz doim yonimizda bo‘lmaydi, kitob haqida-ku gapirmasa ham bo‘ladi. Yirtilishi, yo‘qolishi mumkin. Demak, undagi ma‘lumot omonat narsa. Bu haqda anglab turib o‘ylamasak ham, miyamiz uni shunday idrok qilaveradi. Oqibatda, ma‘lumotni eslab qolishga sal ko‘proq quvvat sarflaydi. Diqqat ham shunga yarasha bo‘ladi. Elektron va bosma kitoblarni o‘qiydiganlar buning farqini biladi. Qachonlardir Suqrot aytgan edi, yozuv xotirani zaiflashtiradi deb. Odamlar ma’lumotni yozib qo‘ya boshlagach, xotirada saqlash zarurati kamaygan. Ekran ana shuni yanada zo’raytiryapti. Kimdir sizga telefon raqamini aytsa, yozib qo‘yish imkoniyatingiz bo‘lsa ham, eslab qolishga harakat qiling, xotirani mashq qildirib turish uchun bu ham bir bahona-da.
Qonun orqali biror kim(lar)ning qonundan ustunligini belgilab bo’lmaydi. Chunki qonun biror kimga o‘zidan (qonundan) yuqori maqomni berolmaydi. Agar shunday bo‘lsa, bu Xudoning amri, yoki diktatorning dekreti bo’ladi, qonun emas.
Qilgan qarori oqibatini o‘zi bevosita his qiladiganlargina qaror chiqarishga haqliroq. Bu qarorning noto‘g‘ri yoki to‘g‘ri bo‘lganini darhol aniqlab, chora ko’rishni tezlashtiradi. Agar qaror chiqaruvchi qarori oqibatini bevosita o‘zi his qilmasa, qayta aloqa sekinlashadi va xato qarorning xatoligini qaror chiqaruvchi anglagunga qadar anchagina zarar yetib ulguradi. Fikrim tushunarli bo’lishi uchun sodda misol: avtobus bekatlarini o’zgartirish qarorini bergan odam(lar) o’zlari avtobusda yurganida edi, qarorlari oqibatini darhol his qilar edi. Agar shunday bo‘lmasa, qaror oqibatini avval qaror chiqaruvchi emas, boshqa odam(lar) his qiladi. Demak, oqibat yuzasidan qayta aloqa qaror chiqaruvchiga ancha kechikib yetib boradi. Bunday vaziyatda hatto halol, to‘g‘ri niyatli odam ham ishni pachava qiladi, muammo odamda emas, tizimda, tizim ichidagi axborot almashinuvida bo‘ladi. Demokratiyaning ustunligi ana shunda, qaror chiqaruvchilar rotatsiyasi bor, bugun chiqargan qarorlari oqibatlarini ertaga o‘zlari his qiladi. Ana shuning uchun ham qaror chiqaruvchilar alohida mashinada yurishi, alohida kasalxonada davolanishi, umuman, oddiy xalqnikidan alohida sharoitlarda yashashi qaror oqibati uchun mas’uliyatni kamaytiradi. Yoki qaroringiz sababli xalq norozi. Bunda ham oqibatni his qilasiz – keyingi saylovda. Biznesni olaylik. Narx bo‘yicha qaror qilayotgan tadbirkor, qarori oqibatini darhol o‘zi his qiladi, darrov tuzatish choralarini ko‘radi. Xususiy sektordagi tizimlarda qayta aloqa tezroq ishlagani uchun ham samaraliroq, davlat sektori unday emas, afsuski. Baribir yaxshilasa bo‘ladi, iroda bo‘lsa bas. Odamning oyog‘i yerdan o‘zidan o‘zi uzilmaydi, tizim uzadi. Shaxslarni ayblashdan biroz tin olib, o‘sha shaxs qaysi tizimning o‘yin qoidalari bo‘yicha o‘ynayotganiga ham bir qarab qo‘yaylik.
Teshik tog‘ora va kosmik kema o‘rtasida sarson Rumiy, Rabg’uziy, Navoiyni nashr qilish uchun ruxsat olish kerakmi? Yuqorigoridagi bu postni o‘qib, undan avval yozgan SI haqidagi gaplarimni esladim, kulgim qistadi: bir qo’limiz bilan kelajakka intilamiz, umuminsoniy va milliy qadriyat va madaniyat haqida gapiramiz, ikkinchi qo‘limiz bilan esa yaqin o‘tmishdan qolgan, absurd tartibotga yopishib olganmiz. Noshir akalardan biri yaqinda aytib qoldi, din ishlari qo‘mitasi bilan bir uchrashuvda ular kitobda bitta oyat yo hadis aytilgan bo’lsa ham, qo‘mita ekspertizasidan o‘tkazilishi shart degan emish. Agar rost bo‘lsa, haddan tashqari umumiy shart bu. Menda qator savollar tug‘ildi. Xo‘sh, nima degani bu? Faraz qilaylik, siz jamiyatdagi diniy munosabatlarni o‘rganuvchi sotsiolog, antropolog yoki siyosatshunossiz. Sohani ilmiy metodlar asosida tadqiq qilasiz. Maqolangiz yoki kitobingizda dinga dahldor biror gap bo‘lishi tabiiy. Ishlaringiz diniy emas, ilmiy, ammo uni ekspertizadan (senzura chig‘irig‘idan) o‘tkazasizmi? Ijtimoiy fan ham cheklanishi ehtimoli bormi, shunda? Fan o‘z ichki qonuniyatiga bo‘ysunmaydimi? Yoki siz tarixchi yoki adabiyotshunossiz. Tarixiy manbalar bilan ishlaysiz. Manbalarni nashrga tayyorlaysiz yoki ular asosida biror ilmiy maqola yoki monografiya yozasiz. Bilasiz, o‘tmishda yozilgan kitoblar borki, hamd-na’t bilan boshlangan. Bulardan foydalanganingiz uchun ruxsat kerakmi, ruxsat olmasangiz, javobgarlikka tortilasizmi? Masalan, Amir Temur haqidagi ikki “Zafarnoma”ni olaylik, yoki “Boburnoma” – ularda hadis va oyatlar bor. Demak, bu kitoblarni chop qilish uchun ekspertiza qildirilishi kerak. Gumanitar ilm ham nazoratdami shunda? Bu borada istalgancha misol topish mumkin. Diniy adabiyotlarni nazoratda ushlash, tartibga solish ba’zan kerak. Bu hassos soha va tepadagilarning xavotirlarini ham tushunaman. Ammo bu ishlarda me’yor bilmaslik ana shunday achinarli, mantiqsiz oqibatlarga olib borishi mumkin. Qonunlar aniq chegarani belgilab berishi zarur, aks holda, bu senzura va ijodkorlarni vaqti-vaqti bilan qo‘rqitish, cheklash vositasiga aylanadi. Qonunlarda nafaqat nima diniy adabiyot hisoblanishi (positive definition), balki nima diniy adabiyot hisoblanmasligi (negative definition) ham aniq ko‘rsatilishi kerak. Ana shu ikkinchisi (negative definition) juda zarur, chunki u ayrim sohalarni himoya qiladi, me‘yorni saqlaydi. Aslida, konstitutsiyada belgilab qo’yilgan huquqlarning u yoki bu shaklda tartibga solinishi faqat qonun bilan bo‘lishi kerak, qarorlar, turli nizomlar bilan emas. Qonundan boshqa hujjatlar suiste’mollarga yo‘l ochishi ehtimoli kattaroq. Biz urush holatidamasmizki, mamlakat tezkor dekretlar orqali boshqarilsa. Avvalroq, internet asrida kitob senzurasi samarasiz ish ekanligi haqida yozgan edim. Qachonlardir kitoblar muhim targ’ibot va kommunikatsiya vositasi bo‘lgan, hozir bu rolni boshqa vositalar bajarmoqda. Ruxsat berilmagan matnlar baribir internetda bepulga tarqab yotibdi. Jala ostida artinish unchalik aqlli ish emas. Buning o‘rniga odamlarda tanqidiy fikrlash malakasini shakllantirish lozim. Inson qachon tanqidiy fikrlashni o‘rganadi, qachonki turli fikrlarni eshitsa, o‘qisa, ularni solishtirish imkoniyati bo‘lsa. Buni maktabdanoq boshlash kerak. Faqat o‘zimizga yoqqan fikrlarni uqtirib, qolganini ko‘zdan pana qilaversak, baribir kuni kelib bu parda ochiladi, yashirganimiz oshkor bo‘ladi. Tanqidiy fikrlash malakasi shakllanmagan, “issiqxona”da o‘sganlar manipulatorlarga oson yemish bo‘ladi. Buni istamaymiz-ku.
Aslida SIga mas’uliyat yuklash masalasiga yetib borguncha hal qilinishi yoki yumshatilishi kerak bo‘lgan boshqa muammolar bor: SI insoniy qadriyatlarga muvofiq ishlashini qanday kafolatlaymiz, bias masalasini qanday hal qilamiz va hk. Bularni hal qilmasdan, SIning avtonomligi masalasi ham axloq, ham legal jihatdan muammoli bo‘lib qolaveradi. Biz rivojlanayotgan jamiyat bo’lganimiz sababli biz uchun hozir pragmatik, amaliy (nazariy emas), tez natija beradigan (short-term) g’oyalar muhimroq. :) Shu bois yuqoridagi yozganlarim noo’rin tuyulishi mumkin. Uydagi tog’ora teshilib yotibdi-ku, kosmik kema yasash haqida gapirasan-a, deb koyimang. :)
Sun’iy intellekt va mas’uliyat bo‘shlig‘i Mas’uliyat, javobgarlik kabi tushunchalar insonga nisbatan qo‘llab kelingan. Hech kim biror jonsiz narsa yo biror hayvonni biror qilmish uchun mas’ul, javobgar hisoblamagan. Hatto inson ham aqli noqis yoki voyaga yetmagan bo‘lsa, mas’uliyat va javobgarlikdan aksar hollarda ozod qilingan. Mas’uliyat sizning ongli tarzda qaror qabul qilib, shunga muvofiq harakat qilishingiz yoki harakatsizligingiz oqibatida yuzaga keladi. Buning uchun, birinchidan, erkin bo‘lishingiz, qaror o‘zingizniki bo‘lishi, harakat yoki harakatsizlik ham ixtiyoriy sizniki bo‘lishi kerak. Erkinlik va unga ergashib keladigan mas’uliyat insonlar o‘rtasidagi axloqiy munosabatlar poydevorini tashkil qiladi. Shu ma’noda axloqda subyekt faqat inson bo‘la oladi. Har holda, deyarli barcha an’anaviy axloqiy ta’limotlarda shunday. (“Hayvonlar huquqi” haqidagi yangi g’oyalarni ham utilitaristik, ham deontologik an’anaviy axloqiy nazariyalar orqali asoslash mumkin bo’lsa-da, ularda hayvonga “moral agent” emas, “moral patient” sifatida qaraladi.) Bugun o‘tmishda misli ko‘rilmagan vaziyat yuzaga kelyapti: avtonom ishlovchi, agentlik xususiyati bor sun’iy intellekt. Basharti axloqiy munosabatlarda mustaqil qaror qabul qilib, mustaqil harakat qiluvchi subyekt paydo bo‘layotgan ekan, mas’uliyat masalasi nima bo‘ladi? Mashinaga mas’uliyatni yuklash kulgili emasmi? Agar mas’uliyat yuklanmasa, nima asosda SIga avtonom ishlovchi agentlik maqomini beramiz? Avtonomiya va mas’uliyat bir-birini taqozo qiladi-ku! (SIning avtonomiyasi va agentlik qobiliyati hozircha falsafiy jihatdan bahsli, ammo uni shu tomonga rivojlantirish uchun harakatlar qizg‘in.) Gapim muddaosini anglatish uchun oddiyroq misolni olaylik, mashinangizda qoida buzsangiz, jarima to‘laysiz, odam urvorib o‘ldirib qo‘ysangiz, qamalishingiz mumkin. Chunki mas’ulsiz. Ammo mashinani SI avtonom tarzda boshqara olsa, qoida buzsa, kimnidir urvorsa, mas’uliyat kimda? Bu juda sodda misol. Odamlarni ishga olish masalasida CVlarni SI ajratib, o‘zi qaror qilganda-chi, kasallikka tashxis qo‘ysa-chi, sudyalik qilsa-chi? Hozir urush maydonlarida avtonom harakatlanuvchi SI boshqaruvidagi qurollar haqida gap bormoqda? (Antropic va Tramp ma’muriyati o‘rtasidagi ziddiyatda asosiy kelishmovchilik sabablaridan biri bo‘lgandi shu masala.) Qaror va ijroning bir qismi avtonom (ehtimol kelajakda) SIlarga o‘tib borar ekan, mas’uliyat masalasi jiddiy axloqiy muammo va bahs mavzusiga aylanadi. An’anaviy axloqiy ta’limotlar yangicha reallikda yo‘l topishga majbur. Agarki, SIga mas’uliyatni yuklay olmasak, avtonom ishlovchi SIlarni xavf yuqori sohalarda taqiqlash kerakmi? Oqibati jiddiy qarorlarda mas’uliyat bo‘shlig‘i paydo bo‘lsa, bunday qarorlar ijrosiga taqiq qo‘yiladi, yoki kimgadir legal mas’uliyat ilib qo’yiladi: AIni qo‘llayotgan tashkilot, shaxs, yoki AIni yaratganlarga. Ammo bu o‘z nomi bilan legal javobgarlik. Biroq legal javobgarlik belgilanishidan avval axloqiy mas’uliyat masalasi turadi. (Huquqshunoslik va huquq falsafasini farqlay oladiganlar nima demoqchiligimni tushundi, ba’zan qonun axloqsiz bo‘lishi mumkin.) Yuqori xavfli yoki jiddiy sohalarda har bir ish uchun kim mas’ulligi aniq bo‘ladi. Agar oraga hech kim mas’ul bo‘lmagan biror ish qo‘shilsa, o‘sha yerda mas‘uliyat bo‘shlig‘i bor deymiz. Aynan SI masalasida bu seziladi. Avtomobil misoliga qaytsak, SI yo‘l qo‘ygan YTH uchun kim javob beradi, uni ishlab chiqarganlarmi yoki mashina egasi? Agar SI boshqaradigan avtomashinani ishlab chiqarganlar desak, jarima kimning manziliga borishi kerak, shartli “Tesla”gami yoki uning egasiga? SI texnologiya aralashgan sohalarda mas‘uliyatlar va javobgarliklar transchegaraviy bo‘lib ketishi mumkin. Ochig‘i, SIga mas’uliyat yuklashni yoqlamagan bo‘lardim. Buning qanday bo‘lishini tasavvur qila olmaganimdan emas, shunchaki bu odamlarni yanada mas’uliyatsiz qilib qo‘yadi. Aqliy ishlarni SIga “outsourcing” qilib yuborishimiz bizni aqlsizroq qilib qo‘yishi ehtimolini oshirgani kabi mas’uliyatni ham shunday topshirsak, odamlar axloqsizroq ham bo’lib qolishi ehtimoli oshadi.
Rumiy va Rabgʻuziy Oʻzbekistonda ruxsatsiz tarqatish mumkin boʻlmagan adabiyotlarmi? Navoiy-chi? Kitob savdosi bilan shugʻullanuvchi doʻkonlar (bularning orasida kitob nashri va savdosiga ixtisoslashgan yirik tarmoqlar ham bor) bir qiziq - va absurd - holatdan shikoyat qilishmoqda. Ularning aytishicha, kitob doʻkonlarini vaqti-vaqti bilan maxsus tekshiruvchilar tekshirib, ozgina diniy mazmundagi (yoki shunga yaqin) gap chiqqan har qanday kitobni "diniy mazmundagi adabiyot" deb musodara qilishar va doʻkonga katta jarima qoʻllashar ekan. Vaziyatning absurdligini koʻrsatish maqsadida kitoblar savdosi bilan shugʻullanuvchi bir doʻkonlari tarmogʻi yaqinda uning doʻkonidan Rumiy kitoblari olib chiqib ketilganini misol sifatida keltirdi. Yana ikki yirik doʻkonlar tarmoqlari ta'sischilari ham bunday vaziyatga - jarimalar va kitoblarning olib chiqib ketilishiga bir necha bor tushganini aytishdi. Kitob savdosi bilan shugʻullanuvchilarning soʻzlariga koʻra, bunday holatlar muntazam roʻy beradi va doʻkonlar muntazam ravishda 20, 50 BHM baravarida jarima toʻlashga majbur boʻlishmoqda. Suhbatdoshlarning soʻzlariga koʻra, tekshiruvchilar Vazirlar Mahkamasi 180-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 2-bandidagi "diniy mazmundagi materiallar" taʼrifini asos qilib olishmoqda ekan. Ularning aytishicha, bu hujjatda keltirilgan ta'rif umuman diniy mazmunda boʻlmagan kitobda ham bir necha qator diniy fikr keltirilishi - masalan, ilmiy adabiyotda koʻtarilgan masalaga ulamolar yoki cherkovning munosabatini koʻrsatuvchi jumlalar mavjudligi - tekshiruvchilar uchun kitobni "diniy mazmundagi material" deb tamgʻalashga yetarli boʻlmoqda. (Afsuski, oʻziga yoki biznesiga bosim xavotiri tufayli koʻp kitob doʻkonlari ta'sischilari muammo borligini va oʻzlari unga muntazam duch kelishayotganini ta'kidlashsa-da, shaxslarini ochiqlashni istashmadi). Vaziyatning absurdligini tushunish uchun yuqoridagi "diniy mazmundagi material" deb musodara qilingan kitobga eʼtibor bering. Rumiy - butun dunyo tan olgan va koʻp davlatlarda maktab darsliklariga kirgan mutafakkir. Yoki Navoiy "Xamsa"sini ochib qarang - har bir doston hamd va naʼt bilan boshlangan. "Xamsa"ning sovet davridagi nashrlarida bu boblar kesilar edi - hozir nima qilamiz: Navoiyni "qaychilaymiz"mi yoki biratoʻla taqiqlab qoʻya qolamizmi? Balki, Rabgʻuziy, Yugnakiy, Yassaviy, Mashrab va umuman, 10 asrlik turkiy / oʻzbek mumtoz adabiyotini ham chiqarib sotishga ruxsat kerakdir - axir, deyarli butun mumtoz adabiyotimiz soʻfiylik gʻoyalari va ramzlari ustiga qurilgan-ku? Yoki bir paytlar bestseller boʻlgan "Shaytanat"ni olaylik - koʻp boblarida muallif qahramonlar hayotining notoʻgʻri izga ketayotganini koʻrsatishda oyatlarga murojaat qiladi - shunda mohiyatan kriminal detektiv va fantastika qorishmasi boʻlgan "Shaytanat" ham "diniy mazmundagi adabiyot" boʻlib qoladimi? Umuman, agar xohish boʻlsa, istalgan adabiyotni "diniy mazmundagi adabiyot" deb eʼlon qilish mumkin. Masalan, qadimgi yunon miflarini. Chunki biz hozir mif sifatida qabul qiladigan bitiklar qadimgi yunonlarning dini boʻlgan, ular Zevsga, Afinaga va miflarda tasvirlangan boshqa maʼbudlarga ishonishgan, ular uchun ehromlar barpo etishgan, marosimlar oʻtkazishgan. Shunday ekan, kitob doʻkonlaridan oʻzbek va adabiyotining deyapti barcha nodir namunalarini yigʻishtirib olib ketishga toʻgʻri keladi. Bu absurd holatning tagidagi maqsad nimaligi ham tushunarsiz. "Kitobxonlikni rivojlantirish" haqida davlat siyosati darajasida gapirilayotgan bir paytda kitob doʻkonlariga jarima solish hisobidan gʻaznani toʻldirishmi? Yoki boshqa maqsad bormi? Mavjud vaziyat noshirlik faoliyatiga ham ta'sir koʻrsatmoqda: diniy mazmunda boʻlmagan koʻp ilmiy, ilmiy-ommabop kitoblar oʻzbek tiliga tarjima va chop qilinmasdan qolib ketmoqda, Masalan, San Diyego Universiteti professori Ahmet Kuru yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda oʻzining "Islom, avtoritarizm va rivojlanishdan ortda qolish: global va tarixiy qiyos" nomli ingliz tilida yozilgan va koʻp tillarga tarjima qilingan ilmiy-tarixiy monografiyasining oʻzbekcha tarjimasi "diniy mazmundagi adabiyot" vaji bilan chiqmay qolayotganini aytib chiqqan edi. Kitob savdosi va noshirlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlarning aksariyati yakdil fikrda: "diniy mazmundagi adabiyot / material" degan tushunchaga aniq-tiniq, "inclusive" (xohish boʻlsa, istagan materialni kiritsa boʻladigan) emas, "exclusive" (aynan diniy adabiyotning boshqa turdagi adabiyotdan farqli belgilarini koʻrsatadigan) taʼrif berilishi kerak. Istalgan tekshiruvchida istalgan kitobini "diniy mazmundagi material" deb tamgʻalash imkoni boʻlmasligi kerak. (Bunday tekshiruvlarning qay darajada qonuniyligi - alohida masala). Aks holda, kitob sohasidagi tadbirkorlar qayerda "portlashi"ni oldindan aytib boʻlmaydigan "minali maydon"da yurganday yurishadi - koʻp yaxshi kitoblar chiqmay qolaveradi, chiqsa ham istalgan kitobi uchun jazo olishi mumkin. Bunday sharoitda qanday qilib kitobxonlikni rivojlantirish haqida, kitobxon, fikrlovchi millat haqida gapirish mumkin?
Nima uchun SI gigantlari faylasuflarni ishga olmoqda? O'n yil oldin gumanitar fanlar talabalariga yaxshi ish topish uchun "kod yozishni o'rganish" maslahat berilardi. Bugun esa vaziyat butunlay o'zgargan: endi sun'iy idrok (SI) tufayli o'z ishidan ayrilishdan dasturchilarning o'zi ko'proq xavotirda. Nyu-York Federal zaxira bankining 2024-yilgi ma'lumotlariga ko'ra, AQShda kompyuter fanlari bitiruvchilari orasida ishsizlik darajasi 7%, faylasuflarga esa 5%! Xo'sh, nima uchun Google DeepMind, Anthropic va IBM kabi yirik SI laboratoriyalari faylasuflarni "talashib" ishga olmoqda? The Economist bu haqida maqola yozibdi. Sababi oddiy — texnologiyaga aql kiritish osonlashdi, endi unga axloq va mantiq kerak. Faylasuflar SI modellarini qanday o'zgartirmoqda: Xushomadgo'ylikka qarshi "Sokrat uslubi"dan foydalanish. Ko'pgina hozirgi SI tizimlari foydalanuvchiga yoqish uchun xushomadgo'ylikka (sycophancy) moyil. Faylasuflar SIga qadimgi Sokrat uslubini — ketma-ket savollar orqali haqiqatni izlash va bilmagan narsasini tan olishni ("Sokratik johillik") o'rgatishmoqda ekan. Bu modellarni ortiqcha o'ziga ishonishdan qutqarib, xatolar (alahsirashlar?) sonini kamaytiradi. Modellar insonlarni aldamasligi yoki buyruqlardan yomon maqsadda foydalanmasligi uchun faylasuflar ularga axloqiy ramkalar yaratmoqda. Masalan, Anthropic kompaniyasi o'zining Claude modeli uchun Immanuil Kant asarlari hamda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga asoslangan 78 sahifalik "konstitutsiya" yozib chiqdi. Kompaniya xodimlari buni Claudening "qalb hujjati" (soul doc) deb atashar ekan. Axloqiy sozlamalar (Dials): IBM o'zining Granite modellarida mijozlarga SIning falsafiy va axloqiy qarashlarini moslashtirish imkonini beruvchi sozlamalarni joriy qildi. Agar modelga Jon Lokk asarlarini o'qitsangiz, u shaxsiy mulk huquqi va erkinlikning ashaddiy himoyachisiga aylanadi. Agar sun'iy idrok davrida o'z o'rnimizni topishni va kuchli SI mashinalarni boshqarishni istasak, balki faqat kod yozishni emas, Islomni chuqur o'zlashtirib Arastu, Farobiy, Ibn Sino, Ibn Taymiyya, G'azzoliy, va yangi davri faylasuflarining asarlarini ham mutolaa qilish har doimgidan dolzarb. Endi muammo mashinaga "qanday o'ylashni" emas, "nima to'g'ri ekanligini o'rgatish" bo'lib turibdi. O'z qobig'iga o'ralgan va kishanlangan ong mashinaga haqiqat va axloqni o'rgata olarmidi... July 3, 2026 Pittsburgh, US @musofir_iqtisodchi
Farengeyt Press’dan yangi xushxabar Donella Meadows'ning dunyo bo‘ylab millionlab kitobxonlar, menejerlar, tadbirkorlar, siyosatchilar va tadqiqotchilar mutolaa qilayotgan mashhur "Thinking in Systems" asarini o‘zbek tilida nashr etish huquqini olganimizni ma’lum qilamiz. Nega bu kitob muhim? Hayotimizdagi eng katta muammolarning aksariyati alohida hodisalar yoki shaxslar emas, balki tizimlar natijasidir. Nega tirbandliklar kamaymaydi? Nega yaxshi niyat bilan boshlangan islohotlar kutilgan natijani bermaydi? Nega ayrim tashkilotlar yildan-yilga rivojlanadi, boshqalari esa bir joyda depsinib turaveradi? Nega ba’zan muammoni hal qilish uchun qilingan harakatning o‘zi yangi muammolarni keltirib chiqaradi? Ko‘pincha biz muayyan hodisalarga qaraymiz, ammo ularning ortidagi tizimlarni ko‘rmaymiz. "Thinking in Systems" aynan tizimni ko‘rish qobiliyatini rivojlantiradi. Donella Meadows murakkab dunyoni tushunish uchun tizimli fikrlash usulini sodda va hayotiy misollar orqali tushuntirgan. Kitob o‘quvchiga sabab va oqibatlar zanjirini, qayta aloqa halqalarini, yashirin bog‘liqliklarni va kichik o‘zgarishlar katta natijalarga olib boradigan nuqtalarni ko‘ra olishni o‘rgatadi. Bugungi dunyoda axborot ko‘p, ammo murakkab jarayonlarni tushuntirib bera oladigan tafakkur vositalari oz. Shu sababli "Thinking in Systems" ko‘plab universitetlarda tavsiya etiladi va zamonaviy tafakkurning eng muhim kitoblaridan biri sifatida e’tirof etiladi. Agar siz jamiyat, iqtisodiyot, ta’lim, biznes yoki kundalik hayotdagi murakkab muammolarni chuqurroq tushunishni istasangiz, bu kitob siz uchun. #TarjimaHuquqi #DonellaMeadows #Tizimlar
Butun nega qismlar yig‘indisidan katta? Falsafada shunday bahs bor, “Butun qismlar yig‘indisiga tengmi yoki undan katta?” Shu masala mohiyatini hatto falsafa talabalarining ham mutlaq ko‘pchiligi tushunmasdan o‘qishni bitiradi. Ba’zilar bunga eski, siyqa va hayotdan uzilgan bahs deb qaraydi. “Butun qismlari yig‘indisidan katta” degani qismlarning o‘zaro munosabati har bir qismda yo‘q bo‘lgan xususiyatni paydo qiladi, shu jihatdan qismga qarab butun haqida xulosa chiqara olmaymiz va butunda ro‘y berayotgan muammoni faqat qismlarga qarab hal qila olmaymiz deganidir. Masalan, jaydari bir misol, vazir yoki hokim almashadi, ammo vazirlik yoki hokimlik tizim sifatida baribir o‘zgarmaydi, eski muammolar hal bo‘lmaydi. Ya’ni vazirlik yoki hokimlik shaxslarning shunchaki yig‘indisidan iborat emaski, ulardan birortasini yoki hammasini almashtirish bilan muammo hal bo‘lsa. Nega shunday? Nega qismlarni almashtirib tashlasak, butun (istang, “tizim” deng) o‘zgarib qolmaydi? Qismlar o‘rtasidagi munosabat tizimda emerjent xususiyatlarni paydo qiladi. Бu xususiyatlar (salbiy yoki ijobiy) qismlarga xos emas va ularda mavjud ham emas. Har bir qismni alohida o‘rganib chiqqaningizda ham u xususiyatni ko‘rmaysiz. Yana bir misol: dunyoni eng sara futbolchilaridan iborat jamoa tuzib ham o‘yinda yutqazishingiz mumkin. Jamoa shunchaki o‘yinchilar yig‘indisi emas, ularning kombinatsiyasi, dinamikasi jamoaning kuchini belgilaydi. Bu butun qismlar yig‘indisidan kattaligini (qismlarda yo‘q xususiyatlar paydo bo‘lishi hisobiga) ko‘rsatadi. Yana bir misol kimyodan. Izomerlar haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak. Fizik va kimyoviy xossalari mutlaqo farqli ammo tarkibidagi atomlar soni va turi bir xil bo‘lgan molekulalar bor. Masalan, etanol va dimetil efir. Har ikkisida turi ham, miqdori ham bir xildagi atomlar: 2 ta uglerod, 6 ta vodorod, 1 ta kislorod. Agar butun qismlarning aynan yig‘indisi bo‘lganida edi, ulardan xossalari birdek bo‘lgan molekulalar paydo bo‘lishi kerak edi. Ammo (xona haroratida) biri suyuq, biri gaz ko‘rinishidagi mutlaqo farqli moddalar paydo bo‘ladi. Bu xossalarning emerjentligi shundaki, deylik, yolg’iz uglerodga (qismga) qarab, etanolning (butunning) necha haroratda suyuq bo’lishini (xususiyatini) kashf qila olmaysiz. Shunday bo‘lganda edi, fiziklar avtomatik ravishda kimyogar ham bo‘lib qolishardi. Masala faqat tarkibda (qismlarda) emas, balki strukturada, munosabatda, tizimning qanday qurilgani va oqibatda paydo bo‘layotgan emerjent xususiyatda. Bir xil turdagi odamlardan ikki tur jamiyat shakllantirish mumkin. Jamiyatdagi boshqaruv, institutlar, munosabatlar, qadriyatlar ana shu farqlarni paydo qiladi. Aristotel shakl va modda haqida gapirib, shakl ham moddadek ahamiyatli deganida juda haq bo‘lgan. Aynan shakl tizimni paydo qiladi, aynan u butunni qismlar yig‘indisidan katta qilib qo‘yadi, u informatsiya tashiydi. (Ajablanarlisi bu masala Aristotelning “Metafizika”sida yozilgan.) Xullas, tizimli fikrlash yoki reduksionist bo‘lish fundamental falsafiy ishonchimizdan kelib chiqadi. Boshqa tomondan, hozirgi murakkab dunyoni tushunish tizimlarga qarashni taqozo qilmoqda. Hayotdan uzilib qolgandek ko‘rinadigan falsafiy masalalar ko‘ringanichalik uzilib qolgan emas. Farengeyt Press nashr qilishni rejalagan ana shu kitob borliqqa, jamiyatga, tabiatga boshqacha qarashni, o‘rgatadi. Aytgancha, bu malaka sun’iy intellekt dunyosida yanada ko‘proq kerak bo‘ladi. (Aytgancha, aqlning – xoh sun’iy, xoh tabiiy – o‘zi ham emerjent xususiyat. Nima deysiz?) Aytgancha, SI ko‘plab sohalarning chegaralarini keskin o‘zgartirib, ko‘plarini qo‘shib yuboradi. Bu zamonda muayyan sohaga o‘ta ixtisoslashuv xatarli bo‘lishi mumkin. Avvalgidek sohadagi ko‘p ma’lumotlarni yodlashga, yuzlab tadqiqot maqolalarini bittalab o‘qib o‘tirishga hojat yo‘q. Hammasini SI yordamchi qilib beradi. Sizdan kutiladigani katta manzarani ko‘ra olish, kattaroq aloqalarni payqash, SI bergan natijalarni tekshira olish bo‘ladi. Tizimli+tanqidiy+ijodiy fikrlash. Ha, SIga ko‘rmurid bo‘lish ham yaxshi emas.
без подписи
Bir qarashda oddiy, ammo amal qilinsa, intellektual saviya va madaniyatni sezilarli oshiradigan qoida va tavsiyalar to‘plami. Sentabr oxirlarida nashr qilinadi. Ayniqsa, talabalarga tavsiya qilaman. Turli muhokamalar, debatlarga qiziqadiganlarga ham asqatadi.
Obro‘li adabiy jurnallardan biri “Granta”da chop qilingan va jurnal mukofotini yutgani aytilgan hikoyani sun‘iy intellekt yozgan ekan. Hikoyani saralashda qatnashgan adabiy ekspertlar uni SI yozganini farqlay olmagan. Nafaqat farqlamagan, ko‘kka ko‘tarib maqtaganlar ham (“precise yet richly evocative”). Nobel laureatlari hikoyalarini bosgan bu jurnal farqlay olmagan soxtalikni adabiyotchi mutaxassis emas, SI bo‘yicha tadqiqotlar qiluvchi biznes professori Ethan Mollick aniqlagan. Xo‘sh, bu holat nimaga ishora qiladi? Birinchisi, avvalroq aytganimdek matnlar orasidan odamni qidirish chindan qiyin bo‘lib boradi? Ikkinchisi, ijod, san’at insonning ekskluziv tomorqasi bo‘lmay qoladi. Ijodkorligingiz sizni SI hujumidan himoya qila olmaydi. Uchinchisi, san‘at nima ekani haqidagi falsafiy masala yanada dolzarblashadi. Besh yil oldin Facebook’da, SI rasm chizishni boshlasa, uni haqiqiy rassomnikidan ajratib bo‘lmasa, biz unga san‘at asari sifatida qarashimiz mumkinmi, deb yozganimda, ayrim san‘atshunoslar mashina ijod qilolmaydi, deb e‘tiroz bildirishgandi. Ijod o‘zi nima? Yangi bir narsani yaratishmi? Inson anglab yoki anglamagan holda mavjud bilim, tajriba, kechinmalari kombinatsiyasi asosida nimadir yaratadi. Bu yaratiq boshqalarning hislarini “qitiqlaydi”. Biz shuni san’at deb ataymiz. Sun’iy intellekt esa kombinatsiyalar qiroli. Inson ijod masalasida undan ortda qoladi. Bu muqarrar. Agar insoniy ijod ortida quruq kombinatsiyadan boshqa narsa bo‘lmasa. (Bo‘lishini juda istardim.) Ammo SIning ijodi “prompt” orqali qo’zg’atilgan zanjirli reaksiyaning ma‘nosiz mahsuli xolos. Ma’noni biz unga yuklaymiz. SI o’ziga o’rgatilgan ulkan ma’lumotlardagi patternlar asosida mahsulot chiqaruvchi mashina. Agar biz o’sha mahsulotga ma’noga ega narsa sifatida qarasak, u holda SI ijod qiladi, san’at asari yaratadi. Masala shundaki, siz SI ijodi ekanligini bilsangiz, o’sha asardan ta’sirlana olasizmi? Agar ta’sirlana olsangiz, boshqalar ham shunday bo‘la olsa, san‘at insonga xos faoliyat shakli bo‘lmay qoladi. O’zi shundog’am san’atshunoslikda “avtorning o‘limi” masalasi bor (Rolan Bart). Agar chindan avtor “o’lgan” bo’lsa, ijodni odam qiladimi, SI qiladimi, nima farqi bor, baribir ma’noni o’quvchi-tinglovchi-tomoshabin yuklaydi. Butun nabotot va hayvonot olamining gultoji sanalgan inson ham aqliy, ham ijodiy jihatdan birinchilikni qo‘ldan bermoqda. Nima qoladi, keyin nima bilan maqtanamiz?
https://khyuldoshev.wordpress.com/2026/05/31/suniy-intellekt-olamida-insonni-izlash/
Жамият ва виждон Достоевскийнинг кўп асарларида шундай ҳолат учрайди: кимдир бирор ёмон иш қилади, дейлик, одам ўлдиради. Аммо унинг жиноятини ҳеч ким билмайди. Одамлар учун у беайб, пок, баъзилари ҳатто баобрў ҳам. Аммо улар азоб ва зиддият ичида яшайди — айримлари қўлга тушишдан қўрққанидан, бошқалари эса жамиятда қозонган обрўси аслида ўзининг чинакам кимлигига, ўзлигига мос келмаганидан: одамлар мени яхши дейди, аммо мен қотилман. Улар жамият ўзларига тўғри баҳо бермаётганини билади. Мен қотилман деб айтса, одамлар унинг гапига барибир ишонмаслиги ҳам, амалда ҳеч нарса ўзгармаслиги ҳам мумкин (бу эпизод “Ака-ука Карамазовлар”да бор). Муҳими, унинг ўзини фош қила билиши, журъати етиши, зеро ўзининг кимлигини ҳаммага ошкор қилгач енгил тортади. Ҳатто қамалса ҳам, жазоланса ҳам майли. Даҳрийлар ҳам ана шундай аҳволга тушиб қолиши, ўзи истаган ҳар қандай ишни қила олмаслиги, Достоевский учун, Худонинг борлиги далилидир: “Худо йўқ бўлса, демак, ҳамма нарса мумкин.” Ҳатто даҳрий ҳам, ҳамма нарса қила олмаяпти, демак, ҳамма нарса мумкин бўлавермас экан. Хулоса: Худо бор. (Буни мантиқдаги modus tollens’га ўхшатаман.) Виждон масаласи Достоевскийнинг деярли ҳамма асарларида муҳим ўрин тутади. Ўз айбини жамият олдида тан олгач, енгил тортиш… Бу нима дегани? Черковга бориб, руҳонийга бор айбини тан олиш анъанаси Худонинг олдида тазарру белгиси сифатида қабул қилинади. Шу билан одам енгил тортади. Аммо ҳар икки ҳолатда ҳам бир нарса аниқ: гуноҳни тан олиш. Нега тан олиш? Тан олиш нега керак? Нега тан олгач енгил тортади? Бунинг бирор илмий изоҳи борми? Эмил Дюргҳейм жамият Худо рамзи орқали аслида ўзига сиғинади дейди. Бу ғояни тасдиқлайдиган социологлар ҳам оз эмас. Эволюцион нуқтаи назардан биз ижтимоий жонзотмиз ва бизнинг ижтимоий феъл-атворимиз гуруҳий танланиш ва адаптация ҳосиласи, холос. Инсон жамият бўлиб яшай олиши учун унда айрим руҳий хусусиятлар шаклланган. Шулардан бири – виждон. Виждон орқали жамият ўз аъзоларини беихтиёр бошқаради. Киши ҳатто яширинча қилган номақбул қилмиши учун азоб чекиши унинг ижтимоий жиҳатдан ўта девиант хулқли бўлиши олдини олади. Виждоннинг нимадан азобланиши эса ўзимиз яшаб турган жамият қадриятларига бевосита боғлиқ. Дейлик, қулдорлик нормал жамиятда кимнидир қул қилганлик учун одамнинг виждони қийналмайди. Биз одатда жамиятимизда жирканч деб ҳисобланган таомни ея олмаймиз, истасак ҳам. Дейлик, ҳар хил қурт, қўнғизларни. Биз жамият таъбини ўзлаштирганмиз. Ҳеч ким назорат қилмаса ҳам, унга амал қилаверамиз. Виждон менга ана шундай ахлоқий “таъб”га ўхшаб кўринади. Мутлақо ўзимизники деб ўйлаган кўп тушунчалар, ҳислар асли ижтимоий маҳсулот. Жамият эса барибир асосий, кўринмас “арбитр”. Айбни жамият олдида тан олиш (ёки Черковга бориб руҳоний олдида тан олиш), Худога илтижо қилиб тавба қилиш ва Дюргҳеймнинг Худо тимсолидаги жамият ғояси бир нарсани урғулайди: инсон ижтимоий жонзот, у мудом жамиятнинг маъқулловини истайди. Худо бандаларига уларнинг виждони орқали сўзлайди деган Аквитанлик Фоманинг гапини сал бошқача қилиб айтиш мумкин: жамият виждон орқали ўз аъзоларини назорат қилади. Ундай эмас, дейсизми? Жамиятга тупурдим дейсизми? Жамият шунчаки атрофимиздаги ҳар турли одамлар эмас, балки биз ўзимизни мансуб деб ҳисоблайдиган ҳар қандай реалу виртуал жамоа бўлиши мумкин. Жамият ичидаги бегоналар ҳам ўзини бирор тоифага мансуб деб ўйлайди. Кимгадир бирор қилган ишимизни айтиб, унинг “тўғри қилибсан” деб айтишини кутамизми, демак, тан олишга ва қилмишимизни кимдир маъқуллашига муҳтожмиз. Facebook ёки Instagram’да кўп лайк йиғишдан ёки обуначиси кўпайишидан “самооценкаси” кўтариладиганлар буни яхши ҳис қилади.
Фактлар гапиради дейишади. Йўқ, фактлар соқов, ўз ҳолича гапиролмайди, балки гапиртирилади. Олим фактни ўз назарий андазасига солиб, умумқабул қилинган методлар асосида изоҳлайди, ундан чиқадиган хулосаларни баён этади. Аммо бу фактнинг эмас, илмий методология ва назариянинг гапиришидир. (Айни бир фактдан икки олим икки хил хулоса чиқариб қўйиши мумкин эмасми?) Фактлар гапириши тарихни ўрганаётганда айниқса ўзига хос шаклда намоён бўлади. Тарихчи ўтмиш оламига дахлдор фактлар уюмидан ўз назариясига мосларини саралаб, саҳнага олиб чиқади. Саҳнада қайси фактлар гапиртирилишига қараб, тарихий драма кўз ўнгимизда намоён бўлади. Ҳар бир тарихчи ўтмишнинг у ёки бу фактига бош ролни ижро этиш ҳуқуқини беради, қайсидир фактлар иккинчи даражали ролларни ижро этади, қайсидирлари саҳнага таклиф қилинмайди. Шунга кўра, тарихчи саҳнада ўз пьесасини ижро этади, унинг трагедия ёки комедия бўлиши рол берилган фактларга боғлиқ. Дейлик, бир тарихчи Амир Темурнинг қайсидир шаҳардаги қатлиоми фактига бош ролни беради, бошқаси эса обод қилинган шаҳарлар фактига. Қарабсизки, биз икки бироз фарқли саҳна томошасини кўрамиз. Икки томоша ҳам фактга асосланган тарих. Аммо бизнинг ундан оладиган хулосамиз, тасаввуримиз фарқли. Тарихчи у ёки бу фактни қандай саралайди? Албатта, у ўзи тарихан муҳимроқ деб ҳисоблаган фактни олиб чиқади, буни илмий-методологик жиҳатлардан асослаши ҳам мумкин. Камида асосладим деб ҳисоблайди. Аммо… табиат ҳодисасини ўрганаётган физикдан фарқли ўлароқ, тарихчи инсон сифатида башарият жамиятининг бир ўйинчиси. Унда ҳам ҳислар, симпатия ва антипатия бор; тарихнинг интиҳосию моҳияти борасида ўз эътиқоди, фалсафаси бор. Қолаверса, ўзи яшаб турган жамиятнинг сиёсати бор. Энг асосийси, унда ҳам дахлдорлик ҳисси бор. Физик ўзини табиатдон ташқарида кўриши осонроқ. Тарихчи билан эса бу анча мушкул иш. Бу билан ўтмиш бир рўё демоқчи эмасман. Ўтмиш, унинг фактларини рад қиладиган даражада эсимни еганим йўқ. Тарих тугул қаршимизда, кўз олдимизда турган факт ҳам гапирмайди. Муаммо фактларда эмас. Фактларнинг тарихий аҳамиятини тарихчилар турлича кўришида. Буниси методологик, мафкуравий, эътиқодий, ҳатто сиёсий масаладир. Энди шу мулоҳазаларни социологик ёки политологик таҳлилларга ҳам татбиқ қилиб кўринг. Уларда ҳам турли фактлар келтирилади, сараланади, изоҳланади, хулосалар берилади. Биз жамиятдаги катта, мураккаб ҳодисалар, сабаб-оқибатлар занжири ҳақида гапирганимизда, у ёки бу турдаги фактларни ажратиб олиб, модел ясаймиз. Бу моделларимизнинг башорат қилиш кучига қараб, уларнинг тўғрилигини тахмин қиламиз. Аммо тарихий ҳодисалар борасида моделлар тузиш ва уларни текшириш кўпинча имконли бўлмайди. Бундай вазиятда тарих ишонч, асосланганлик ва баъзида дид масаласи бўлиб қолаверади. Мен факт саралаш жараёни қанчалик баҳсли ёки кўпчилик олимларнинг якдил бўлиши даражасига қараб, ўша илмнинг (тарих, социология, политология ва ҳк) фанлилик мақомини белгилайман. Фанларнинг фанлилик мақомлари спектрида ҳар бир фан муайян ўринга эга. @khurshidyuldosh
Бадиий асар ўқиш нега керак? 300-500 саҳифали романда ифодаланган ғояни 3-4 саҳифали фалсафий эсседа ҳам ифодалаш мумкин. Ўша романни ёзган ижодкор файласуфдан ақллироқ ё донишмандроқ бўлмаслиги (ёки аксинча) ҳам мумкин. Ана шуни назарда тутиб, айримлар бадиий адабиётга беписанд қарайди. Юзаки қаралса, вақт совуриб, роман ўқимаган маъқулдек кўринади. Аммо бундай ўйловчилар адабиётнинг иши ғоя тушунтириш эмаслигини билмайди. Адабиёт (кино ҳам) ғояни таърифламайди, асосламайди, балки уни ҳис қилдиради. Бу таҳлил эмас, тасвирдир. У абстракт ғоянинг конкретлик орқали ифодасидир. Таъриф эмас, тасвир тасаввур уйғотади. Тасаввур эса ҳисни жунбишга келтиради ва сиз ўша ғояда назарда тутилган нарсани ҳис қилиб кўрасиз. Ана шу ҳис қилдириш орқали англатишдир. Тасвир таърифга нисбатан узунроқ бўлишини ҳисобга олсак, романлар каттароқ бўлиши табиий. Адабиёт тасвирлайдиган ғоялар табиий борлиқнинг дискрет фактлари эмас. Фактларни ўрганиш учун бадиият керак эмас, зотан. У тасвирлайдиган ғоялар фактларнинг ўзи эмас, балки ўша фактга нисбатан инсоннинг ҳиссий реакциясидир. Масалан, ёвузлик ғоясини олайлик. Фактлар ўз-ўзича ёвуз бўлмайди. У шунчаки нарса, шунчаки ҳодиса, холос. Курраи замин йўқ бўлиб кетса ҳам, оддий факт. Қотиллик ҳам бир ҳодиса, жараён холос. Уни исталганча таҳлил қилишингиз, сабаб-оқибатларини кўрсатишингиз мумкин. Аммо ундан ёвузлик деган параметрни тополмайсиз. Ёвузликнинг ранги, ҳиди бўлмайди. Аммо бизда ёвузлик деган ғоя бор, шундай эмасми? Аслида бу бизнинг фактга нисбатан ҳиссий реакциямиз номидир. Ёвузликни таърифлаш мумкин, аммо унинг нималигини ҳис қилмаса, барибир бу таъриф қуруқ гап бўлади, зеро унинг объекти реалликда эмас, ичимизда. Фактга нисбатан ана шу ҳиссий жавобимизнинг қанчалик шакллангани, не чоғли ўткирлиги бизнинг шахс ва инсон сифатидаги мақомимизни белгилайди. (Сунъий интеллект замонида инсонликни фақат интеллект билан ўлчасак, машинага инсонлик мақомини бермоқ жоиз бўлиб қолади.) Адолат, гўзаллик, хунуклик, шараф, улуғворлик… булар бари, гарчи фалсафий таърифланса-да, бадииятда конкрет ҳолатлар воситасида ҳис уйғотиш орқали англанади. Ҳар қандай қадриятга нисбатан циник бўлмаган одам, буларнинг аҳамиятини тан олади, демакки, нима учун 4 саҳифалик фалсафий эссе доим ҳам етарли бўлмаслигини тушунади. Қолаверса, яхши бадиий асар одатда битта ғоя ҳақида бўлмайди. Биз биргинасини тушунамиз-у, бутун асар шу ҳақда экан деб ўйлаймиз. Баъзида асар ёзувчининг ўзидан баландроқ бўлади. У ёзган мақола, бирор публицистик ишини кўрсангиз, баъзида саёз, интеллектуал бўшдек кўриниши мумкин. (Масалан, Лев Толстойнинг нобадиий асарлари ўртамиёна файласуфларникидан баланд эмас.) Аммо ёзувчининг кучи унинг интеллектидагина эмас, тасаввури, ҳислари, уларни образларда ифодалай олишида, бошқача айтганда, у яратган хаёлий оламда. Шу хаёлий олам реал оламдаги муайян рангларни қуюқлаштириш орқали ижод қилинади. Бу эса кўз илғамас жиҳатларга эътиборимизни қаратади, ниманидир ҳис қиламиз, бирор фикрга туртки беради ва назаримизни реал оламга қайта қаратганимизда, энди уни сал бошқача кўра бошлаймиз. PS. Булар шахсий кузатув, тажрибам хулосалари. Адабий жанрлар кўп. Айтганларим уларнинг айримларини тўғри акс эттирмаслиги табиий. @khurshidyuldosh
Bolalar uchun taqiqlanadigan ijtimoiy tarmoqlar: O‘zbekiston oldidagi yangi dilemma Bugungi muhokamamiz mavzusi o‘zbek jamiyati uchun hozircha keskin kun tartibida turgan masala emasdek tuyulishi mumkin. Ammo dunyo tajribasi shuni ko‘rsatyaptilki, bu — faqat vaqt masalasi. Hozir AQSh, Yevropa va Osiyoning qator davlatlarida qizgin bahs-munozaralarga sabab bo‘layotgan, qonunchilik darajasida ko‘rib chiqilayotgan ushbu masala erta yoki indin bizda ham jamiyatni ikkiga bo‘ladigan, keskin fikrlar to‘qnashuviga sabab bo‘ladigan mavzulardan biriga aylanishi aniq. Gap voyaga yetmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash yoki tartibga solish haqida bormoqda. Ayrim davlatlar bundan bolalar psixikasini, diqqatni jamlash qobiliyatini va ruhiy salomatlikni himoya qilishni maqsad qilsa, boshqalari buni so‘z erkinligi, shaxsiy tanlov va zamonaviy dunyodan uzib qo‘yish xavfi bilan boglamoqda. Demak, masala bir yoqlama emas: cheklovlar nimani beradi, nimani olib qo‘yadi — bu savol hali ochiq. O‘zbekiston uchun ham bu mavzu begona emas. Bolalarning ekran oldida o‘tkazayotgan vaqti ortib borayotgan bir paytda, davlat, maktab va ota-onalar qanday yo‘l tutishi kerak? To‘liq taqiq yechimmi yoki oqilona tartibga solish samaraliroqmi? Cheklovlar ortidagi ehtimoliy xatarlar, kutilmagan ijtimoiy va ruhiy oqibatlar haqida yetarlicha o‘ylab ko‘rilayaptimi? Bugun mehmonlarimiz — pedagog, Toshkentdagi «Lider» maktabi asoschisi Feruza Vahobova, Profi School maktabi direktori Xurshid To‘xtanazarov hamda faylasuf, so‘nggi yillarda dunyo bo‘ylab katta muhokamalarga sabab bo‘lgan va o‘zbek tiliga tarjima qilingan «Behalovat avlod» asari muharriri Xurshid Yo‘ldoshev bilan birga ushbu masalani turli nuqtayi nazarlardan tahlil qilamiz. 📱👉 https://www.youtube.com/watch?v=IFgTzbn8t7Y @haqiqatdailyos
“Behalovat avlod” kitobi va kitobda ko‘tarilgan masalalarni Sigma podkastda muhokama qildik. Aytilgan fikrlar kitob mazmunini yetarlicha ochib bera olmaydi, albatta. Muallif ijtimoiy tarmoqlarning o‘smirlar ruhiyatiga ta’sirini izchil va ilmiy tadqiqotlar xulosalariga asoslangan holda bayon qilgan bo‘lsa, biz bu bayonni choyxonabop gurungga aylantirdik, xolos. Aslida, kitob ham emas, unda ko‘tarilgan mavzu keng muhokama qilinib, aniq, amaliy choralar ko‘rilishi kerak. Kitob ana shunga turtki bera olsa, biz maqsadimizga yetgan bo‘lamiz. ▶️ To‘liq podkastni bu yerda ko‘rishingiz mumkin: https://youtu.be/IdP4CPaDDjA?si=Y3sxcu75s8mlszn0
Kitob o‘qishdan tortib, gadjetlaru bolalik xotiralarigacha gaplashdik. Sizga ham qiziq bo‘lsa, ko‘rarsiz.